O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini ta’sis etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 25-iyulda qabul qilingan PF-3781-sonli Farmoni va O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlari kengashining 2017-yilgi Davlat mukofotlari bo‘yicha taklifiga binoan mamlakatimiz ilm-fani, adabiyoti va san’atini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-ma’rifiy hayotida alohida e’tiborga sazovor bo‘lgan, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan fundamental tadqiqotlari, zamon talablariga javob beradigan yuksak, mazmunan dolzarb ijodiy ishlari uchun
Birinchi darajali davlat mukofotlari quyidagilarga berilsin:
fan va texnika sohasida (fan va texnika sohasida ko‘zda tutilgan 1 ta birinchi darajali Davlat mukofoti o‘rniga 2017-yil uchun istisno tariqasida 2 ta birinchi darajali mukofot berilishi belgilansin):
– Ayupov Shavkat Abdullayevich, Kudaybergenov Karimbergen Kadirbergenovich, Omirov Bahrom Abdazovich, Roziqov O‘tkir Abdullayevichga – “Noassotsiativ algebralar, differensiallash va nochiziqli dinamik sistemalar nazariyalarini rivojlantirish” fundamental tadqiqoti uchun;
– Inoyatova Flora Ilyasovna, Ahmedova Dilorom Ilhomovna, Amonov Shavkat Ergashevichga – “Og‘ir eshitish zaifligi va karligi bo‘lgan bolalarning reabilitatsiyasi” amaliy tadqiqoti uchun;
adabiyot sohasi bo‘yicha:
– Qodirov Pirimqulga (marhum) – “Amir Temur siymosi” va “Til va el” asarlari uchun;
san’at va me’morchilik sohasi bo‘yicha:
– Matyoqubov Otanazarga – o‘zbek klassik musiqasining tarixi, nazariy asoslari va zamonaviy jarayonlarga ta’siri haqidagi tadqiqotlar turkumi. “Maqomot”, “Buxoro Shashmaqomiga yana bir nazar”, “Xorazm nota yozuvining tarixi va tamoyillari”, “O‘zbek klassik musiqasi asarlari” (ikki tomli, o‘zbek va rus tillarida) kabi musiqashunoslikka oid asarlar majmuasi uchun.
Ikkinchi darajali davlat mukofotlari quyidagilarga berilsin:
fan va texnika sohasida:
– Tillashayxov Mirzag‘olib Nig‘matovich, Parpiyeva Nargiza Nusratovna, Belotserkovets Vera Georgiyevnaga – “O‘zbekiston Respublikasida aholiga ko‘rsatiladigan silga qarshi xizmatni takomillashtirishning fundamental asosini yaratish” amaliy tadqiqoti uchun;
adabiyot sohasi bo‘yicha:
– Saidov Sirojiddin Salohovich (Sirojiddin Sayyid)ga – “Ochil, ey gul, ki bo‘ston vaqti bo‘ldi” kitobi uchun;
san’at va me’morchilik sohasi bo‘yicha:
– Shoyoqubov Shoxalil Karimovichga – “Zamonaviy O‘zbekiston miniatyurasi” (o‘zbek, rus va ingliz tillarida) kitob-albomi uchun.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 23-avgust