2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida ulkan qadamlar tashlanmoqda. Bularning barchasi qadimiy tarix va an’analarga ega bo‘lgan sharqona yangi yil bayrami – Navro‘zi olamning insonparvarlik mohiyati, uning bag‘rikenglik, saxovat va mehr-oqibat kabi azaliy qadriyatlari ahamiyatini yanada yuksaltirmoqda.

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi tarixiy o‘zgarishlarga mos holda, ma’no-mazmuni tobora chuqurlashib borayotgan Navro‘z ayyomini barcha shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda umumxalq sayli sifatida, yuksak tashkiliy saviyada va ko‘tarinki ruhda nishonlash maqsadida qaror qilaman:

1. 2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) bir hafta muddatda:

a) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va “Nuroniy” jamg‘armasining taklifiga ko‘ra Navro‘z umumxalq bayramining g‘oyaviy mazmunini kuchaytirishga oid konseptni (keyingi o‘rinlarda – Konsept) tasdiqlasin;

b) Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash bo‘yicha “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturini tasdiqlasin va uning amalga oshirilishini ta’minlasin.

3. Joylarda Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan barcha tadbirlarni Konseptda bayon etiladigan asosiy yo‘nalish
va tavsiyalarga mos holda yuksak darajada tashkil etish, ularda yurtdoshlarimizning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

a) bayram tadbirlarini borliqning uyg‘onishi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tiborni ifoda etadigan, yurtdoshlarimizni tinch va osuda hayotimizni qadrlab, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanib, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga chorlaydigan ta’sirchan mazmun va shaklda o‘tkazish;

b) mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, o‘zaro birlik va hamjihatlik fazilatlari Navro‘z kunlarida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lishini targ‘ib etish;

v) bu yilgi Navro‘z muborak Ramazon hayiti bayrami bilan hamohang tarzda nishonlanishi uning insonparvarlik tamoyillarini yanada kuchaytirishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxonlarini tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini mahalla faollari, yoshlar va xotin-qizlar vakillari ishtirokida uyushqoqlik bilan o‘tkazish;

g) “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, ko‘cha va maydonlar, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini o‘tkazish, “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyalarini, umumxalq hasharlarini tashkil etish;

d) jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash maqsadida yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarini keng namoyish qilish;

j) bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish, kitob ko‘rgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, ko‘chma savdo do‘konlarini tashkil etish, ko‘klam taomlarini tayyorlash hamda bu borada ko‘rgazmali savdo va tanlovlarni uyushtirish;

z) barcha shahar va qishloqlarda o‘tkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, har bir hududda uni nishonlash bilan bog‘liq udum va an’analarni keng yoritish;

i) Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish.

4. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov) Respublika Ma’naviyat
va ma’rifat markazi (O.Xasanov), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Konseptga muvofiq Toshkent shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan asosiy konsert tomoshasining dasturini ishlab chiqsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari:

a) bir hafta muddatda Navro‘z umumxalq sayillarini o‘tkazish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutadigan hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

i) umumxalq sayillari uyushtiriladigan asosiy maydonlar, ko‘cha
va xiyobonlarni bayramona bezatish;

ii) sayil va tomoshalarni mahalliy tajribali ssenaristlar
va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillari bilan birgalikda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rish;

iii) bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos bo‘lgan xalq o‘yinlari, tomoshalar, ko‘rgazmalar o‘tkazib, bahor taomlari sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil qilish;

b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, ko‘chalar, maydon va xiyobonlarni bezatishda malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;

v) barcha tadbirlar jamoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilingan holda o‘tkazilishini ta’minlasin.

6. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlarining xarajatlari:

a) Toshkent shahrida – respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                        Sh.MIRZIYOEV

 

 Toshkent shahri,

 2026-yil 6-mart