O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini ta’minlash hamda fuqarolarning daromadlarini oshirib borish maqsadida:

1. 2023 yil 1 apreldan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga oshirilsin.

2.  2023 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:

pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 347 000 so‘m;

yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 677 000 so‘m;

nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 747 000 so‘m;

mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 747 000 so‘m;

1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 296 000 so‘m;

belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (677 000 so‘mdan) 747 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 747 000 so‘m;

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m;

ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 535 000 so‘m;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m;

boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 198 000 so‘mdan qo‘shilsin;

boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 535 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lansin.

3. 2023 yil 1 maydan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshirilsin.

4. 2023 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:

mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 980 000 so‘m;

bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 000 so‘m etib belgilansin.

5. Belgilansinki:

byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlarini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar – O‘zbekiston Respublikasining “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini, shuningdek, ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari hisobidan;

pensiyalar va nafaqalar miqdorlarini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar – Davlat byudjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

6. Mazkur Farmon talablarini bajarish uchun talab etiladigan qo‘shimcha mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti xarajatlarini oshirish hisobiga moliyalashtirilsin.

Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.

7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                                                                                                  Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2023 yil 28 mart