Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
 
q a r o r i
Muborak Qurbon hayitining maʼnaviy hayotimizdagi oʻrni, mohiyati va ahamiyatini, xalqimizga xos boʻlgan mehr-oqibat, shukronalik va bagʻrikenglik ramzi ekanini eʼtiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni asrash va ulugʻlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2019-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 11-avgust – yakshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2019-yil 11-avgust Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Qurbon hayitining joylarda yuqori saviyada, xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
 
Prezidenti                                                              Sh. Mirziyoyev
Toshkent shahri

 

O’zA