O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Navoiy viloyatida yuqori malakali, chuqur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘sha oladigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PF–5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil ta’minlash maqsadida:
1. Navoiy davlat konchilik instituti Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet) etib qayta tashkil etilsin.
2. Universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish;
yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va masofaviy ta’lim texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;
zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya bazasini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi uchun yangi ishlanmalarni yaratish, talabalarga ta’lim jarayonida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoit yaratish;
sanoat tashkilotlarining muammolarini yechishga qaratilgan ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish, tadqiqot natijalari va ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb etish, respublika va yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, talabalar nazariy bilimlarining ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;
o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish.
3. Universitet huzurida quyidagilar tashkil etilsin:
a) Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filiali negizida – Nukus konchilik instituti;
b) “Navoiy” ilmiy-texnologiya sanoat parki;
v) 2022/2023 o‘quv yilida:
Navoiy davlat pedagogika instituti huzuridagi Karmana xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi negizida – Karmana politexnika texnikumi;
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tizimidagi Nurota sanoat-konchilik kolleji negizida – G‘ozg‘on politexnika texnikumi.
Navoiy davlat konchilik instituti huzuridagi Uchquduq sanoat texnikumi va Zarafshon sanoat texnikumi Universitet huzuriga o‘tkazilsin.
4. Universitet faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqaruv kengashi (keyingi o‘rinlarda – Boshqaruv kengashi) tashkil etilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Boshqaruv kengashiga (Q.S. Sanaqulov):
a) quyidagi vazifalar yuklatilsin:
Universitetning yaqin, o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan rivojlantirish dasturini, moliyaviy yil uchun mo‘ljallangan biznes-rejasini, daromad va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash hamda ularning ijrosini nazorat qilish;
Universitetda ta’lim jarayonining amaliyot bilan uyg‘unligini, xususan, talabalarning o‘quv jarayonida olgan nazariy bilimlari ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash;
Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy maktablarni rivojlantirish;
Universitetning ta’lim va tadqiqot jarayonlariga malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali aloqalar o‘rnatish;
Universitetning ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar transferi jarayonlarini rivojlantirish hamda ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalar bo‘yicha buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorligini o‘rnatish;
ta’lim va tadqiqot jarayonlariga investitsiyalarni jalb etish, ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtirish, startaplar va akselerator faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish;
b) quyidagi vakolatlar berilsin:
ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilash;
ish beruvchilar talablarini inobatga olgan holda, o‘quv rejalaridagi nazariy ta’lim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashg‘ulotlar hajmini oshirish, haftada bir kunlik amaliyot tajribasini qo‘llash;
Universitet rektori va prorektorlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha taqdimnoma kiritish;
Universitet va uning tasarrufidagi ta’lim tashkilotlari tuzilmalarini tasdiqlash;
Universitetning tashkiliy tuzilmasiga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan yangi lavozim va tarkibiy bo‘linmalar hamda qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish.
5. Belgilansinki:
Universitet davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
Universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutiga talabalarni qabul qilish parametrlari har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi doirasida aniqlanadi;
Navoiy davlat konchilik instituti va uning Nukus filiali talabalari o‘qishini tegishliligi bo‘yicha Universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutida davom ettiradi;
Universitet huzuridagi texnikumlarda sanoat, konchilik, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish, energetika, elektrotexnika, xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
Karmana xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi hamda Nurota sanoat-konchilik kollejida ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘qishni bitirgunlariga qadar mazkur ta’lim muassasalarida amaldagi ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishini davom ettiradi;
Universitet, uning huzuridagi Nukus konchilik instituti, Karmana va G‘ozg‘on politexnika texnikumlari tegishlicha Navoiy davlat konchilik instituti, uning Nukus filiali, Karmana xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi hamda Nurota sanoat-konchilik kollejining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
6. Quyidagilar:
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti faoliyatini yo‘lga qo‘yish va uni 2026 yilga qadar kompleks rivojlantirish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini 2026 yilga qadar rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida tashkil etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini amaliyot o‘tash ob’ektlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxonalari va tashkilotlarga biriktirish jadvali 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:
xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasasining dasturi asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish;
Universitet faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlarni shartnoma asosida ko‘rsatish, shuningdek, taqdim etiladigan xizmatlarni samarali amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni tashkil etish;
ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga Boshqaruv kengashi tomonidan belgilangan miqdorda Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maosh va boshqa to‘lovlarni to‘lash;
professor-o‘qituvchilarni o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha bajargan ishlarining natijasi bo‘yicha rag‘batlantirib borish.
8. Belgilansinki, Universitet faoliyati Davlat byudjeti mablag‘lari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, grantlar va homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
9. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” davlat muassasasining:
Universitetda ta’lim jarayonining ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta’minlash hamda Universitet huzuridagi “Navoiy” ilmiy-texnologiya sanoat parkini joylashtirish maqsadida “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi avtota’mirlash sexi 2-korpus binosini jihozlari bilan birgalikda Universitetga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish;
o‘z mablag‘lari hisobidan Universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilarini moddiy rag‘batlantirish, shuningdek, o‘quv va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
10. Navoiy viloyati hokimligi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ, “Navoiyuran” DK va hududdagi boshqa sanoat korxonalari bilan birgalikda:
Universitetning bakalavriat bosqichi yuqori kurs talabalarini va magistrantlarini ish haqi to‘lanadigan tizim orqali band qilish, jumladan, ularga amaliyot o‘tash davrida haq to‘lash tizimini joriy etish;
Universitet professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlariga ishlab chiqarish korxonalarida stajirovka o‘tash va ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun sharoit yaratish choralarini ko‘rsin.
11. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
a) 2022/2023 o‘quv yiliga qadar:
Universitetni tanlov asosida ishlab chiqarish tashkilotlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida katta ilmiy va (yoki) amaliy tajriba orttirgan mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish chorasini ko‘rsin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Universitetning ixtisoslashgan fakultet va kafedralarini mos yo‘nalishlari bo‘yicha davlat ulushiga ega yirik xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlasin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Universitetni yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulash hamda zarur telekommunikatsiya jihozlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
b) Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Navoiyuran” DK bilan birgalikda:
2022/2023 o‘quv yiliga qadar Universitet huzuridagi “Navoiy” ilmiy-texnologiya sanoat parkini zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlasin va uning faoliyatini yo‘lga qo‘ysin;
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Universitet huzuridagi “Navoiy” ilmiy-texnologiya sanoat parkida yetakchi chet el tadqiqot markazlari va malakali xorijiy olimlar ishtirokida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishni yo‘lga qo‘ysin;
v) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Universitetning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tegishli magistratura mutaxassisliklari va 2023 yildan boshlab tayanch doktoranturada kadrlarni maqsadli tayyorlash choralarini ko‘rsin;
g) Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Universitetda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda texnika yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ysin;
d) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Universitet faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlari, donorlar va boshqa xorijiy tashkilotlarning mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘rsin;
ye) har yilgi investitsiya dasturiga kiritish uchun Universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik instituti bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash ishlarini sohaga ajratilgan limitlar doirasida amalga oshirish yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga takliflar taqdim etib borsin.
12. Navoiy viloyati hokimligi Universitetga o‘z faoliyatini samarali tashkil etish hamda yangi bino va inshootlarni qurish uchun zarur yer maydonlarining doimiy foydalanish huquqi asosida belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlasin.
13. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Nukus temir yo‘l transporti kolleji binosini Universitet huzuridagi Nukus konchilik institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish hamda uni mazkur kollej bino
va inshootlariga bepul joylashtirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
14. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi – bosh direktori Q.S. Sanaqulov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 31 mart