Sog‘liqni saqlash sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish, xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, tibbiy xizmatlar hajmi va sifatini oshirish, tibbiyot amaliyoti, ta’limi va ilmiy tadqiqotlari o‘rtasidagi integratsiyani ta’minlash, davolash-tashxislash jarayoniga ilg‘or yutuqlarni va innovatsiyalarni tatbiq etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti” Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining (keyingi o‘rinlarda – Universitet) Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti” Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filialini (keyingi o‘rinlarda – Filial) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
2. Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
sog‘liqni saqlash tizimi va aholi salomatligini muhofaza qilish uchun muhim ilmiy-amaliy muammolarni hal qilishga qodir yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash;
tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan zamonaviy ta’lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va tatbiq etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini joriy qilish, o‘quv-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni rag‘batlantirish;
tibbiyot va tibbiyot ilm-fani sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib borish;
ta’lim va fanning uzluksizligi hamda uzviyligi, shuningdek, jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga majburiy integratsiyalashuv hisobiga mutaxassislar, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish;
ta’lim va ilmiy faoliyatning tibbiy va farmatsevtik faoliyat bilan chuqur integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;
xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ta’lim hamda tibbiyot ilmi sohalarida uzoq muddatli munosabatlarni mustahkamlash.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Filial Universitetning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan alohida tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, ta’lim, ilmiy, xo‘jalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega;
Filialdagi ta’lim jarayoni Rossiya Federatsiyasining federal ta’lim standartlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari asosida rus tilida olib boriladi;
Filial ta’lim faoliyatini 2022/2023 o‘quv yilidan boshlaydi;
abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi;
Filial O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining qonunchiligiga muvofiq ravishda faoliyatini amalga oshiradi.
4. Quyidagilar:
Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti” Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filialida kadrlar tayyorlashning asosiy yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) 1-ilovaga muvofiq;
Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti” Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filiali Vasiylik kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Filialning to‘laqonli faoliyat yuritishi bilan bog‘liq tashkiliy, moliyaviy, yuridik, iqtisodiy, ta’lim, metodik, logistik va boshqa masalalarni hal qilish;
o‘quv jarayonini, talabalarning o‘quv-pedagogik amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirish, mehnat bozorining keyingi rivojini hisobga olgan holda, mutaxassislar va ilmiy-texnik kadrlar tayyorlashning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashda ko‘maklashish, o‘qitishning sifatini rejali asosda oshirib borish, Filial bitiruvchilarini ishga joylashtirish;
sohaning jadal rivojlanishini ta’minlash uchun xayriya, texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlar) va byudjetdan tashqari boshqa mablag‘larni jalb etish;
Filialning moddiy-texnik, o‘quv-metodik bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari va o‘quv materiallari bilan jihozlash, ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilashga ko‘maklashish;
har o‘quv yilida ta’lim oluvchilar sonini aniqlash;
Universitet va shu sohaga ixtisoslashgan boshqa yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida amaliyot o‘tash uchun iqtidorli talabalarni
va ordinatura tinglovchilarini tanlab olish, shuningdek, chet elda o‘qish uchun maxsus stipendiyalar tashkil etish;
Filial binolari va inshootlarini, shu jumladan, talabalar yashash joyi va o‘qituvchilar uchun mehmonxona majmuasini qurish, rekonstruksiya qilish masalalarini muvofiqlashtirish, shuningdek, Filialni zamonaviy o‘quv-laboratoriya va simulyatsiya asbob-uskunalari, kompyuter va orgtexnika, o‘qitishning texnik vositalari, adabiyotlar, multimedia mahsulotlari, inventarlar, mebellar va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlash;
vazirlik va idoralar tomonidan Filial faoliyatini tashkil etish bo‘yicha vazifalarning bajarilishini muntazam monitoring qilish.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi va Universitetning 2021/2022 o‘quv yilida 35 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining 3-ilovaga muvofiq mutaxassisliklar bo‘yicha ordinatura dasturlariga muvofiq Universitetda ta’lim olishini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
6. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Universitet:
Filialning ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etadi;
Filialda ta’lim berishga va ilmiy faoliyatga xorijiy hamda mahalliy professor-o‘qituvchilarni jalb qiladi;
Filial professor-o‘qituvchilarini doimiy ravishda qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni, shu jumladan, mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida masofaviy o‘qitish orqali tashkil etadi;
Filialning kutubxona fondini shakllantirish hamda uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to‘ldirishda yordam ko‘rsatadi.
7. Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti” Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filialini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Filial Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 103-uy manzilida joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi bino va inshootlariga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
9. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy- amaliy tibbiyot markazi va Toshkent davlat stomatologiya instituti hududida yangi tashkil etilayotgan ko‘p tarmoqli klinika Filialning asosiy klinik bazalari (keyingi o‘rinlarda – Filialning klinik bazalari) sifatida belgilansin.
10. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Filialga yillik qabul parametrlari tarmoq va hududlardagi tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olib, Universitet bilan kelishilgan holda Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi;
b) maqsadli buyurtma bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, jumladan, Filial bitiruvchilarining kelgusida ish bilan ta’minlanishi bo‘yicha shartlar abituriyentlar va manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi kelishuvlarga muvofiq aniqlanadi;
v) davlat granti asosida tahsil olgan Filial bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasining davlat tibbiyot muassasalarida kamida 5 yil ishlash sharti bilan ishga taqsimlanadi;
g) Filial faoliyatini moliyalashtirish:
Filialga o‘qishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 40 foizidan ortiq bo‘lmagan talabalar va ordinatura tinglovchilarini davlat grantlari bo‘yicha o‘qitish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga har yili ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
pullik-shartnoma asosida talabalarni o‘qitishdan tushgan mablag‘lar;
Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning maqsadli badallari va xayriya yordamlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grant mablag‘lari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
d) Universitetdan jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarning xizmat safari xarajatlarini to‘lash:
30 kungacha bo‘lgan qisqa muddatli xizmat safarlarida – Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari xodimlari uchun nazarda tutilgan me’yorlar bo‘yicha;
o‘quv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqadigan uzoq muddatli xizmat safarlarida – tuziladigan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi;
ye) Filial ta’minoti uchun byudjet ajratmalari 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida ajratiladi, 2022 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
11. Filialga ikkita yengil, jumladan, bitta shaxsan biriktirilgan
va bitta navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
a) Universitet hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda:
Filialga binolar va inshootlar berilib, Universitet nizomiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng, bir oy muddatda Filialning ta’sis hujjatlarini ishlab chiqsin, kelishsin va tasdiqlasin, shuningdek, Filialni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazsin;
Filialda ta’lim berish va o‘quv jarayonini tashkil etish uchun yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tarkibini, shu jumladan, chet ellik mutaxassislarni doimiy ravishda Filialga jalb etib borsin;
b) Universitet va Filialning ta’lim jarayonida ishtirok etayotgan professor-o‘qituvchilari tarkibi hamda amaldagi mutaxassislik sertifikati yoki akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan Universitetning boshqa xodimlariga O‘zbekiston Respublikasida tibbiy faoliyatni amalga oshirishga belgilangan tartibda ruxsatnoma berilishini ta’minlasin;
v) Filialning klinik bazalarida Filial talabalari va ordinatura tinglovchilarining amaliy mashg‘ulotlarini bepul asosda tashkil etish uchun shartnomalar tuzgan holda kerakli shart-sharoitlarni yaratsin va, zarur hollarda, boshqa tibbiy (ilmiy) tashkilotlarni qo‘shimcha klinik baza sifatida Filialga taqdim etsin;
g) Filialning klinik bazalari bo‘lgan tibbiy (ilmiy) tashkilotlar rahbarlari tomonidan talabalar va ordinatura tinglovchilarining bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish jarayoniga kirishiga ruxsat berilishi va ularning ishtirokini ta’minlasin;
d) Filialda o‘qishga qabul boshlanganligi haqida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari ishtirokida keng ko‘lamli axborot kampaniyasi olib borilishini ta’minlasin;
ye) sayyor qabul komissiyasi tashkil etilishida yordam ko‘rsatsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilari va ma’muriy xodimlar hamda ularning oila a’zolari uchun ko‘p martalik bepul kirish vizalari konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan Filialning xorijiy professor-o‘qituvchilari va ma’muriy xodimlari hamda ularning oila a’zolari uchun davlat boji undirilmasdan, belgilangan tartibda ko‘p martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash manzillari bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda uning muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan respublikaga Filial faoliyatini tashkil etishda ishtirok etayotgan chet el fuqarolarini jalb etishga belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, ushbu chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini olib borish uchun tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslangan buyurtmanomalari bo‘yicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq Filialning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash, jumladan, talabalar yashash joyi, o‘qituvchilar uchun mehmonxona majmuasi va simulyatsion markaz qurish loyihalarini O‘zbekiston Respublikasining 2022 va keyingi yillarga mo‘ljallangan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infrastrukturasini rivojlantirish dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Filialning dastlabki moddiy-texnik bazasini yaratish maqsadida 2021 yilda zarur pul mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun nazarda tutilgan limitlardan tejab qolingan mablag‘larni qayta taqsimlash yo‘li bilan yoki o‘zlashtirilmagan mablag‘lar hisobidan ajratsin.
18. Filialni kapital ta’mirlash, jihozlash va uning faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan o‘quv va ilmiy-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi va orgtexnika, dasturiy ta’minot, o‘quv-laboratoriya va simulyatsion jihozlar, ilmiy-metodik adabiyotlar, o‘qitishning texnik vositalari, multimedia mahsulotlari, inventarlar, qurilish materiallari va moddiy-texnik resurslar 2024 yil 1 iyulga qadar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshqulov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A.Musayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 1 iyul