O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Shunday tartib joriy etilsinki, unga ko‘ra:

a) 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:

davlat oliy ta’lim muassasalarida ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi;

o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasarrufida ushbu ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning taklifi asosida Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi;

b) davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta – avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi. Bunda:

avgust oyidagi qabul – navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq;

yanvar oyidagi qabul – dastlabki qabul natijalariga ko‘ra to‘lmagan o‘rinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi;

v) davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning to‘lov-kontrakt summasi bir talabaga to‘g‘ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi;

g) tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan summadan kam bo‘lmagan miqdorda oliy ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilanadi;

d) qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;

ye) davlat oliy ta’lim muassasalariga bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik
va idoralar bilan kelishilgan holda chet el fuqarosini to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini tegishli ta’lim yo‘nalishi va mutaxassislik uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash huquqi beriladi. Bunda, chet el fuqarosi oliy ta’lim muassasasi tomonidan o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra o‘qishga qabul qilinadi;

j) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab:

davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanadi;

davlat oliy ta’lim muassasalariga (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi hamda har yili 20 iyunga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos keluvchi imtihon fanlari majmuasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda imtihon sinovlari boshlanishidan kamida 6 oy oldin e’lon qilinadi.

2. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda – respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari) davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha 1 000 ta o‘rin ajratib borilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi davlat granti asosida respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmachisi hisoblanadi;

har yili 1 iyulga qadar mazkur davlat grantining oliy ta’lim tashkilotlari va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti Davlat komissiyasi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining takliflari asosida tasdiqlanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlari yakunlangach bir oy muddatda ballar ketma-ketligiga rioya qilgan holda, eng yuqori ball to‘plagan va davlat grantini olish istagini bildirgan talaba, tegishli oliy ta’lim tashkiloti hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda, talabaning ishlab berish majburiyati davomiyligi ta’lim yo‘nalishi xususiyatini hisobga olgan holda davlat buyurtmachisi tomonidan belgilanadi.

3. Xotin-qizlarning oliy ta’lim bilan qamrovini oshirish orqali davlat va jamiyatdagi faolligini kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida shunday tizim joriy etilsinki, unga ko‘ra:

a) Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi. Bunda:

tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlari orasida taqsimlanadi;

har yili 20 iyulga qadar tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti o‘rinlarining oliy ta’lim muassasalari va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti Davlat komissiyasi tomonidan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining takliflari asosida tasdiqlanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

b) davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan quyidagilar qoplanadi:

2021/2022 o‘quv yilida davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori;

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt miqdori.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasi asosida xotin-qizlarni bakalavriatga qabul qilish hamda davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan xotin-qizlarning
to‘lov-kontrakt summasini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish tartiblarini tasdiqlasin.

4. Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi (matn bo‘yicha – Davlat komissiyasi) tashkil etilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat komissiyasiga quyidagi vakolatlar berilsin:

zarurat bo‘lganda, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibi va o‘quv-metodik ta’minotidan kelib chiqib, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini kiritish hamda tashkil etiladigan yangi davlat oliy ta’lim muassasalari qabul parametrlarini belgilash uchun davlat buyurtmasi parametrlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;

davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul parametrlarini belgilash, shuningdek, davlat buyurtmasi parametrlarining ta’lim tillari bo‘yicha taqsimotini tasdiqlash;

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida oliy ta’lim muassasalarining (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt minimal miqdorining yagona ko‘rsatkichlarini belgilash.

5. Oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashga oid davlat buyurtmasini shakllantirish bo‘yicha quyidagi tartib joriy etilsin:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi doimiy asosda respublika hududlari doirasida davlat organlari, iqtisodiyotning real tarmoqlari va sohalarida ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va aniq kasblar bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talabni o‘rganadi hamda keyingi to‘rt yilga mo‘ljallangan prognozni shakllantirib boradi;

har yili 1 aprelga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har bir davlat oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar kesimida davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlari loyihasini shakllantiradi hamda ko‘rib chiqish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etadi;

har yili 1 mayga qadar Davlat komissiyasi davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish bo‘yicha davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantiradi hamda tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritadi.

6. Davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali har yili 20 iyundan 20 iyulga qadar (20 iyul kuni ham), chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha esa 10 iyulga qadar (10 iyul kuni ham) amalga oshiriladi.

Bunda, abituriyentlarga:

test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini tanlash huquqi beriladi;

ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.

7. Talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha quyidagi tartib joriy etilsin:

a) xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan (jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1 000 ta o‘rindan birini egallagan) oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishda:

talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi;

test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari har yili 15 iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

o‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi;

test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat test markazi hamda tegishli oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;

b) xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi;

v) davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:

talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;

davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida;

g) talabalar o‘qishini respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan:

davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tartibda;

davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi;

d) sport musobaqalari g‘olibi sifatida imtiyoz bilan oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan hamda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarning o‘qishini ularning arizalariga muvofiq, sirtqi ta’lim shaklidagi mos va turdosh ta’lim yo‘nalishiga (sirtqi ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda) davlat granti asosida ko‘chirishga ruxsat beriladi.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini xavfsizlik talablariga to‘liq amal qilgan holda yuqori saviyada tashkil etishga shaxsan mas’ul etib belgilansin.

9. Belgilansinki:

davlat oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi parametrlari doirasida grant asosida bakalavriat va magistraturaga o‘qishga qabul qilingan shaxslarni o‘qitish xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash uchun ajratiladigan davlat granti Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmasiga ko‘ra 2022 yilda Moliya vazirligi tomonidan qo‘shimcha ravishda moliyalashtiriladi, 2023 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba’zi qarorlari 3-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul
va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov hamda Davlat test markazi direktori M.M.Karimov belgilansin.

Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                 Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 15 iyun