O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari hamda sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolari faoliya­ti­ni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlariga

 
ShARH

Iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash hamda tegishli hududiy va tarmoq muammolarini hal qilishda ularning faol ishtirokini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, xalqaro miqyosda mamlakat ilm-fani nufuzini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga oxirgi saylovlar 1995-yilda o‘tkazilgani mazkur Farmonning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi. O‘tgan yillar mobaynida akademiklarning soni ikki martadan ko‘proqqa qisqardi va hozirgi kunga kelib akademiyaning atigi 63 nafar haqiqiy a’zosi qolgan edi.

Davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosi dorasida qisqa vaqt ichida ilmiy-tadqiqot faoliyatining normativ-huquqiy bazasi va moliya­­­lash­tirish mexanizmlarini yanada takomillash­tirish, moddiy-tex­ni­ka salohiya­tini mustahkamlash va samaradorligini oshirishga yo‘nalti­ril­gan maqsadli kompleks chora-tadbirlar izchil ravishda amalga oshiril­moqda.

Bu keng qamrovli vazifalarni amalga oshirishda mamlakat fundamental fanining yetakchisi sifatida Fanlar akademiyasi haqli ravishda alohida o‘rin tutadi.

9 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi Fanlar akademiyasi tarkibiga qaytarildi, qator ilmiy tashkilotlar qayta tashkil etildi, Fanlar akademiyasining fan yo‘nalishlari bo‘yicha 3 ta bo‘limi va Navoiy bo‘limi tashkil etildi, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. «2017-2021-yillarda respublikada ilmiy-tadqiqot muassasalari infratuzilmasini mustah­kam­lash va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi» amalga oshirilmoqda.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fan va ta’lim sohalarini rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari sifatida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-taddqiqot institutlari huzurida ixtisoslash­tirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etish belgilangan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018-yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilinishi Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga xizmat qiladi hamda iqtisodiyot va jamiyat hayotining barcha sohalarida innovatsion jarayonlarni jadallashtirishga katta turtki beradi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 22 yillik uzoq tanaffusdan so‘ng akademiklikka tasdiqlash uchun eng munosib olimlarni tanlov asosida saralab olish ishlariga yakun yasalmoqda. Farmonga muvofiq, akademiyaning Hay’ati va faoliyat ko‘rsatayotgan haqiqiy a’zolari tavsiyasiga ko‘ra, Fanlar akademiyasining 32 nafar yangi haqiqiy a’zolari tasdiqlandi.

Tasdiqlangan akademiklar qatoridan – respublikaning fizika-matema­tika, kimyo, biolo­giya, texnika, qishloq xo‘jaligi, tarix, iqtisodiyot, filo­­­lo­giya, huquqshunoslik, pedagogika, tibbiyot fanlari hamda san’at­shunoslik sohalarida ko‘zga ko‘ringan, zamonaviy ilmiy-tadqiqot faoliyatini belgilab beradigan quyidagi qator muhim mezonlar bo‘yicha ko‘p bosqichli saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan olimlari o‘rin oldi:

ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan, ilm-fanni shaxsiy yutuqlari va yirik ilmiy natijalari bilan boyitgan;

o‘z yo‘nalishida yangi ilmiy maktab tashkilotchisi va rahbari bo‘lgan yoki mavjud ilmiy maktabni rivojlantirishda bevosita ishtirok etgan;

amaliyotga joriy etilgan ishlanmalarga ega bo‘lgan yoki o‘zi rahbarlik qilayotgan jamoa xodimlari tomonidan erishilgan fan yutuqlarini ishlab chiqarishga yoki amaliyotga joriy etishda bevosita qatnashgan;

fundamental, amaliy ilmiy loyihalar va innovatsion ishlanmalarga ilmiy rahbarlik qilgan;

xalqaro ilmiy loyihalarga ilmiy rahbar bo‘lgan yoki ularni bajarish va xalqaro ilmiy hamkorlikda ishtirok etgan.

Tanlovli saralash asosida akademiklar qatorini to‘ldirish natijasida Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari tarkibi yoshardi, bu akademik­larning boy hayotiy tajribasi va intellektual salohiyatidan ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish sohalarida samarali foydalanish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, akademiklarni ilmiy, ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etish rejalashtirilgan.

Farmon bilan, shuningdek, akademiklarning asosiy faoliyat yo‘nalishlari doirasida 2018-yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash topshirilib, ular tomonidan ilmiy-innovatsion sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini ommalashtirish bo‘yicha maqsadli tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan.

“Yo‘l xaritalari”da respublikamizning chekka hududlari, olis tuman va qishloqlari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Mamlakatimiz Prezidenti, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari hamda sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolari faoliya­ti­ni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga ham imzo chekdi. Farmonda 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab:

O‘zbekiston Respub­likasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari va sobiq O‘zbekiston qish­loq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolariga eng kam oylik ish haqining o‘n ikki barobari;

sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining muxbir a’zolariga eng kam oylik ish haqining sakkiz baro­bari miqdorida oylik gonorar to‘lanishi belgilab berildi.

Bundan tashqari, akademiklar va muxbir a’zolarga to‘lanadigan oylik gonorarlar jismoniy shaxs­lar daromadlariga solinadigan daromad solig‘isiz amalga oshiriladi.

Mazkur farmonlarning qabul qilinishi akademik ilm-fan nufuzini yanada oshirish, uning kadrlar va intellektual salohiyatini mustah­kam­­lash, iqtidorli yoshlarni ilm-fan sohasiga keng jalb qilish, Faol tad­bir­kor­lik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida innovatsion jarayonlarni jadallashtirish borasida davlatimiz tomoni­dan qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning izchil ravishda davom ettirilishidan dalolat beradi.