Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Xonimlar va janoblar!
Barchangizni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom – mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
Yigirma besh yil – tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
Ana shu mashaqqatli va sharafli yo‘lda erishgan barcha yutuqlarimizni, eng avvalo, Konstitutsiyamiz bilan bog‘lashimiz, albatta, bejiz emas. Nega deganda, Asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.
To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.
Qadrli yurtdoshlar!
Bugun Konstitutsiyamizning 25 yillik bayramini nishonlar ekanmiz, Asosiy qonunimizni yaratishda unutilmas xizmat qilgan insonlar nomini chuqur hurmat bilan tilga olamiz.
Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida 1990 yil iyun oyida tuzilgan Komissiyaning ikki yillik mashaqqatli mehnati natijasida Konstitutsiyaning birinchi, ikkinchi va so‘ngra uchinchi loyihalari ishlab chiqildi. Ushbu Komissiya a’zosi sifatida men ana shu tarixiy jarayonda bevosita ishtirok etganimni doimo faxr bilan eslayman. Konstitutsiyaning yaratilishi bilan bog‘liq qizg‘in bahs-munozaralar, turli g‘oya va fikrlar hali ham xotiramda.
Asosiy qonunimiz ikki marta – 1992 yil sentabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasiga olib chiqildi. Loyihalar muhokamasida keng jamoatchilik, butun xalqimiz faol ishtirok etib, mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, uning kelajagiga daxldor ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar bildirdi.
Umumxalq muhokamasi yakunlariga ko‘ra, Bosh qomusimiz loyihasiga 100 ga yaqin tuzatishlar kiritildi va 1992 yil 8 dekabr kuni Oliy Kengash sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Mana shu o‘tgan chorak asr davomida mamlakatimizdagi tub islohot va o‘zgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uning haqiqatan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga to‘la javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi.
Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi, albatta.
Ayni paytda biz Asosiy qonunimiz talablarini to‘liq amalga oshirish borasida hali oldimizda ulkan vazifalar turganini yaxshi tushunamiz. Ya’ni, xalqimiz hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini amalda ta’minlash bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz kerak.
Eng avvalo, odamlarimiz islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun o‘z hayotida his etishlari zarur.
Aynan shu maqsadda biz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yar ekanmiz, salohiyat va imkoniyatlarimizni xolis baholash bilan birga, xato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qildik. Chunki o‘zimiz shu ishni qilmasak, hech kim bu xatolarni chetdan kelib bizga aytmaydi. Biz o‘z kelajagimizni o‘zimiz quramiz. Bu yo‘lda xato qilishga haqqimiz yo‘q. Shuning uchun har tomonlama chuqur o‘ylab, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Mazkur hujjat mohiyatiga ko‘ra, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning “yo‘l xaritasi”ga aylandi.
Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida shu yilning o‘zida 20 dan ortiq qonun va 700 dan ziyod qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Biz bu borada ko‘pgina qonunlar xalqimizga ma’qul emasligini, ular el-yurtimiz manfaati uchun ishlashi kerakligini hisobga olgan holda shunday yo‘l tutdik . Bu ishlarni kelgusida albatta davom ettiramiz.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingan 2017-yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘” degan g‘oya asosida katta ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar Konstitutsiyamizning asosiy tamoyillarini ro‘yobga chiqarishda yana bir ulkan qadam bo‘ldi.
Albatta, bu haqda uzoq va batafsil gapirish mumkin. Lekin bugungi tantanali marosim yangicha mazmun va yo‘nalishda o‘tayotganini hisobga olib, men faqat eng muhim o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Joriy yil yakunlari va yangi yilga nom berish to‘g‘risida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqin kunlarda Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladigan Murojaatnomasida atroflicha fikr yuritiladi, albatta.
Biz kirib kelayotgan yangi yilga xalqimizning xohish-istaklari va manfaatlarini hisobga olgan holda nom beramiz. O‘ylaymanki, u sizlarga albatta ma’qul bo‘ladi.
Ma’lumki, bu yil davlat hokimiyati tizimida mutlaqo yangi institut – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Ushbu tuzilmalar barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining fuqarolar bilan hamkorlik qilish, aholining eng dolzarb muammolarini hal etishning samarali tizimiga aylandi.
Hokimiyatning xalq saylagan vakillik organlari – parlament, xalq deputatlari kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va ahamiyati tubdan o‘zgardi. Oliy Majlis, siyosiy partiyalarning vakolatlari bosqichma-bosqich kengaytirildi, parlament va jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlanmoqda.
Poytaxtimiz Toshkent shahrida tumanlar darajasida xalq deputatlari kengashlari ta’sis etildi. Shu vaqtgacha poytaxt tumanlarining fuqarolari bunday imkoniyatga ega emas edi. Biz bu borada adolatni tiklab, Konstitutsiyamizga tegishli o‘zgartirishlar kiritdik. Toshkent shahri aholisi ham endi o‘z vakillari – deputatlar orqali tumanlarni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Barchangiz xabardorsiz, shu yil 24 dekabrda ilk bor poytaxtimiz tuman kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Ana shu saylovlarda el-yurt uchun chinakam jon kuydiradigan, odamiylik fazilatlari va grajdanlik pozitsiyasi bilan aholi o‘rtasida hurmat-e’tibor qozongan insonlar xalq noiblari etib saylanadilar, deb ishonamiz.
O‘tgan davrda ijro etuvchi hokimiyatni demokratlashtirish ishlari ham izchil olib borildi. Hukumatning vazifa va vakolatlar doirasi kengaytirilib, parlament oldida hisob berish darajasi va mas’uliyati kuchaytirildi. Bu Konstitutsiyaning 7-moddasida mustahkamlangan «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir»degan ulug‘vor g‘oyaning amaliy ifodasi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu bilan birga, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning aybi sudda aniq bo‘lmaguncha u aybdor hisoblanmasligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarni amalda ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Albatta, bu qoidani hayotga to‘liq tatbiq etish, birinchi navbatda, sudlarning chinakam mustaqilligi, ularning adolatli faoliyat yuritishi bilan chambarchas bog‘liq.
Shu maqsadda biz sud tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor bermoqdamiz. Jumladan, yagona sud amaliyotini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirildi.
Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi ta’sis etildi.
Sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Biz bu borada jahon tajribasini chuqur o‘rganib, o‘z tariximizda birinchi marta shunday yangilikni amalga oshirdik. Shu asosda sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi.
Sodda qilib aytganda, sudya muddatsiz davrga tayinlansin, lekin u doim xalqparvar bo‘lib, adolatli ish olib borsin. Sudya adolatli hukm chiqarishi uchun avvalo xalqni, uning hayotini, dardu tashvishlarini yaxshi bilishi kerak.
Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda fuqarolarimizning haq-huquqlari davlat idoralari tomonidan buzilsa, ular har bir tuman va shaharda tuzilgan ma’muriy sudlarga murojaat qilishlari mumkin. Xabaringiz bor, ilgari har bir tumanda bunday sudlar bo‘lmagani tufayli odamlar o‘z muammolarini vaqtida hal qilolmasdan sarson bo‘lar edi.
Sudlarning xalq oldidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida yangi tayinlanayotgan sudyalar tegishli hudud jamoatchiligi, mahalla faollari muhokamasidan o‘tkazilmoqda.
Biz nima uchun bunday tartibni joriy etdik?
Ko‘pgina joylarda odamlar sudlarning raisini aksariyat holatda tanimasligi, sud idoralari esa xalq hayotidan, uning dardu tashvishlaridan uzoqligi ma’lum bo‘ldi.
Endilikda fuqarolarning ijobiy fikri mavjud bo‘lgan taqdirdagina sudyalikka nomzodlar lavozimga tayinlanmoqda.
Sudning tarbiyaviy rolini kuchaytirish, uning faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, sud hukmlarini qabul qilishda jamoatchilik fikrini inobatga olishga jiddiy e’tibor qaratildi.
Shu maqsadda sud ishlarini sayyor tartibda ko‘rish yo‘lga qo‘yildi. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida sudlar tomonidan 373 ming 256 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, shundan 169 ming 289 tasi yoki 45 foizi sayyor sud muhokamalarida ko‘rildi.
Ishlarni nazorat tartibida ko‘rish muddatlari uch yildan bir yilga qisqartirildi. Apellatsiya va kassatsiya instansiyalari bosqichida ish yuzasidan yuqori sud instansiyasi tomonidan yakuniy qaror chiqarish kafolatlari mustahkamlandi. Chunki, ilgari Oliy sud mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamas edi. Yangi tartib joriy etilishi bilan fuqarolarimizning sudma-sud ovorayu sarson bo‘lib yurishi kabi salbiy amaliyotga barham berildi.
Ko‘pchilik yaxshi biladi, ilgari qariyb 90 foiz jinoiy ishlar qayta tergovga yuborilar edi. Endilikda sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish tartibi bekor qilindi. Bu esa sud va tergov organlarining haqiqatni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish borasidagi mas’uliyatini oshirdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, joriy yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi. Holbuki, ilgari bitta oqlov hukmi chiqarish ham sudlar faoliyatida o‘ta kam uchraydigan hodisa edi.
Tergovning sifati yaxshilanib, tergovchilar mas’uliyati oshirildi. Xususan, shu davr mobaynida tergov organlari tomonidan 238 ta holatda jinoiy hodisa yuz bermagani aniqlandi. 302 ta holatda javobgarlikka tortish muddati o‘tgani, 370 ta holatda aybdorlar qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgani inobatga olindi. 549 ta holatda qilmish ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgani, 1 ming 636 ta holatda qilmishda jinoyat tarkibi yo‘qligi isbotlandi. Ana shunday asoslarga tayanib, 3,5 mingdan ortiq jinoyat ishi tugatildi.
Har bir hukmning qonuniy va adolatli bo‘lishini ta’minlash maqsadida jamoatchilik fikrini inobatga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman va shahar kengashlari, xotin-qizlar qo‘mitalari kafilligi asosida sudlanuvchilarga, ayniqsa, yoshlarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari tayinlanmoqda. Ularning to‘g‘ri yo‘lga qaytishlari uchun yana bir bor imkoniyat berilmoqda. Xususan, shu yilning o‘zida mahalla fuqarolar yig‘inlari kafilligi asosida – 152 nafar, Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida – 18 nafar, xotin-qizlar qo‘mitalari kafilligi asosida – 3 nafar, jami 173 nafar fuqaroga nisbatan jazo tayinlashda jamoatchilik kafilligi e’tiborga olindi. Bu fuqarolarning 38 nafarini yoshlar, 18 nafarini voyaga yetmaganlar, 11 nafarini ayollar tashkil etadi. Masalan, birgina Shayxontohur tumanida 15 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlashda mahalla fuqarolar yig‘inlarining kafilligi e’tiborga olindi.
Ana shunday ishlar natijasida mamlakatimiz bo‘yicha 63 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi, 11 nafar shaxs javobgarlikdan ozod qilindi, 97 nafar shaxsga nisbatan yengilroq jazo turi qo‘llandi.
Hurmatli marosim qatnashchilari, keling, o‘zimizga bir savol beraylik: aslida, odamni sud qilishdan maqsad nima? Uni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga solish emasmi? Jinoyatchilikning oldini olish emasmi?
Lekin insonni faqat jazolash bilan, faqat repressiv usullar bilan tarbiyalab bo‘lmaydi. Buni hayotning o‘zi ko‘p bor isbotlagan. Insonni tarbiyalash uchun butun jamiyat harakat qilishi, avvalambor, jinoiy holatlarni tug‘diradigan sabab va omillarni hayotimizdan bartaraf etishimiz kerak. Barchamiz birgalikda shu ishga hissa qo‘shishimiz kerak.
Ayni vaqtda hammamiz yaxshi tushunamizki, sudning mustaqilligini ta’minlash, uni inson manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylantirish uchun hali ko‘p ish qilishimiz zarur.
Aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqot natijalari bir haqiqatni yaqqol ko‘rsatmoqda: sud-tergov amaliyotida dalillarni to‘plash va baholashda qonuniylik va xolislikni ta’minlashga to‘sqinlik qiladigan holatlar to‘liq bartaraf etilmagan.
Shuning uchun ham o‘tgan haftada “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmonga binoan bundan buyon O‘zbekistonda qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa zo‘ravonlik holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday jinoiy qilmishlarni sodir etgan har qanday shaxs, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar ravishda javobgarlikka tortiladi.
Jinoyat ishlari doirasida noqonuniy usullar bilan olingan har qanday ma’lumotlardan, jumladan, audio va video materiallardan, ashyoviy dalillardan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Qiynoqqa solish, himoyaga bo‘lgan huquqni buzish, insonni aldash va tergov jarayonida boshqa noqonuniy usullarni qo‘llash man etiladi.
Dalillarni soxtalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy qilinadi.
Endilikda advokatlar jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni to‘plash va taqdim etish huquqiga ega bo‘ladi. Bu dalillar tergov va sud idoralari tomonidan majburiy tekshirilishi va baholanishi kerak.
Qiynoqqa solish kabi noqonuniy usullarni qo‘llashni qat’iyan cheklash maqsadida tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi.
Eng muhimi, noqonuniy usullar qo‘llash to‘g‘risidagi bironta ham xabar e’tiborsiz qolmasligi shart. Prokuratura organlari har bir holat bo‘yicha chuqur tekshiruv o‘tkazib, aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini ta’minlaydi.
Nega men bu haqida kuyib-pishib gapiryapman? Prezident farmon qabul qildi, shu bilan hamma narsa o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi, deb o‘ylamanglar. Lekin bu farmon hali faqat qog‘ozda, uni amalga oshirish uchun hammamiz birgalikda harakat qilmasak, kutilgan natijaga erishish qiyin bo‘ladi.
Biz sud-huquq sohasini tubdan isloh qilishga alohida ahamiyat berayotganimiz bejiz emas. Chunki, Konstitutsiyamizda mustahkamlangan inson huquqlarini ta’minlash ushbu islohotlarning amaliy natijasi bilan bevosita bog‘liqdir.
Bu jarayonda eng asosiy e’tibor fuqarolarimizga o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratildi. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Shu asosda aholi uchun maqbul bo‘lgan usullar – “ishonch telefonlari” va tezkor aloqa telefonlari orqali hamda videokonferensaloqa vositasida murojaat qilish tartibi joriy etildi.
Fuqarolarimizning Konstitutsiyada muhrlab qo‘yilgan davlat organlari va muassasalariga, xalq vakillariga murojaat qilish huquqini ta’minlash maqsadida ommaviy uchrashuvlarda murojaatlarni qabul qilish tartibi belgilandi. Bugungi kunda fuqarolarimiz mansabdorlar oldiga emas, balki mansabdor shaxslarning o‘zi xalqimiz oldiga bormoqda. Bu – katta o‘zgarish.
Ayni vaqtda ko‘p rahbarlar bular hammasi vaqtincha, bir yillik ish, degan xom xayol bilan yuribdi. Ammo ular shuni qulog‘iga quyib olsin, ko‘priklar allaqachon yonib ketgan. Endi hech qachon orqaga qaytmaymiz.
Joriy yilda sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari hamda tijorat banklari rahbarlari mamlakatimizning ko‘plab hududlarida sayyor qabullar o‘tkazdi. Bu qabullarda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha 43 ming 127 nafar fuqaro ishtirok etdi.
Bu tadbirlarda fuqarolar tomonidan kredit ajratish, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari qarorlariga doir, bandlik va ish haqi to‘lovlari, tadbirkorlik, elektr va tabiiy gaz ta’minoti, sog‘liqni saqlash va boshqa masalalarga oid 22 ming 186 ta murojaat bildirildi. Murojaatlarning 6 ming 484 tasi joyida hal etildi, 15 ming 702 tasi tegishli organlarga ko‘rib chiqish uchun topshirildi. 94 ta holat yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlanib, aybdor shaxslarning javobgarligi belgilandi.
Ilgari Bosh prokuratura, sud va boshqa organlar rahbarlarining viloyatlarga borishga vaqti yo‘q edi. Ular Toshkentda o‘tirib ish ko‘rar edi. Shuning uchun hayotdan, odamlarni qiynayotgan muammolardan uzoqlashib ketgan edi.
Shu borada yana bir muhim hujjat – “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida” yangi Qonun qabul qilindi. Unda fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyati yanada oshirildi.
Bundan keyin fuqarolarimiz har qanday davlat organi, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan huquqiy axborotni hech qanday cheklovsiz olishi kafolatlanadi.
Nima uchun bunday qoida joriy etildi? Odamlar so‘rab borsa, tumandagi eng kichik amaldor ham birorta hujjatni ularga bermaydi. Bunga kattalar ruxsat bermaydi, deb bahona qiladi. Endi bunday “o‘yin”lar ketmaydi. Nega deganda, endilikda Prezidentdan boshlab eng quyi bo‘g‘indagi rahbarlargacha xalqimiz xizmatida bo‘ladi.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarimiz tizimini takomillashtirib borish ham e’tiborimiz markazida bo‘ldi.
Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan “Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli” hamda “Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida” degan normalarni amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida yangi institut – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti ta’sis etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili faoliyati takomillashtirildi. Uning jazoni ijro etish muassasalarida nazoratni amalga oshirishga oid vakolatlari kengaytirildi.
Adashib jinoyat yo‘liga kirgan yoki sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni jamiyatga, oilasi bag‘riga qaytarish muhim ijtimoiy masalalardan biri hisoblanadi. Nega deganda, ular ham O‘zbekiston fuqarolari, shu yurt farzandlaridir.
Bugungi tarixiy sana arafasida men Prezident sifatida o‘zimning konstitutsiyaviy vakolatimdan foydalanib, sudlar tomonidan hukm qilingan 2 ming 700 nafar shaxsni afv etish to‘g‘risidagi Farmonni imzoladim.
Bunday Farmon O‘zbekiston tarixida birinchi marta qabul qilindi.
Men shu o‘rinda bir narsani alohida tushuntirib o‘tmoqchiman. Yuridik sohadan yiroq bo‘lgan odamlar amnistiya va afv degan tushunchalarning farqiga bormasligi sir emas.
Hammamizga yaxshi ma’lum, shu vaqtgacha mamlakatimizda har yili amnistiya aktlari qabul qilinar edi. Amnistiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, u avval jinoyatlar toifasini belgilab beradi, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxslar aniqlanadi.
Albatta, amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo‘yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldindan chuqur o‘rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo‘lmagan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Bu masalada, ming afsuski, korrupsiya holatlari ham bo‘lgan deb aytsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Prokuratura, ichki ishlar va sud idoralarida ham bunday noma’qul ishlarga yo‘l qo‘yilgan.
Bu esa amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan noto‘g‘ri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan.
Eng yomoni, amnistiyani qo‘llashda jabrlangan taraf va jamoatchilik fikri inobatga olinmagan, bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun, afsuski, amnistiya bo‘yicha ozod qilingan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ham uchramoqda.
Ana shu holatlarni inobatga olib, maxsus komissiya tomonidan jazo o‘tayotgan har bir shaxs bilan alohida suhbat o‘tkazildi, u yashagan mahalla ahli, jabrlangan odamlarning fikri o‘rganildi.
Bu jarayonda sodir etilgan jinoyatning og‘irlik darajasi, sud tayinlagan jazoning qanchalik adolatli ekani ham e’tiborga olindi. Chuqur tahlil va o‘rganishlar natijasida chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarning aniq doirasi belgilandi va aynan shunday shaxslar afv etildi.
O‘ylaymanki, Prezident tomonidan kechirilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga munosib hissa qo‘shadi, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi.
Men bundan ham ko‘proq odamni afv etishga ham tayyor edim, lekin jamiyatimiz hali bunga tayyor emas. Buning uchun jamiyatimizda afv etilayotgan mahkumlarni kafillikka olish muhiti va mas’uliyati to‘la qaror topishi kerak.
Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratishni joiz, deb bilaman.
Ma’lumki, davlat organlariga kadrlarni tanlashda eskidan saqlanib qolgan, qo‘shtirnoq ichidagi bir “tizim” mavjud edi. U ham bo‘lsa, yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bog‘liq. Bunday noma’qul yondashuv tufayli ko‘plab yoshlarimiz, malakali mutaxassislarimiz “beayb aybdor bo‘lib”, yaqin qarindoshlarining qilmishlari uchun jabr tortib keldilar.
O‘zingiz ayting, bu adolatdanmi? Mening fikrimcha, adolatdan emas. Nima sababdan bir jinoyat uchun butun bir avlod javob berishi kerak? Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi kerak?
Demokratik normalarga ham, hayotning bugungi talablariga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan bunday adolatsiz “tizim”dan biz endi butunlay voz kechamiz.
Chunki xalqimizga nisbatan sobiq tuzum davrida, ayniqsa, o‘tgan asrning 37-yilida qilingan adolatsizliklar o‘zi yetarli albatta. Bunday yaramas ishlar bizning hayotimizda endi mutlaqo bo‘lmasligi kerak.
Hurmatli yurtdoshlar!
Konstitutsiyamizning 37-moddasida belgilangan majburiy mehnatni taqiqlash to‘g‘risidagi qoidaga qat’iy amal qilish uchun yil davomida bir qator ishlar bajarildi. Xususan, ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatildi. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi. Deputat va senatorlardan iborat ishchi guruhlar respublikamizning barcha hududlariga chiqib, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha parlament nazoratini amalga oshirmoqda.
Mana, bu yil hammangiz ko‘rdingiz, eshitdingiz, biz byudjet tashkilotlari xodimlari va talabalarni majburiy ravishda paxta terimiga chiqarishni qat’iyan taqiqladik.
Paxta mavsumida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha tizimli monitoring yo‘lga qo‘yildi.
Bu muhim masalani avvalo o‘zimiz qattiq nazoratga olganimiz tufayli bironta salbiy holat aniqlanmadi. Amalga oshirilgan ishlar samarasi xalqaro tashkilotlar, qolaversa, keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda.
Inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan harakatlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga to‘la hamohangdir.
Bu holat tariximizda birinchi marta O‘zbekistonga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn hamda Din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shohid tomonidan ham e’tirof etildi.
Ta’kidlash kerakki, Konstitutsiyamizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy prinsiplari o‘z aksini topgan. 2018-yil ushbu deklaratsiyaning 70 yilligi butun dunyoda keng nishonlanadi. Biz ham inson huquqlariga oid birinchi universal xalqaro hujjat bo‘lgan mazkur deklaratsiyaning mazmun-mohiyatini atroflicha targ‘ib etish uchun maxsus Davlat dasturini qabul qilamiz.
Ana shunday amaliy tadbirlarimizning yakuni sifatida 2018-yil noyabr oyida Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo xalqaro anjumanini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz.
Hammangizga ayonki, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda ichki ishlar idoralari g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan o‘tgan davrda ushbu idoralarning faoliyati ham tubdan isloh qilindi. Xalq manfaatlariga xizmat qilish ular faoliyatining asosiy mezoni etib belgilandi.
Jinoyatchilikning oldini olish maqsadida yangi dastur va rejalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Mahallalar, ko‘chalar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida 114 mingdan ortiq videokuzatuv vositasi o‘rnatildi. Ularning yordamida 10 mingga yaqin jinoyat fosh etildi.
Yil davomida jinoyatchilik darajasi 2016-yilga nisbatan 14 foizga kamaydi va bunda ana shu ishlarning ahamiyati katta bo‘ldi.
Yangi yildan boshlab jinoyat sodir etilmayotgan mahalla profilaktika inspektorining oylik ish haqiga 50 foiz ustama qo‘shib beriladi. Aksincha, o‘z hududida jinoyatning ko‘payishiga yo‘l qo‘ygan profilaktika inspektorining oyligidan esa 50 foiz ushlab qolinadi.
Uzoq tumandan kelib profilaktika inspektori bo‘lib ishlash mumkin emas. Shuning uchun ularni uy-joy, xizmat mashinalari bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor berayapmiz.
Bu sohadagi maqsadimizni qisqacha ifoda etadigan bo‘lsak, biz kelajakda el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom ma’nodagi xalqparvar ichki ishlar tizimini yaratishimiz kerak.
Albatta, “Xavfsiz shahar” loyihasini hayotga tatbiq etish natijasida bu boradagi ishlarimiz samarasi yanada ortib boradi.
Ayni vaqtda bu ishlar katta yo‘lning boshlanishi, dastlabki bosqich ekanini o‘zimizga yaxshi tasavvur etamiz. Jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan prinsipni qaror toptirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Mazkur yo‘nalishdagi e’tiborga molik ishlar qatorida korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimiyaratilganini alohida ta’kidlash lozim.
«Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi davlat apparati va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu xavfli illat bilan kurashdagi kuch va imkoniyatlarini birlashtirish imkonini berdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyat mazmuni butunlay o‘zgarmoqda. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Faqat jazolash bilan qo‘rqitib, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylandi.
Ma’lumki, Asosiy qonunimizda “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi”to‘g‘risidagi norma belgilab qo‘yilgan. Uning ijrosini amalda ta’minlash maqsadida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilindi.
Konsepsiyaga asosan davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta ustuvor yo‘nalishi belgilandi va maxsus «yo‘l xaritasi» bo‘yicha 100 dan ortiq ijro hokimiyati organlari faoliyati qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’muriy islohotlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad – ixcham va professional ijro organlari tizimini, zamonaviy menejmentga asoslangan boshqaruv tizimini yaratishdan iborat.
Shu borada bir fikrni hammamiz chuqur tushunib olishimizni istardim.
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi avvalambor yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bog‘liq.
Shu maqsadda yana bir muhim hujjat – “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi.
Bu haqda gapirganda, O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini ta’kidlash lozim. Biz yoshlar uchun ularning sog‘lom tug‘ilishidan boshlab, toki mustaqil hayotga kirgunicha barcha zarur sharoitlarni yaratib berish maqsadida qanday katta ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum.
Mana, biz Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy- tadqiqot markazini, Toshkent shahrida esa Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etmoqdamiz. Bu ishlarni kimgadir ko‘z-ko‘z qilish uchun amalga oshirayotganimiz yo‘q. Maqsadimiz – islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini, ma’rifiy islomni bolalarimiz ongiga singdirish. Shu yo‘lda bizning buyuk ajdodlarimiz qanday ulug‘ ishlarni amalga oshirganlari haqida ular ana shunday maskanlarga kelib o‘zlari uchun kerakli bo‘lgan eng muhim bo‘lgan bilim va tasavvurlarga ega bo‘ladi. Eng asosiysi, ularning qalbida boy tariximiz, madaniy merosimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi kamol topadi.
Ayni paytda farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining zamon talablariga mos kelmasligi ham sir emas. Ushbu sohaga bir paytlar e’tiborimizni susaytirib yuborganimiz oqibatida ko‘pgina muammolar yig‘ilib qolganini ochiq aytish lozim.
Bog‘cha tarbiyasini ko‘rgan bolaning ongi, dunyoqarashi qanday yuqori bo‘lishini bugun kimgadir isbotlab o‘tirishning, o‘ylaymanki, hech qanday hojati yo‘q.
Bu holatlarning barchasini hisobga olib, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik zimmasiga ma’muriy islohotlar doirasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, bir qator muhim vazifalar yuklandi.
Bu borada qabul qilingan dasturga muvofiq yaqin 3-4 yil mobaynida yurtimizdagi barcha hududlarda – bu katta shaharlar bo‘ladimi yoki olis qishloq va ovullar bo‘ladimi, minglab yangi bog‘chalarni qurishimiz zarur. Ularni zamonaviy talablar asosida jihozlab, malakali tarbiyachi va mutaxassislar, yangi metodika bilan ta’minlashimiz kerak.
O‘zingiz tasavvur qiling, qishloqda yashayotgan onalar uchun, opa-singillarimiz uchun o‘z farzandini bog‘chaga berish imkoniyati qanday yangi, qanday keng sharoitlar tug‘diradi. Bola bog‘chada sog‘lom turmush asosida, maktabga tayyor bo‘lib voyaga yetadi.
Hurmatli ayollarimiz bolasidan ko‘ngli to‘q bo‘lib, ijtimoiy mehnat bilan, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan bemalol shug‘ullanadi. Qolaversa, ularda dam olish, o‘z sog‘lig‘i haqida o‘ylash uchun ozgina bo‘lsa ham sharoit paydo bo‘ladi.
Shuning uchun maktabgacha ta’lim sohasida ana shunday ulkan islohotlarni hayotga joriy etish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu tarixiy vazifani amalga oshirishimiz shart va uni barchamiz birgalikda albatta bajaramiz.
Hurmatli do‘stlar!
Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 53-moddasida «Davlat iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligi, xususiy mulk daxlsizligi va muhofaza etilishining kafolati», deb belgilab qo‘yilgan. Bu fikrning amaliy isboti sifatida joriy yilda milliy valyutamiz – so‘mning erkin konvertatsiyasiga yo‘l ochildi.
Bojxona to‘lovlari stavkalari 2 barobar pasaytirildi, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirishlar bekor qilindi.
Xalqimiz uchun munosib hayot darajasini yaratib berish maqsadida, eng avvalo, kuchli iqtisodiyotni barpo etish, mamlakatimizning xalqaro maydonda har tomonlama raqobatbardoshligini ta’minlashimiz zarur.
Bugungi kunda dunyo miqyosida shafqatsiz raqobat tobora keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish bo‘yicha biz uzluksiz ish olib borishimiz kerak.
Nega deganda, bu masala hozirgi vaqtda aholi farovonligini yuksaltirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini barqaror rivojlantirish, Vatanimizning yorug‘ kelajagini bunyod etishning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda.
Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmon ayni shu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Aziz yurtdoshlar!
Fuqarolarimizning Konstitutsiyada mustahkamlangan ijtimoiy huquqlarini ta’minlash borasida yil davomida qishloq joylarda yangi namunaviy loyihalar asosida 24 mingta, shaharlarda 187 ta zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi.
Aholini markazlashtirilgan tarmoqlar orqali suv bilan ta’minlash maqsadida 218 ta loyiha amalga oshirilib, 350 ming kishining suv ta’minoti yaxshilandi.
Qishloq vrachlik punktlari negizida 800 ga yaqin oilaviy poliklinikalar, 400 dan ziyod tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi. Tez tibbiy yordam xizmatlari 1 ming 260 ta maxsus transport vositasi bilan ta’minlandi. 300 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasasi ta’mirdan chiqarildi.
Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish borasidagi ishlarga kelgusi yilda ham alohida ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Ijtimoiy adolat tamoyilini ta’minlash, ko‘mak va yordamga muhtoj insonlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘laqonli hayot kechirishlari uchun munosib sharoit yaratib berish masalasiga davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ustuvor ahamiyat qaratildi.
Shu borada joriy yilning o‘zida nogironlarga 2 trillion 600 milliard so‘m pensiya va nafaqalar to‘landi.
Kam ta’minlangan, uy-joyga muhtoj 1 ming 200 dan ortiq nogiron fuqarolarga arzon uy-joy ajratish bo‘yicha shartnomalar imzolanib, boshlang‘ich to‘lovlar uchun 22 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.
Mehnatga layoqati cheklangan 972 nafar nogiron ayolga kasanachilik bilan shug‘ullanish uchun tikuv mashinalari olib berildi va ular uchun doimiy daromad manbai yaratildi. Shu toifaga mansub fuqarolarga 7 mingdan ortiq protez-ortopediya vositalari, 6 ming 500 dan ortiq nogironlik aravachalari, 1 ming 600 ga yaqin eshitish apparatlari bepul berildi.
Nogironligi bo‘lgan va nafaqa yoshidagi fuqarolarning davolash-profilaktika muassasalarida bepul davolanishi uchun 23 ming 500 ga yaqin yo‘llanma ajratildi.
Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Lekin aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga malakali tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash bo‘yicha hali oldimizda ko‘p vazifalar turibdi.
Shuning uchun bu boradagi ishlarimizni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tuzilib, sohada chuqur o‘rganishlar o‘tkazildi.
Keng jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi va bu borada qo‘shimcha imtiyoz va imkoniyatlar berildi.
Bu yo‘nalishda yana bir muhim hujjat – “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinadi.
Bu masalalarni hal qilish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida tashkil etilayotgan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi samarali faoliyat ko‘rsatishi kerak. Shuningdek, yolg‘iz qariyalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlarini ijtimoiy muhofaza qilishga ixtisoslashtirilgan maxsus tuzilma o‘z ishini kuchaytirishi talab etiladi.
Bunday savobli ishlarni ro‘yobga chiqarishda jamoatchiligimiz, butun xalqimiz albatta faol ishtirok etadi, deb ishonaman.
Hurmatli marosim ishtirokchilari!
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha oldimizda ulkan va muhim vazifalar turganini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.
Bu borada har qanday islohot konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalarga muvofiq tarzda amalga oshirilishi, qonun ustuvorligi bosh mezon bo‘lishi zarur.
Bizning maqsadimiz – xalq hokimiyatini so‘zda emas, amalda ta’minlashdan iborat. Bu – biz yashayotgan bugungi murakkab davrning asosiy talabidir. Takror aytishga to‘g‘ri keladi – odamlarimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni bugun kutmoqda.
Shu sababli biz o‘z faoliyatimizni «Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi» degan shior asosida tashkil etishimiz, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch va salohiyatimizni ishga solishimiz zarur.
Bu haqda so‘z yuritganda, e’tiboringizni quyidagi ustuvor masalalarga qaratmoqchiman:
Birinchidan, davlat organlarining kundalik faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil so‘zsiz ta’minlanishi shart.
«Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan prinsip barcha bo‘g‘indagi rahbarlar faoliyatida asosiy qoidaga aylanishi kerak. Albatta, rahbarlarning ishga munosabatini o‘zgartirishga harakat qilyapmiz, lekin ongu tafakkuri qotib qolgan rahbarlarni o‘zgartirish qiyin bo‘lmoqda.
Muntazam ravishda joylarga chiqib, odamlarning ehtiyojlari, muammolari bilan yashash va ularning yechimini topish vazifasi mansabdorlar tomonidan xo‘jako‘rsinga emas, balki amalda ta’minlanishi zarur.
Ma’lumki, biz xalq ichiga kirib borish, aholi bilan muloqot o‘rnatish yo‘lida birinchi qadam sifatida har bir tuman va shaharda Xalq qabulxonalarini tashkil etdik. Ular odamlarning ko‘plab muammolarini yechishda amaliy yordam beradigan yaxlit tizimga aylandi. Bir yilda 1,5 millionga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda aholimizning Xalq qabulxonalariga bo‘lgan ishonchi tobora ortib bormoqda. Ushbu tuzilmalarning davlat organlari mansabdor shaxslari mas’uliyatini oshirishdagi roli borgan sari ko‘proq sezilmoqda.
Barchamiz yaxshi tushunamiz, xalqimizning hayot darajasi o‘sishi, ko‘pgina muammolar hal qilinishi bilan Xalq qabulxonalariga murojaatlar kamayib boradi. Shuning uchun bu qabulxonalar imkoniyatlarini biz davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga yo‘naltiramiz.
Shu maqsadda barcha davlat idoralari va Adliya vazirligi qoshidagi “Yagona darcha” markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni Xalq qabulxonalari orqali samarali tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shu munosabat bilan Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatiga ushbu masalalar bilan bevosita shug‘ullanish vazifasini yuklash ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur xizmat tarkibida yangi tuzilma tashkil etib, unga Tezkor davlat xizmatlari agentligi deb nom bersak, ayni muddao bo‘lardi.
Ma’lumki, hammamiz deyarli har kuni turli idoralarga murojaat qilamiz. Deylik, notarius, arxiv yoki kadastr idorasidan, gaz, elektr, suv ta’minoti tashkilotidan yoki mahalladan oddiy bir ma’lumotnoma olish uchun ba’zan kun bo‘yi navbatda turishga to‘g‘ri keladi.
Ana shunday, bir qarashda arzimas bo‘lib tuyuladigan ishlar uchun odamlarning qancha vaqti, asabi ketadi. Shularning hammasini bir joyda, markazlashtirgan holda, tezlik bilan hal qilsa bo‘ladi-ku!
Mamlakatimizda barcha shahar va tumanlarda, misol uchun, olis Chimboy yoki Qo‘rg‘ontepa tumanida ham aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan idoralar mavjud. Ular xalqqa xizmat qilish uchun tuzilgan. Lekin, afsuski, aksariyat hollarda ular xalqdan uzilib qolgan, desak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi.
Aslida XXI asrda – Internet va axborot kommunikatsiyalari davrida bu ishlarning barchasini uydan chiqmasdan turib, komputer yoki uyali telefon orqali bajarish imkoni bor-ku!
Rivojlangan davlatlarda bunday tizim allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Shu tizimni yurtimizda ham joriy etishga, nima, imkoniyatimiz yo‘qmi? Bor, albatta. Faqat biz bu masalaga qandaydir arzimas, mayda masala, deb qarashga o‘rganib qolganmiz. Holbuki, inson hayoti, inson manfaati bilan bog‘liq sohalarda mayda narsaning o‘zi yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas.
Shuning uchun biz endi davlat xizmatlarini ko‘rsatish borasidagi ishni mutlaqo yangicha asosda tashkil etamiz. Endi davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan tashkilot va tuzilmalar bevosita joylarga, mahallalarga chiqib, aholiga xizmat ko‘rsatadi.
Viloyatlar, shahar va tumanlardagi Xalq qabulxonalari bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib, nazorat qilib boradi.
Janubiy Koreyada 750 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilar ekan. Seul shahri ma’muriyati vakillari kelib, Toshkent shahrida ham shunday xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yordam beradi.
Ana shunday tizimni yo‘lga qo‘ysak, o‘ylaymanki, xalqimizga katta yengillik yaratiladi, odamlar bizdan rozi bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga daxldor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 15 kun muddatda ushbu masala bo‘yicha Prezident qarori loyihasini kiritish vazifasi topshiriladi.
Ikkinchidan, xalq hokimiyatchiligi haqidagi konstitutsiyaviy tamoyilning asl mohiyatini barchamiz chuqur anglab yetishimiz zarur.
Buning uchun turli darajadagi ijro hokimiyati organlarining xalq vakillari – parlament va mahalliy kengashlar oldida hisobot berish amaliyotini keng joriy qilish kerak. Parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada rivojlantirishimiz zarur.
Har bir davlat xizmatchisi xalq oldida mas’ul ekanini hech qachon unutmasligi lozim.
Shu bilan birga, davlat idoralari faoliyatining ochiqligini ta’minlash ham ushbu tamoyilni amalda qaror toptirishning ajralmas sharti hisoblanadi.
Odamlarimiz davlat organlari, shuningdek, o‘zlari saylagan vakillar nima bilan shug‘ullanayotganini bilishlari, ularning faoliyatiga xolisona baho bera olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishimiz darkor.
Uchinchidan, biz uchun eng katta boylik bo‘lgan aholi salomatligini saqlashga oid konstitutsiyaviy normalar ijrosini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanishi lozim.
Bu borada malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, patronaj va skrining xizmatlarini zamonaviy darajaga ko‘tarish, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash tizimi samaradorligini oshirish birinchi darajali vazifamiz bo‘lib qoladi. Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini va tibbiy madaniyatni ommalashtirish bo‘yicha ham jiddiy ish olib borishimiz zarur.
To‘rtinchidan, bizning faoliyatimiz eng muhim konstitutsiyaviy qoidaga – ijtimoiy adolat tamoyilini ta’minlashga qaratilishi shart.
Ijtimoiy adolat – bu siyosiy qarashlari, jinsi, millati, tili va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, qonun oldida barcha fuqarolarning tengligini ta’minlashdir. Bu – ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalardagi imkoniyatlar tengligidir. Bu – kafolatlangan mehnat faoliyati erkinligi, mansab lavozimlari bo‘yicha ko‘tarilib borishdagi imkoniyatlar tengligidir. Eng muhimi, bu – keksa avlod vakillari va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar to‘g‘risidagi g‘amxo‘rlikdir.
Jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirish borasidagi asosiy vazifamiz – bu adolatli qonunlar qabul qilishdan iborat.
Qisqacha aytganda, qonun adolatli bo‘lsa, u inson huquqlarini amalda himoya qilsa, shundagina odamlar qonunni hurmat qiladi va unga itoat etadi.
Beshinchidan, fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir.
Biz bugun, demokratik o‘zgarishlar davrida mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy hayotida bevosita va faol ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolarimizning salohiyati to‘la namoyon bo‘lishini ta’minlashimiz lozim. Bu borada ko‘ppartiyaviylik tizimi, partiyalararo bahs-munozara, fikrlar va dasturlar o‘rtasidagi raqobatni jadal rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur. Hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklar, dolzarb muammolarni dadil ko‘tarib chiqish ular faoliyatida asosiy mezon bo‘lishi kerak.
Oltinchidan, bizning yana bir muhim vazifamiz – fuqarolar, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro mas’uliyat, huquq va burch bog‘liq ekaniga oid prinsipni izchil amalga oshirishdan iborat.
Bu prinsip mamlakatimiz oldida turgan muhim vazifalarni hal qilishda davlat va shaxs, davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlaydigan konstitutsiyaviy asosdir.
Biz barchamiz – fuqarolar ham, jamiyat ham, davlat ham Vatanimiz ravnaqi uchun, mamlakatimizda tinchlik-barqarorlikni mustahkamlash uchun, tarixiy, ma’naviy va madaniy merosimizni saqlash, boyitish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish uchun birdek mas’ulmiz.
Yurtimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik muhiti, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni asrash va mustahkamlash maqsadida olib borayotgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz lozim.
Yettinchidan, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda ta’minlash bundan buyon ham davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi.
Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, ana shu konstitutsiyaviy qoidaning izchil amalga oshirilishi ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini jadal rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan barcha ishlarimizning mazmun-mohiyatini belgilab beradi.
Biz iqtisodiyotimizni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yo‘l ochib berish siyosatini bundan keyin ham qat’iy davom ettiramiz. Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning oldida paydo bo‘ladigan to‘siqlarni butunlay olib tashlash masalasi davlat rahbari sifatida mening doimiy e’tiborim va nazoratimda bo‘ladi.
Yana bir bor alohida ta’kidlab aytmoqchiman: tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lishni davlat siyosatiga xiyonat, deb qabul qilish kerak.
Sakkizinchidan, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, mamlakat tashqarisida ham o‘z fuqarolarining huquqiy himoyasini kafolatlashi haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning ijrosini so‘zsiz ta’minlashimiz shart.
Afsuski, shu vaqtga qadar chet ellarda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish masalasiga yetarlicha e’tibor berilmadi, desak, bu ham adolatdan bo‘ladi.
Bugungi kunda yurtdoshlarimiz chet elda faqat qora mehnat bilan emas, ilm-fan, bank-moliya, axborot-kommunikatsiya texnologiya sohalarida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ana shu holatni inobatga olib, xorijda qonuniy asosda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan fuqarolarimizga bo‘lgan munosabat bugungi kunda tubdan o‘zgarib borayotganini ta’kidlash zarur. O‘zbekiston hukumati bundan buyon o‘z fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har tomonlama himoya qiladi.
Bu ishlarni amalga oshirish yo‘lida birinchi qadamlarni boshladik. Rossiya bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zbekistondan maxsus delegatsiyalar borib, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, haq-huquqlarini ta’minlash bo‘yicha mahalliy boshqaruv idoralari bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Chet ellardagi yurtdoshlarimizga konsullik xizmatlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatish, ularning yurtimizga bemalol kelib-ketishlari, mamlakatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Biz bu ishlarni kelgusida yanada kengaytiramiz.
Yana bir muhim masala – Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda qonuniylik tamoyillarining so‘zsiz ta’minlanishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolatidir. Biz bu fikrni yanada teran anglab olishimiz kerak.
Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya hamda qonun talablariga og‘ishmay amal qilish ma’naviy saviyamiz, madaniyatimizning asosiy mezoniga aylanishi shart.
Biz jahon hamjamiyati bilan yaqin hamkorlikni izchil davom ettirishni o‘z oldimizga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga yetishning eng muhim omili, deb bilamiz. Shu maqsadda dunyodagi barcha uzoq-yaqin davlatlar, birinchi navbatda qo‘shni mamlakatlar bilan samarali aloqalarimizni yanada kuchaytiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari, chet davlatlarning muhtaram elchilarini samimiy qutlashga ijozat bergaysiz. Ularning barchasiga yaqin hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, mas’uliyatli faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz jonajon Vatanimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqishdek yuksak maqsad yo‘lida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.
Ishonchim komil, ana shu olijanob maqsadlarga erishishda davlat organlari, keng jamoatchilik, barcha fuqarolarimiz o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Konstitutsiyaga amal qilinishining kafili sifatida jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashni, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilishni o‘zimning nafaqat vazifam, eng avvalo, muqaddas burchim, deb hisoblayman.
Hech shubhasiz, oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Konstitutsiyamiz yangi-yangi avlodlar uchun hayot qomusi, davrning o‘zi o‘rtaga qo‘yadigan dolzarb muammolarni yechish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Siz, azizlarni Konstitutsiyamizning qutlug‘ bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, farzandlar, nabiralar baxtu kamolini ko‘rishni tilayman.
Yaratganning o‘zi yurtimizni balo-qazolardan asrasin, ezgu ishlarimizda doimo madadkor bo‘lsin!