Aholi salomatligini saqlash, barqaror sanitar-epidemiologik holatni ta’minlash va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli ishlar natijasida mamlakatda epidemiologik barqarorlik ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, aholining epidemiologik xavfsizligini ta’minlashda, grippga ommaviy chalinish holatlarining oldini olishda, pandemik salohiyatga ega yangi yuqori patogen virusli infeksiyalarga qarshi kurashishda bir qator kamchiliklar mavjud.
O‘tkazilgan tahlillar natijalari gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarning ta’sirchan profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan shart-sharoitlar va muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda:
birinchidan, doimiy genetik o‘zgarishlar hamda odamlar uchun xavfli viruslarning paydo bo‘lishi xavfi, shuningdek, migratsiya jarayonlarining jadallashuvi yuzaga kelayotgan infeksion tahdidlarga tezkor munosabat bildirishni talab qilmoqda va davolash-profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishni qiyinlashtirmoqda, jumladan mazkur sohada samarali xalqaro hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish zaruratini keltirib chiqarmoqda;
ikkinchidan, infeksiya yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan aholi toifasini vaksinoprofilaktika qilish darajasining hozirgi zamon talablariga mos kelmasligi grippga chalinish darajasining oshishi uchun sharoit yaratmoqda;
uchinchidan, ro‘yxatga olish mexanizmlarining mukammal emasligi vaksinalar, tashxis qo‘yish to‘plamlari va virusga qarshi vositalarning o‘z vaqtida olib kirilishini qiyinlashtirmoqda;
to‘rtinchidan, import qilinadigan vaksinalar va virusga qarshi vositalarning o‘ziga xos faolligi, shuningdek, import qilinadigan parranda va chorva mahsulotlarining odamlarga nisbatan xavfli viruslardan xoli ekanligi ustidan lozim darajadagi laboratoriya nazorati ta’minlanmayapti;
beshinchidan, davolash muassasalarini gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarga tezkor tashxis qo‘yish vositalari, virusga qarshi vositalar hamda shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlashda, shuningdek, grippga chalingan bemorlarning hayotiga xavf soluvchi holatlarni erta aniqlashda kamchiliklar mavjud;
oltinchidan, barcha ixtisoslikdagi shifokorlarning zamonaviy usullar bilan gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha malakasini oshirish jarayoni, shuningdek, shifokorlarning bemorlarni aniqlash va ularni o‘z vaqtida davolash bo‘yicha faolligini rag‘batlantirish lozim darajada tashkil etilmagan;
yettinchidan, gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, mahalliy vaksinalar, virusga qarshi vositalar, tashxis qo‘yish va davolash usullarini ishlab chiqish, kasalliklarni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, shuningdek, ushbu maqsadlarga investitsiyalar va grantlar jalb qilish bo‘yicha ishlar sust olib borilmoqda.
Gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, osoyishta sanitar-epidemiologik holatni ta’minlash hamda aholi salomatligini saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
1. Sog‘liqni saqlash vazirligining gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolash sohasidagi ishlari qoniqarsiz, deb topilsin.
2. Quyidagilar Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa mas’ul idoralarning gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy vazifalari etib belgilansin:
umumjahon va mintaqaviy sanitar-epidemiologik holatning doimiy tahlili hamda monitoringini olib borish, mamlakatda gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarning tarqalishi tendensiyalari hamda keng tarqalishi mumkin bo‘lgan holatlarni prognoz qilish;
gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda ularni muvofiqlashtirish, vaksinalar, virusga qarshi vositalar va himoya vositalarining, ushbu kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish hamda davolashning innovatsion usullarini ishlab chiqish va joriy etish;
sog‘liqni saqlash muassasalari va aholini zarur hajmda dolzarb vaksinalar, virusga qarshi vositalar hamda shaxsiy himoya vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlash va ularning zaxirasini shakllantirish;
gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarning kompleks profilaktikasini, birinchi navbatda, yuqtirish va og‘ir oqibatlarga chalinish xavfi yuqori bo‘lgan aholi toifasining umumiy vaksinatsiyasini tashkil etish orqali amalga oshirish;
keng tarqalishi mumkin bo‘lgan gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarning ilk epidemiologik belgilarini aniqlash va kelgusida aholi o‘rtasida kasallanishni kamaytirish uchun kompleks shoshilinch chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3. 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasida gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Chora-tadbirlar dasturi deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirliklar va idoralar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish uchun xorijiy davlatlarning, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari)ni va grantlarini hamda byudjetdan tashqari boshqa mablag‘larni jalb qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslantirilgan hisob-kitoblari bo‘yicha grippning og‘ir shakllari va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar paydo bo‘lganda vaksinalar, virusga qarshi vositalar, shaxsiy himoya vositalari, erta tashxis qo‘yish uskunalari bilan ta’minlash va shoshilinch yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan keyingi yillarda zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
6. 2018-yil 1-avgustdan grippning og‘ir shakllariga va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarga chalingan hamda klinik-epidemiologik ko‘rsatmalar bo‘yicha parranda va hayvonlarda uchraydigan grippning yuqori patogen viruslarini hamda odamlar uchun xavfli bo‘lgan boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarni yuqtirganlikda gumon qilinayotgan shaxslarga ushbu virus turlari bo‘yicha majburiy tashxis qo‘yilishi belgilab qo‘yilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
yuqumli kasalliklar statsionarlarida, tug‘ruq komplekslarida hamda perinatal markazlarda, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida va uning filiallarida grippga tashxis qo‘yish bo‘yicha ekspress-testlarning hamda grippni davolovchi virusga qarshi maxsus vositaning qayta tiklanuvchi zaxirasi tashkil etilishini, shuningdek, o‘tkir respirator infeksiyalarning og‘ir shakllariga chalingan bemorlarni davolash uchun shu sohaga ixtisoslashgan statsionarlarning jonlantirish va intensiv terapiya bo‘limlari zarur asbob-uskunalar va sarflash materiallari bilan jihozlanishini ta’minlasin;
bir oy muddatda gripp yuqtirish va uning og‘ir asoratlarini boshidan o‘tkazish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni mavsumdan oldin vaksinatsiya bilan qamrab olish maqsadida ularning asoslantirilgan kontingentini, shuningdek, zarur moliyaviy mablag‘lar hajmini aniqlasin hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ushbu kontingentning vaksinatsiyasini tashkil etish va vaksinalar xarid qilishni moliyalashtirish manbalarini belgilash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Davlat veterinariya qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda yuqori patogen gripp viruslari va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishini nazorat qilish hamda uning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, uning o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlasin;
Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarga qarshi vaksinalar, tashxis vositalari, virusga qarshi vositalar hamda shaxsiy himoya vositalarining mahalliy ishlab chiqarilishini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2018 yil 1 avgustga qadar muddatda gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish, davolash bo‘yicha maqsadli ilmiy-tadqiqot faoliyatni tashkil etish, ilg‘or xorijiy ilmiy ishlanmalarni va yangi yuqori samarali vositalarni joriy etish tajribasini o‘rganish, keyinchalik innovatsion ishlanmalar natijalarini sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, uning Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti bazasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tegishli institutlarini jalb etgan holda o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlasin;
2018-yil 1-sentyabrga qadar muddatda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining o‘quv dasturini takomillashtirish choralarini, jumladan o‘quv jarayoniga yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda, gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolash chuqur o‘rganilishini nazarda tutuvchi choralarni ko‘rsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazilishini hamda o‘tkazilgan tadbirlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda hisobotlar taqdim etib borilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi o‘rtasida gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarni profilaktika qilish masalalari bo‘yicha tizimli ravishda axborot-ma’rifiy ishlarni olib borsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari davolash-profilaktika muassasalarini ehtiyojga qarab gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarni samarali profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolash uchun zarur bo‘lgan samarali shaxsiy himoya va tezkor-tashxis qo‘yish vositalari, virusga qarshi, patogenetik hamda boshqa vositalar va uskunalar bilan ta’minlasin.
10. Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda osoyishta sanitar-epidemiologik holatni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish maqsadida Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning aholi salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini hisobga olib, 2019 yil 1 martga qadar muddatda 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
o‘zlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari R.S.Qosimov, R.R.Inoyatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov hamda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 18-may