Kamola Kozimjonova Yangiyo‘l texnologiya-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji bitiruvchisi. Unga o‘zi tahsil olayotgan muassasada tashkil etilgan tadbirda «Agrobank» tuman filiali tomonidan tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda imtiyozli kreditdan foydalanish huquqini beruvchi sertifikat topshirildi.
Bu sertifikat avvaliga Kamolaning tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi. Bir muddat o‘tgandan so‘ng esa bu ishonchga ikkilanishmi, biznes-rejasi bilan bog‘liq turli savollarmi, har qalay o‘ziga ham notanish bir his esh bo‘la boshladi. Kamola bu savollarga tadbir davomida tashkil etilgan ma’ruzalardan javob topdi…
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy hamda viloyat kengashlari tomonidan “Partiyaning saylovoldi dasturi ijrosi: amaliy ishlar va mavjud muammolar” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda partiya markaziy hamda viloyat kengashlari, tumandagi tijorat banklari, tadbirkorlik subyektlari vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishtirok etdi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, partiya mahalliy Kengashlar va deputatlik guruhlari a’zolarining faolligini yanada yuksaltirish, huquqiy bilim va malakasini oshirish, elektorat manfaatlariga daxldor masalalar bo‘yicha takliflar kiritish borasidagi ishlarini takomillashtirish xususida ham fikr almashildi. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, aholi, xususan, yoshlarning siyosiy jarayonlardagi faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda hududlarda aholini o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganish, tahlil qilish, yechimini kutayotgan masalalarni imkon qadar joyida hal etish muhim masala sanaladi, – deydi partiya viloyat kengashi raisi M.Darxonov. – Shundan kelib chiqib, aholi bilan doimiy muloqot qilish, muammolarini hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etish maqsadida partiyaning barcha bo‘g‘inlarida faoliyat olib borayotgan “Jamoatchilik qabulxonalari” faoliyatini yanada samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuni inobatga olgan holda, bugungi seminar doirasida ko‘chma “Jamoatchilik qabulxonasi” tashkil etildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatning turli hududlarida mana shunday ko‘chma “Jamoatchilik qabulxonalari” 7-marta tashkil etildi. Mazkur qabulxonalarga bo‘lgan 80 ga yaqin murojaatning 70 foizi ijobiy hal etilgan. Qolganlari deputatlar va ijro hokimiyati organlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Murojaatlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda kommunal xizmat, aholi bandligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bankdan kredit olish kabi masalalardagi murojaatlar nisbatan ko‘proq ekani ma’lum bo‘ldi.
“Jamoatchilik qabulxonalari”ga kelib tushayotgan murojaat va takliflarda aholi bandligi bilan bog‘liq masalalar salmog‘ini inobatga olib, seminar doirasida Yangiyo‘l texnologiya-iqtisodiyot kasb-hunar kollejida hududdagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, vaqtincha ishsiz yoshlar uchun mehnat yarmarkasi va hududdagi yetakchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda tuman mehnat bo‘limi, tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalari, tijorat banklari vakillari ishtirok etdi. Bu kabi tadbirlar partiyaning boshqa tashkilotlar bilan ijtimoiy sheriklik asosidagi hamkorligini mustahkamlashga, joylarda aniqlangan muammolarni hamkorlikda, joyida hal qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mehnat yarmarkasida Yangiyo‘l xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji bitiruvchilari ham ishtirok etdi. Ushbu muassasa o‘quvchilari taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Kollejning 10 nafar o‘quvchisi mutaxassisligi va qiziqishiga ko‘ra ishga yo‘llanma oldi. O‘quvchilardan biri Maftuna Alijonovaning kelgusida qaysi ishlab chiqarish korxonasida mehnat faoliyatini boshlashi bilan qiziqdik.
– Tikuvchilik hamda zamonaviy dizayndagi bolalar kiyim-kechaklarini yaratishga qiziqaman. Shuning uchun yarmarkada ko‘proq shu yo‘nalishdagi korxonalar faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdim, – deydi Maftuna. – Tumanimizdagi “Fortuna elegant” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tikuvchilik sexi bilan mehnat shartnomasi imzoladim. Ish haqi va ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar menga ma’qul bo‘ldi. Mahsulotlari asosan xorijga eksport qilinadigan ushbu sexda tajriba orttirib, keyinchalik mana shunday imkoniyatlarga ega o‘z korxonamni yo‘lga qo‘yaman.
Tadbirda bitiruvchilarga bank xizmati, biznes-reja tuzish, kredit ajratish tartibi, kredit turlari va garov ta’minoti, soliq va soliq stavkalari haqida ma’lumotlar berildi. O‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan bir guruh kasb-hunar kolleji bitiruvchilariga hududdagi tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit olish imkoniyatini beruvchi sertifikatlar topshirildi.