Qadrli ofitser va generallar, serjantlar va safdorlar!
Muhtaram faxriylar!
Avvalo, siz, azizlarni 25-oktyabr – Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mustaqillik yillarida butun mamlakatimiz qatori ichki ishlar organlari ham gʻoyat sharafli va masʼuliyatli yoʻlni bosib oʻtdi.
Soha xodimlarining jamoat tartibi va tinchlik-osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi fidokorona xizmatini, ayniqsa ularning bugungi pandemiya sharoitida koʻrsatayotgan jonbozliklarini xalqimiz yaxshi anglaydi va munosib qadrlaydi.
Aziz doʻstlar!
Keyingi toʻrt yilda barcha sohalar singari ichki ishlar tizimida ham keng koʻlamli va puxta oʻylangan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yoʻlida katta ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda ushbu tizim faoliyati tubdan takomillashtirilib, markaziy apparatdagi shaxsiy tarkibning 85 foizi bevosita aholi yashash punktlariga, quyi tizimlarga tushirildi.
Ichki ishlar organlarini xalqqa yana-da yaqinlashtirish, murojaatlarni tunu kun qabul qilish, mavjud muammolarni joyida va oʻz vaqtida hal etish maqsadida 200 taga yaqin ichki ishlar boʻlimi va boʻlinmalari faoliyati toʻliq yangitdan tashkil etildi.
Tizimdagi barcha tarkibiy va hududiy boʻlinmalar, jumladan, profilaktika, jinoyat qidiruv, tergov, yoʻl-patrul va patrul-post xizmatlari, ekspert-kriminalistika va pasport boʻlinmalari mutlaqo yangicha mezonlar asosida qayta shakllantirilgani, xodimlar xizmat faoliyatiga xos boʻlmagan koʻplab ishlardan ozod etilgani sohada ish samaradorligini oshirishda muhim omil boʻlmoqda.
Bu haqda soʻz yuritganda, jamoat joylari va koʻchalarda xavfsizlikni taʼminlash borasida ichki ishlar organlarining Milliy gvardiya bilan birgalikdagi xizmati yoʻlga qoʻyilganini qayd etish zarur.
Sohada shaxsiy tarkibni ijtimoiy himoya qilish, ularning yashash va xizmat sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda. Soʻnggi toʻrt yilning oʻzida 241 ta xizmat uylari qurilib, uy-joyga ehtiyoji boʻlgan va xizmatda alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarning oilalariga topshirilgani ham bu boradagi ishlarimizning amaliy tasdigʻidir. Bundan tashqari, 2018-2020-yillarda soha xodimlari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida Toshkent shahrida barpo etilgan zamonaviy koʻp qavatli uylardan 392 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda esa 2 mingga yaqin kvartira ajratildi.
Jamiyat hayoti uchun katta tahdid boʻlgan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, korrupsiya, odam savdosi va narkotrafikka qarshi kurash kuchaytirilmoqda. Bu borada ilm-fan yutuqlari va ilgʻor texnologiyalardan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ana shunday islohotlarimiz natijasida ichki ishlar organlari zamonaviy texnika bilan taʼminlangan, xalqchil va ochiq, kriminogen vaziyatni mustahkam va ishonchli nazorat qila oladigan, mobil va ixcham tuzilmalarga aylanib bormoqda. Eng muhimi, soha xodimlarining maʼnaviy qiyofasi, jamiyatimizdagi obroʻ-eʼtibori yuksalib bormoqda.
Sizlarga yaxshi ayonki, jinoyatchilikka qarshi kurashning eng samarali usuli – profilaktika, yaʼni qonunbuzarliklarning oldini olishdan iborat. Shu maqsadda mamlakatimizda birinchi marta har bir mahallaga bir nafardan profilaktika inspektori biriktirildi, ularga mahalla raisining oʻrinbosari maqomi berildi.
Biz profilaktika inspektori tekshiruvchi yoki nazoratchi emas, balki barcha hayotiy masalalarda mahalla ahliga koʻmak beradigan, chinakam yelkadosh, yonma-yon turadigan kuch boʻlishini vazifa qilib qoʻydik. Ushbu xodimlarning faoliyatini uzluksiz tashkil etish hamda aholiga yana-da yaqinlashtirish maqsadida ularga 6 787 ta xizmat uylari qurib berildi, 7 388 ta shaxsiy avtomashina uchun imtiyozli kreditlar ajratildi.
Mamlakatimiz tarixida ilk bor faqat ayol xodimlar ishlaydigan xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor lavozimlari joriy etildi. Bugungi kunda ular har bir mahallada fuqarolar yigʻinlari raislarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari bilan hamkorlikda opa-singillarimizning maslahatchisi, himoyachisi va koʻmakdoshiga aylanmoqda.
Bilib-bilmasdan jinoyat yoʻliga kirib qolgan va jazoni oʻtayotgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuvini, sogʻlom hayotga qaytishini taʼminlashda ham ichki ishlar organlarining oʻrni va roli ortib bormoqda. Bu yoʻnalishda ilgarigi jazoni ijro etish inspeksiyasi oʻrniga probatsiya xizmatini tashkil etdik. Ushbu xizmat mahkumlarni zarur kasb-hunarlarga oʻqitish va tayyorlash, ishga joylashtirish, ularni xususiy tadbirkorlikka jalb etish, eng asosiysi, ish beruvchilar tomonidan ularning huquq va manfaatlari taʼminlanishida yaqindan yordam koʻrsatmoqda.
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, shahar va qishloqlarimizning sayyohlik jozibadorligini oshirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi tarkibida xavfsiz turizmni tashkil etish boʻlinmalari faoliyatini yoʻlga qoʻyganimiz ham muhim qadam boʻldi. Hozirgi vaqtda ushbu boʻlinmalarda kamida 3 ta xorijiy tilni biladigan, tarix, etnografiya va sanʼat sohasida chuqur maʼlumotga ega boʻlgan yosh oʻgʻil-qizlarimiz oʻz xizmat vazifalarini munosib ado etmoqdalar.
Bugungi kunda ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash boʻyicha samarali tizim yaratilayotgani, sohada oʻz burchi va qasamyodiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar xodimlar soni koʻpayib borayotganini islohotlarimizning eng muhim natijasi sifatida qabul qilamiz.
Ichki ishlar organlari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining yangi tizimi oʻrnatilgani, ichki ishlar organi boshligʻidan tortib profilaktika inspektorigacha xalq oldida hisobot beradigan amaliyot joriy etilgani aholining ularga boʻlgan ishonchini yana-da oshirmoqda.
Hurmatli soha vakillari!
Shiddat bilan oʻzgarayotgan bugungi murakkab zamonda dunyoning turli mintaqalarida hukm surayotgan notinch vaziyatlar, qurolli toʻqnashuvlar har birimizni doimo hushyor va ogoh boʻlishga undaydi. Bunday sharoitda uyushgan transmilliy jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizm, narkobiznes, korrupsiya kabi tahdidlarga qarshi samarali kurashish, ularga keskin zarba berish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Hayotning oʻzi oldimizga qoʻyayotgan ana shunday oʻtkir, kechiktirib boʻlmas talablardan kelib chiqqan holda, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish uchun quyidagi vazifalarga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim:
birinchidan, ichki ishlar organlari uchun intellektual va professional bilim darajasi, maʼnaviy-axloqiy saviyasi yuqori boʻlgan kadrlar tayyorlash boʻyicha sifat jihatidan yangi tizimni joriy etish;
ikkinchidan, ichki ishlar organlarini, ayniqsa, profilaktika, jinoyat qidiruv, tergov, yoʻl-patrul va patrul-post xizmati hamda ekspert-kriminalistika boʻlinmalarini zamonaviy texnika, axborot kommunikatsiya tizimlari va maxsus vositalar bilan taʼminlashni yana-da kuchaytirish;
uchinchidan, rivojlangan xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasini chuqur oʻrgangan holda, amaliy faoliyatga yangicha ish uslublari va mexanizmlarini, xususan, raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish;
toʻrtinchidan, xodimlar va ularning oilalarini ijtimoiy himoya qilish tizimini, jumladan, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, xizmat va dam olish sharoitlarini yana-da yaxshilash, uy-joy va moddiy taʼminotini bosqichma-bosqich mustahkamlab borish;
beshinchidan, mamlakatimiz ichki ishlar organlarining shonli tarixini asrab-avaylash, soha xodimlari va faxriylarining kelgusi avlodlarga namuna boʻladigan jasoratini, koʻrsatgan ibrat namunalarini ommalashtirish, Vatanimiz mustaqilligi va el-yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida aziz jonlarini fido qilgan xodimlarning xotirasini eʼzozlash va abadiylashtirish.
Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun boʻlsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat boʻladi.
Biz bundan keyin ham ushbu sohani har tomonlama rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, haqiqiy xalqchil tizimga aylantirish uchun bundan buyon ham barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga fidokorona mehnatingiz, oʻz xizmat burchingiz, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Ushbu kunda el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida halok boʻlgan mard va jasur soha xodimlarining xotirasini hurmat-ehtirom bilan yod etib, ularning oilalari va farzandlariga bayram tabrigimiz va ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Hurmatli ichki ishlar xodimlari!
Muhtaram faxriylar!
Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan chin yurakdan qutlab, barchangizga mustahkam sogʻlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, gʻoyat masʼuliyatli va serqirra faoliyatingizda yangi zafarlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti