O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Mamlakatimizda qadimdan shakllanib kelayotgan kulolchilik an’analarini asrab-avaylash, tiklash va rivojlantirish, xalqaro darajada keng targ‘ib qilish, kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va uning eksportini oshirish, usta kulol hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, usta-shogird maktablari faoliyatini takomillashtirish maqsadida:
1. 2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marta sentyabr oyida Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi (keyingi o‘rinlarda – Forum) hamda uning doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, ko‘rik-tanlov, taqdimot va namoyishlar, ko‘rgazma-savdolar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazib borilsin.
Belgilansinki:
Forum har ikki yilda bir marta sentyabr oyida Qo‘qon shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivali bilan uyg‘un holda;
dastlabki Forum va uning doirasida “An’anaviy kulolchilikni saqlash va uni rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 2022 yil sentyabr oyida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida Qo‘qon shahrida o‘tkaziladigan II Xalqaro hunarmandchilik festivali kunlari tashkil etiladi.
2. Xalqaro hunarmandchilik festivalini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin, shuningdek, ushbu Tashkiliy qo‘mita Forumni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ham Tashkiliy qo‘mita hisoblansin.
3. Tashkiliy qo‘mitaga (A.A.Abduxakimov):
Forumni yuqori badiiy saviyada o‘tkazish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, bu borada mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
Forum sovrindorlariga topshiriladigan diplom va sertifikatlar namunalarini tayyorlash hamda tasdiqlash;
Forumni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etish vazifalari yuklansin.
4. Belgilansinki:
a) Forum Tashkiliy qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda kelgusida bosqichma-bosqich respublikaning boshqa hududlarida o‘tkazilishi mumkin;
b) Forum bevosita (oflayn) yoki aralash shaklda (oflayn-onlayn) o‘tkazilishi mumkin;
v) 2022 yildan keyin Forumni tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” “Hunarmand” uyushmasi tomonidan ishlab chiqiladi hamda uni o‘tkazishdan kamida 6 oy oldin belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
g) Forumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Tashkiliy qo‘mita tomonidan ishlab chiqiladigan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:
Forumga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Forum o‘tkaziladigan joy sifatida belgilangan hudud mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
Forumni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi – Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, 50 foizi – Forum o‘tkazish belgilangan hudud mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Forum hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari bilan tashkil etilgan boshqa xalqaro madaniy tadbirlar doirasida:
a) 2022 yil 1 martga qadar Forum rasmiy veb-sayti ishga tushiriladi, jumladan, unda hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovg‘alari realizatsiyasi tashkil etiladi hamda veb-sayt elektron savdo platformalari bilan integratsiya qilinadi.
Forum rasmiy veb-sayti orqali hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovg‘alari realizatsiya qilinganda 2024 yil 1 oktyabrga qadar davlat xaridlarini amalga oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi. Bunda, davlat buyurtmachilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilganligi to‘g‘risidagi axborotni shartnoma tuzilgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirishi shart;
b) muzey do‘konlari, esdalik sovg‘alari savdo tarmoqlarining vakillari, xalqaro xaridorlar, mashhur kolleksionerlar tadbirlarga taklif etiladi, ularning O‘zbekistonga kelib-ketishi va bo‘lishi bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash ushbu xalqaro madaniy tadbirlarning smetasida nazarda tutiladi. Bunda, ularning ro‘yxati tegishli xalqaro tadbirlarning tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi;
v) qonunchilikda xorijga olib chiqib ketish uchun badiiy ekspertizadan o‘tkazilishi talab etiladigan hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovg‘alari ular sotib olingan kunda tadbirlar o‘tkazilayotgan joyning o‘zida to‘lov undirilmasdan badiiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Tashkiliy qo‘mita (A.A.Abduxakimov) ushbu bandda belgilangan vazifalar amalga oshirilishini tashkil qilsin, Forum rasmiy veb-saytini yaratish bilan bog‘liq xarajatlarni Forumning xarajatlar smetasida nazarda tutsin.
6. Farg‘ona viloyati hokimligi (X.X.Bozarov) Savdo-sanoat palatasi (A.I.Ikramov), “Hunarmand” uyushmasi (U.T.Abdullayev), Turizm va sport vazirligi (U.A.Azamov) bilan birgalikda uch oy muddatda Forumni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni hamda Forumni 2022 yilda tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Tashqi ishlar vazirligi (A.X.Kamilov):
xorijiy davlatlardan kulolchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, mahoratli kulollar, amaliy san’at ustalari, soha olimlari va mutaxassislari, faxriy mehmonlarni Forumga taklif etishda tashkilotchilarga amaliy yordam ko‘rsatsin;
Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasining viza talabnomalariga binoan Forumning xorijiy ishtirokchilari uchun kirish vizalarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
8. Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) Savdo-sanoat palatasi (A.I.Ikramov), “Hunarmand” uyushmasi (U.T.Abdullayev) va Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov) bilan birgalikda Forumning tantanali ochilish marosimini har tomonlama puxta va badiiy jihatdan betakror usulda o‘tkazish uchun yuksak professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenariynavis va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, hunarmandlar, sahnalashtiruvchi rassomlar, iste’dodli san’atкорлaрniнg belgilangan tartibda keng jalb etilishini ta’minlasin.
9. Forum o‘tkaziladigan joy sifatida belgilangan hudud inobatga olingan holda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jumladan, 2022 yilda o‘tkaziladigan Forum bo‘yicha Farg‘ona viloyati hokimligi (X.X.Bozarov):
a) tegishli hududlarda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, Forum o‘tkaziladigan sahna maydonlari hamda joylarning talab darajasida tayyorlanishini;
b) Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Kinematografiya agentligi va Badiiy akademiya bilan birgalikda:
Forum doirasida tadbirlar o‘tkaziladigan hududda kulolchilik san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, kulolchilik buyumlari, qadimiy kulolchilik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari, kulolchilikka oid badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvi tashkil etilishini;
Forum doirasida teatrlashtirilgan tomoshalar, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlari namoyish etilishini;
Forum dasturi ishlab chiqilishini va Forum boshlanishidan uch oy oldin turistik tashkilotlarga taqdim etilishini, Internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini;
Forumning turizm kalendar rejasiga kiritilishini hamda unga xorijiy mehmonlar va sayyohlar jalb qilinishini;
v) Turizm va sport vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Forum qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joy ajratilishini ta’minlasin.
10. Quyidagilar:
Farg‘ona viloyati hokimligi (X.X.Bozarov) Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar milliy hunarmandchilikning kulolchilik yo‘nalishlarini YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritishga tavsiya etish bo‘yicha;
Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari “Hunarmand” uyushmasi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2025 yil yakuniga qadar tegishlicha hunarmandchilikning hududda rivojlangan yo‘nalishini inobatga olib, Rishton, Marg‘ilon, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Shahrisabz va Nurota shaharlarini Jahon hunarmandlari shahri мaқомиni olishga tavsiya etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Belgilab qo‘yilsinki, ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlar xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy ekspert va malakali mutaxassislarni jalb etgan holda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
11. Transport vazirligi (I.R.Maxkamov) Forum qatnashchilarini Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi buyurtmalariga muvofiq, belgilangan tartibda avia va temir yo‘l chiptalari bilan ta’minlasin.
12. Toshkent shahar hokimligi (J.A.Artikxodjayev) Savdo-sanoat palatasi (A.I.Ikramov) va “Hunarmand” uyushmasi (U.T.Abdullayev) bilan birgalikda Forumga tashrif buyuruvchi xorijiy mehmonlar va qatnashchilarni кутиb olish, joylashtirish va ularni Forum o‘tkaziladigan hududga yuborishni tashkil etsin.
13. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev) Forum o‘tkaziladigan joylarda va ushbu tadbirlar davomida tez tibbiy yordam punktlarini tashkil etsin hamda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga qat’iy rioya qilinishini nazorat qilsin.
14. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.K.Ko‘chimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev), “Dunyo” axborot agentligi (S.L.Suyarov) va boshqa ommaviy axborot vositalari Forumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borishni tashkil etsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Savdo-sanoat palatasi raisi A.I.Ikramov hamda “Hunarmand” uyushmasi raisi U.T.Abdullayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 23 avgust