q a r o r i
Ekin maydonlari va aholi tomorqalaridan oqilona foydalanish, eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, shu jumladan, sarimsoqpiyoz yetishtirish va eksport qilish hajmlarini koʻpaytirish, kambagʻallikni qisqartirish va aholining moddiy manfaatdorligini oshirish borasidagi ishlarni tizimli davom ettirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi (keyingi oʻrinlarda – Uyushma) hamda uning masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda – hududiy jamiyatlar) tashkil etilganligi;
hududiy jamiyatlar Uyushmaning muassislari hisoblanishi;
Uyushma faoliyatini moliyalashtirish manbalari aʼzolik badallari, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, ilmiy tadqiqotlarni olib borish uchun ajratilgan davlat grantlari hamda xalqaro moliya institutlari grantlari hisoblanishi;
Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida Sarimsoqpiyoz yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etilganligi, 400 gektar maydonda klaster usulida aholi xonadonlarini biriktirish orqali sarimsoqpiyoz yetishtirish yoʻlga qoʻyilganligi;
Uyushmaga mahsulot yetishtiruvchilarga agronomik tavsiyalar berishda, eng maqbul davlatlarga qulay vaqtlarda eksport qilishda koʻmaklashish, ularning malakasini oshirish vazifalari yuklatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 2021-2022-yillar hosili uchun avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini turlari boʻyicha yetishtirish hajmi toʻgʻrisidagi takliflari 1-3-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.
3. Belgilansinki:
avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlari Uyushma taklifiga muvofiq paxta va gʻalla maydonlaridan qisqartirilgan, foydalanishga kiritiladigan, zaxiradagi yerlar, shuningdek, takroriy ekin sifatida gʻalladan boʻshaydigan va boshqa yer maydonlariga joylashtiriladi;
Uyushma Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlarini klaster va kooperatsiya usulida yetishtirish boʻyicha xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan aniq loyihalarni tijorat banklariga taqdim etadi.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda sarimsoqpiyoz yetishtirish loyihasini amalga oshirish uchun 7 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasidan Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida 1 yillik muddatga Buloqboshi tumani hokimligi va Uyushma kafilligi asosida teng ulushlarda ssuda sifatida ajratilishini taʼminlasin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Buloqboshi tumanida joriy etilgan tajribani keng tatbiq etish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining dehqon xoʻjaliklari va tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish masalalari boʻyicha oʻrinbosari (keyingi oʻrinlarda – Kengash raisining oʻrinbosari)ga:
Uyushma faoliyatini amalga oshirishga, qayta ishlash korxonalari, eksport qiluvchilar va mahsulot yetishtiruvchilarga har tomonlama koʻmaklashish;
avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli resurslari va grantlarini, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini jalb etish;
kooperatsiya (klaster) asosida ishlaydigan klaster va eksport qiluvchi tashkilotlar mahsulot yetishtiruvchilarga biriktirilishini taʼminlash;
mahsulot yetishtiruvchilarning bilim va koʻnikmalarini oshirish uchun har yili iyun-iyul oylarida oʻquv-seminarlarni tashkil qilish;
xorijiy davlatlar fitosanitariya talablaridan kelib chiqib, avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlarining eksportbop navlarini yetishtirish va eksport qilish borasidagi ishlarni tashkillashtirish vazifalari yuklatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga ikki hafta muddatda:
mavjud vazifalar taqsimotini va shtat birliklarini qayta koʻrib chiqib, Kengash raisining oʻrinbosariga markaziy apparat, hududiy boshqarma va tuman boʻlimlaridan tegishli tuzilmalarni biriktirish;
Kengash raisining oʻrinbosari taklifiga koʻra, xoʻjalik hisobidan qoʻshimcha shtat birliklari olinishini taʼminlash tavsiya etilsin.
7. Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi bir oy muddatda:
xorijiy davlatlar fitosanitariya talablaridan kelib chiqib, sarimsoqpiyozning eksportbop navlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash borasida tavsiyalar ishlab chiqsin hamda amaliy yordam berish uchun karantin inspektorlarini tumanlar miqyosida mahsulot yetishtiruvchilarga biriktirsin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Eksport qiluvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Uyushma bilan birgalikda mahsulotning eng maqbul davlatlarga qulay vaqtlarda eksport qilinishini taʼminlash, yangi eksport bozorlarini ochish choralarini koʻrsin.
8. Innovatsion rivojlanish vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ilmiy-texnik loyihalarning grant tanlovlari asosida amalga oshirilishini taʼminlasin.
Belgilab qoʻyilsinki, grant tanlovlarida avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlarining yangi, eksportbop navlarini yaratish, onalik urugʻ va koʻchatzorlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan birgalikda hududlarning tuproq-iqlim sharoiti oʻziga xosligidan kelib chiqib, avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlari navlarini joylashtirish va yetishtirish agrotexnikasi boʻyicha tavsiyaviy qoʻllanma ishlab chiqib, joylarga yetkazsin;
bir oy muddatda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomlarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin;
Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlarini suv bilan taʼminlash, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish choralarini koʻrsin;
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Uyushma bilan birgalikda avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlarining hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos, shoʻrga va suvsizlikka chidamli navlarini yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilishini taʼminlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda Uyushmaga mahsulotni saqlash, eksport qilishda koʻmaklashsin.
10. Uyushmaga Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Uyushmaning qisqa muddatlarda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi, uning tashkiliy tuzilmasi, nizomi va hududiy jamiyatlarning namunaviy tuzilmasini tasdiqlash tavsiya etilsin.
Uyushma Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Keles shaharchasidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
11. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasiga Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan birgalikda sarimsoqpiyoz va sabzavot ekinlarining eksportbop navlarini yetishtirish, ularni eksport qilish, xorijiy davlatlar fitosanitariya talablarini tushuntirishga oid maxsus koʻrsatuvlar tashkil etish va muntazam namoyish etib borish tavsiya etilsin.
12. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 15-oktyabr
O’zA