Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha choralar koʻrildi.

2008-2017 yillar mobaynida Davlat byudjetidan 2 172,8 kilometr irrigatsiya tizimlari, 368,8 kilometr lotokli sugʻorish tarmoqlari, 347 dona gidrotexnik inshootlar, shuningdek, 83,7 kub m/sek umumiy suv uzatish hajmiga ega boʻlgan nasos stansiyalari, umumiy hajmi 1 581,3 million kub/m boʻlgan suv omborlari va boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun 3,2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi, buning natijasida 1,7 million gektardan ortiq sugʻoriladigan maydonlarning suv taʼminotini yaxshilashga erishildi.

Bundan tashqari, ushbu davr ichida melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlariga 2,5 trillion soʻm ajratilib, 2,5 million gektar sugʻoriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilanishiga, yer osti suvlarining barqarorligi taʼminlanishiga va meʼyorda ushlab turilishiga erishildi.

Shu bilan birga, ishlarning haqiqiy holati tahlili qishloq xoʻjaligida, ayniqsa, paxta xomashyosini yetishtirishda ilmiy asoslangan agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish va sugʻorishning suvni tejaydigan texnologiyalarini joriy etishda jiddiy qoloqliklarga yoʻl qoʻyilayotganligidan dalolat bermoqda, xususan:

birinchidan, tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, mazkur texnologiyalarni qoʻllayotgan paxta xomashyosining ishlab chiqaruvchilarini, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimlari va ushbu tizimlarni butlovchi qismlar bilan taʼminlovchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlari mavjud emas;

ikkinchidan, yuqori hosildorlikka, tabiiy va mehnat resurslaridan samarali foydalanishga erishishni taʼminlaydigan, respublikaning tuproq-iqlim va boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilishning ilmiy asoslangan agrotexnika qoidalari mavjud emas;

uchinchidan, zamonaviy tomchilatib sugʻorish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish, loyihalash va qurish, paxta xomashyosini yetishtirishda mahsulot sifatini nazorat qilish masalalari eʼtibordan chetda qolmoqda;

toʻrtinchidan, tomchilatib sugʻorish tizimidan foydalangan holda yetishtirishga moʻljallangan navlarni yaratish maqsadida qishloq xoʻjaligi ekinlarining, ayniqsa, gʻoʻzaning mahalliy navlari seleksiyasi sohasida ilmiy izlanishlarni jadallashtirishga kuchli zarurat mavjud;

beshinchidan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish uchun zarur boʻlgan qishloq xoʻjaligi texnikasi, mashina va mexanizmlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan;

oltinchidan, sugʻorishning suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish va ilmiy asoslangan agrotexnika qoidalarini, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajriba va nou-xaularni amaliyotga joriy qilish boʻyicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimlari zamonaviy talablarga javob bermaydi.

Suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, qishloq xoʻjaligi ekinlarining, ayniqsa, gʻoʻza hosildorligini oshirish, shu asosda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar gʻoʻza yetishtirishda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy qilishni yanada kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

gʻoʻza yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha loyihalarni amalga oshirayotgan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning taʼsirchan tizimini joriy etish, tomchilatib sugʻorish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilarni ragʻbatlantirish mexanizmini takomillashtirish;

mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, tomchilatib sugʻorish yoʻli bilan gʻoʻza yetishtirish sohasidagi innovatsion gʻoyalar, ilmiy-tadqiqot ishlanmalari, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yutuqlarni keng joriy etish;

respublika hududlarining tuproq-iqlim va boshqa sharoitlarini hisobga olgan holda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini qoʻllash uchun ilmiy-amaliy va uslubiy asoslarini shakllantirish;

tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini qoʻllagan holda paxta yetishtirishda foydalaniladigan qishloq xoʻjaligi texnikasi, mashina va mexanizmlarni, shuningdek, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;

sugʻorishning suvni tejaydigan texnologiyalarini joriy etish va undan foydalanish boʻyicha mutaxassis kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.

2. 2018 yilda “Ishtixon Nurli Davr” (Ishtixon tumani) va “Maroqand Klaster” (Narpay tumani) fermer xoʻjaliklari hamda “PengSheng” oʻzbek-xitoy qoʻshma korxonasi (Sirdaryo tumani) tomonidan 200 gektardan ortiq maydonda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish boʻyicha loyihalar amalga oshirilgan boʻlib, bu usul ushbu maydonlarda suvni ikki barobar tejash bilan birga, har gektardan 40-45 sentnergacha, respublika boʻyicha oʻrtacha hosildorlikdan 1,5-1,7 marta yuqori koʻrsatkichga erishish imkonini berganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibi belgilansin, unga muvofiq:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish uchun paxta xomashyosi ekiladigan maydonning har bir gektariga 8 million soʻm subsidiya taqdim etiladi;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sugʻorish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 million soʻmdan oshmaydigan qismining10 foizli punkti miqdorida qoplanadi;

v) byudjet mablagʻlarini oluvchilar bilan tuziladigan import shartnomalarini ekspertizadan oʻtkazish va roʻyxatga olish talabi paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilari tomonidan tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish boʻyicha ishlar doirasida tuziladigan import shartnomalariga tatbiq etilmaydi;

g) paxta xomashyosining mahalliy ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimi ishlab chiqaruvchilari tomonidan olib kiriladigan, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlar va xomashyo 2021 yilning 1 yanvariga qadar 1-ilovadagi roʻyxatga muvofiq bojxona bojini toʻlashdan ozod etiladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga koʻmaklashuvchi ishchi guruhlarni (keyingi oʻrinlarda – ishchi guruhlar) 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki:

a) ishchi guruhlarning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

tomchilatib sugʻorish texnologiyasini jadal va toʻliq joriy etishda paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga huquqiy va tashkiliy-texnik yordam koʻrsatish;

tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etadigan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga servis tashkilotlari hamda tomchilatib sugʻorish tizimini ishlab chiqaruvchilar tomonidan sifatli servis xizmati koʻrsatilishini tashkil etishni taʼminlash;

paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga, shu jumladan, tomchilatib sugʻorish tizimlarini qurish boʻyicha namunaviy loyihalarni taqdim etish orqali sugʻorishning suvni tejaydigan texnologiyalarini joriy etish uslublarini oʻzlashtirishda amaliy yordam koʻrsatish;

byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, shuningdek, paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish uchun kredit olishda amaliy koʻmaklashish;

suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarining joriy qilinishini va undan foydalanish samaradorligini, jumladan, sugʻorish suvi, mineral oʻgʻitlar va boshqa moddiy-texnik resurslarni ishlatish hajmlarini qisqartirish koʻrsatkichlarining tizimli monitoring qilinishini tashkil etish;

aniqlangan muammoli masalalarni hal etish boʻyicha tezkor choralar koʻrish va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har oyda maʼlumot taqdim etib borish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari axborot-tahlil departamenti ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi (keyingi oʻrinlarda – Muvofiqlashtiruvchi) hisoblanadi;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Muvofiqlashtiruvchining ishchi organi hisoblanadi;

g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari ishchi guruhlarning ishchi organlari hisoblanadi.

Belgilansinki, ishchi guruhlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 sentyabrdagi “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3939-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha hududiy guruhlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi.

5. 2019-2020 yillarda paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Muvofiqlashtiruvchi:

a) bir hafta muddatda ishchi guruhlar tarkibini tasdiqlasin;

b) paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish bilan bogʻliq tashkiliy-texnik masalalarni hal etishda har tomonlama yordam koʻrsatish boʻyicha vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlarining muvofiqlashtirilgan holda faoliyat yuritishini taʼminlasin;

v) tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ishchi guruhlar rahbarlarining hisobotlarini har oyda eshitib borilishini taʼminlasin;

g) tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish loyihalarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi axborotni har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etib borsin;

d) 2019 yil 1 noyabrga qadar:

ushbu qarorda nazarda tutilgan tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etishni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini qishloq xoʻjaligi ekinlarining boshqa turlarini ishlab chiqaruvchilariga ham tatbiq etish;

2020 yil va kelgusi yillarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish tavsiya etiladigan maydonlar, shuningdek, ularning aniq roʻyxati boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:

bir oy muddatda paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilarining tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2019 yilda paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish bilan bogʻliq, shuningdek, tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foizlarini qoplash xarajatlari uchun 120 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin;

2020 yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilarining tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.

8. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 2019-2020yillarda mazkur qarorda nazarda tutilgan shartlarda paxta xomashyosi ishlab chiqarishda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish istagini bildirgan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilarining aniq roʻyxatini shakllantirsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qashqadaryo viloyati hokimligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oltin Yoʻl GTL” qoʻshma korxonasi va “Shoʻrtan GKK” MCHJ tomonidan ishlab chiqariladigan polimer xomashyosi bazasida tomchilatib sugʻorish tizimlarini (trubalar, shlanglar, fitinglar, suv saqlash sigʻimlari, suv yetkazib berish uskunalari va boshqalar) ishlab chiqarish boʻyicha mavjud quvvatlarni tahlil qilish asosida iqtisodiy samaradorlikdan kelib chiqib, Qashqadaryo viloyatida tomchilatib sugʻorish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi yangi korxona tashkil etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga aniq takliflar kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan oliy oʻquv yurtlarining tegishli taʼlim yoʻnalishlarida:

talabalarning tegishli amaliyot davrida suvni tejaydigan tizimlarni qurish va foydalanish jarayoni bilan bevosita tanishtirib borishni nazarda tutuvchi sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalarni chuqur oʻrganishlarini;

professor-oʻqituvchilar tarkibining yetakchi mahalliy va chet el taʼlim va ilmiy-tadqiqot institutlarida sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish boʻyicha stajirovka oʻtashini tashkil qilsin;

b) 2019 yil 1 martga qadar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini joylarga chiqqan holda qisqa muddatli kurslar shaklida sugʻorishning suvni tejaydigan tizimlaridan foydalanishga oʻqitish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda mahalliy va jahon ilm-fani va amaliyotining eng yaxshi yutuqlaridan samarali foydalangan holda 2019-2020 yillarda tomchilatib sugʻorish uchun moslashtirilgan ildiz tizimiga ega paxta navlarini yetishtirish agrotexnologiyasini yaratish sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borsin.

12. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R.Xamrayev zimmasiga – hududlarning oʻziga xosligini hisobga olgan holda, tomchilatib sugʻorish tizimlarini qurish boʻyicha namunaviy loyihalarni ishlab chiqish, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimlarini qurish va servis xizmati koʻrsatish boʻyicha pudrat guruhlari tashkil etilishini taʼminlash;

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri B.T.Yusupov zimmasiga – hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, tomchilatib sugʻorish tizimlaridan foydalangan holda paxta xomashyosini ishlab chiqarish va mashinalar yordamida yigʻib olish texnologik xaritalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga – xolislik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan holda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligi yuzasidan javobgarlik yuklansin.

13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligiga ushbu qarorning mazmun-mohiyatini, shuningdek, 2019 yilda paxta xomashyosini ishlab chiqarishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish jarayoni va natijalarini keng yoritish tavsiya etilsin.

14. Suv xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 27 dekabr