Investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish va tasdiqlash hamda qurilish-montaj ishlarini olib borish tartibini soddalashtirish, shuningdek, kapital qurilishda pudratchilarning roli va javobgarligini kuchaytirish maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining davlat rivojlanish dasturlariga kiritilgan loyihalarni foydalanishga “tayyor holda topshirish” sharti asosida (Engineering Procurement Construction) (keyingi o‘rinlarda – EPC-pudratchilar) “fast-track” uslubida (bir vaqtning o‘zida loyihalash, xarid qilish va qurilish ishlari) realizatsiya qilishda pudratchilarga, jumladan, xorijiy pudratchilarga qurilish sohasidagi tegishli litsenziyalar va (yoki) ruxsatnomalarni olmasdan, loyihalarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha to‘liq javobgarlikni EPC-pudratchilarga yuklash sharti bilan bir martalik ruxsat berishga haqli;
EPC-pudratchilar “fast-track” uslubida loyihalarni realizatsiya qilish uchun ruxsat olishda shu kabi loyihalar bo‘yicha amaliy tajribaga, muayyan moliyaviy ko‘rsatkichlar va malakali muhandislar tarkibiga ega bo‘lishi hamda Agentlik tomonidan belgilangan boshqa mezonlarga mos kelishi shart;
Arxitektura va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatini litsenziyalash Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
2. Qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish faoliyatini litsenziyalash bekor qilinsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
ushbu Farmon ilovasida nazarda tutilgan qurilish sohasidagi ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliyagentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazadigan shaxslarni akkreditatsiyalashga mas’ul organ hisoblanadi;
Agentlik davlat buyurtmachisi va “fast-track” uslubida loyihalarni realizatsiya qilishga ruxsat olgan EPC-pudratchisi o‘rtasida davlat xaridlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat berishga haqli.
4. Markazga “fast-track” uslubida loyihalarni realizatsiya qilishga ruxsat olgan EPC-pudratchilar tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi xalqaro va (yoki) milliy normativ hujjatlardan foydalanish talablarini belgilash hamda kelishish huquqi berilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-apreldagi “Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5392-son Farmoni uchinchi bandining beshinchi xatboshisi hamda uning 1-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
6. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
arxitektura va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatini litsenziyalash tartibi hamda qurilish sohasidagi ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash uchun kiritishni;
qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritishni ta’minlasin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 22-may