O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Respublikaning turistik salohiyatini oshirish bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish, tog‘ va tog‘oldi hududlardagi ishga tushirilmagan mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish hisobiga ekologik turizm infratuzilma ob’ektlarini barpo etish, shuningdek, turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish orqali tog‘li va chekka hududlardagi aholi bandligini ta’minlash, ularning daromad manbaini kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Qozon shahrida (Rossiya Federatsiyasi) 2023 yil 4–6 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan III hududlararo hamkorlik forumi doirasida Rossiya tomoni bilan Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida “G‘elon” xalqaro umummavsumiy kurort majmuasini tashkil etish” loyihasini (keyingi o‘rinlarda – Investitsiya loyihasi) amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilganligi;
Investitsiya loyihasi doirasida investor tomonidan Investitsiya loyihasini amalga oshirish davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga olgan holda dastlabki baholash bo‘yicha jami 300 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi;
Investitsiya loyihasi 2024-2030 yillar davomida uch bosqichda amalga oshirilishi, bunda 2027 yil 1 yanvarga qadar birinchi bosqichda investor tomonidan 100 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi rejalashtirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligining:
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida umumiy yer maydoni 2,9 ming gektar bo‘lgan “G‘elon” turistik-rekreatsion zonasini (keyingi o‘rinlarda – Turistik zona) tashkil etish;
Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida “G‘elon” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasini (keyingi o‘rinlarda – Direksiya) tuzish;
Turistik zona hududida zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa ob’ektlarni hamda muhandislik infratuzilmalarini barpo etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Belgilansinki, Turistik zona faoliyat ko‘rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilga tashkil qilinadi.
3. Quyidagilar:
“G‘elon” turistik-rekreatsion zonasi chegaralarining tavsifi 1-ilovaga muvofiq;
“G‘elon” turistik-rekreatsion zonasi hududini tizimli rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar 2-ilovaga muvofiq;
“G‘elon” turistik-rekreatsion zonasi va unga olib boruvchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Turistik zona hududidagi yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan va ijaraga berishdan kelib tushgan mablag‘lar auksion xarajatlari chegirib tashlangan holda Direksiyaning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;
Turistik zonaning bosh rejasi va batafsil rejalari loyihalarini ishlab chiqish hamda konsalting kompaniyalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda boshqaruv kompaniyalari xizmatlari uchun haq to‘lash Tog‘li va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
Jamg‘arma hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlanadigan grafik asosida Turistik zona hududidagi yer uchastkalarini elektron onlayn auksion orqali realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar hisobidan qoplanadi;
Turistik zona investitsiya loyihalarini moliyalashtirish xarajatlari belgilangan tartibda tasdiqlangan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Qashqadaryo viloyati hokimligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Kadastr agentligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Turistik zona faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan Hukumat qarori loyihasi belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;
2025 yil 1 iyunga qadar Turistik zonaning bosh rejasi va batafsil rejalari loyihalari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
2025 yil 1 oktyabrga qadar Direksiya tomonidan Turistik zonani rivojlantirishni nazarda tutuvchi master reja ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
Turistik zonadagi turistik infratuzilmani yaratish imkoniyati bo‘lgan yer uchastkalari keyinchalik samarali foydalanish va (yoki) investorlarga realizatsiya qilish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan Direksiyaga o‘tkaziladi;
Turistik zona hududidagi yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar Direksiya faoliyatini moliyalashtirish hamda tog‘ turizmi loyihalarini amalga oshirish, jumladan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish va ta’mirlash chora-tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;
Turistik zona hududida hamda Investitsiya loyihasi doirasida umummavsumiy turistik ob’ektlarni qurish va ulardan foydalanish, ushbu ob’ektlarning Turistik zonaning bosh rejasiga muvofiqligi Direksiya tomonidan nazorat qilinadi;
Direksiya Turistik zona hududida umumiy foydalanishdagi yo‘llar va tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish hamda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi hisoblanib, yo‘l va tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini Turistik zonaning chegaralarigacha yetkazib berish majburiyatini bajaradi;
Direksiya loyiha kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlariga muvofiq Turistik zona hududida zarur infratuzilma ob’ektlari barpo etilishini ta’minlaydi.
7. Qashqadaryo viloyati hokimligi bir oy muddatda:
Direksiyani Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani “Miraki” MFY Furqat ko‘chasi 1-uy manzili bo‘yicha joylashtirilishini ta’minlasin;
Direksiya faoliyatini tashkil qilish, shu jumladan, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, joylashtirish, asosiy vositalar, anjomlar va transport vositalari bilan ta’minlash uchun qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan zarur mablag‘lar ajratsin.
8. Qashqadaryo viloyati hokimligi Kadastr agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Turistik zona hududidagi yer uchastkalari, bino va inshootlar hamda daraxt va butalar to‘liq xatlovdan o‘tkazilishini, mavjud daraxt va butalar belgilangan tartibda muhofazaga olinishini;
uch oy muddatda yer uchastkalari olib qo‘yilishi va (yoki) bino hamda inshootlari buzilishi natijasida mulkdorlarga yetkaziladigan zararlar miqdoriga aniqlik kiritilishini;
baholash ishlarini tashkil etish uchun zarur hujjatlar, shu jumladan, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar to‘plami tayyorlanishi, baholovchi tashkilotlar jalb qilinishi va baholash to‘g‘risidagi hisobotlar ekspertizadan o‘tkazilishini;
yer uchastkalari olib qo‘yilishidan avval mulkdorlarga kompensatsiya to‘lovlari to‘liq hajmda to‘lab berilishini ta’minlasin.
Bunda:
yer uchastkalari egalariga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplab beriladi;
Turistik zona hududida amalga oshiriladigan loyihalar uchun ajratiladigan yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari loyiha tashabbuskorlari tomonidan qoplab beriladi.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi Investitsiya loyihasi doirasida:
umumiy uzunligi 33 km bo‘lgan Hisorak – G‘elon, Hisorak – Sarchashma avtomobil yo‘lini ikki tasmali qilib, Chiroqchi – Sho‘rquduq avtomobil yo‘lining 30 km qismini uchinchi toifadagi yo‘l darajasigacha yetkazish bo‘yicha qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishini;
Miraki – Hisorak avtomobil yo‘lini ikki tasmali qilib, uchinchi toifadagi yo‘l darajasigacha yetkazilishini;
ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Turistik zona chegaralariga qadar elektr energiyasi tarmog‘ini tortish va podstansiya barpo etish, shuningdek, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini o‘tkazish ishlari amalga oshirilishini ta’minlasin.
Bunda tashqi infratuzilma bilan ta’minlash xarajatlarini moliyalashtirish va buyurtmachilarni belgilash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 avgustdagi “Investitsiya loyihalarini tashqi infratuzilma bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5233-son hamda 2024 yil 5 iyundagi “Respublika hududlarining turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–212-son qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:
a) Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Transport vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zsuvta’minot” AJ bilan birgalikda 2025 yil 1 martga qadar Investitsiya loyihasi doirasida ob’ektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, ularni kelishish hamda ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish ishlarini yakunlasin;
b) Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda:
Turistik zona hududida turistik infratuzilma ob’ektlarini barpo etish uchun nufuzli tashkilotlarni, shu jumladan, salohiyatli xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilish;
istiqbolli va ustuvor loyihalar ro‘yxatini shakllantirish, Turistik zona hududida dastlabki turizm, yo‘l-transport infratuzilmasi hamda kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari va grantlarini jalb qilish choralarini ko‘rsin.
11. Turizm qo‘mitasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2025 yil 1 aprelga qadar Turistik zona brendini yaratib, respublika hududida hamda xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rsin.
12. Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi:
Shahrisabz tumanida Turistik zona hududi doirasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning yer fondi toifalarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga kiritsin;
Turistik zona hududida yo‘l ko‘rsatkichlarini o‘rnatish va namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini joylashtirish hamda chiqindilarni tashlash nuqtalarini belgilasin;
Turistik zona hududida maishiy chiqindilarning hosil bo‘lishini minimallashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qattiq maishiy chiqindilarni alohida yig‘ish va olib chiqib ketish ishlarini tashkil etsin;
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan birgalikda Turistik zona hududida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka qat’iy rioya etilishi yuzasidan ekologik nazoratni o‘rnatsin.
13. Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Turistik zona hududida Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining mavjud shtat birliklari hamda ish haqi jamg‘armasi doirasida xavfsizlikni ta’minlash bo‘limini tashkil etish dasturini tasdiqlasin.
14. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga qishki sport turlarini ommalashtirishga qaratilgan maqolalar chop etish va mavzuli teledasturlarni efirga uzatish tavsiya etilsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Xodjayev hamda Qashqadaryo viloyati hokimi M.B.Azimov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2024 yil 5 dekabr