O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ma’rifatparvar olim, sharq va g‘arb tillarining bilimdoni Ishoqxon Ibratning yorqin xotirasi hamda nomini abadiylashtirish, Namangan viloyatida xorijiy tillarni mukammal egallagan, chuqur bilimga ega bo‘lgan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida, shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq:

1. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi hamda Namangan viloyati hokimligining Namangan shahrida Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Belgilansinki, Institut yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

2. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

xalqaro baholash dasturlaridan (PISA, TALIS, PIRLS) foydalangan holda o‘qitishning zamonaviy shakllari hamda metodlarini joriy etish, ushbu bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;

o‘z ta’lim dasturlarini xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining dasturlari asosida shakllantirish;

chet tillarini o‘qitishning interfaol vositalarini ishlab chiqish va joriy etish hamda aholining keng qatlamlari o‘rtasida chet tillarini o‘rganishni ommaviylashtirishga ko‘maklashish;

ta’limni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, o‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, talabalarda sinxron, badiiy, ketma-ket hamda ilmiy-texnik tarjima ko‘nikmalarini shakllantirish;

chet tillar bo‘yicha mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar bilan hamkorlikda yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish, axborot-resurs markazlarni zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash hamda ularni muntazam yangilab borish;

Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;

ta’lim va ilm-fan sohalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirish.

3. Quyidagilar:

Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini 2026 yilga qadar rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida tashkil etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

a) Institutda o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi;

b) Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi;

v) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan 4 ta ko‘nikmani (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi. Bunda:

chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi;

chet tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan o‘qishga kirish sinovlarida kasbiy (ijodiy) imtihonsiz maksimal ball beriladi;

g) Institutda talabalarga ikkita xorijiy til bo‘yicha kvalifikatsiya berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;

d) Institutning xorijiy tilda mutaxassislik fanlaridan dars beradigan S1 darajadan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilariga ularning bazaviy lavozim maoshiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haqi to‘lab boriladi.

5. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov):

a) 2022 yil 1 avgustga qadar Institutni tanlov asosida amaliy tajriba va (yoki) ilmiy darajaga ega bo‘lgan yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin;

b) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Institutning xorijiy tillar o‘qituvchilari S1 darajadan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lishini ta’minlasin;

v) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

Institutning o‘quv jarayoniga til egasi bo‘lgan malakali xorijiy mutaxassislar jalb qilinishini tashkillashtirsin. Bunda, xorijiy mutaxassislarning oylik ish haqi Institut tomonidan bozor kon’yunkturasi asosida belgilanadi hamda Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari va Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi;

Institutning mutaxassislik fanlari (xorijiy tildan tashqari) o‘qituvchilarining B2 darajadan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lishini ta’minlasin;

g) Institut talabalarining o‘quv va ilmiy amaliyotlarini xorijiy davlatlarda tashkil etishga ko‘maklashsin.

6. Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi (S.Obidov) quyidagi yo‘nalishlarda Institutga yaqindan ko‘maklashsin:

xorijlik ekspertlarni jalb etgan holda Institutning professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari uchun malaka oshirish, jumladan, badiiy va sinxron tarjima qilish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha kurslarni tashkil qilishda;

Institut professor-o‘qituvchilarida zamonaviy o‘qitish ko‘nikmalarini shakllantirishda va ularni chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha imtihonlarga tayyorlashda;

Institutning bo‘sh auditoriyalarida xorijiy tillarni o‘qitish kurslarini tashkil etish orqali talabalarga qo‘shimcha daromad topishlari uchun zarur sharoit yaratishda;

aholi va ta’lim muassasalari uchun chet tillarini o‘rganishda ko‘mak beruvchi kontentlarni shartnoma asosida yaratishda.

7. Institut Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabining (keyingi o‘rinlarda – Ijod maktabi) ta’lim hamkori etib belgilansin.

Institut zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:

2023 yil 1 yanvarga qadar Institutda Ijod maktabi o‘quvchilari uchun “Tarjimonlar klubi”ni tashkil etish;

Institutning professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalarini Ijod maktabining ta’lim jarayoniga keng jalb qilish;

Ijod maktabi uchun malakali va chet tillarni mukammal egallagan kadrlarni tayyorlash;

Ijod maktabi o‘qituvchilarini Institutga stajirovka o‘tashga jalb qilish;

Ijod maktabi o‘quv jarayoniga chet tillari bo‘yicha zamonaviy ta’lim texnologiyalari, ilg‘or va innovatsion tajribalarni joriy etish;

Ijod maktabini chet tillaridagi o‘quv va ilmiy adabiyotlar hamda elektron o‘quv resurslari bilan ta’minlash.

8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:

Namangan muhandislik-qurilish institutining Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani, “Yangiobod” MFY, Saodat ko‘chasi, 28-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish;

Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani, To‘raqo‘rg‘on ko‘chasi, 22-uy manzilida joylashgan Namangan davlat universiteti tizimidagi “Ishoqxon Ibrat – Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyini Institut tizimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

9. Namangan viloyati hokimligi (Sh.Abdurazakov):

2023 yil 1 yanvarga qadar Institutga 1 000 o‘rinli yangi o‘quv binosi va 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan zarur yer uchastkasi ajratilishini ta’minlasin;

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) bilan birgalikda Institut talabalarining amaliyotini hududdagi korxonalar, turizm va madaniy meros ob’ektlari, ta’lim va boshqa tashkilotlarda o‘tkazish hamda yuqori kurs talabalarini ish haqi to‘lanadigan tizim orqali band qilish choralarini ko‘rsin;

mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Institutning axborot-resurs bazasini xorijiy o‘quv, badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan boyitib borishga ko‘maklashsin;

olis hududlardan va xorijiy mamlakatlardan kelib dars beradigan professor-o‘qituvchilarni ish davri davomida uy-joy bilan ta’minlash maqsadida Institutga yaqin hududda joylashgan ko‘p qavatli uy-joylardan xizmat uylarini Institutga tekin foydalanish huquqi asosida ajratsin.

10. Institutga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan boshqa hududlardan jalb etilgan professor-o‘qituvchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususan, uy-joy ijarasi uchun to‘lovni kompensatsiya qilishga ruxsat etilsin.

11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan:

Institutning Namangan viloyati hokimligi tomonidan ajratiladigan yer maydonida 1 000 o‘rinli o‘quv binosini qurish va jihozlash;

Institutga berilayotgan Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani, “Yangiobod” MFY, Saodat ko‘chasi, 28-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihalari O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda 2025 yil 1 yanvarga qadar Institutning 400 o‘rinli talabalar turar joyini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini ta’minlasin.

12. Belgilab qo‘yilsinki:

Institut faoliyati Davlat byudjeti mablag‘lari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro grantlar, xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Institutning dastlabki faoliyatini yo‘lga qo‘yishda unga ajratilgan bino va inshootlarni joriy ta’mirlash va jihozlash (mebel, kompyuter texnikasi, o‘quv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalarini xarid qilish, internet tarmog‘iga ulash) ishlari Namangan viloyatining mahalliy byudjeti hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan teng ulushda amalga oshiriladi;

mazkur qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2023 yildan boshlab – Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

13. Innovatsion rivojlanish vazirligi filologiya fanlari tarmog‘ining tegishli ixtisosliklari bo‘yicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, 2023 yildan boshlab Institutga doktorantura bo‘yicha qabul kvotalari ajratilishini ta’minlasin.

14. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov hamda Namangan viloyati hokimi Sh.Sh.Abdurazakov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                                                           Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 9 iyun