O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i
Qurilish tarmog‘ini yanada takomillashtirish, arxitektura hamda qurilish organlari va muassasalarini izchil rivojlantirish mexanizmlarini shakllantirish, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini ta’minlash, sohaga raqamli texnologiyalarni ilg‘or joriy etish maqsadida:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish va ushbu jarayonda jamoatchilikning samarali ishtirokini ta’minlash;
shaharsozlik faoliyatining sifati va xavfsizligini oshirish;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi ma’muriy tartib-taomillarning samaradorligi, ratsionalligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, qurilish tarmog‘i tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirish;
shaharsozlik faoliyatini raqamlashtirish, tarmoqqa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
shaharsozlik faoliyati sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirish strategiyasini 2021–2025 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar 3-ilovaga muvofiq belgilansin:
2025 yil oxiriga borib “Biznes yuritish” xalqaro indeksida (Doing Business Index) “qurilishga ruxsatnomalar olish” (Dealing with Construction Permits) yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining pozitsiyasini joriy 61,7 balldan 78,2 ballgacha yaxshilash;
O‘zbekiston Respublikasining geologik, tabiiy-iqlim, seysmologik va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda 2025 yilga borib milliy shaharsozlik normalari va qoidalarini kamida 50 foiz darajasida xalqaro normativ va standartlar bilan uyg‘unlashtirishga erishish;
2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalarining 25 foizini bosh rejalar bilan qamrab olishga erishish;
2025 yilga borib “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi doirasida qo‘shimcha to‘rtta elektron platforma yaratilishini, shuningdek, ularning idoralararo axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash;
loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishning “hajm” uslubini joriy etish ulushini 2025 yilga borib respublikadagi qurilish ob’ektlari umumiy sonining 50 foizigacha yetkazish;
2025 yilga borib arxitektura va qurilish sohasidagi oliy ta’lim muassasalaridan birining xalqaro tan olingan tashkilotlar reytinglaridagi Osiyo mamlakatlarining eng yaxshi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga (TOP–1000) kirishi.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab qurilish ustidan jamoat nazoratini ta’minlash maqsadida:
a) aholi punktlarining bosh rejalari jamoat muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi. Bunda aholi punktlari bosh rejalarining jamoat muhokamasi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
I bosqich – fuqarolarni jamoat muhokamasini o‘tkazish muddatlari, joyi va tartibi bilan tanishtirish;
II bosqich – aholi punkti bosh rejasining loyihasi bo‘yicha jamoat muhokamalarini (yashovchilar, yerdan foydalanuvchilar va ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlarining muhokamalari, ijtimoiy so‘rovlari, fikrlarini to‘plash va boshqa usullar) o‘tkazish;
III bosqich – jamoat muhokamasining qayd etilgan natijalari asosida jamoat fikrini tahlil qilish;
IV bosqich – jamoat muhokamasi natijalari haqida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet tarmog‘i orqali aholini xabardor qilish;
b) aholi punktlari bosh rejalarining yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, jamiyat va davlat manfaatlariga muvofiqligi yuzasidan jamoat ekspertizasini amalga oshirish imkoniyati joriy etiladi;
v) aholi punktining taklif etilgan bosh rejasidan norozi bo‘lgan jamoat nazorati sub’ektlarining tashabbusiga ko‘ra aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish yoki unga o‘zgartirish (tuzatish) kiritish mexanizmi joriy etiladi;
g) aholi punktlari bosh rejalarining jamoat muhokamasini tashkil etish mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi.
5. Belgilansinki, 2021 yil 1 мaртdaн boshlab:
a) ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ob’ektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkazilgan hamda ob’ektning Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati o‘rnatilgan holda amalga oshiriladi;
b) quyidagilar:
uy quruvchilar – jismoniy va yuridik shaxslarga, asosiy faoliyat turi sifatida qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar bundan mustasno, mustaqil ravishda (xo‘jalik usulida), qurilish tashkiloti bilan qurilish pudrati shartnomasini tuzmasdan ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish;
aholi punktlari hududlarining funksional zonalarida joylashgan, bunday turdagi qurilish uchun mo‘ljallanmagan yer uchastkalarida ko‘p qavatli ko‘p kvartirali uylarni qurish;
loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazmasdan mavjud bino va inshootlarning, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarning qavatlari sonini ko‘paytirish (ustki qavat qurish);
o‘zgartirilgan loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazmasdan qurilayotgan bino va inshootlarning qavatlari sonini (loyiha hujjatlarini o‘zgartirish yo‘li bilan) ko‘paytirish taqiqlanadi;
v) loyiha hujjatlari bo‘yicha ijobiy ekspert xulosasi ekspert tashkiloti tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi “Ekspert xulosalarining yagona reyestri”ga kiritilgan taqdirda haqiqiy deb tan olinadi, davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan loyiha hujjatlari bo‘yicha ekspert xulosalari bundan mustasno.
6. Qurilish vazirligiga texnik tartibga solish sohasidagi milliy normativ hujjatlar, davlat standartlarini ishlab chiqish va qayta ishlash, shuningdek, shaharsozlik faoliyati sohasidagi xorijiy normativ hujjatlarni moslashtirish bo‘yicha ishlar (tovarlar, xizmatlar)ning davlat xaridlarini, keyinchalik ular to‘g‘risidagi axborotni shartnoma tuzilgan sanadan e’tiboran uch kundan kechiktirmay davlat xaridlari maxsus axborot portalida joylashtirgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshirishga ruxsat berilsin.
7. Qurilish vazirligi (B.I.Zakirov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda yakka tartibdagi uy-joy qurilishi sohasidagi seysmik va yong‘in xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tiborni qaratgan holda, ushbu sohada huquqiy tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;
2020 yil 1 dekabrgacha Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi vaqtincha nizom loyihasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilishini;
2021 yil 1 iyungacha birlamchi ruxsat berish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ularni ekspertizadan o‘tkazishdan tortib ob’ektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha qurilish jarayonlarini nazarda tutuvchi Yagona ma’muriy qurilish reglamenti ishlab chiqilishini;
2021 yil 1 iyungacha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish asosida loyiha-qidiruv va qurilish faoliyatiga sug‘urtalash tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;
2021 yil 1 avgustgacha Qurilish vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens tizimining joriy etilishini, 2022 yil 1 yanvargacha esa ISO 37001 xalqaro standartiga (Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi) muvofiqlik sertifikati olinishini;
2021 yil 1 sentyabrgacha fuqarolarga qurilayotgan ob’ektlar to‘g‘risida mustaqil ravishda axborot olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash, qurilish ob’ektlarida aniqlangan qoidabuzarliklarni qayd etish (foto va videomateriallar ko‘rinishida) va ularni qurilish sohasidagi nazorat bo‘yicha vakolatli organlarga yuborish imkonini beruvchi “Ogoh fuqaro” elektron tizimining yaratilishini;
2022 yil 1 martgacha Xalqaro ijtimoiy ta’minot assotsiatsiyasining (ISSA) konsepsiyasini joriy etishga asoslangan “Qurilish maydonchalarida jarohatlanishga barham berish” dasturining ishlab chiqilishini;
2022 yil 1 iyulgacha shahar muhiti elementlarining maqsadi, an’anaviy arxitektura va madaniyati, shuningdek, joyning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda hududiy “dizayn-kod”ning ishlab chiqilishi va joriy etilishini;
2022 yildan boshlab, har yili 1 dekabrgacha joriy yil vazifalarining ijro etilishini chuqur tahlil qilgan holda kelgusi yilda ushbu Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasining ishlab chiqilishi hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.
8. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B.Xusanov) hamda Tashqi ishlar vazirligi (A.X.Kamilov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 iyungacha muddatda Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risidagi 167-son Konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi maqsadga muvofiqligini o‘rganib chiqsin va o‘rganish natijalariga ko‘ra Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritsin.
9. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.I.Norqulov) har yili Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda Strategiyani amalga oshirishga doir “Yo‘l xaritasi”da ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda yo‘nalishlar bo‘yicha zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
10. Toshkent shahri Qurilish bosh boshqarmasi va Toshkent shahri tumanlari qurilish bo‘limlari Qurilish vazirligi bo‘ysunuviga berilsin.
Qurilish vazirligi (B.I.Zakirov) ikki oy muddatda Toshkent shahri Qurilish bosh boshqarmasi va Toshkent shahri tumanlari qurilish bo‘limlarining vazifalari, funksiyalari va tashkiliy tuzilmalarini qayta ko‘rib chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga:
Strategiya o‘z vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament nazoratini o‘rnatish;
vazirlik va idoralar, shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Strategiyani amalga oshirish doirasida qilingan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini har chorakda Senat va Qonunchilik palatasi majlislarida eshitib borish tavsiya etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
13. Qurilish vazirligi (B.I.Zakirov) boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosarlari (A.J.Ramatov, J.A.Qo‘chqorov, S.U.Umurzakov):
mutasaddi vazirlik va idoralarning ushbu Farmonda nazarda tutilgan ko‘rsatkichlarga to‘liq va o‘z vaqtida erishilishini ta’minlash bo‘yicha birinchi navbatdagi vazifalarini belgilasin hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirsin;
zarur mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishi, manzilli sarflanishi va to‘liq o‘zlashtirilishini ta’minlasin;
har oyda mas’ul shaxslarning qilingan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitib borsin;
zimmasiga yuklangan vazifalarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlamagan mansabdor shaxslarga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod qilishgacha bo‘lgan ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risida takliflar kiritib borsin;
Qurilish vaziri B.I.Zakirov:
ikki hafta muddatda qurilish tarmog‘ini rivojlantirishning belgilab qo‘yilgan ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha idoralararo ishchi guruhlarini tuzsin;
ushbu Farmonda nazarda tutilgan ko‘rsatkichlarga erishish jarayonida vujudga keladigan joriy muammolarni joyida tezkor hal etish choralarini ko‘rsin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini har chorakda muhokama qilish, ijro uchun mas’ul organlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov va qurilish vaziri B.I.Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida axborot taqdim etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2020 yil 27 noyabr