O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, eng avvalo, jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlashga, shuningdek, ularning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiga qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplar poydevor qilib qo‘yilgan.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, odil sudlovning sifati va shaffofligini oshirish, “Xabeas korpus” institutini qo‘llashni kengaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish tartibining bekor qilinganligi sud va tergov organlarining haqiqatni va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asoslantirilgan va adolatli qaror qabul qilish borasidagi mas’uliyatini oshirish imkonini berdi.
Natijada faqatgina 2017-yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi, vaholanki oxirgi besh yilda atigi 7 nafar shaxs oqlangan. Bundan tashqari, joriy yilda dastlabki tergov organlari tomonidan reabilitatsiya va boshqa asoslar bo‘yicha 3511 ta jinoyat ishi tugatilgan.
Shu bilan birga, huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili, aholi bilan ochiq muloqot natijalarini umumlashtirish qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish jarayonida dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda qonuniylik va xolislikni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliqlarning mavjudligidan dalolat bermoqda.
Ushbu holatlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, oqibatda esa aholining asosli e’tiroziga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudning beg‘arazligiga bo‘lgan ishonchining pasayishiga olib kelmoqda.
Qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarni so‘zsiz va og‘ishmay ta’minlash, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilish, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga muvofiq:
1. Qonun hujjatlari talablariga og‘ishmay va qat’iy rioya etishga huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining birinchi darajali e’tibori qaratilsin, unga muvofiq qonun normalarini aniq ijro etish va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqqanidan qat’i nazar, qonuniylikni buzish hisoblanadi hamda qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
2. Protsessual qonunchilikni jiddiy buzgan holda yoki noqonuniy uslublar bilan, shu jumladan:
jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llagan holda;
gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining himoyaga bo‘lgan huquqini, shuningdek, tarjimon xizmatidan foydalanish huquqini buzgan holda;
jinoyat protsessida ishtirok etayotgan shaxsga huquq va majburiyatlarini tushuntirmaslik oqibatida uni chalg‘itgan holda;
mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan protsessual harakatlarni o‘tkazish oqibatida;
noma’lum manbadan yoxud jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish jarayonida aniqlash mumkin bo‘lmagan manbadan;
dastlabki tergov jarayonida jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining sudda mavjud dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlaridan;
mavjud dalillar majmui bilan tasdiqlangan hollardan tashqari, jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining taxmin, faraz yoki mish-mishlarga asoslangan ko‘rsatuvlaridan olingan hamda tegishli ravishda yuridik kuchga ega bo‘lmagan ma’lumotlardan jinoyat ishlari bo‘yicha dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasin.
3. Quyidagilar taqiqlansin:
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardan tashqari, sudlarda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipini cheklaydigan qo‘shimcha talablarni joriy etish;
protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, audio va videoyozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish.
4. Shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar yoki ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan faktlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatuv berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun, yolg‘on guvohlik va yolg‘on xabar berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutgan holda, jinoiy javobgarlik kiritilsin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan ushlangan shaxs tegishli vakolatli organga yetkazilgan vaqtdan boshlab yetmish ikki soat ichida mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrim ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqiga ega;
dalillarni yig‘ish va mustahkamlashda ruxsat berilmagan uslublar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar prokuratura organlari yoki sud tomonidan qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda tibbiy ekspertiza o‘tkazish orqali majburiy tekshirilishi shart;
hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish (o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha), tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti tarzidagi protsessual harakatlarni videoyozuv vositalaridan foydalangan holda majburiy video qayd etish amalga oshiriladi;
himoyachi jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni to‘plash va taqdim etish huquqiga ega bo‘lib, ular jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yilishi, shuningdek, surishtiruv, dastlabki tergov o‘tkazish va jinoyat ishini sudda ko‘rib chiqish vaqtida majburiy tekshirilishi va baholanishi shart;
haqiqiy ma’lumotlarning dalil sifatida foydalanishga nomaqbulligi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan o‘z tashabbusi bilan yoki taraflar iltimosnomasi bo‘yicha belgilanadi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud dalillarning nomaqbulligi haqidagi masalani hal qilishda dalilning nomaqbul deb topilishiga asos bo‘lgan qonunbuzilishi nimada o‘z aksini topganligini aniqlashga va asoslantirilgan qaror (ajrim) qabul qilishga majbur;
sud muhokamasi jarayonida stenografiya yuritiladi, uning materiallari jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yiladi;
prokuror tomonidan:
ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tayotgan, qamoqda saqlanayotgan, ushlab turilgan yoki ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan jinoyatlar to‘g‘risidagi olingan ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni zudlik bilan qayd etish va hal qilish to‘g‘risidagi jinoyat-protsessual qonunchilik talablariga rioya etilishi;
mazkur shaxslarga yoki ularning yaqin qarindoshlariga psixologik yoxud jismoniy ta’sir ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkinligi, shuningdek, ularning qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etilishi yuzasidan chalg‘itilganligi;
noqonuniy javobgarlikka tortish holatlari bo‘yicha yuqori turuvchi prokurorni xabardor qilgan holda, ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun mahkumlarga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishining qonuniyligi yuzasidan majburiy tarzda tekshirishlar o‘tkaziladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati (O.B.Murodov) bir oy muddatda mazkur Farmonning 1-5-bandlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qonunchilik tashabbusi tartibida tayyorlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish jarayonida dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda;
jinoyat ishlari bo‘yicha ushlab turish va boshqa protsessual majburlov choralarini qo‘llashda;
ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazoni ijro etishda;
sodir etgan jinoyati haqida qonunda belgilangan muddatlarda xabar qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va yetkazilgan zararni qoplagan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi normalarni qo‘llashda qonuniylikning hamda qonunchilik talablarini buzganlikning har bir holati bo‘yicha javobgarlik muqarrarligining ta’minlanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylarini videokuzatuv vositalari bilan jihozlashni ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan, ushlab turilgan yoki qamoqda saqlanayotgan, shuningdek, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish hamda tasdiqlash tavsiya etilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
sud-tergov harakatlarini yuritishning innovatsion shakl va uslublaridan foydalanishning, shuningdek, dalillar aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi to‘g‘risidagi jinoyat-protsessual qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashning ilg‘or xorijiy tajribasini o‘rganish hamda tahlil qilishni;
hodisa sodir bo‘lgan joy holatini o‘zgartirish, dalillarni yo‘qotish yoki yo‘q qilishga, shu jumladan, o‘rab olish orqali yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni ko‘rish tartibini ishlab chiqish hamda tasdiqlashni;
qonunchilikni hamda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish uslubiyotini yanada takomillashtirish, sud-tergov faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, jinoyat ishi bo‘yicha ish yurituvni, shu jumladan, “Elektron jinoyat ishi” tizimini joriy etish orqali optimallashtirish va soddalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda kiritishni tashkil etsin.
11. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 30-noyabr
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat deb e’lon qilingan.
O‘zbekiston inson huquqlarini ta’minlashga oid 70 dan ortiq xalqaro shartnomalarga qo‘shilgan, ularga rioya etilishi masalalari bo‘yicha esa BMTning tegishli qo‘mitalariga 30 dan ortiq milliy hisobotlarni taqdim qilgan. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, prokuratura, adliya, ichki ishlar organlarini o‘z ichiga olgan milliy institutlarning uyg‘un tizimi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash tizimini mustahkamlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy choralar tizimli asosda ko‘rilmoqda.
Xususan, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, odil sudlovning sifati va shaffofligini oshirish, “Xabeas korpus” institutini qo‘llashni kengaytirishni nazarda tutuvchi 50 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.
Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish tartibining bekor qilinganligi sud va tergov organlarining haqiqatni va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilish borasidagi mas’uliyatini oshirish imkonini berdi.
Natijada faqatgina 2017-yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi, vaholanki oxirgi besh yilda atigi 7 nafar shaxs oqlangan. Bundan tashqari, joriy yilda dastlabki tergov organlari tomonidan reabilitatsiya va boshqa asoslar bo‘yicha 3511 ta jinoyat ishi tugatilgan.
Shu bilan birga, huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili, aholi bilan ochiq muloqot natijalarini umumlashtirish qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish jarayonida dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda qonuniylik va xolislikni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliqlarning mavjudligidan dalolat bermoqda.
Ushbu holatlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholining asosli e’tiroziga, uning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudning xolisligiga ishonchi pasayishiga olib kelmoqda.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan asosiy maqsadi sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirish, qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarning amaliy ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashdan iborat bo‘lgan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 11-moddasiga muvofiq qonun normalarini aniq bajarishdan va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko‘ra yuz berganidan qat’i nazar, jinoyat protsessida qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Davlat rahbari o‘z Farmonida huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining birinchi darajali e’tiborini mazkur talablarga qat’iy va og‘ishmay rioya etish zarurligiga qaratdi.
Qayd etilgan organlar protsessual qonunchilikni jiddiy buzgan holda yoki noqonuniy uslublar bilan olingan ma’lumotlardan jinoyat ishlari bo‘yicha dalillar sifatida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirildi. Bunday qonun buzilishi va ruxsat etilmagan uslublar orasida, birinchi navbatda, qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlari qayd etilgan.
Farmon bilan Jinoyat-protsessual kodeksida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardan tashqari, sudlarda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipini cheklaydigan qo‘shimcha talablarni joriy etish taqiqlanmoqda. Protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, audio va videoyozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.
Qonunchilikda mavjud bo‘shliqni hisobga olgan holda, shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar va ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan holatlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatuvlar berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritilmoqda. Shuningdek, yolg‘on guvohlik va yolg‘on xabar berganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashning qator qo‘shimcha kafolatlari kiritilmoqda.
Xususan, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan ushlangan shaxsga tegishli vakolatli organga keltirilgan vaqtdan boshlab 72 soat ichida mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrim ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqi berilmoqda.
Qiynoqqa solganlik haqidagi arizalarni o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqish maqsadida dalillarni to‘plash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan uslublar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlarni prokuratura organlari yoki sud tomonidan majburiy tekshirish kiritilmoqda. Tekshirish o‘tkazishda tibbiy ekspertiza tayinlanishi shart.
Asosiy protsessual harakatlarni majburiy video qayd etish dalillarni to‘plash va mustahkamlashda qonuniylik va xolislikni ta’minlashga qaratilgan muhim yangiliklardan hisoblanadi. O‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, shuningdek, tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish va tergov eksperimenti bunday harakatlarga kiritildi.
Bundan tashqari, hozirgi vaqtga qadar himoyachi dalillar emas, balki dalil sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash huquqiga ega bo‘lgan, bu sudda ishlarni yuritishda tortishuv prinsipi buzilishiga olib kelar edi. Shuning uchun, himoyachiga jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yilishi shart bo‘lgan dalillarni to‘plash va taqdim etish huquqi beriladi.
Dalillarni to‘plash va mustahkamlashning qonuniyligini ta’minlashda prokurorga muhim vazifalar yuklanib, u ozodlikdan mahrum qilingan, qamoqda saqlanayotgan, ushlab turilgan yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilgan shaxslardan jinoyatlar to‘g‘risidagi olingan ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni zudlik bilan qayd etish va hal qilish haqidagi qonun talablariga rioya etilishini majburiy tarzda tekshirishi shart. Shuningdek, prokurorga mazkur shaxslar yoki ularning yaqin qarindoshlariga psixologik yoxud jismoniy ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularning javobgarlikdan ozod etilishi yuzasidan chalg‘itilganligi bo‘yicha choralar ko‘rish ham yuklatilmoqda.
Ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun mahkumlarga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishining qonuniyligi prokuror tekshiruvi bilan qamrab olinadi. Bu mahkumlar tomonidan qoidabuzarlik sodir etilganligi bahonasi bilan ozodlikdan mahrum qilish joylarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan suiiste’molchiliklarning oldini olish imkonini beradi.
Ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritiladigan tegishli qonun loyihasida o‘z aksini topadi.
Qayd etilganlardan tashqari, vakolatli organlarga tashkiliy xarakterdagi qator topshiriqlar berilmoqda.
Xususan, tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylarida videokuzatuv vositalarini o‘rnatish topshirilgan.
Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida qonunchilikni hamda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish uslubiyotini yanada takomillashtirish, sud-tergov faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, jinoyat ishi bo‘yicha ish yurituvni, jumladan “Elektron jinoyat ishi” tizimini joriy etish orqali optimallashtirish va soddalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonining amalga oshirilishi huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari faoliyatida tizimli qonun buzilishlar va kamchiliklarni bartaraf etish imkonini beradi, shuningdek, sud-tergov faoliyatida fuqarolar huquq va erkinliklariga so‘zsiz va og‘ishmay rioya qilinishini ta’minlaydi.