O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Aholiga jarrohlik yordamini ko‘rsatish sifatini oshirish, hududlarda kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini keng joriy qilish, xirurgiya yo‘nalishidagi tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, sohada ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:

1. Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi o‘rinlarda – Xirurgiya markazi) – viloyat – tuman (shahar) tibbiyot muassasalari o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni ta’minlash;

hududlar va tuman (shahar) darajasida kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini keng joriy etish;

Xirurgiya markazida transplantatsiya amaliyotlarini xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda keng joriy etish;

xirurg, anesteziolog, reanimatolog, nefrolog va boshqa mutaxassislarning salohiyatini oshirish, ularni nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashini tashkil etish, zamonaviy simulyatsion markazda mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;

xirurgiya yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, xodimlarning ilmiy salohiyatini oshirish;

aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Xirurgiya markazi, uning filiallari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

2. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) bolalarda tug‘ma yurak nuqsonlarini endovaskulyar yo‘l bilan davolashni keng joriy etish, ularni qisqa vaqt ichida to‘liq sog‘lomlashtirib, nogironlikdan chiqarish maqsadida:

2021 yilda yurak nuqsonlarini davolash uchun mo‘ljallangan 500 ta tibbiy buyum (okklyuder) xarid qilishga Sog‘liqni saqlash vazirligiga rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida vazirlikka 10 milliard so‘m mablag‘ ajratish;

2022 yildan boshlab esa ehtiyojdan kelib chiqib har yili o‘rtacha 2 500 ta okklyuder xarid qilish uchun Davlat byudjeti parametrlarida zarur mablag‘larni nazarda tutish;

b) O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalaridan teng ulushda:

2021 yilda Xirurgiya markazi filiallarini 1-ilovaga muvofiq zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 42,5 milliard so‘m mablag‘ ajratish;

2022-2023 yillarda tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlariga biriktirilmagan 26 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlarini 2-ilovaga muvofiq zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 71,4 milliard so‘m yo‘naltirish.

Belgilansinki:

mazkur tadbirlar uchun mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan, shuningdek, joylarda kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini joriy etish natijasida tejaladigan mablag‘lar hamda xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit va grant mablag‘lari hisobiga ajratiladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlarini asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan tegishli mahalliy byudjetlarga qaytarish sharti bilan byudjet ssudasi ajratiladi.

3. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev):

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda 2022-2023 yillar davomida kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ko‘lami oshirilishini, shu jumladan, tuman (shahar)larda amalga oshiriladigan amaliyotlar turi 60 tadan 79 taga, hududlarda esa 130 tadan 168 taga oshirilishini, Xirurgiya markazida yurak va o‘pka transplantatsiyasi joriy etilishini ta’minlasin;

Xirurgiya markazi (S.Ismailov), Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (D.Tulyaganov) va Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (B.Daminov) tomonidan 2022 yil yakuniga qadar barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasin;

Sog‘liqni saqlash vazirligining Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Xirurgiya markazi va hududiy davlat tibbiyot muassasalarining xorijiy tillarni yaxshi biladigan xodimlarini 2021-2022 yillarda xirurgiya sohasi uchun dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuborish, shuningdek, Xirurgiya markazi faoliyatiga yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etish choralarini ko‘rsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish bo‘yicha ishchi guruhi (B.Musayev) mazkur bandga muvofiq malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuboriladigan xodimlarning shaffof tanlov asosida tanlab olinishini ta’minlaydi;

malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuboriladigan xodimlarga Xirurgiya markazi bilan tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq Xirurgiya markazi va hududiy davlat tibbiyot muassasalarida ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq xorijiy mutaxassislarni davlat tibbiyot muassasalariga jalb etishda:

xorijiy mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash shartnomada kelishilgan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi;

ular uchun ikki tomonga aviachiptalarni sotib olish xarajatlari (uzoq muddatli mehnat shartnomalari tuzilganda bir yilda ikki martadan oshmagan holda) hamda respublika mehmonxonalarida yashash xarajatlari tegishli davlat tibbiyot muassasasi tomonidan milliy valyutada to‘lanadi;

ularni jalb etish va moddiy ta’minoti bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish manbai bo‘lib Sog‘liqni saqlash vazirligining Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari, tegishli davlat tibbiyot muassasasining byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya va boshqa tashkilotlar, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.

5. Xirurgiya markazining inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi sohasida qo‘shimcha vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

transplantologiya sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish;

yuqori texnologik transplantatsiya amaliyotlarini amalga oshirish usullarini o‘rganish va joriy etish;

xorijiy davlatlarning mazkur sohadagi ilmiy tashkilotlari, markazlari hamda ekspertlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va birgalikda tadqiqotlarni tashkil qilish;

transplantologiya yo‘nalishida malakali ilmiy kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashish.

Xirurgiya markazida:

bazaviy moliyalashtirish tizimi asosida faoliyat yuritadigan Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi ilmiy laboratoriyasi;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Xirurgiya va transplantologiya kafedrasi tashkil etilsin.

Belgilansinki, Xirurgiya markazi ushbu kafedrada o‘qitilayotgan bakalavrlar, klinik ordinatorlar va magistrlar uchun asosiy klinik baza hisoblanadi.

6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.Vafayev) Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Xirurgiya markazini modernizatsiya qilish uchun 11 million AQSH dollari miqdorida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘rsin.

7. Xirurgiya xizmatini 2021-2023 yillarda transformatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlasin hamda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bir hafta muddatda mazkur qaror talablariga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2022-2023 yillarda jarrohlik yordamini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarida ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishini hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etilishini ta’minlasin.

9. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda bir oy muddatda jarrohlik amaliyotining murakkabligi darajasi hamda samaradorlik ko‘rsatkichlariga qarab tibbiyot xodimlariga tabaqalashtirilgan mehnatga haq to‘lash tizimini joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

10. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) yetakchi xorijiy tajribani inobatga olgan holda 2021 yil 1 noyabrdan boshlab Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa davlat tibbiyot muassasalari rahbarlarini sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv (Healthcare Administration) yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni yo‘lga qo‘ysin va ularni mazkur kurslarda o‘qitish yuzasidan
reja-grafikni tasdiqlasin.

11. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yilida sog‘liqni saqlash sohasi uchun 50 nafar menejer mutaxassislarni magistrlik yo‘nalishi (Master of Healthcare Administration) bo‘yicha davlat granti asosida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster va boshqa oliy ta’lim tashkilotlarida tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash choralarini ko‘rsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

13. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, uning o‘rinbosarlari A.Sh. Inoyatov va U.Yu. Sobirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qarorning o‘z vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Musayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N. To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti              Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 4 oktyabr