q a r o r i
Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi. Ulugʻ shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egalladi.
Soʻnggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, shoir tugʻilgan qutlugʻ 9-fevral sanasini har yili adabiyot va maʼrifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash anʼanasi qaror topdi. Ulugʻ soʻz sanʼatkorining asarlari muntazam nashr etilib, navoiyshunoslik sohasida koʻplab tadqiqotlar olib borilmoqda, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar oʻtkazilmoqda.
Shu bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani, mamlakatimiz hamda bir qator xorijiy davlatlarda haykallari oʻrnatilgani, asarlar toʻplami toʻliq nashrdan chiqarilgani, poytaxtimiz markazidagi ulugʻ bobomizning muazzam meʼmoriy yodgorligiga mutanosib ravishda Adiblar xiyoboni barpo etilgani madaniy hayotimizdagi ulkan voqealarga aylandi.
Jonajon Vatanimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qoʻyib, yangi Uygʻonish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida oʻzbek adabiyoti va madaniyatini chuqur oʻrganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Alisher Navoiy asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy gʻoyalarning jahon tamaddunida tutgan oʻrnini hamda oʻsib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini nazarda tutib, shuningdek, ulugʻ shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yana-da chuqur tadqiq qilish va keng targʻib etish maqsadida:
1. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda keng jamoatchilik vakillarining 2021-yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini nishonlash boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – chora-tadbirlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmitaga Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini nishonlash doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, mazkur qaror va chora-tadbirlar dasturining oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifalari yuklatilsin.
3. Vazirlar Mahkamasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Alisher Navoiy hayoti va ijodini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng oʻrganish va targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini ishlab chiqsin;
Alisher Navoiyning ijodiy merosini chuqur oʻrganish va ommalashtirishga ulkan hissa qoʻshgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordenini taʼsis etish yuzasidan taklif kiritsin;
Afgʻoniston Islom Respublikasining Hirot shahridagi Alisher Navoiyning maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganib chiqsin va natijasi boʻyicha taklif kiritsin.
4. Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Davlat bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qoʻlyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralarini koʻrsin.
5. Fanlar akademiyasi:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2020-2021-yillar davomida Alisher Navoiyning qoʻlyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashrini yaratish ishlarini amalga oshirsin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2020-yil dekabrga qadar Alisher Navoiy ijodiy merosining sharhini yaratish ishlarini yakuniga yetkazsin hamda ularni “Navoiy va yoshlar” maxsus dasturida joylashtirish uchun Yoshlar ishlari agentligiga taqdim etsin;
Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida 2021-yil noyabr oyida Alisher Navoiy yashagan davr, shoir hayoti, ijodi, adabiy muhiti, ustozlari, zamondoshlari va izdoshlari haqida hikoya qiluvchi, asarlarining qoʻlyozma va nashr nusxalari toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi adabiy-badiiy koʻrgazmani tashkil etsin.
6. Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovini eʼlon qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2021-yil oxiriga qadar Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani boʻyicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasini yaratsin.
8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz oʻqitish konsepsiyasini ishlab chiqsin hamda 2021/2022 oʻquv yilidan barcha taʼlim muassasalarida shu asosda oʻqitishni yoʻlga qoʻysin.
9. Yoshlar ishlari agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil dekabrga qadar quyidagi masalalarni oʻz ichiga olgan “Navoiy va yoshlar” maxsus dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirsin:
umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Navoiy vorislari” gʻazalxonlik tanlovi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari oʻrtasida “Navoiyni anglash” mavzusida insholar tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash;
beshta muhim tashabbus doirasida yosh dasturchilarni keng jalb etgan holda Alisher Navoiy asarlarining mobil ilovalarini yaratish va ularni yoshlar oʻrtasida ommalashtirish.
10. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi va Toshkent shahar hokimligining 2021-yilda Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabini tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Navoiy viloyati va Toshkent shahar hokimliklari tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil noyabr oyining birinchi oʻn kunligida Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani hamda Toshkent shahrida Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy anjumanni yuqori saviyada oʻtkazsin.
12. Madaniyat vazirligi 2021-yilda Alisher Navoiy hayoti va asarlari asosida yangi spektakllar yaratish hamda “Navoiy siymosi va asarlari sahnada” respublika teatrlarining festivalini oʻtkazish, shoir gʻazallari asosida “Nazm va navo” kechalarini, maqom tanlovlarini tashkil etishni taʼminlasin.
13. “Oʻzbekkino” milliy agentligi 2021-yil davomida Alisher Navoiy asarlari asosida badiiy va multiplikatsion filmlar, shoir hayoti va ijodi bilan bogʻliq yangi maʼlumotlar va manbalar asosida toʻliq metrajli badiiy-publitsistik film yaratish choralarini koʻrsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Moliya vazirligi Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2021-yilda “Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi” rukni ostida shoir asarlari, uning hayoti va ijodi haqidagi ilmiy va ommabop kitoblar turkumini chop etish choralarini koʻrsin.
15. Tashqi ishlar vazirligi 2021-yildan boshlab muntazam ravishda:
Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirlar tashkil etish;
chet elda istiqomat qilayotgan oʻzbek tili mutaxassislari, tarjimonlarni jalb etgan holda Alisher Navoiyning asarlarini chet tillarga tarjima qilish, nashr etish va xorijiy mamlakatlarda taqdimotlarini oʻtkazish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirsin.
16. Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi binosini toʻliq rekonstruksiya qilish, yangi zamonaviy ekspozitsiya yaratish, zarur texnik va ashyoviy jihozlar bilan taʼminlash uchun kerakli mablagʻlar ajratish choralarini koʻrsin hamda 2021-yil oktyabrga qadar taʼmirlash ishlarini yakuniga yetkazsin.
17. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va Respublika “Hunarmand” uyushmasi 2021-yil fevral oyida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan tasviriy sanʼat asarlari, miniatyuralar, xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmalarini oʻtkazsin.
18. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish, shoir asarlari asosida maxsus koʻrsatuv va eshittirishlar, oʻquv-maʼrifiy filmlar yaratish tavsiya etilsin.
19. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib Davlat byudjeti mablagʻlari, tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
20. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 19-oktyabr