O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

 

Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek, jamoatchilik tomonidan tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish yuzasidan bildirilgan takliflarni inobatga olib:

1. Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga yanada sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish uchun 2021 yil 1 iyuldan boshlab 10 mingta, 2022 yil 1 yanvardan boshlab esa yana qo‘shimcha 10 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratilsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev):

Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 июнгa qadar oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari ehtiyojidan kelib chiqib, ularning yangilangan shtat normativlarini tasdiqlasin;

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, 2021 yil 1 aвгустгa qadar o‘rta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish nuqtai nazaridan ularning malaka talablari, vazifalari, vakolatlari, javobgarligi, ixtisoslik yo‘nalishlarini kengaytirish, lavozimlarini, shuningdek, o‘quv dasturlari va режalarини to‘liq qayta ko‘rib chiqqan holda, o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirsin hamda uni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab to‘liq joriy qilsin.

2. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining ehtiyoj mavjud bo‘lgan og‘ir sharoitli tuman (shahar)lar tibbiyot birlashmalari rahbarlari lavozimlariga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ularning filiallari, oliy tibbiyot ta’lim muassasalari, ular huzuridagi klinikalarning malakali rahbar xodimlari va mutaxassislarini shartnoma asosida muayyan muddatga jalb qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ushbu rahbar xodimlar va mutaxassislarga asosiy ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini saqlagan holda, ular jalb qilingan tibbiyot birlashmasi rahbari lavozimidagi oylik ish haqini to‘liq to‘lab berilishini, ushbu xarajatlar hamda ularning uy-joy ijarasi to‘lovlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan qoplab berilishini ta’minlasin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan amaldagi koykalar fondining 10 foizi 2022 yil 1 yanvardan boshlab, yana qo‘shimcha 10 foizi 2023 yil 1 yanvardan boshlab to‘lov asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga ta’minlanadigan koykalar fondiga o‘tkaziladi;

bundan bo‘shaydigan Davlat byudjeti mablag‘lari tuman (shahar) shifoxonalarining dori vositalari, reaktivlar va tibbiyot uskunalari ta’minotini yaxshilashga hamda viloyat tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha koyka fondini tashkil etishga yo‘naltiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrga qadar 2022 yil uchun, 2022 yil 1 oktyabrga qadar esa 2023 yil uchun har bir tuman (shahar) shifoxonalari kesimida bo‘shaydigan mablag‘lar hajmini va ularni ishlatish yo‘nalishlarini belgilab bersin.

4. 2021 yil 1 iyuldan boshlab hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritilsin.

Hamshiralik ishi faoliyatini amalga oshirishga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun o‘rnatilgan tartib bilan bir qatorda quyidagi talablar belgilansin:

hamshiralik ishi faoliyatini faqat o‘rta tibbiy yoki oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli axborot tizimida 2022 yil 1 yanvardan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar amalga oshirishi;

tibbiy muolajalar mazkur Farmonning 1-bandi to‘rtinchi xatboshisiga muvofiq o‘rta tibbiyot xodimlari maqomini oshirishdan kelib chiqib bajarilishi;

hamshiralik ishi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxs belgilangan muddatlarda o‘z malakasini oshirib borishi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda o‘rta tibbiyot xodimlari tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan holda hamshiralik ishi faoliyatini amalga oshirish tartibini tasdiqlasin.

5. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev) 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul kvotasini ikki baravarga oshirsin.

Bunda, quyidagilarni nazarda tutuvchi klinik ordinaturada o‘qitishning yangi tizimi joriy etilsin:

a) klinik ordinatura o‘quv davrining ikkinchi yili hududlardagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlari filiallarida, viloyat bolalar va kattalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi filiallarida o‘tkaziladi, shuningdek, ma’lum bir qismi ish joyida davom ettiriladi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan:

hududga zarur bo‘lgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun tegishli mahalliy byudjetdan yetarli miqdorda grant ajratiladi hamda mazkur grant asosida ta’lim olgan bitiruvchilarga tegishli hududga borib, uch yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi;

hududga faoliyat yuritish uchun yuborilgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarning yashash xarajatlari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

6. 2021 yil 1 июлдaн boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat berilsin:

maxsus avtotransport vositasida tashkil etiladigan “mobil tibbiyot” xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish;

nodavlat tibbiyot tashkilotining o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat “tibbiy punkt”larini tashkil etish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mazkur bandda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amaliyotga to‘liq joriy etish maqsadida nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun zarur sharoitlar yaratsin, ular o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borsin.

7. Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 noyabrga qadar bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimini axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda joriy etsin. Bunda:

ehtiyojmand oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga muvofiq aniqlanishi;

imtiyozli toifadagi shaxslar uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolanadigan kasalliklar ro‘yxati, tibbiy xizmatlar hajmi va tibbiyot muassasasining darajalarini Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanishi;

imtiyozli toifadagi shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi, turi va kasalliklar ro‘yxatidan tashqari ko‘rsatiladigan tibbiy va boshqa yordamlar qo‘shimcha hisoblanishi hamda ular tomonidan belgilangan tartibda haq to‘lanishi nazarda tutilsin.

Moliya vazirligi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida bepul davolanishga orderlar berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlari uchun byudjet parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan 2021 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligiga qo‘shimcha 80 milliard so‘m mablag‘ ajratsin.

8. Sog‘liqni saqlash vazirligida Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin.

Jamg‘armani moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Davlat byudjeti mablag‘lari;

Sog‘liqni saqlash vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari;

davlat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan Jamg‘armaga yo‘naltiriladigan ajratmalar;

xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablag‘lari;

qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘roviga asosan 2021 yilda Jamg‘armaga 50 milliard so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratsin, 2022 yildan boshlab esa zarur mablag‘larni Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutsin.

Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘lari tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanadigan Ishchi guruhining qaroriga asosan hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislar, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, ularni moddiy rag‘batlantirish to‘lovlarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislarni tegishli mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan yashash joyi bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

9. Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi (keyingi o‘rinlarda – Palata) 2021 yil 1 iyuldan unga Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazini qo‘shib olish yo‘li bilan qayta tashkil etilsin hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga o‘tkazilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Palata Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazining mablag‘lari, mulki, shu jumladan, bino va inshootlari, avtotransport vositalari, uskuna, texnika va inventarlari Palataga o‘tkaziladi;

Palata rahbariga, zarur hollarda, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan shartnoma asosida mutaxassislar jalb qilish huquqi beriladi;

Palata va uning hududiy bo‘linmalari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan saqlanadigan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 110 ta etib belgilanadi.

10. Palataga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalarini berish;

tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining o‘z malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishini ta’minlash;

attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifalari berish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali uning shaffofligini ta’minlash.

11. Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. 2021 yil 1 iyundan boshlab tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlarini ro‘yxatdan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan xorijiy tashkilotlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, mazkur ilovada ko‘rsatilgan tashkilotlarning talablariga asosan sertifikatlangan tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlari O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmaydi hamda o‘rnatilgan tartibda o‘n besh ish kunidan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi (M.B.Azimov) Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, “O‘zstandart” agentligi, Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda mazkur bandda nazarda tutilgan tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlarini ortiqcha to‘siqlarga yo‘l qo‘ymasdan respublika hududiga olib kirish ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

13. Belgilab qo‘yilsinki, mazkur Farmonning 3 va 7-bandlari 26 ta tuman (shahar)larda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6110-son Farmonida, Sirdaryo viloyatida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4890-son qarorida belgilangan xususiyatlarni inobatga olgan holda qo‘llanilishi mumkin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 5-ilovaga muvofiq 2021 yil 1 iyundan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

16. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Bosh vazir maslahatchisi O.M.Umarov hamda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari A.A.Azizov “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish va kuzatib borish, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash, zarur bo‘lganda, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va kiritish, shuningdek, tibbiyot sohasini raqamlashtirish ahvoli va amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritish yuzasidan bevosita mas’ul ekanliklari belgilab qo‘yilsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari B.A.Musayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.To‘ychiyev, sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev, uning o‘rinbosarlari A.Sh.Inoyatov, U.Yu.Sobirov, E.I.Basitxanova, A.A.Azizov, A.V.Alimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

19. Ushbu Farmonning o‘z vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

      Prezidenti                                             Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 5 may