O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi (keyingi o‘rinlarda Harakatlar strategiyasi deb yuritiladi) o‘rta muddatli istiqbolda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan eng muhim dasturiy hujjat hisoblanadi.

2017-yilda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda alohida e’tibor “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil va “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu g‘oyaning, eng avvalo, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish hamda fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining real himoya qilinishini ta’minlash orqali hayotga amaliy tatbiq etilishiga qaratildi.

Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida 30 dan ortiq qonunlar hamda 900 dan ortiq qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirishning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari, shuningdek, har bir davlat organida tashkil etilgan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha maxsus bo‘linmalar aholi bilan ishlashning sifat jihatidan yangi samarali tizimini shakllantirishga xizmat qildi.

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi davlat boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish, “Elektron hukumat” va davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotga ma’muriy ta’sirni qisqartirish hamda boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish, sog‘lom raqobat muhiti va qulay investitsiya iqlimini yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Sud-huquq tizimida sudlarning haqqoniy mustaqilligini ta’minlash, sud kadrlarini tanlab olishning demokratik va shaffof mexanizmini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Joylarda ma’muriy va iqtisodiy sudlarning tashkil etilganligi odil sudlovga erishish darajasini oshirish imkonini berdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimini isloh qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatda jinoyatchilikning umumiy ko‘rsatkichi 15,7 foizga kamayishiga erishildi, 1,2 ming mahallalarda birorta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Ilgari, asosan xavfsizlikka xavf-xatar va tahdidlar oqibatlariga qarshi kurashish bilan cheklangan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga yondashuvlar konseptual qayta ko‘rib chiqildi. Mazkur muammolarni hal qilishda, birinchi navbatda, yoshlarning huquqiy madaniyati va ma’naviyatini yuksaltirish orqali odamlarning ongi uchun kurashish ustuvor vazifa etib belgilandi.

O‘z taqdirini O‘zbekiston bilan bog‘lagan, mamlakatimiz farovonligi yo‘lida halol va vijdonan mehnat qilayotgan, o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga aylanib qolgan fuqarolarning hayotiy muhim masalalarini hal etishga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan davrda 1 243 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.

Iqtisodiy sohada keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi, eng avvalo, O‘zbekistonning o‘z majburiyatlarini bajarish va chet el hamkorlarining daromadlarini repatriatsiya qilish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun shart-sharoitlarni ta’minlovchi milliy valyuta erkin konvertatsiyasining joriy etilganligi bu borada muhim qadam bo‘ldi.

Davlat byudjetini shakllantirishning tamomila yangi prinsiplari va mexanizmlari joriy etildi, uning daromad va xarajatlari shaffofligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlat aktivlarini boshqarishning samaradorligini oshirish va byudjetning daromad qismini ko‘paytirishga qaratilgan ishga solinmagan zaxiralardan foydalanish choralari ko‘rildi.

Birinchi bosqichda – uzoq muddatli (10-15 yilga mo‘ljallangan) tarmoq, hududiy va maqsadli rivojlanish konsepsiyalarini ishlab chiqish hamda tasdiqlash, ikkinchi bosqichda – tarmoq, hududiy va maqsadli loyihalar portfellarini tuzish, uchinchi bosqichda – rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishning mutlaqo yangi tartibi tasdiqlandi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha kompleks tadbirlar, birinchi navbatda, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va sog‘lig‘ini saqlashni kuchaytirish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash, fuqarolarning bandligi va real daromadlarini oshirish, arzon ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Shaharlar va qishloqlarda umumiy turar joy maydoni 3,5 million kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan namunaviy va ko‘p qavatli uylar qurildi. Turar joy qurilishi hajmlari 2010-yilga nisbatan 3,5 baravarga oshdi.

Xalq bilan muloqot natijalari bo‘yicha 11 yillik umumiy o‘rta ta’limni qayta tiklash haqida qaror qabul qilindi, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishning shaffof mexanizmlari joriy etildi
va kvotalar jiddiy ravishda oshirildi. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi.

Millatlararo tinchlik va totuvlikni, puxta o‘ylangan va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilganligi natijasida qo‘shni davlatlar bilan ishonchli munosabatlar yo‘lga qo‘yildi, Markaziy Osiyo hududida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratildi.

Faqat o‘tgan yilda 21 ta oliy darajadagi tashrif amalga oshirildi, 60 ta davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, 400 dan ortiq kelishuvlarga erishildi, 60 milliard AQSh dollaridan ortiq qiymatdagi bitimlar imzolandi.

Shu bilan birga, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yakunlari hamda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida o‘tkazilgan ishlarning tanqidiy tahlili aholi farovonligining real o‘sishiga va joylarda ishlar holatining tubdan yaxshilanishiga to‘sqinlik qiluvchi qator muammolarni ko‘rsatib berdi.

Harakatlar strategiyasi ijrosini ta’minlash yuzasidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ko‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida – davlat xizmatining nufuzi va samaradorligini oshirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari vazifa va tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish, vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mustaqilligini oshirish, markaziy organlarning ayrim vakolatlarini mahalliy hokimiyat organlariga o‘tkazish, davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini, ularning sifati va tezkorligini tubdan oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida – fuqarolar shaxsiy hayoti daxlsizligining konstitutsiyaviy kafolatlarini, shu jumladan, tintuv va telefon orqali so‘zlashuvlarni eshitib turishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish, Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha komissiyani tashkil etish orqali yanada mustahkamlash, milliy xavfsizlik organlari tizimini tubdan isloh qilish, vaqtincha saqlash, tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar bilan ta’minlash, patrul xizmatining statsionar postlari sonini optimallashtirish;

iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida – faol tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay huquqiy, tashkiliy sharoitlar yaratish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy qilish, tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini va ular faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish mexanizmlarini, soliq va bojxona siyosatini, bank-moliya sohasini yanada takomillashtirish, agrar sektorni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga imtiyozlar taqdim qilgan holda individual imtiyozlar berishdan voz kechish, hududlarni faol rivojlantirish;

ijtimoiy sohani rivojlantirish sohasida – ijtimoiy himoya qilish va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, ijtimoiy dorixonalarning rivojlangan tarmog‘ini yaratish, aholi bandligi va fuqarolarning real daromadlarini oshirish, “iste’mol savatchasi”ni aniqlash, ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash;

xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, shuningdek, tashqi siyosat sohasida – O‘zbekiston Respublikasining yangi Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qabul qilish, xorijiy sheriklar bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish, davlat chegaralarini himoya qilish va qo‘riqlash tizimini takomillashtirish, terrorizm, ekstremizm va axborot tahdidlariga qarshi kurashish, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalar faoliyatini tubdan isloh qilish, xorijda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli tashqi siyosatni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish.

2. Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilinsin, jinoyat ishi doirasida va yuridik shaxs tugatilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tekshirishlar bundan mustasno.

Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-apreldan boshlab:

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi davlat soliq xizmati organlarining bo‘shayotgan 228 ta shtat birliklarini prokuratura organlariga o‘tkazgan holda tugatiladi;

adliya organlarining kichik biznes, xususiy tadbirkorlik subyektlari, chet el investorlari va chel el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanadi;

jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish) bir oydan oshmasligi lozim, alohida hollarda tekshirish bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan uzaytirilishi mumkin;

tadbirkorlik faoliyatini yuritishdagi huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning roziligi bilan amalga oshiriladi;

tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlar, o‘tkazilgan tekshirishlar va monitoring (asos, tekshirish yoki monitoring o‘tkazish vaqti, ularni o‘tkazgan xodimlar va boshqalar) va aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi axborotlar majburiy tartibda prokuratura organlarining maxsus elektron axborot tizimiga kiritiladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:

innovatsion va ilmiy faoliyatni davlat va jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari, shu jumladan, innovatsion loyihalarni foizsiz kreditlash hamda innovatsion loyihalarni kreditlash uchun tijorat banklariga davlat kafolatlarini berishni ham nazarda tutuvchi “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Fan to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini ishlab chiqsin va keng jamoatchilik muhokamasidan keyin Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin;

mahalliy loyiha va pudrat tashkilotlarining tashqi bozorlarga chiqishini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar, zamonaviy xalqaro standartlarni hisobga olgan holda shaharsozlik norma va qoidalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish, energiya tejamkor texnologiyalarni faol joriy etishni nazarda tutib, qurilish sohasini innovatsion rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va kiritsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar, monitoring va tadbirkorlik subyektlari faoliyatida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqidagi zarur axborotlarni doimiy kiritib borishni nazarda tutuvchi maxsus elektron axborot tizimini ishlab chiqsin va joriy qilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi qonunbuzilishlar haqidagi ma’lumotlarni tekshirish tartibini ishlab chiqsin va kiritsin;

Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, qonunchilik normalarini yetkazish va tushuntirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi har bir huquqbuzarlik holati bo‘yicha aybdor shaxslar javobgarligining muqarrarligi prinsipi so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlagan holda, tadbirkorlik faoliyati sohasida, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlari, chet el investorlari va chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

a) quyidagilar 2023-yil 1-yanvarga qadar muddatga yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari, barcha turdagi soliq va majburiy to‘lovlar to‘lashdan ozod qilinadi:

yuqori texnologiyali tadbirkorlik loyihalari-startaplarni birgalikda moliyalashtirish uchun tashkil qilinadigan venchur fondlar;

venchur fondlardan birgalikda moliyalashtiriladigan yuqori texnologiyali loyihalar-startaplar;

ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsion markazlar, loyiha-konstruktorlik byurolari o‘zlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotishdan (foydalanishga berishdan) olingan daromadlar bo‘yicha;

yangi texnologiyalarni mahalliy tadbirkorlikka transfer qiluvchi tashkilotlar bu faoliyatdan olingan daromadlari bo‘yicha;

b) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron tijorat sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat dasturida belgilangan muddatlarda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari – “Xalq qabulxonalari” zamonaviy binolarining tasdiqlangan namunaviy loyihalarga muvofiq qurilishi va jihozlanishini ta’minlasin;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda elektron navbat va davlat xizmatini ko‘rsatishning borishini masofadan videokuzatish tizimlarini joriy etish, olis aholi punktlarida mobil davlat xizmatlari markazlarini tashkil qilish, shuningdek, mobil aloqa vositalari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishni ta’minlasin.

10. Vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga bo‘lgan taqiq, shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilinsin.

11. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan ta’sirchan nazoratni, shuningdek, Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi to‘g‘risidagi umumlashtirilgan axborotning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga har chorakda taqdim etilishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarning Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirib borishni ta’minlasin.

12. Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlar:

eng avvalo zamonaviy ishlab chiqarishni joriy etishga mo‘ljallangan innovatsion g‘oyalar hamda texnologiyalarni, faol tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga;

hududlar ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sishi va aholining hayot darajasi hamda farovonligini oshirishga ko‘maklashuvchi fan va innovatsion faoliyatni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga;

ilg‘or fikrlaydigan, tashabbuskor va mas’uliyatli xodimlar hamda fuqarolarni har tomonlama amaliy qo‘llab-quvvatlashga;

“Har bir davlat xizmatchisi har kuni o‘zining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart” degan qoidani ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Innovatsion rivojlantirish vazirligi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda:

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi tizimli monitoring qilinishini hamda u o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni ko‘rish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilishini;

Davlat dasturi amalga oshirilishi haqidagi ma’lumotlarning har oy umumlashtirilishini hamda uning yakunlari aniq ko‘rsatkichlar va erishilgan ijobiy o‘zgarishlar ko‘rsatilgan holda o‘zlarining veb-saytlarida joylashtirilishini;

monitoring natijalari haqida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot kiritilishini;

Davlat dasturi amalga oshirilishining yakunlariga bag‘ishlangan axborot-tahliliy obzorlarning chet tillarda tayyorlanishi, nashr etilishi va keng tarqatilishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan o‘zaro yaqin hamkorlikda:

mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida keng tushuntirilishini;

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi haqidagi xolis, to‘liq ma’lumotning keng jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazilishini ta’minlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

ushbu Farmonning mazmun va mohiyatini, shuningdek, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan zarur ma’lumotlarning xalqaro jamoatchilikka tizimli yetkazilishini;

Davlat dasturini amalga oshirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganishda har tomonlama ko‘maklashishni ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                 Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 22-yanvar

* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga
SH A R H

Keyingi bir yilda O‘zbekiston davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, bunda asosiy e’tibor fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va aholi manfaatlarini amalda ta’minlashga qaratildi.

“Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ezgu g‘oyalar O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida ko‘zda tutilgan islohotlarni hayotga tatbiq etishning asosini tashkil qildi.

Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida davlat va jamiyat qurilishi tizimini sifat jihatidan yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy soha, sud-huquq tizimini isloh qilish, vazmin va amaliy tashqi siyosat yuritishga qaratilgan qator aniq va amaliy chora-tadbirlar ko‘rildi.

Shu bilan birga, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot hamda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida qilingan ishlarning tanqidiy tahlili joylarda aholi farovonligini oshirish va ishlar ahvolini tubdan yaxshilashga to‘sqinlik qilayotgan qator muammolar mavjudligini ko‘rsatdi.

Davlatimiz rahbari o‘zining 2017-yil 22-dekabr kuni parlamentga yo‘llagan tarixiy Murojaatnomasida ham mavjud o‘tkir muammolarga e’tibor qaratdi, ularni hal etishning aniq yo‘llarini taklif qildi.

Shu munosabat bilan Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) loyihasi ishlab chiqildi hamda 10-20-yanvar kunlari aholi o‘rtasida keng va atroflicha muhokama qilindi.

Davlat dasturi loyihasini muhokama qilish davomida fuqarolardan 4,4 mingta taklif va sharh kelib tushdi, ulardan Davlat dasturini takomillashtirishda foydalanildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 22 yanvar kuni qabul qilingan Farmoni bilan Davlat dasturi tasdiqlanib, uning asosiy yo‘nalishlari va uni amalga oshirishning birinchi navbatdagi chora-tadbirlari belgilandi.

Fuqarolardan kelib tushgan takliflarning aksariyatida ko‘rsatilgan dolzarb muammolarni hal qilishga oid alohida huquqiy normalar bevosita Farmonning o‘zida ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning ijrosini darhol ta’minlash shart ekani belgilandi.

Farmon bilan tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish bo‘yicha ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilindi. Endilikda, Farmon e’lon qilingan kundan boshlab tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvlariga vaqt va resurs sarflamasdan o‘z faoliyatini xotirjam amalga oshirishlari mumkin.

Yana bir muhim yangilik – vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmagan yoxud turar joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga olishga oid taqiq bekor qilinadi. Ushbu norma fuqarolarga mamlakatimizning istalgan hududida, ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishga joylashishda hech qanday cheklovlarsiz o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi. Istiqbolli kadrlar qayerda doimiy yoki vaqtincha propiska qilingani, turar joyi bo‘yicha hisobda turganidan qat’i nazar, poytaxt mintaqasida mehnat qila oladilar.

O‘z navbatida, ish beruvchilar vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmagan yoxud turar joyi bo‘yicha hisobdan o‘tmagan fuqarolarni ishga olganliklari uchun javobgarlikdan ozod etiladi.

Davlat dasturi 5 bo‘limdan iborat. Davlat dasturi doirasida 37 ta qonun (Saylov kodeksi, “Davlat xizmati to‘g‘risida”, “Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risida”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”, “Fan to‘g‘risida”, “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va boshqalar)ni ishlab chiqish, 142 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish hamda turli sohalarni qamrab oladigan 52 ta amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Davlat dasturining birinchi bo‘limi davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan.

Shubhasiz, “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi bu boradagi muhim qadam bo‘ladi. Ushbu hujjat, avvalo, davlat idoralarida xizmatni haqiqatdan nufuzli faoliyatga aylantiradi, davlat xizmatchilarining mehnat haqi va ijtimoiy himoyasi uchun munosib tizim shakllantiradi, yuklatilgan vazifalarning sifatli ijrosi uchun davlat xizmatchilarining javobgarligini oshiradi. Endilikda har bir davlat xizmatchisi egallab turgan lavozimga munosib ekanini har kuni isbotlashi shart.

Davlat funksiyalari va vakolatlarining amaldagi markazlashgan tizimiga barham beriladi.Birinchidan, hukumatning alohida funksiyalari, ayniqsa, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi vazifalari vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkaziladi. Ikkinchidan, tegishli hududda davlat siyosatini amalga oshirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslar sifatida barcha darajadagi hokimlarning vakolatlari kengaytiriladi va mavqei mustahkamlanadi.

Bundan pirovard maqsad – hokimlar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini yuksaltirish va aholi farovonligini oshirishni amalda ta’minlash imkonini beradigan real vakolatlarga ega bo‘lishiga erishish.

Fuqarolarning davlatni boshqarishda ishtirok etishga bo‘lgan huquqini ro‘yobga chiqarishning yangi mexanizmi sifatida elektron jamoaviy murojaat qilish – petitsiya yo‘llash tizimi joriy qilinadi. Ushbu tizim fuqarolarga davlat hokimiyatining vakillik organlariga aniq savollar qo‘yish imkonini beradi, ushbu organlar esa fuqarolarning ma’lum soni tomonidan ma’qullangan murojaatlar yuzasidan chora ko‘rishi shart bo‘ladi.

Mazkur mexanizm tufayli faol fuqarolar va jamoat tashkilotlari turli muammolar yechimi bo‘yicha tashabbus ko‘rsatishlari mumkin. Shu orqali “Mamlakat hayotiga aloqador eng muhim qarorlar bevosita muloqot asosida qabul qilinadi”, degan tamoyil amalda ro‘yobga chiqariladi.

Davlat dasturining navbatdagi muhim yo‘nalishi qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishdir. 

2018-2021-yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyani ishlab chiqish, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Jinoiy va ma’muriy javobgarlikni liberallashtirish, protsessual normalarni takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Dastlabki tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish uchun tintuv va telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya berish vakolati sudga o‘tkaziladi.

Inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida tergov izolyatorlari va jazoni ijro etish muassasalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi.

Ichki ishlar organlari yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlarini ular fuqarolar bilan muomala qilayotganda foydalaniladigan video-fiksatorlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu nafaqat fuqarolar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishi, balki tinchligimiz posbonlari tomonidan o‘z vazifasini suiiste’mol qilishi holatlarining ham oldini olishga xizmat qiladi.

Davlat dasturida propiska va pasport tizimini soddalashtirishga doir chora-tadbirlar ham ko‘zda tutilgan. Xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskasi bo‘lmagan fuqarolar ikkilamchi bozorda ko‘chmas mulk xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davlat dasturining uchinchi yo‘nalishi iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan.

Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish sohasida ilg‘or g‘oyalar, “smart” texnologiyalar va nou-xaularga asoslangan innovatsion taraqqiyotning yangi modeliga bosqichma-bosqich o‘tish ko‘zda tutilmoqda.

Venchur fondlar, venchur moliyalashtirishni tashkil etish va rivojlantirish uchun huquqiy asoslar, shuningdek, iqtisodiyotga innovatsiyalar va yangi texnologiyalar joriy etishni rag‘batlantiruvchi mexanizmlar ishlab chiqiladi.

2023-yilning 1-yanvariga qadar venchur fondlar, yuqori texnologik startap-loyihalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsiya markazlari va loyiha-konstruktorlik byurolariga o‘zlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotish (foydalanish uchun taqdim etish)dan tushgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlari taqdim etiladi.

Yer uchastkalari berishda shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash maqsadida internet tarmog‘ida elektron savdolar o‘tkazishni joriy qilish rejalashtirilgan. Davlat aktivlarini elektron savdo maydonlari orqali sotish tizimini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Banklar va bank faoliyatiga doir qonunchilik tubdan qayta ko‘rib chiqilib, sohada “raqamli banking”, “internet-banking” va boshqa zamonaviy texnologiyalar tatbiq etiladi.

Soliq va bojxona siyosatini takomillashtirish va optimallashtirish, soliq yukini kamaytirish, soliq va bojxona ma’murchiligini soddalashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Turizm sohasini rivojlantirish, kirish turizmi va ichki turizmni rivojlantirishni rag‘batlantirish, sayyohlar uchun ma’muriy va viza bilan bog‘liq tartibotlarni soddalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Davlat dasturining keyingi bo‘limi ijtimoiy sohani rivojlantirishga bag‘ishlangan.

Aholining munosib hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha “iste’mol savatchasi”ga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish nazarda tutilgan. Hududlar kesimida “iste’mol savatchasi”ni hisobga olgan holda ish haqi, pensiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlar miqdorini belgilash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish mo‘ljallanmoqda.

Tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish va tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi. Sog‘liqni saqlash sohasiga “aqlli tibbiyot” tizimi, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.

Aholini arzon narxlardagi sifatli dori vositalari bilan ta’minlaydigan 2 mingta ijtimoiy dorixona tashkil etish rejalashtirilgan.

Aholi, ayniqsa, yosh oilalarning arzon uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida 2018-yilda bunday uylarni qurish hajmi 1,5-2 barobar oshiriladi. Bu maqsadlar uchun 5 trillion 286 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Aholini telekommunikatsiya xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish uchun chekka hududlarda 2000 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tortish, internet tezligini 2,5 barobar oshirish va 4 mingdan ziyod mobil aloqa tayanch stansiyalarini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.

Davlat dasturining beshinchi yo‘nalishi – xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, vazmin, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish. 

Xususan, xorijda yashayotgan va ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan hamkorlik qilish bo‘yicha davlat siyosati konsepsiyasi ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.

Ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, bunday fuqarolarni sog‘lom muhitga qaytarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Diniy ma’rifat tizimi qayta ko‘rib chiqilib, bu borada aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida olib borilayotgan ishlar samaradorligi va ta’sirchanligi kuchaytiriladi.

Muxtasar aytganda, Davlat dasturida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga 13,5 trillion so‘m va 1,3 milliard AQSh dollari yo‘naltiriladi.

Davlat dasturida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish mamlakatimizning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, aholi farovonligini amalda yuksaltirish va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.