O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish siyosatini davom ettirish hamda ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, shuningdek, pedagog va tibbiyot xodimlari mehnatini qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida:
1. 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 15 foizga oshirilsin. Bunda:
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 428 000 so‘m;
yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 834 000 so‘m;
nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 920 000 so‘m etib;
fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar miqdorlari ilovaga muvofiq belgilansin.
2. 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab:
byudjet tashkilotlarida ishlovchi tibbiyot xodimlari, shuningdek, maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari, “Muruvvat” internat uylari, bolalar va mehribonlik uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlovchi pedagog xodimlarning ish haqi miqdori – 15 foizga oshirilsin;
byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori – 10 foizga oshirilsin, mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan xodimlar bundan mustasno;
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 155 000 so‘m;
bazaviy hisoblash miqdori – 375 000 so‘m etib belgilansin.
3. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplansin.
4. Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot
va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2024-yil 12-avgust