O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

So‘nggi yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya sohasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish va oilalarni og‘ir hayotiy holatlardan olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlarni joriy etish yo‘nalishlarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan:

kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy qilindi;

kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar soni oxirgi uch yilda to‘rt barobarga oshib, 1,9 millionga yetdi;

kam ta’minlangan oilalardagi bolalarni parvarishlash uchun to‘lanadigan nafaqa qamrovi kengayib, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori o‘rtacha 1,5 barobarga oshirildi;

ishsizlik nafaqalarining eng kam miqdorlari 3,2 baravarga oshirildi, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan 20 dan ortiq yangi instrumentlar joriy etildi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlardan kelib chiqib hamda ijtimoiy himoya sohasida tizimli islohotlarni izchil davom ettirish va yanada takomillashtirish, aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta’minlash, davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishda samarali idoralararo muvofiqlashtiruvchi tizimni yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

ijtimoiy yordamga muhtoj va ijtimoiy nafaqa tayinlash mezonlariga javob beradigan barcha oilalar va shaxslarni ijtimoiy yordam dasturlari bilan qamrab olish;

majburiy ijtimoiy kafolatlardan, shu jumladan, ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirish, ushbu jarayonga ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish;

aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;

nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish hamda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash;

aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash;

ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida ko‘rsatish amaliyotini joriy etish.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini 2022-2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida, 2024 yildan boshlab “Yo‘l xaritalari” har ikki yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

3. Moliya vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilsin.

Belgilansinki, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.

4. Belgilansinki, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan:

a) 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lanadi.

Bunda, xodimning ish stajida 1 oygacha bo‘lgan tanaffuslar mavjud bo‘lsa ushbu tanaffuslardan oldingi va keyingi oylar ketma-ket ish stajini hisoblashda qo‘llaniladi;

b) kelgusida davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha beriladigan nafaqalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich to‘lanadi.

5. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev), Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.Turdiyev), Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi (Z.Maxkamova) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

2023 yil 1 martga qadar davlat tomonidan kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlar ro‘yxatini shakllantirsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2023 yil 1 iyulga qadar davlat tomonidan kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish standartlarini tasdiqlasin.

6. Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilishi munosabati bilan:

2022 yil 1 sentyabrdan Moliya vazirligi huzuridagi Ma’muriy binolardan foydalanish boshqarmasi tugatilishi hisobiga 3 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining faoliyatini tashkil etish bo‘limi;

byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ijro apparati shtat birliklari hisobidan 2 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy to‘lovlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali amalga oshirish sho‘’basi;

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari huzurida, ularning umumiy shtat birliklari doirasida 2 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish va Ijtimoiy sug‘urta nafaqalari to‘lovlarini monitoring qilish bўлимлaри tashkil etilsin.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu farmonning maqsad va vazifalari bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholi o‘rtasida muntazam, tizimli va keng ko‘lamda yoritib borilishini ta’minlasin.

8. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                                        Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 25 iyul