Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5938-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni:
99 shtat birligidan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
336 shtat birligidan iborat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
1 624 shtat birligidan iborat tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlarining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziriga (keyingi oʻrinlarda – vazir):
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) markaziy apparati, hududiy boʻlinmalari tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy shtatlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
Vazirlik faoliyatini samarali tashkil etish, unga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun xorijiy ixtisoslashtirilgan institutlar va kompaniyalar hamda xorijiy mutaxassis va ekspertlarni, shu jumladan, shartnoma asosida jalb qilish huquqi berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlariga koʻra vazirning birinchi oʻrinbosari – vazirga hamda Vazirlik hududiy boʻlinmalari boshliqlari birinchi oʻrinbosarlari – Vazirlik hududiy boʻlinmalari boshliqlariga tenglashtiriladi.
4. Vazirlik hamda uning hududiy boʻlinmalarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
Vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya homiylik mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi istiqbolli kadrlarni Milliy kadrlar rezerviga qoʻshish uchun tanlov saralashlarini tashkil qilishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni ham inobatga olsin.
7. Vazirlik ikki oy muddatda:
markaziy apparati va hududiy boʻlinmalarning Vazirlikka yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir boʻlgan, zarur nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini;
tarkibiy va boʻysunuvidagi boʻlinmalar toʻgʻrisidagi nizomlar, shuningdek, xodimlarning lavozim yoʻriqnomalari tasdiqlanishini taʼminlasin.
8. Belgilansinki, Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalari oʻzlariga yuklatilgan funksiyalarga muvofiq belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlikka tegishli vazifalarni amalga oshirish uchun, zarur hollarda, davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tuzish;
davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini koʻzlab sudlarga ariza (shikoyat) va daʼvolarni kiritish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga doir tashabbuslar bilan chiqish hamda takliflar kiritish.
har bir mahallada tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslarni (keyingi oʻrinlarda – investorlar) faol jalb qilish hisobiga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi kompleksini (keyingi oʻrinlarda – kompleks) davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining moddiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, aholini ish bilan taʼminlash borasidagi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida fuqarolar yigʻinlariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijtimoiy dasturlar, shu jumladan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi, “Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi asosida imtiyozli kreditlar ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
10. Quyidagilar komplekslarni qurish uchun davlat-xususiy sheriklikning asosiy shartlari etib belgilansin:
investorlarga maʼqullangan namunaviy loyihalarga muvofiq komplekslarni barpo etish, shuningdek, tegishli infratuzilma qurish uchun zarur yer uchastkalari toʻgʻridan-toʻgʻri (tanlov savdolarini oʻtkazmasdan) shartnomalar asosida haq undirilmasdan ajratiladi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahridagi yer uchastkalari bundan mustasno);
komplekslarni qurish uchun yer uchastkalarini tanlab olish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan Vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
investorlarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun (kelishuv boʻyicha yoki komplekslar bilan bir binoda yoxud boshqa joyda) joyning tashqi meʼmoriy qiyofasiga mos keladigan, qurilish uchun ajratilgan komplekslardan kichik boʻlmagan maydonga ega boʻlgan komplekslarga tutash qoʻshimcha shunga oʻxshash obyektlar ham ajratiladi. Bunda mazkur obyektlarning faoliyat koʻrsatishi fuqarolar yigʻinlarining ishi uchun noqulayliklar yaratmasligi kerak;
investorning huquq va majburiyatlari, komplekslarga tutash obyektlarda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari va yoʻnalishlari, shuningdek, komplekslarning qurilishi boʻyicha davlat-xususiy sheriklikning boshqa shartlari Vazirlik tomonidan ishlab chiqiladigan namunaviy shakllar boʻyicha investor va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasida tuziladigan kelishuvlarda aks ettiriladi;
komplekslar davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuvda qatʼiy belgilangan muddatlarda va tartibda maʼqullangan loyihalar asosida, tutash hudud obod qilinishini nazarda tutgan holda quriladi;
qurilishi tugallangan komplekslardan keyinchalik foydalanish tartibi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuv bilan belgilanadi;
investor tomonidan ushbu bandning toʻrtinchi xatboshisiga muvofiq qurilgan qoʻshimcha obyektlar foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab 3 yil muddatga tegishli ravishda ushbu qaror doirasida taqdim etiladigan yer uchastkasiga va unda qurilgan koʻchmas mulkka nisbatan yer soligʻi va mol-mulk soligʻining, shuningdek, mazkur obyektlarda amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda yoki tushumlarga nisbatan foyda soligʻi hamda aylanmadan olinadigan soliqning belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda toʻlanadi.
11. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga komplekslardagi foydalanilmayotgan xonalarni ijaraga berish toʻgʻrisida ikki tomonlama shartnomalarni mustaqil ravishda kelib tushayotgan mablagʻlarni keyinchalik oʻzlarining hisobvaragʻiga oʻtkazgan holda tuzish hamda mazkur mablagʻlardan faqat komplekslarni saqlash va obodonlashtirish xarajatlarini qoplash uchun sarflash huquqi berilsin.
12. Belgilab qoʻyilsinki:
investorlarni tanlab olishning asosiy mezonlari komplekslarni qurish muddati, taklif etiladigan kapital qoʻyilmalar va investitsiyalar hisoblanadi;
investorning tashabbusi boʻyicha kelishuv bekor qilinganda, uning komplekslar qurilishiga sarflagan xarajatlari qoplanmaydi, qurilishi tugallanmagan obyekt davlat mulkiga oʻtkaziladi va ushbu qarorga muvofiq investorlarni qidirib topish qaytadan oʻtkaziladi;
qurilayotgan komplekslarning zarur tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalarini olib kelish komplekslar qurilishi uchun davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuvda belgilangan muddatlarni hisobga olgan holda elektr taʼminoti, gaz taʼminoti va aloqa qismi boʻyicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻztransgaz” AJ va “Oʻzbektelekom” AK mablagʻlari hisobidan, avtomobil yoʻllari qurish qismi boʻyicha, suv taʼminoti va kanalizatsiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi;
komplekslarni mebel, texnika, boshqa uskuna va inventar bilan jihozlash Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablagʻlari, grantlar, kreditlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar, shuningdek, investorlar rozi boʻlgan taqdirda, ularning oʻz qoʻyilmalari hisobidan amalga oshiriladi.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) uch oy muddatda potensial investorlarni tanlab olishni hamda ular bilan komplekslarni ushbu qarorda va namunaviy kelishuvda belgilangan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish toʻgʻrisidagi kelishuvlar tuzilishini taʼminlasin;
b) investorlar boʻlmagan taqdirda, har bir mahallada komplekslar qurilishini Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan tashkil etsin;
v) Vazirlik, Qurilish vazirligi va Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyulga qadar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar markazlarida “Mahalla markazi” majmualari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qoʻyilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, taʼmirlash), shuningdek, ularni zarur mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi bilan jihozlash;
“Mahalla markazi” majmualarida Vazirlikning hamda Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy boʻlinmalarini joylashtirish ishlarini yakunlasin.
14. Vazirlik:
a) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda komplekslarning davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishi toʻgʻrisidagi namunaviy kelishuv loyihasi ishlab chiqilishini;
b) ikki oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020-2022 yillarga moʻljallangan har bir mahallada komplekslarni tashkil etish boʻyicha manzilli dasturni tasdiqlash haqida Hukumat qarori loyihasiniVazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda:
2020-yil 1-iyunga qadar Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari uchun zarur axborot tizimlari va elektron maʼlumotlar bazalarini ishlab chiqish, joriy etish va integratsiya qilish konsepsiyasi, texnik-iqtisodiy hisob-kitobi va texnik topshirigʻi tayyorlanishini hamda tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritilishini;
tasdiqlangan konsepsiya, texnik-iqtisodiy hisob-kitob va texnik topshiriq asosida 2021-yil 1-yanvarga qadar – Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari, shuningdek, 2022-yil 1-yanvarga qadar – fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari uchun axborot tizimlari va elektron maʼlumotlar bazalari ishlab chiqilishi hamda joriy etilishini;
2020-yil 1-iyulga qadar – Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalarini, shuningdek, 2021-yil 1-iyulga qadar – fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulanishini hamda zarur aloqa, jumladan, Vazirlikni hukumat aloqasi bilan taʼminlasin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar “Mahalla” elektron maʼlumotlar bazasini yana-da takomillashtirish, axborot xavfsizligini taʼminlash va oʻzaro maʼlumot almashinuvini joriy etish choralarini koʻrsin.
15. Vazirlik boshqaruv xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti markaziy apparatda – 2 baravarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalarida – 1,5 baravarga, tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlarida – 1,3 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllanilishi belgilansin.
Mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
16. Vazirlik Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Istiqlol koʻchasi, 51-uy manzili boʻyicha operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2020-yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasida Vazirlikning xarajatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonuniga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgunga qadar Vazirlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun mablagʻ ajratish choralarini koʻrsin;
2021-yildan boshlab har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida zarur mablagʻlarni koʻzda tutsin.
18. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qaror ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri – ushbu qarorda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin, chora-tadbirlar ijrosi boʻyicha yuzaga keladigan joriy masalalar tezkorlik bilan hal etilishini taʼminlasin hamda har chorakda Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarorning amalga oshirilishi jarayoni haqida batafsil maʼlumot taqdim etsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari – har bir mahallada davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida komplekslar qurilishini, investorlar tanlab olinishini, investorlar boʻlmagan taqdirda, komplekslar Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan qurilishini taʼminlasin;
masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarish yuzasidan barcha zarur choralarni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.D.Xadjayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori – ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini muntazam yoritib borsin.
20. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 18-fevral