Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar  chekishni cheklash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasining
 
Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2018-yil 20-iyunda
qabul qilingan
Senat tomonidan 2018-yil 28-iyunda
ma’qullangan

 

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va vazifalari
Ushbu Qonunning maqsadi jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun fuqarolarning sog‘lig‘ini chilim va elektron sigaretalar chekishning zararli ta’siridan, u bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan muhofaza qilishga, shuningdek jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy sharoitlarini yaratishga qaratilgan.
2-modda. Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Chilim
Chilim tamaki chekish yoki tarkibida tamaki bo‘lmagan chekiladigan qorishmani (tutatqi qiyomni, tutatqi toshni) iste’mol qilish uchun foydalaniladigan asbob bo‘lib, unda aerozol (bug‘) yoki tutun suyuqlik solingan idish (chilim suvdoni) orqali o‘tadi.
Chekiladigan qorishma nikotinsiz qorishmadan, chekiladigan mevali aralashmadan, shuningdek ularning oziq-ovqat tolalari asosida tamaki barglarini hamda boshqa tarkibiy qismlarni qo‘shmasdan va qo‘llamasdan yaratilgan, tarkibiga kelib chiqishi tabiiy yoki sun’iy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradigan o‘xshash turlaridan iboratdir.
Tutatqi qiyom glitserin, turli o‘simliklarning ekstraktlari, eritkichlar va xushbo‘y moddalar asosidagi tamakisiz mahsulotdir.
Tutatqi tosh kelib chiqishi mineral asosga ega bo‘lgan, xushbo‘y qiyom shimdirilgan, nikotinsiz g‘ovaksimon mahsulotdir.
4-modda. Elektron sigareta
Elektron sigareta nikotinni yoki nikotinsiz mahsulotni yetkazish vositasi sifatida foydalaniladigan, nafas olib yutish uchun mo‘ljallangan aerozol (bug‘) hosil qiladigan elektron moslamadir.
Odamning nafas olish tizimiga nikotinni yoki nikotinsiz mahsulotni yetkazib beruvchi elektron tizimlarning iste’mol xususiyatlari va iste’mol qilish usullari elektron sigaretaga o‘xshash bo‘lgan boshqa turlari ham elektron sigaretaga tenglashtiriladi.
5-modda. Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘ymaslik;
chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama hamda targ‘ib qilishga yo‘l qo‘ymaslik;
jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarni hamda ularning majburiyatlarini belgilash;
jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish;
jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
Qonun hujjatlarida jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilishi mumkin.
6-modda. Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘ymaslik
Chilim va elektron sigaretalarni:
statsionar savdo obyektlarida, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalarida, bundan chilim va elektron sigaretalar chekish uchun maxsus ajratilgan xonalar mustasno;
kinoteatrlarda, teatrlarda, sirklarda, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallarida hamda ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan boshqa yopiq inshootlarda;
klublarda, diskotekalarda, kompyuter zallarida, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa ko‘ngilochar (bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan) joylarda;
muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida va ma’ruzaxonalarda;
mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlarda, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlarida (shu jumladan tamburlarida), daryo kemalarida, shaharda, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslarda, taksilarda, yo‘nalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida, shuningdek havo kemalarida;
yer osti o‘tish joylarida, transport bekatlarida va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida;
aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolarida;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolarida;
sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlarida, ta’lim muassasalarida, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida;
ish joylari bo‘lgan xonalarda;
ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklarida, shuningdek uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalarida;
xiyobonlarda, bog‘larda, ko‘chalarda va boshqa jamoat joylarida chekishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jamoat joylarida joylashgan xonalarni chilim va elektron sigaretalarni chekish uchun berish, xuddi shuningdek jamoat joylarida chilimni va elektron sigaretalarni foydalanishga berish taqiqlanadi, bundan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan maxsus ajratilgan xonalarning jihozlariga, chilim va elektron sigaretalarni foydalanishga berish tartibiga, chilimlarni sanitariya jihatdan tozalashga va chekiladigan qorishmalarni (tutatqi qiyomni, tutatqi toshni) saqlashga doir talablar, shuningdek tamakiga va chekiladigan qorishmalarga (tutatqi qiyomga, tutatqi toshga) doir gigiyenik talablar qonun hujjatlarida belgilanadi.
7-modda. Chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama hamda targ‘ib qilishga yo‘l qo‘ymaslik
Chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama qilish, ya’ni chilim va elektron sigaretalar chekish usullari va yo‘llari, shuningdek ularni olish joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatishga qaratilgan faoliyatga yo‘l qo‘yilmaydi.
Chilim va elektron sigaretalar chekishni targ‘ib qilish, ya’ni chilim va elektron sigaretalarni chekishni rag‘batlantiruvchi, shaxsda ularni iste’mol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi g‘oyalar, qarashlar va badiiy obrazlarni ochiq yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan harakatlar taqiqlanadi.
8-modda. Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar va ularning majburiyatlari
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslari (ma’muriyati), shu jumladan o‘z tasarrufida (mulkida, egaligida, foydalanishida) hududlar, binolar (xonalar), inshootlar va jamoat joylarida joylashgan boshqa obyektlar, shuningdek ushbu Qonun 6-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisida ko‘rsatilgan transport vositalari bo‘lgan shaxslar jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslardir.
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar:
jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarishi;
chilim va elektron sigaretalar chekayotgan shaxslarni jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirishi, huquqbuzarlik davom ettirilgan taqdirda esa ichki ishlar organlariga xabar berishi;
hammaga ko‘rinarli joyga, shu jumladan binolarga (xonalarga) kirish joylariga, transport vositalariga va boshqa obyektlarga jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantiruvchi lavhalarni joylashtirishi shart.
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
9-modda. Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, ta’lim muassasalari hamda boshqa muassasalar chilim va elektron sigaretalar chekishning salbiy ta’siri profilaktikasi, jamoatchilik ongida chilim va elektron sigaretalar chekishga nisbatan salbiy munosabatni shakllantirish bo‘yicha kompleks ijtimoiy, tashkiliy-huquqiy va boshqa choralarni o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
10-modda. Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazorat
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazoratni ichki ishlar organlari o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
11-modda. Nizolarni hal etish
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
12-modda. Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
13-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
14-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
15-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti                                Sh.  MIRZIYOYEV

 
Toshkent shahri,
2018-yil 2-iyul
№ O`RQ