Yaponiyada sud “Kyoto Animation Co” studiyasini yoqib yuborgan Sinzi Aoba o‘lim jazosiga hukm qilindi, deb yozdi “Kyodo News” agentligi.

45 yoshli shaxs 2019 yil 18 iyul kuni Kiotodagi animatsiya studiyasiga o‘t qo‘yganini tan oldi. Yong‘in mamlakat tarixidagi eng halokatli voqealardan biri sifatida tan olingan. Hodisa tufayli 36 kishi halok bo‘lgan, 32 nafar xodim jarohatlangan edi.

Qayd etilishicha, Aoba ushbu studiya uning romanidan nusxa ko‘chirgan, deb o‘ylagani sababli jinoyatga qo‘l urgan.

Sud 36 kishining o‘limi uchun javobgarlik “juda og‘ir” bo‘lishini ma’lum qilgandi. “Hukm chiqarilishidan oldin aytadigan gapingiz bormi?” savoliga sudlanuvchi “Yo‘q!” deya javob berdi, jazo e’lon qilingach, munosabat ham bildirmadi.

Xulosaga ko‘ra, Sinzi soat 10:30 atrofida studiyaga kirib, benzin ishlatib, yong‘in chiqargan. O‘shanda binoda 70 kishi ishlayotgan edi.

Sud jarayoni voqeadan to‘rt yildan ko‘proq vaqt o‘tib, 2023 yil sentyabr oyida boshlangandi.