O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 fevraldagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4996-son qaroriga muvofiq, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari asosidagi innovatsion biznes-modellar, mahsulotlar va xizmat ko‘rsatish usullari rivojlanishi uchun qulay va maqbul ekotizim yaratish, ularni belgilab berilgan ustuvor tarmoqlar va sohalarda tezkorlik bilan joriy etish va amaliyotga tatbiq etish maqsadida:
1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligining eksperimental innovatsion tadqiqotlar doirasida Sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha maxsus rejimni (keyingi o‘rinlarda – maxsus rejim) joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Belgilansinki:
a) maxsus rejim etib uning doirasida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan tajriba-sinov ishlarini amalga oshirish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va xizmatlarni ko‘rsatish (keyingi o‘rinlarda – tajriba-sinov loyihalari) bilan bog‘liq faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar hamda ilmiy tashkilotlar uchun zaruriy tashkiliy-huquqiy sharoit yaratish, dasturiy mahsulotlarni tajribadan o‘tkazish va amaliyotga joriy qilish jarayonida yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarda yengillik yaratish tushuniladi;
b) maxsus rejim Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining (keyingi o‘rinlarda – IT-park) alohida bo‘g‘ini bo‘lib, uning ishtirokchilari IT-park rezidentlari hisoblanadi va ular o‘z faoliyatini eksterritoriallik prinsipi asosida amalga oshiradi;
tajriba-sinov loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 fevraldagi PQ–4996-son qarori bilan tasdiqlangan Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha 2021-2022 yillarda amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihalari hamda ustuvor tarmoqlar va sohalar doirasida amalga oshiriladi;
v) maxsus rejim talabgorlari uchun tajriba-sinov loyihalari doirasida faoliyatga ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlarni tezlashtirilgan va soddalashtirilgan holda olish tizimi joriy qilinadi. Bunda:
maxsus rejim talabgorlarining arizalari besh ish kuni ichida tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqiladi;
ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlarni olish uchun talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan qisqartiriladi;
ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlarni olish uchun belgilangan to‘lov miqdorlari 2 baravarga kamaytiriladi;
vakolatli davlat organi tegishli faoliyatni amalga oshirishning kamaytirilgan talablari va shartlarini belgilaydi;
g) maxsus rejim ishtirokchilariga tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish doirasida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5099-son Farmoni bilan IT-park rezidentlariga berilgan imtiyozlar va preferensiyalar tatbiq etiladi;
o‘z xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlashga ketgan xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 13 oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4862-son qarorida belgilangan tartibda davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi;
zarur bo‘lgan ma’lumot hamda hujjatlarni (davlat sirlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir belgilariga ega bo‘lgan ma’lumotlar bundan mustasno), shuningdek, shaxsga doir egasizlashtirilgan ma’lumotlarni vazirlik, idora va tashkilotlardan olish huquqi beriladi;
d) maxsus rejim faoliyatining muddati besh yilni tashkil etadi hamda uning faoliyat muddatini uzaytirish “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtirish komissiyasi)ning qarori asosida amalga oshiriladi;
ye) tajriba-sinov loyihalari bir yildaн ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
3. Belgilansinki:
a) maxsus rejim ishtirokchilari:
loyihalar tajriba-sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazilgandan so‘ng ularni to‘liq amaliyotga joriy qilishga ruxsat olishi mumkin;
mahsulotni realizatsiya qilishda va xizmatlarni ko‘rsatishda buyurtmachilarni tajriba-sinovdan o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida ogohlantiradi va ularning tegishli ro‘yxatini yuritadi;
tezlashtirilgan va soddalashtirilgan tartibda olingan ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlarda belgilab berilgan talablar va majburiyatlarga to‘liq rioya qilishi shart;
b) maxsus rejim va uning ishtirokchilari faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirishni ta’minlashga mas’ul – Muvofiqlashtirish komissiyasi;
v) maxsus rejim faoliyatini huquqiy tartibga solish va boshqarish sohasidagi ishchi organ – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hisoblanadi.
Bunda, maxsus rejim ishtirokchilarining ilmiy faoliyatini kuzatib borishga Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari jalb qilinadi.
4. Belgilab qo‘yilsinki, maxsus rejim faoliyati bo‘yicha mas’ul organlar va tuzilmalar quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:
a) Muvofiqlashtirish komissiyasi:
davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan maxsus rejim doirasida amalga oshiriladigan ishlarning o‘z vaqtida bajarilishini tizimli nazorat qiladi;
tegishli vakolatli davlat organi bilan tuzilgan shartnomalar asosida maxsus rejim ishtirokchilari tomonidan shaxsga doir egasizlashtirilgan ma’lumotlarni qayta ishlash tartibi va shartlarini, shuningdek, ularga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi;
tegishli vakolatli davlat organi bilan birgalikda maxsus rejim ishtirokchilariga sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan dasturiy mahsulotlarni tajribadan o‘tkazish va amaliyotga joriy qilish jarayonida yengillik yaratish hamda ishtirokchilarning ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlarni tezlashtirilgan va soddalashtirilgan tartibda olishini ta’minlaydi;
amaldagi qonunosti hujjatlarining tegishli normalarini tajriba-sinov loyihalari muddatida istisno qilish haqida qaror qabul qiladi;
sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish, yaratish, amalga oshirish va foydalanishning alohida shartlari hamda tartibini belgilaydi;
b) ishchi organ:
amaldagi qonunosti hujjatlarining tegishli normalarini tajriba-sinov loyihalari muddatida istisno qilish tartiblari bo‘yicha takliflarni tayyorlaydi;
maxsus rejim ishtirokchilariga tajriba-sinov loyihalari doirasida zarur bo‘ladigan ma’lumotlar ro‘yxatini shakllantiradi;
maxsus rejimning ekspert kengashlari nizomi, shuningdek, uning ishtirokchisi bilan tuziladigan faoliyat shartlari to‘g‘risidagi shartnoma shaklini tasdiqlaydi;
tajriba-sinov loyihalarini tatbiq etishda yuzaga keladigan to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida ishtirokchilarga maxsus rejim doirasida yengillik yaratish bo‘yicha takliflarni tayyorlaydi;
maxsus rejim jarayonida normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar tayyorlaydi hamda ko‘rib chiqish uchun vakolatli davlat organiga taqdim qiladi;
maxsus rejim tarkibiga ishtirokchilarni kiritish va chiqarish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun Muvofiqlashtirish komissiyasiga taqdim qiladi;
maxsus rejim ishtirokchilarini tajriba-sinov loyihalari muddati davomida tashkiliy-huquqiy, konsultativ qo‘llab-quvvatlaydi;
v) Muvofiqlashtirish komissiyasi va tegishli vakolatli davlat organning qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida davlat organlari va tashkilotlari:
shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga to‘liq rioya qilgan holda, shaxsga doir egasizlashtirilgan ma’lumotlarni taqdim etadi;
ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlarni tezlashtirilgan va soddalashtirilgan tartibda beradi.
5. Vazirlar Mahkamasi yigirma kun muddatda quyidagilarni nazarda tutadigan Sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus rejimni tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin:
maxsus rejim ishchi organining faoliyatini tashkil etish;
talabgorlar tomonidan maxsus rejimda ishtirok etish uchun ariza bilan murojaat qilish, arizani ko‘rib chiqish, ularni maxsus rejim ishtirokchilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va ishtirokchi maqomidan mahrum qilish asoslari;
talabgorlarga qo‘yiladigan talablar, maxsus rejim ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlari, ularga berilayotgan imtiyozlar va preferensiyalar ro‘yxati;
ustuvor yo‘nalishlardagi sohalar bo‘yicha ekspert kengashlari tarkiblari.
6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu qarorning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish bo‘yicha ishlarni tashkil etsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir maslahatchisi O.M.Umarov hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M.Sadikov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 26 avgust