Turizm toʻgʻrisida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 16-aprelda qabul qilingan.

Senat tomonidan 2019-yil 21-iyunda maʼqullangan.

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi turizm sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Oʻzbekiston Respublikasining turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

gid (gid-tarjimon) – axborotga oid va tashkiliy xizmatlar koʻrsatish, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) turistik resurslar bilan tanishtirish uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik koʻrgan, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan jismoniy shaxs;

yoʻriqchi-yoʻl boshlovchi – turistik yoʻnalishlarda turistlar va ekskursantlarga hamrohlik qilish hamda ularning xavfsizligini taʼminlash uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik koʻrgan, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan jismoniy shaxs;

mustaqil turizm – turistlar tomonidan turoperatorlar va turagentlar ishtirokisiz mustaqil ravishda tashkil etiladigan sayohat;

turizm sohasining subyektlari – turistik xizmatlar majmuini yoki ularning bir qismini koʻrsatish, qoʻshimcha turistik xizmatlarni (ishlarni) bajarish hamda turistlar va ekskursantlarga tovarlarni realizatsiya qilish boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;

tur – turistik xizmatlarning kamida ikkita turini oʻz ichiga olgan turistik xizmatlar majmui bilan taʼminlangan, belgilangan yoʻnalish boʻyicha aniq muddatlardagi sayohat;

turizm – jismoniy shaxsning vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) manbalardan daromad olish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat bilan shugʻullanmagan holda doimiy yashash joyidan joʻnab ketishi (sayohat qilishi);

turist – vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) manbalardan daromad olish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat bilan shugʻullanmagan holda vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) yigirma toʻrt soatdan ketma-ket oʻn ikki oygacha boʻlgan davrga boruvchi yoki vaqtincha boʻlish mamlakatida (joyida) kamida bir kecha tunab qoluvchi jismoniy shaxs;

turistik vaucher – turistning tur tarkibiga kiruvchi xizmatlarga boʻlgan huquqini belgilovchi va ularning haqi toʻlanganligi faktini tasdiqlovchi hujjat;

turistik yoʻnalish – sayohat vaqtida turist, ekskursant tashrif buyuradigan asosiy joylarning roʻyxati boʻyicha turistning, ekskursantning rejalashtirilgan harakatlanish yoʻli;

turistik xizmatlar – joylashtirish, ovqatlantirish, transport, ekskursiya va maslahat xizmati koʻrsatish boʻyicha xizmatlar, shuningdek turist va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan xizmatlar;

ekskursant – vaqtincha boʻlish mamlakatida (joyida) tunab qolmasdan yigirma toʻrt soatdan oshmaydigan davrda sayohat qiluvchi jismoniy shaxs;

ekskursiya yetakchisi – turistlar va ekskursantlarni muayyan turistik resurs bilan tanishtirish uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik koʻrgan, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan jismoniy shaxs.

4-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari

Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

turistlarning, ekskursantlarning va turizm sohasi subyektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi;

turizmni barqaror rivojlantirish va buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

turizm sohasida tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish;

turizm sohasida oshkoralik va ochiqlik.

5-modda. Turizmning shakllari va turlari

Xalqaro va ichki turizm turizmning shakllaridir.

Xalqaro turizm quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

kirish turizmi – Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi sayohati;

chiqish turizmi – Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi shaxslarning boshqa mamlakatga sayohati.

Ichki turizm Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi sayohatini oʻz ichiga oladi.

Turizm tashkil etilayotgan turning oʻziga xosligi, mavzusi, davomiyligi, harakatlanish usullari va turning boshqa xususiyatlaridan kelib chiqqan holda madaniy-tarixiy, ziyorat, ekologik, maʼrifiy, etnografik, gastronomik, ishbilarmonlik, ijtimoiy, sport, tibbiy, yoshlar turizmi, agroturizm hamda turizmning boshqa turlariga boʻlinishi mumkin.

2-bob. Turizm sohasini tartibga solish

6-modda. Turizm sohasidagi davlat siyosatining

asosiy yoʻnalishlari

Turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

mazkur sohani mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida rivojlantirish;

sayohatlarni amalga oshirish chogʻida fuqarolarning dam olish, erkin harakatlanishga boʻlgan huquqlarini va boshqa huquqlarini taʼminlash;

turistik resurslardan oqilona foydalanish va ularni saqlash;

normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

ichki turizmni rivojlantirish, shu jumladan ijtimoiy turizmni rivojlantirish doirasida bolalar, yoshlar, keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining kam taʼminlangan qatlamlari uchun turizm hamda ekskursiyalarni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va investitsiyalar kiritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

mazkur sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;

tadbirkorlik subyektlari uchun turistik xizmatlar bozorida teng imkoniyatlar yaratish;

turizm sohasining subyektlariga soliq va bojxona imtiyozlarini belgilash orqali ragʻbatlantirish;

turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari va mol-mulki himoya qilinishini taʼminlash;

ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va rivojlantirish;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

Oʻzbekiston Respublikasining turizm uchun jozibador mamlakat sifatidagi nufuzini oshirish;

turizm sohasi subyektlarini ular turistik bozorlarda milliy turistik mahsulotni targʻib qilishida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;

ilgʻor innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini ragʻbatlantirish;

turistik zonalar va turistik klasterlarning rivojlantirilishini ragʻbatlantirish.

7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining turizm sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

turizm sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;

turizm sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini taʼminlaydi;

turistik zonalar, turistik klasterlarni tashkil etish va ularda turizm sohasi subyektlari faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi;

turistik faoliyatni litsenziyalash tartibini belgilaydi;

turizm sohasida xizmatlarni sertifikatlashtirish tartibini belgilaydi;

turistlar va ekskursantlarni sugʻurta qilish, ularga tibbiy, huquqiy hamda boshqa turdagi yordam koʻrsatish tartibini belgilaydi;

vakolatli davlat organi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;

turistik resurslardan, tabiiy va madaniy meros obyektlaridan oqilona foydalanilishini hamda ularning saqlanishini, shuningdek atrof tabiiy muhitning muhofaza qilinishini taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi;

turistlar va ekskursantlar borishi taqiqlangan obyektlar hamda hududlarni belgilaydi;

turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtiradi;

mehmonxona xizmatlarini (joylashtirish boʻyicha xizmatlarni), shuningdek turoperatorlar va turagentlar xizmatlarini koʻrsatish qoidalarini tasdiqlaydi;

turistlar va ekskursantlarning ayrim toifalariga imtiyozlar berish tartibini belgilaydi;

turizm sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi;

turizm sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi va hukumatlararo shartnomalar tuzadi.

8-modda. Turizm sohasidagi vakolatli davlat organi

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi turizm sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Vakolatli davlat organi:

turizm sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

turizm sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

turizm sohasidagi davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi hamda ularning amalga oshirilishini monitoring qiladi;

turizm sohasida viza rejimini takomillashtirish va soddalashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi;

turizmning rivojlantirilishini muvofiqlashtiradi, yangi turistik yoʻnalishlar tashkil etilishini taʼminlaydi, ularni pasportlashtirishdan oʻtkazadi;

Turizm sohasidagi yagona reyestrlarni yuritish tartibini belgilaydi;

turistik faoliyatni litsenziyalashni, turizm sohasidagi xizmatlarni sertifikatlashtirishni, turistik xizmatlar belgilangan talablar va standartlarga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

joylashtirish vositalari, togʻ changʻi trassalari va plyajlar tasnifini belgilaydi;

turizm sohasi subyektlariga ularning faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalarda uslubiy va maslahat yordami koʻrsatadi;

turizm sohasidagi milliy tanitish belgisidan foydalanish tartibini belgilaydi;

turizm sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi va ularni oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladi;

turistik xizmatlarni tashkil etish chogʻida turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini taʼminlash hamda sogʻligʻini saqlash sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar ishlab chiqadi;

turistlar va ekskursantlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan turistik resurslar hamda aloqa vositalaridan moneliksiz foydalanishini taʼminlashga, shuningdek tibbiy, huquqiy va boshqa turdagi yordam olishiga koʻmaklashadi;

tabiiy va madaniy meros obyektlarini ommalashtirishni, turizm salohiyatini saqlash hamda rivojlantirishni tashkil etadi;

turistik xizmatlar bozorlarida marketing tadqiqotlarini amalga oshiradi;

turizm sohasini rivojlantirish uchun chet el investitsiyalarini, shuningdek xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari hamda grantlarini jalb etadi;

turistik xizmatlar koʻrsatish sifati va xavfsizligi standartlarining ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi;

turizm sohasini davlat tomonidan tartibga solishni maqbullashtirish va turistik xizmatlar bozorida raqobatni rivojlantirish, turizm sohasiga ilgʻor innovatsiyalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli oʻrinbosarlarining turizmni rivojlantirishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;

xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi va xalqaro turistik tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ifodalaydi, shuningdek boshqa mamlakatlarning turistik hamda oʻzga tashkilotlari bilan oʻzaro munosabatlar oʻrnatadi;

turizm sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilishiga koʻmaklashadi;

turizm sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishini taʼminlaydi.

Vakolatli davlat organi akkreditatsiya qilingan tashkilotlarni tashkil etishga haqli.

Turizm sohasidagi vakolatli davlat organining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ijro etilishi uchun majburiydir.

9-modda. Vakolatli davlat organining hududiy

boʻlinmalari

Vakolatli davlat organi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy boʻlinmalarga ega boʻladi.

Vakolatli davlat organi hududiy boʻlinmalarining rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, tegishli viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan vakolatli davlat organining rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining mablagʻlari vakolatli davlat organining hududiy boʻlinmalarini moliyalashtirish manbalaridir. Vakolatli davlat organi hududiy boʻlinmalarining xodimlarini qoʻshimcha ravishda moddiy ragʻbatlantirish vakolatli davlat organi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Vakolatli davlat organining hududiy boʻlinmalari tegishli hududda quyidagi vazifalarni bajaradi:

tegishli hududda turistik salohiyatni oshirishga qaratilgan turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasi amalga oshirilishini taʼminlash;

tegishli hududda turizm sohasidagi, tegishli hududning turistik sohasiga investitsiyalarni jalb etishga doir hududiy dasturlarning ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish;

turistik resurslarni saqlash va rivojlantirish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilish;

tegishli hududda turistik faoliyat rivojlantirilishini taʼminlash, yangi turistik yoʻnalishlarni tashkil etishga koʻmaklashish;

turizm sohasi subyektlariga ularning faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalarda uslubiy va maslahat yordami koʻrsatish;

tegishli hududda harakatlanish vaqtida turistlar va ekskursantlarning turistik resurslarga moneliksiz kirishini taʼminlashga koʻmaklashish;

turistik salohiyatni rivojlantirish, turizmni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan gʻovlarni bartaraf etish, shuningdek turizm sohasida tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

turistik bozorlarda tegishli hududning turistik salohiyati targʻib qilinishini tashkil etish, tegishli hududning turistik jozibadorligini saqlab qolish;

tegishli hududda turizmni rivojlantirish toʻgʻrisida axborotni toʻplashni, tahlil qilishni amalga oshirish va uni vakolatli davlat organiga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdim etish.

10-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining

turizm sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

tegishli hududda turizm sohasidagi davlat siyosatini hamda ushbu sohani muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;

turizm sohasidagi davlat dasturlarini va hududiy dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

vakolatli davlat organi va (yoki) uning hududiy boʻlinmasi bilan kelishuvga koʻra turizm sohasidagi hududiy dasturlarni, shu jumladan qisqa muddatli hamda oʻrta muddatli istiqbolda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha tadbirlar rejasini tasdiqlaydi;

tegishli hududda turizm sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;

turistlar va ekskursantlarning tegishli hududlarda joylashgan turistik resurslardan hamda aloqa vositalaridan moneliksiz foydalanishini, shuningdek ularning tibbiy, huquqiy va boshqa turdagi yordam olishini taʼminlaydi;

mavjud turistik salohiyatni tahlil qiladi va tegishli hududda turizmni rivojlantirish toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni taqdim etadi;

tegishli hududda joylashgan turistik resurslarni muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi va ularni joriy etadi;

tegishli hududda turistik industriya obyektlarini rejalashtirish va qurish, shuningdek yer uchastkalarini oʻz vaqtida ajratish hamda ularning zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini taʼminlash boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;

investorlarni qidirish va jalb etishni, shuningdek tegishli hududda investitsiya loyihalarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida ularga koʻmaklashishni amalga oshiradi;

aholi bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida turizm sohasida tadbirkorlikni rivojlantiradi va qoʻllab-quvvatlaydi;

turistik axborot markazlarini tashkil etadi.

11-modda. Turizmni rivojlantirish boʻyicha

muvofiqlashtiruvchi kengash

Turizmni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (bundan buyon matnda Muvofiqlashtiruvchi kengash deb yuritiladi) turizmni barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari boʻyicha davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, turizm sohasi subyektlarining hamkorligini takomillashtirish maqsadida tuziladi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibiga vakolatli davlat organi, manfaatdor davlat organlarining, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari kiradi.

Vakolatli davlat organi Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organidir.

Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

vakolatli davlat organi, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borgan holda turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishining borishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish, shuningdek ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, mamlakatda turizm sohasini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan masalalarni tezkor koʻrib chiqish va hal etish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining hisobotlarini eshitib borgan holda turizm sohasidagi tasdiqlangan hududiy dasturlarning bajarilishini, tegishli hududning salohiyatidan foydalanish samaradorligini hamda joylarda mavjud byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan ishlarning oʻrganilishini tashkil etish;

turizm sohasidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va qoʻshimcha infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan davlat yordamini olish uchun beriladigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining, shuningdek boshqa tashabbuskorlarning (ariza beruvchilarning) takliflari hamda talabnomalarini har yili koʻrib chiqish;

Oʻzbekistonning turistik salohiyatini targʻib qilishga va chet ellik turistlarni jalb etishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni xorijda oʻtkazish boʻyicha “yoʻl xaritasini” har yili tasdiqlash;

turizm sohasidagi strategiyalar, konsepsiyalar, davlat dasturlari va boshqa dasturlarning vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishining borishi yuzasidan monitoring oʻtkazish, shuningdek ular bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi har choraklik axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish.

Muvofiqlashtiruvchi kengashning hududiy organlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari boshchiligidagi hudud darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash vazifalarini bajaruvchi turizmni rivojlantirish boʻyicha hududiy kengashlardan iboratdir.

12-modda. Byudjetdan tashqari Turizm sohasini

qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi

Turizm sohasining rivojlanishini moliyaviy jihatdan qoʻshimcha taʼminlash maqsadida vakolatli davlat organi huzurida byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilishi mumkin.

Vakolatli davlat organi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi:

turistik yigʻimlardan tushgan tushumlar, xalqaro moliya institutlarining, xorijiy donorlarning grantlari, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari, Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar boʻyicha tushumlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi;

mablagʻlarni turizm sohasining va turistik industriyaning rivojlantirilishini qoʻllab-quvvatlashga, turistik bozorlarda Oʻzbekiston Respublikasining turistik mahsulotlarini hamda turizm sohasidagi milliy tanitish belgisini targʻib qilish uchun yoʻnaltiradi.

13-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va nodavlat notijorat tashkilotlarining turizm sohasi tadbirlaridagi ishtiroki

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz vakolatlari doirasida:

turizm sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

madaniy meros obyektlarini targʻib qilishda, turizm salohiyatini saqlash va rivojlantirishda ishtirok etadi;

turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;

turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar kiritadi;

turizm sohasidagi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

3-bob. Turistik industriya

14-modda. Turistik industriya va turistik industriyadagi

xizmatlarning turlari

Joylashtirish vositalari, transport, umumiy ovqatlanish obyektlari va koʻngilochar, maʼrifiy, ishbilarmonlik, davolash-sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya-sport hamda boshqa maqsadga moʻljallangan obyektlar, turistik faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar, ekskursiya xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar majmui, shuningdek ekskursiya yetakchilarining, gidlar (gid-tarjimonlar) hamda yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarning xizmatlari majmui turistik industriyadir.

Turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasiga muvofiq turistik industriyadagi xizmatlarning turlari quyidagilardan iboratdir:

turlarni taqdim etish boʻyicha xizmatlar;

yashash joylarini taqdim etish boʻyicha xizmatlar;

ovqatlantirish boʻyicha xizmatlar;

axborotga oid, reklama xizmatlari;

transport xizmatlari;

barcha turdagi transport uchun chiptalar hamda tadbirlarga va koʻngilochar obyektlarga borish uchun chiptalar taqdim etish (band qilib qoʻyish, sotish va yetkazib berish) boʻyicha xizmatlar.

Turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasida boshqa turistik xizmatlar ham nazarda tutilishi mumkin.

15-modda. Turistik industriya obyektlarini tasniflash

Turistik industriya obyektlarini tasniflash va ularga toifalar berish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.

Joylashtirish vositalarini, togʻ changʻisi trassalarini, plyajlarni oʻz ichiga olgan turistik industriya obyektlarini tasniflash va ularga toifalar berish, shuningdek berilgan Toifalar reyestrini yuritish vakolatli davlat organi huzuridagi akkreditatsiya qilingan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Joylashtirish vositalari mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualarni, dam olish uylari va zonalarini, pansionatlar, kempinglar, motellar, mehmon uylarini, oʻtov va chodirli oromgohlar, sanatoriylarni hamda mehmonxona xizmatlari (joylashtirish boʻyicha xizmatlar) koʻrsatiladigan boshqa obyektlarni, shuningdek joylashtirish vositasi sifatida tunab qolish uchun jihozlangan yer usti transportini oʻz ichiga oladi.

Toifa berilgan turistik industriya obyektining mulkdori va (yoki) egasi uning mazkur toifaga muvofiq boʻlishini taʼminlashi shart.

16-modda. Turistik axborot markazi

Jismoniy va yuridik shaxslarni turistik resurslar hamda turistik industriya obyektlari toʻgʻrisida xabardor qilish, shuningdek turistik bozorlarda turistik mahsulotlarni targʻib qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi markaz turistik axborot markazidir.

Turistik axborot markazlarining loyihalari hamda ularda realizatsiya qilinadigan tovarlarning (ishlar va xizmatlarning) roʻyxati vakolatli davlat organi bilan kelishiladi.

Turistik axborot markazi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etilishi mumkin.

4-bob. Turistik zonalar va turistik klasterlar

17-modda. Turistik zonalar

Muayyan chegaralarga ega boʻlgan, bir yoki bir necha turistik resurslar (tabiiy, tarixiy, ijtimoiy-madaniy, davolash-sogʻlomlashtirish obyektlari, shuningdek turistlar va ekskursantlarning ehtiyojlarini qanoatlantira oladigan boshqa obyektlar) joylashgan, kirish turizmini va ichki turizmni, turistik industriyani rivojlantirish, turistik resurslarni muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish maqsadida tashkil etilgan hudud turistik zonadir.

Turistik zonalar davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarning taklifiga koʻra tashkil etiladi.

Turistik zonalar respublika yoki mahalliy darajada tashkil etiladi. Respublika darajasidagi turistik zonalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida, mahalliy darajadagi turistik zonalar esa vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarorlari asosida tashkil etiladi.

Turistik zonalarni aniqlashda ularda turistik resurslarning mavjudligi, shuningdek ushbu hududlarning turizm turlarini rivojlantirish uchun potensial imkoniyatlari inobatga olinadi.

Qurilayotgan turistik industriya obyektlarining mulkdorlari va (yoki) egalari turistik zonalarning hududlarida turistik resurslar barpo etilayotganda, shuningdek ulardan foydalanilayotganda ushbu obyektlarning mavjud mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy, tarixiy, ilmiy, badiiy, madaniy muhitga yoki boshqa tashkiliy-maqsadli muhitga va infratuzilma muhitiga uygʻunlashuvini nazarda tutishi shart.

Turizm sohasi subyektlari turistik zonalar hududlarida oʻz faoliyatini tashkil etishda va amalga oshirishda atrof tabiiy muhitga, madaniy meros obyektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishni taʼminlashi shart.

Turistik zonalarda amalga oshiriladigan turistik faoliyat va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turistik zonalarni tashkil etish maqsadlariga monelik qilmasligi kerak.

18-modda. Turistik zonalarning turlari

Turizmni kompleks rivojlantirish va turistik resurslarni lozim darajadagi holatda saqlash, tegishli hududning turistik salohiyatini oshirish, shuningdek ularni rivojlantirishga investitsiyalar jalb qilinishini ragʻbatlantirish maqsadida turistik zonalarning quyidagi turlari tashkil etilishi mumkin:

erkin turistik zona;

kichik turistik zona;

maxsus turistik zona.

Erkin turistik zona erkin iqtisodiy zonaga tenglashtiriladi. Erkin turistik zonaga va erkin turistik zonaning ishtirokchilari sifatida roʻyxatga olingan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining qoidalari, shu jumladan erkin iqtisodiy zonalar va ularning ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar hamda preferensiyalar tatbiq etiladi.

Kichik turistik zona kichik sanoat zonasiga tenglashtiriladi. Kichik turistik zonalarga nisbatan kichik sanoat zonalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining qoidalari tatbiq etiladi.

Maxsus turistik zona belgilangan maxsus hudud boʻlib, unda turistik resurslar va ushbu hududda muayyan turistik mahsulotni shakllantirish hisobidan turistlarga xizmat koʻrsatilishini taʼminlovchi turistik industriya obyektlari jamlanadi. Maxsus turistik zonani tashkil etishda ushbu zona ishtirokchilari uchun shartlar, imtiyozlar va preferensiyalar belgilanishi mumkin.

19-modda. Turistik klaster

Kompleks turistik xizmatlar hamda turistning va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun zarur boʻlgan boshqa qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatuvchi mustaqil tashkilotlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar majmui turistik klasterdir.

Turistik klasterlar kompleks turistik xizmatlar koʻrsatish, turistik faoliyatning raqobatbardoshliligi va sifatini oshirish maqsadida turistik mahsulotni shakllantiradi, targʻib etadi va realizatsiya qiladi.

5-bob. Turizm sohasidagi faoliyatni amalga oshirish

shartlari

20-modda. Turistik faoliyatni litsenziyalash

Turoperatorlik va turagentlik faoliyati, shuningdek sayohatlar tashkil etishga doir boshqa faoliyat turistik faoliyatdir.

Turistik mahsulotni shakllantirish, targʻib etish va realizatsiya qilish yuzasidan yuridik shaxs tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati turoperatorlik faoliyatidir.

Turistik mahsulotni targʻib etish va realizatsiya qilish yuzasidan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati turagentlik faoliyatidir.

Turoperatorlar va turagentlar turistik faoliyatni vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiradi.

Turoperatorlar va turagentlarga turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi. Bunda ekskursiya xizmatlari koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor boʻlgan jismoniy shaxslarga turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya olish talab qilinmaydi.

Ekskursiya faoliyati yigirma toʻrt soatdan oshmaydigan va joylashtirishga (tunab qolishga) doir xizmatlar koʻrsatishni nazarda tutmaydigan, madaniy meros obyektlari, diqqatga sazovor joylar va boshqa obyektlar bilan tanishtirish maqsadida oldindan tuzilgan yoʻnalishlar boʻyicha ekskursiya yetakchisi hamrohligida ekskursiyalar tashkil etishga doir turistik faoliyatning elementidir.

Turoperatorlar va turagentlar faoliyatini amalga oshirishda litsenziya asosiy talablari va shartlari quyidagilardan iborat:

turistik mahsulot buyurtmachisi bilan turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi tuzilganidan keyin turistik xizmatlar koʻrsatish;

har bir turistga va ekskursantga turistik sayohat vaqtida Oʻzbekiston Respublikasiga hamda chet davlatlarga kirish, ulardan chiqish va ularda boʻlishning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisidagi axborotni yetkazish;

turistga va ekskursantga oʻz ishi tartibi, joylashgan yeri (pochta manzili), litsenziyaning mavjudligi, turizmning muayyan turlarini yuritish uchun masʼul boʻlgan mutaxassislar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etish, shu jumladan mazkur axborotni oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirgan holda taqdim etish.

21-modda. Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish

Turoperator xizmati, joylashtirish vositalari, togʻ changʻisi trassalari va plyajlar majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi lozim.

Turoperator xizmatlarini, joylashtirish vositalari, togʻ changʻisi trassalari va plyajlarni sertifikatlashtirish vakolatli davlat organi huzuridagi akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish boʻyicha tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan amalga oshiriladi hamda ushbu xizmatlarning xavfsizligi va sifatini taʼminlashga qaratiladi.

Vakolatli davlat organi Sertifikatlashtirilgan turistik xizmatlarning reyestrini yuritadi.

22-modda. Turizm sohasida standartlashtirish

Turistlar va ekskursantlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida turoperatorlik va turagentlik faoliyatini, shuningdek turistik industriya obyektlarini standartlashtirish amalga oshiriladi.

Vakolatli davlat organi turistik xizmatlar sohasidagi standartlashtirishga doir ishlarni tashkil etishni, muvofiqlashtirishni, ularning bajarilishini taʼminlashni amalga oshiradi.

23-modda. Gidlarning (gid-tarjimonlarning), ekskursiya

yetakchilarining va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarning

malakasini sertifikatlashtirish

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan tegishli sertifikat olinganidan keyin yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar sifatida yoxud yuridik shaxslar bilan tuziladigan mehnat shartnomalari asosida mustaqil ravishda xizmatlar koʻrsatishi mumkin.

24-modda. Turizm sohasidagi yagona reyestrlar

Vakolatli davlat organi Turizm sohasidagi yagona reyestrlarni shakllantiradi va yuritadi.

Turizm sohasidagi yagona reyestrlar turoperatorlarga, turagentlarga, gidlarga (gid-tarjimonlarga), ekskursiya yetakchilariga va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarga nisbatan, joylashtirish vositalariga, togʻ changʻisi trassalariga va plyajlarga, shuningdek turistik yoʻnalishlar va turistik obyektlarga nisbatan yuritiladi.

Turizm sohasidagi yagona reyestrlar vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

6-bob. Turistik mahsulotni shakllantirish, targʻib etish

va realizatsiya qilishning oʻziga xos xususiyatlari

25-modda. Turistik mahsulotni shakllantirish va targʻib etish

Turistik mahsulot turistik bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda yoxud turistning yoki ekskursantning buyurtmasiga koʻra turoperator tomonidan shakllantiriladigan, turistning va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun zarur boʻlgan turistik xizmatlar majmuidir.

Turoperatorning turistik mahsulot jumlasiga kiruvchi alohida turistik xizmatlarni koʻrsatuvchi shaxslar bilan shartnomalar tuzishga va ularni ijro etishga doir faoliyati turistik mahsulotni shakllantirishdir.

Turistik mahsulotni realizatsiya qilishga (reklama qilishga, ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishga, kataloglar, bukletlar nashr etishga va boshqalarga) qaratilgan chora-tadbirlar majmui turistik mahsulotni targʻib etishdir.

Turoperator turistlar va ekskursantlarga turistik mahsulot jumlasiga kiruvchi turistik xizmatlar majmui yoki ularning bir qismi mustaqil ravishda yoki alohida turistik xizmatlar koʻrsatuvchi shaxslarni jalb etgan holda koʻrsatilishini taʼminlaydi.

Turoperator turga kiruvchi xizmatlarga boʻlgan huquqni alohida turistik xizmatlar koʻrsatuvchi shaxslar bilan yoki turga kiruvchi xizmatlarning barcha turlari koʻrsatilishini taʼminlovchi, turistlar va ekskursantlarni qabul qiluvchi turoperator bilan tuzilgan shartnomalar asosida oladi.

Turistning, ekskursantning yoki turistlar, ekskursantlar guruhi vakili boʻlgan shaxsning turistik mahsulotni shakllantirish uchun turoperatorga beradigan buyurtmasi dastlabki shartnoma xususiyatiga ega boʻlgan bitim tarzida rasmiylashtiriladi.

Kirish turizmi va ichki turizm sohalaridagi turistik mahsulotni shakllantirish faqat Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan turoperatorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Turistik mahsulotni shakllantirish chogʻida turoperator atrof tabiiy muhitga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va madaniy meros obyektlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish taʼminlanishini nazarda tutishi shart.

Turistik mahsulotni targʻib etish chogʻida turoperator va turagent turistik mahsulot toʻgʻrisidagi axborotning ishonchliligi uchun javobgar boʻladi.

Turagent turistik mahsulotni targʻib etishni turoperator bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiradi.

Turistik mahsulotlarni kirish turizmi va ichki turizm hamda joylashtirish vositalari tarzida reklama qilish chogʻida turizm sohasida belgilangan milliy tanitish belgisidan foydalanish majburiydir.

26-modda. Turistik mahsulotni realizatsiya qilish

Turistik mahsulotni realizatsiya qilish turoperator va (yoki) turagent hamda turistik mahsulotning buyurtmachisi oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Turist, ekskursant yoki turist yoxud ekskursant nomidan turistik mahsulotga buyurtma beruvchi boshqa shaxs turistik mahsulotning buyurtmachisidir.

Turagent va turoperator oʻrtasidagi shartnomada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

turistik mahsulotni turagent tomonidan realizatsiya qilish shartlari;

turagentning turistik mahsulotni turoperator nomidan yohud oʻz nomidan realizatsiya qilishga doir huquq va majburiyatlari;

turagent tomonidan ikkilamchi agent shartnomalarini tuzish mumkinligini (mumkin emasligini) nazarda tutuvchi shartlar;

ularga turistik mahsulotning buyurtmachisi tomonidan turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasini ijro etish borasida eʼtirozlar bildirilgan taqdirda, turoperator va turagentning hamkorligi tartibi;

turistik mahsulot toʻgʻrisida axborot taqdim etmaganlik yoki notoʻgʻri axborot taqdim etganlik uchun, turistik xizmatlar koʻrsatishga doir shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun turistik mahsulotning buyurtmachisi oldida turoperatorning va turagentning javobgarligi, shuningdek taraflardan har birining javobgarligi.

Turoperator va (yoki) turagent va turistik mahsulotning buyurtmachisi oʻrtasidagi shartnomada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

turoperatorning va (yoki) turagentning nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), litsenziyasining yoʻnalishi va raqami;

turistik mahsulotning buyurtmachisi toʻgʻrisidagi, uning turistik mahsulotni realizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan hajm doirasidagi maʼlumotlar;

turistik mahsulotning qiymati va uni toʻlash tartibi;

turoperatorning va (yoki) turagentning hamda turistik mahsulot buyurtmachisining huquqlari va majburiyatlari;

shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish shartlari;

turoperatorning va (yoki) turagentning va turistik mahsulot buyurtmachisining javobgarligi hamda nizolarni koʻrib chiqish tartibi.

Turoperator va (yoki) turagent va turistik mahsulot buyurtmachisi shartnomada turistik mahsulotdan foydalanish shartlarini, shu jumladan sayohatning dasturini, sayohatning yoʻnalishi va shart-sharoitlarini, joylashtirish vositalari, yashash va ovqatlanish sharoitlari, turistni va ekskursantni vaqtincha boʻlish mamlakatida (joyida) tashish boʻyicha xizmatlar, ekskursiya yetakchisi, gid (gid-tarjimon), yoʻriqchi-yoʻl boshlovchi mavjudligi, shuningdek qoʻshimcha xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kelishib olishi mumkin.

Turoperator va (yoki) turagent hamda turistik mahsulotning buyurtmachisi oʻrtasidagi shartnomada boshqa shartlar ham koʻrsatilishi mumkin.

Ekskursiya yetakchilari, gidlar (gid-tarjimonlar) va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar shartnoma tuzmasdan ham oʻz xizmatlarini koʻrsatishi mumkin.

27-modda. Oʻzbekistonning Milliy turistik brendi

Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasidagi tanitish belgisi va shiori Oʻzbekistonning Milliy turistik brendidir.

Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasidagi tanitish belgisining shakli, rangli tasviri hamda shiorning mazmuni vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.

Oʻzbekistonning Milliy turistik brendidan tovarlarni (ishlarni va xizmatlarni) targʻib etishda foydalanilishi mumkin.

Oʻzbekistonning Milliy turistik brendining elementlaridan boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

28-modda. Turistik xizmat koʻrsatish shartlari toʻgʻrisidagi

axborotni taqdim etish

Turoperatorlar va turagentlar turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasini tuzish chogʻida turistga va ekskursantga quyidagi axborotni taqdim etishi shart:

kirish va chiqish hujjatlarini (vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) kirish va undan chiqish uchun vizani) rasmiylashtirishga nisbatan qoʻyiladigan asosiy talablar toʻgʻrisidagi;

rioya etilishi turni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tibbiy rasmiyatchiliklar, shu jumladan turistning va ekskursantning ularda muayyan kasalliklar, jismoniy holatining va yoshining oʻziga xos xususiyatlari mavjud boʻlgan taqdirda, turda ishtirok etishiga qarshi koʻrsatmalar toʻgʻrisidagi;

bojxona, chegara qoidalari va boshqa qoidalar (sayohatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hajmda) toʻgʻrisidagi;

vaqtincha boʻlish mamlakatida (joyida) turistning (ekskursantning) hayoti xavfsizligiga va sogʻligʻiga tahdid soluvchi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda yoki boshqa holatlarda, shuningdek turistning (ekskursantning) mol-mulkiga zarar yetishi xavfi yuzaga kelgan hollarda, turist (ekskursant) murojaat qilishi mumkin boʻlgan, vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) mavjud mahalliy davlat hokimiyati organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik va konsullik muassasalarining joylashgan yeri (pochta manzillari) va aloqa bogʻlash uchun telefon raqamlari toʻgʻrisidagi.

7-bob. Turoperatorlar va turagentlarning, turistlar va

ekskursantlarning, gidlar (gid-tarjimonlar),

ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻl

boshlovchilarning huquq va majburiyatlari

29-modda. Turoperatorlar hamda turagentlarning

huquq va majburiyatlari

Turoperatorlar va turagentlar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

turning davomiyligi va yoʻnalishini, xizmat koʻrsatish shartlarini, transportda xizmat koʻrsatish turini, turistning, ekskursantning xavfsizligini hamda ularning mol-mulki muhofaza qilinishini taʼminlash choralarini turistning va ekskursantning roziligi hamda xohishiga koʻra oʻzgartirish;

turistning va ekskursantning roziligi bilan ularni tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin bu haqda xabardor etish sharti bilan turning shartlashilgan qiymatini koʻpaytirish;

xizmatlar koʻrsatishning imkoni boʻlmaydigan fors-major holatlar yuzaga kelgan taqdirda, shuningdek guruh tuzish uchun zarur boʻlgan turistlar va ekskursantlarning talab qilinadigan soni yigʻilmagan taqdirda, turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasini bekor qilish, bu haqda turistlar va ekskursantlar tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin xabardor etilishi kerak;

turistlar, ekskursantlar yoki turizm sohasi subyektlari tomonidan yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini va maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishini talab qilish.

Turoperatorlar va turagentlar:

turistlar va ekskursantlarga turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasida shartlashilgan xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlashi;

turistik xizmatlar koʻrsatilmagan yoki ular toʻliq boʻlmagan hajmda koʻrsatilgan yoxud lozim darajada sifatli koʻrsatilmagan taqdirda turistlar va ekskursantlarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi hamda maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilishi;

turistlar va ekskursantlarga turni tashkil etish, ularning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida toʻliq axborot taqdim etishi;

turistik resurslarning saqlanishiga koʻmaklashishi;

turistlar va ekskursantlar vaqtincha borilgan mamlakatda (joyda) qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirishi shart.

30-modda. Turistlar hamda ekskursantlarning huquq va

majburiyatlari

Turistlar va ekskursantlar quyidagi huquqlarga ega:

turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasida nazarda tutilgan xizmatlardan foydalanish;

sayohat bilan bogʻliq toʻliq va ishonchli axborot olish, shu jumladan vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) kirish va unda boʻlish qoidalari, mahalliy aholining urf-odatlari, diniy marosimlar, madaniy meros obyektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va turizm sohasining obyektlari, atrof tabiiy muhitning holati toʻgʻrisida axborot olish;

shaxsiy xavfsizligi hamda oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish taʼminlanishi, shuningdek oʻz mol-mulkining but saqlanishi;

shoshilinch tibbiy yordam olish;

turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda moddiy zararning oʻrni qoplanishi, shuningdek maʼnaviy ziyonning kompensatsiya qilinishi;

agar turning umumiy qiymati oshishi shartnomada shartlashilgan qiymatidan ortib ketsa, turistik xizmatlar koʻrsatishga doir shartnomani turoperatorlar va turagentlarga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplamagan holda bekor qilish.

Turistlar va ekskursantlar:

turda ishtirok etish uchun oʻz sogʻligʻi holatining va (yoki) yoshining xususiyatlariga bogʻliq cheklovlar (qarshi koʻrsatmalar) toʻgʻrisidagi, oʻz doimiy yashash joyidan tashqariga chiqishi hamda vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) kirishi uchun cheklovlar haqidagi maʼlumotlarni turoperatorning va (yoki) turagentning talabiga koʻra taqdim etishi;

turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi shartlariga va vaqtincha boʻlish mamlakatining (joyining) qonun hujjatlariga rioya etishi, uning siyosiy hamda ijtimoiy tuzilishini, mahalliy aholining anʼanalarini, urf-odatlarini, diniy eʼtiqodini hurmat qilishi;

vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) atrof tabiiy muhitga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va madaniy meros obyektlariga zarar yetkazmasligi;

vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) bojxona va chegara nazorati, shaxsiy xavfsizlik qoidalariga rioya etishi shart.

31-modda. Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari

hamda yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarning huquq va

majburiyatlari

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar quyidagi huquqlarga ega:

tur vaqtida oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun turoperatordan, turagentdan yoki turistik mahsulot buyurtmachisidan zarur axborot bilan taʼminlanishini talab qilish;

oʻz huquq va majburiyatlarini belgilovchi hujjatlar bilan (shartnoma mavjud boʻlganda) tanishib chiqish;

turistlar va ekskursantlar bilan mustaqil ravishda shartnomalar tuzish.

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar:

tegishli maʼlumotga, malaka sertifikatiga ega boʻlishi va oʻz vaqtida malaka oshirishdan oʻtishi;

mamlakatning tarixi, madaniyati, etnografiyasi, iqtisodiyotini va boshqa sohalarini rasmiy yoki ishonchli manbalardan bilishi;

turistik yoʻnalishni rejalashtirish va ekskursiyada hamrohlik qilish koʻnikmalariga ega boʻlishi;

oʻz funksional vazifalarini bajarish chogʻida ismi va familiyasi yozilgan koʻkrak nishonini (beyjikni) taqib yurishi;

xavfsizlikni taʼminlash choralarini bilishi va favqulodda vaziyatlarda amaliy harakat qilish, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalariga ega boʻlishi shart.

8-bob. Turizm sohasi subyektlarining birlashmalari

32-modda. Turizm sohasi subyektlarining birlashmasi

Turizm sohasi subyektlarining kasbiy faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarni ifodalash va himoya qilish maqsadida tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkiloti turizm sohasi subyektlarining birlashmasidir.

Turizm sohasi subyektlarining birlashmasi Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida faoliyatini amalga oshiruvchi turizm sohasi subyektlarining ixtiyoriy aʼzoligi prinsipiga asoslanadi.

33-modda. Turoperatorlar va turagentlar birlashmasi

Turoperatorlar va turagentlar oʻz tadbirkorlik faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida birlashma tuzishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida turoperatorlik va turagentlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik hamda jismoniy shaxslarning ixtiyoriy aʼzoligi prinsipiga asoslangan nodavlat notijorat tashkiloti turoperatorlar va turagentlar birlashmasidir.

Turoperatorlar va turagentlar birlashmasi yangi aʼzolar kirishi uchun ochiqdir.

34-modda. Turoperatorlar va turagentlar birlashmalarining

huquqlari

Turoperatorlar va turagentlar birlashmalari quyidagi huquqlarga ega:

turizm sohasi subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi holatining tahlilini oʻtkazish;

turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

turizm sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda va muhokama qilishda ishtirok etish;

vakolatli davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari tarkibida ishtirok etish;

turizm sohasi subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish tizimini shakllantirishda ishtirok etish;

turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash va kiritish, turizm sohasini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish jarayonlariga boshqa tadbirkorlik subyektlarini jalb etish;

Oʻzbekistonning milliy turistik brendini va mahsulotlarni turistik bozorlarda targʻib etishga, turizm sohasiga investitsiyalarni, shu jumladan chet el investitsiyalarini, shuningdek zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga koʻmaklashish.

9-bob. Xavfsiz turizmni taʼminlash

35-modda. Turistlar va ekskursantlarning xavfsizligi

kafolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistlar va ekskursantlarning xavfsizligi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Vakolatli davlat organi manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda turistlar hamda ekskursantlarning xavfsizligini va himoya qilinishini, jamiyat va davlat manfaatlarini, turizmdan shaxslarning qonunga xilof migratsiyasi, ularning mehnatini ekspluatatsiya qilish hamda ularni boshqacha tarzda ekspluatatsiya qilish maqsadida foydalanishga qarshi kurashishni taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

Xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlari turistlar va ekskursantlarning shaxsiy xavfsizligi, ularning mol-mulki but saqlanishi, atrof tabiiy muhitga, jamiyatning moddiy hamda maʼnaviy qadriyatlariga, davlat xavfsizligiga zarar yetkazilishining oldini olish taʼminlanishini nazarda tutadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari barcha turistik yoʻnalishlar boʻyicha turistlar va ekskursantlarning himoya qilinishini va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hududiy dasturlar ishlab chiqadi hamda ularning bajarilishini tashkil etadi.

Turizm sohasi subyektlari turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini taʼminlash, tabiiy ofatlar chogʻida, ular jarohatlanganda, kasallikka chalinganda hamda boshqa hollarda tibbiy va oʻzga tarzda yordam koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

Vakolatli davlat organi turoperatorlarni, turagentlarni, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) turistlar hamda ekskursantlarning xavfsizligiga nisbatan tahdid toʻgʻrisida xabardor qiladi, shuningdek xavfsizlikka nisbatan tahdid mavjud boʻlganligi sababli borib koʻrish uchun tavsiya etilmaydigan mamlakatlar (joylar) roʻyxatini ommaviy axborot vositalariga, shu jumladan oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.

Muassislari (hammuassislari) davlat organlari boʻlgan ommaviy axborot vositalari vakolatli davlat organiga turistlar va ekskursantlarning xavfsizligiga nisbatan tahdid haqidagi axborotni eʼlon qilish imkoniyatini darhol va bepul taqdim etadi.

Turistlar va ekskursantlar yuqumli kasalliklarning yuqori darajadagi xavfiga uchrashi mumkin boʻlgan vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) sayohatni amalga oshirish boshlanguniga qadar xalqaro tibbiy talablarga muvofiq profilaktikadan oʻtishi shart.

Turistlar va ekskursantlar guruhlarini kuzatib boruvchi shaxslar birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun dasturiy asosda minimal tibbiy tayyorgarlikka, tibbiy buyumlarga hamda dori qutichasiga ega boʻlishi shart.

36-modda. Turoperatorlar va turagentlar tomonidan turistlar

va ekskursantlarning xavfsizligini taʼminlashga

doir chora-tadbirlar

Turoperatorlar turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida:

mustaqil turizmni amalga oshiruvchi turistlar va ekskursantlar murojaat qilgan taqdirda, turistlar va ekskursantlarni yoʻnalishning xususiyati hamda ularning oʻz xatti-harakatiga bogʻliq holda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf manbalari haqida xabardor qilishi, turistlar va ekskursantlarni jarohatlanish hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish va ulardan himoyalanish usullari bilan tanishtirishi, shuningdek yoʻnalishdagi xavfsizlik texnikasi boʻyicha turistlar va ekskursantlarga yoʻl-yoʻriq berishi;

falokatga uchragan turistlar va ekskursantlarga tezkor yordam koʻrsatishi;

togʻ, trek, changʻi, velosiped, mototsikl, gʻor turizmi (tabiiy yer osti yoʻlaklari – gʻorlarga sayohatlar) va turizmning boshqa maxsus turlarini tashkil etish hamda amalga oshirishdagi xavfsizlikning alohida talablarini ishlab chiqishi va amalga oshirishi;

sayohat vaqtida turistlar, ekskursantlar bilan sodir boʻlgan favqulodda hodisalar toʻgʻrisida, shuningdek sayohatdan qaytib kelmagan turistlar hamda ekskursantlar haqida vakolatli davlat organini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini va manfaatdor shaxslarni darhol xabardor qilishi;

turistlar va ekskursantlarga sayohatlarning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisida, shuningdek sayohat qilish chogʻida ular duch kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar haqida toʻliq maʼlumotlar taqdim etishi hamda turistlar va ekskursantlarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ogohlantiruvchi chora-tadbirlarni amalga oshirishi;

togʻli hududda togʻ, trek, changʻi, velosiped, mototsikl va gʻor turizmi hamda turizmning otda sayr qilish turlarini tashkil etish va amalga oshirishda yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar xizmatlaridan foydalanishi shart.

Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida koʻrsatib oʻtilgan majburiyatlar turagentlarning ham zimmasiga yuklatiladi.

Sayohatlarni turistlar va ekskursantlar harakatlanishining faol shakllaridan foydalangan holda tashkil etishga ixtisoslashgan turoperatorlar turistlar hamda ekskursantlarning xavfsizligini taʼminlash, ekstremal vaziyatlarda ularga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish maqsadida qidiruv-qutqaruv xizmatlari, shoshilinch operativ xizmatlar hamda boshqa qutqaruv xizmatlari bilan xizmat koʻrsatilishi uchun shartnomalar tuzadi.

37-modda. Turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini

taʼminlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan,

qutqaruv va shoshilinch xizmatlar

Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida falokatga uchragan turistlar va ekskursantlarga zarur yordam koʻrsatish ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi.

Qidiruv-qutqaruv xizmatlari, shoshilinch operativ xizmatlar va boshqa qutqaruv xizmatlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek sogʻliqni saqlash, aloqa, ichki ishlar organlari, davlat oʻrmon xoʻjaligi, gidrometeorologiya, fuqaro aviatsiyasi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatadi.

38-modda. Turizm sohasida sugʻurta qilish

Turistlar va ekskursantlarni sugʻurta qilish ixtiyoriydir, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno hamda turistlar va ekskursantlar tomonidan bunday faoliyatni olib borish huquqiga ega boʻlgan tegishli sugʻurta tashkilotlari bilan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

Turoperatorlar va turagentlar turistik mahsulotning xususiyati hamda shakliga qarab turistlar va ekskursantlarda sugʻurta polisi mavjud boʻlishi toʻgʻrisida talab belgilash huquqiga ega.

Turoperatorlar oʻzining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilishi shart.

10-bob. Yakunlovchi qoidalar

39-modda. Turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik

Turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hamda qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi.

40-modda. Nizolarni hal etish

Turizm sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

41-modda. Turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini

buzganlik uchun javobgarlik

Turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

42-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun

hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish

toʻgʻrisida

Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:

1) Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustda qabul qilingan “Turizm toʻgʻrisida”gi 830–I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 9, 227-modda);

2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 20-avgustda qabul qilingan “Turizm toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida»gi 831–I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 9,
228-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 6-aprelda qabul qilingan “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish tartib-taomillari soddalashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kirish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 157-modda)
7-moddasi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-aprelda qabul qilingan «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish 
va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ–476-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 224-modda) 36-moddasi.

43-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini,

mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini

taʼminlash

Vakolatli davlat organi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

44-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga

muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

45-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining

Prezidenti                                                                                           Sh. Mirziyoyev

 

O’zA