Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Bolalar musiqa va sanʼat maktablarida taʼlim-tarbiya berish sifatini yangi bosqichga koʻtarish, koʻp yillar davomida oʻzining fidokorona xizmatlari bilan taʼlim samaradorligini oshirishga hissa qoʻshib kelayotgan bolalar musiqa va sanʼat maktablari rahbar va pedagog xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning ijodiy mahorati va mehnatini munosib ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining bolalar musiqa va sanʼat maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini 2019-yil 1-oktyabrdan:
direktor va direktor oʻrinbosarlari uchun – 1,5 baravarga;
oʻqituvchilar va konsertmeysterlar uchun – 1,25 baravarga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
a) bolalar musiqa va sanʼat maktablarida oʻquv-tarbiya jarayonini tubdan yaxshilash maqsadida ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida:
taʼlim sifatini baholashning zamonaviy tizimini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni nazarda tutgan holda oʻquv reja va dasturlarni qayta koʻrib chiqsin hamda tasdiqlasin;
b) bolalar musiqa va sanʼat maktablari:
rahbar xodimlari lavozimiga nomzodlarni tanlov asosida saralash amaliyotini joriy qilish va ularni ragʻbatlantirishni kuchaytirish;
rahbar xodimlarining masofadan turib malakasini oshirish tizimini samarali tashkil etish va qamrovini kengaytirish;
oʻqituvchilari va konsertmeysterlariga nisbatan malaka talablari, ular faoliyatini baholash tizimi hamda taʼlimning mazmun va sifatiga qoʻyilgan davlat talablarini takomillashtirish choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun talab etiladigan zarur mablagʻlarni 2019-yil uchun ajratsin hamda 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 30-sentyabr