O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi kapital qurilishda buyurtmachi xizmatlari (keyingi o‘rinlarda – buyurtmachi xizmatlari) faoliyatini tashkiliy jihatdan takomillashtirish, qurilishda bosqichma-bosqich loyiha boshqaruvi yondashuviga o‘tish, davlat ob’ektlari qurilishini boshqarishga xususiy sektorni keng jalb qilishga imkoniyat yaratish orqali qurilish sifatini oshirish hamda qurilish jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi va mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida:
1. Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:
2023 yil 1 yanvardan boshlab 1-ilovaga muvofiq Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmatlari
va ularning hududiy filiallarini, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmatining hududiy filiallarini (keyingi o‘rinlarda – tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlari) tugatish;
tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlari tomonidan markazlashgan manbalar hisobidan loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlari amalga oshirilayotgan ob’ektlarning buyurtmachisi sifatida tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalarini (keyingi o‘rinlarda – injiniring kompaniyalari) belgilash;
2023 yil 1 yanvarga qadar injiniring kompaniyalarining tashkiliy-huquqiy shaklini davlat unitar korxonasi shakliga o‘zgartirish.
2. Belgilansinki:
injiniring kompaniyalari tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlarining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi “Ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi respublika hududlarida issiqlik tizimi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha buyurtmachi vazifasini bajaradi.
3. Tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlari:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ob’ektlarning pudrat shartnomasiga muvofiq foydalanishga topshirish muddati 2022 yil etib belgilangan ob’ektlardagi qurilish ishlarini joriy yilning 1 dekabriga qadar to‘liq yakunlab, foydalanishga topshirilishini ta’minlasin;
joriy yil 1 dekabrga qadar ob’ektlarning pudrat shartnomasiga muvofiq foydalanishga topshirish muddati 2022 yil 1 dekabrdan o‘tadigan, joriy yilda foydalanishga topshirish imkoni bo‘lmaydigan va kelgusi yillarga o‘tuvchi ob’ektlarning hududiy joylashuvi bo‘yicha injiniring kompaniyalariga topshirilishini ta’minlasin;
ob’ektlarni injiniring kompaniyalariga topshirgunga qadar ular bo‘yicha buyurtmachi vazifasini bajarib borsin, moliyalashtirishni amalga oshirsin, tegishli hisobotlarni qabul qilsin va topshirsin.
4. Buyurtmachi xizmatlari faoliyatini tugatish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlari tomonidan o‘zlariga yuklatilgan majburiyatlar va ob’ektlarni topshirish, injiniring kompaniyalari tomonidan esa qabul qilib olish ishlariga ko‘maklashish;
foydalanishga topshirish yoki injiniring kompaniyasiga o‘tkazishda muammolari mavjud har bir ob’ektni joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
manfaatdor vazirlik va idoralarga ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, kommunal, sport va boshqa sohalar uchun idoraviy qurilish normalarini joriy etishda ko‘maklashish;
buyurtmachi xizmatlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar hamda ular asosida tegishli qonunchilik hujjatlari loyihalari ishlab chiqilishini ta’minlash;
tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlariga tegishli bo‘lgan bino-inshootlar va tovar-moddiy boyliklar ularning muassislari yoki injiniring kompaniyalari ixtiyoriga o‘tkazilishini ta’minlash.
5. Belgilab qo‘yilsinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlar bo‘yicha:
buyurtmachi xizmatlarining biznes-rejasi ularning muassisi (vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari) tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
buyurtmachi xizmatlari rahbarlariga ish hajmidan kelib chiqqan holda hamda faoliyatini yaxshilash maqsadida ichki tuzilmani o‘zgartirishga hamda shtatlar jadvalini ko‘rib chiqishga ruxsat beriladi;
zaruratga ko‘ra, buyurtmachi xizmatlari o‘z vazifalarini sifatli bajarishi uchun, shu jumladan, ob’ektlarni loyihalash uchun texnik shartlarni mukammal tayyorlash maqsadida ularning saqlash xarajatlari doirasida ilmiy-ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar, boshqa tashkilotlar, xususan xorijiy kompaniyalarni hamda yuqori malakali va malakali mutaxassislarni jalb qiladi;
buyurtmachi xizmatlarining direktori va direktor o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelishilgan holda muassisning qarori bilan amalga oshiriladi;
buyurtmachi xizmatlarining direktori korxona faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda muassis hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga hisobot beradi;
buyurtmachi xizmatlarining faoliyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hududiy bosh boshqarmalarining shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga 14 ta shtat birligidan iborat Buyurtmachi xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini yuritish departamenti tashkil etilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ikki oy muddatda buyurtmachi xizmatlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish, shu jumladan, ularning faoliyatiga zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish, zarur davlat axborot tizimlari va resurslariga ulash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda:
a) ikki oy muddatda:
injiniring kompaniyalariga malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish choralarini ko‘rsin;
loyiha hujjatlari va qurilish ishlari sifatini oshirish hamda zamonaviy loyiha boshqaruvi tizimini yaratish maqsadida injiniring kompaniyalarining shtat jadvaliga “loyiha boshqaruvi bo‘yicha mutaxassis”, “loyiha arxitektori”, “loyiha muhandisi” lavozimlarini kiritsin;
injiniring kompaniyalarini qurilish jarayonini boshqarish, ish hajmi hisobini yuritish, xarajatlarni nazorat qilish, loyihalash va qurilish ishlarini muvofiqlashtirish, qurilish hujjatlari bilan ishlashga mo‘ljallangan maxsus dasturiy ta’minot va server uskunalari bilan ta’minlasin;
b) doimiy ravishda injiniring kompaniyalari xodimlarining malakasini oshirib borsin va ularning amaliy stajirovkalarini tizimli yo‘lga qo‘ysin.
7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qurilish vazirligi va Moliya vazirligi 2022 yil 1 dekabrga qadar Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati to‘g‘risidagi nizomning yangi tahririni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, quyidagilar nazarda tutilsin:
qurilishda buyurtmachi xizmati uchun to‘lanadigan haq miqdorlarini loyihani boshqarish va texnik nazoratni amalga oshirish xarajatlari bo‘yicha normativlarni alohida-alohida hisoblagan holda tasdiqlash;
buyurtmachi xizmati tuzilmasini ob’ektlar soni, hajmi va qiymatiga qarab uning direktori tomonidan belgilash.
Belgilansinki, loyiha (ob’ekt)ning qiymati yoki kapital qo‘yilmalar limitlarini maqbullashtirishda buyurtmachi xizmatiga to‘lanadigan xizmat haqini kamaytirish taqiqlanadi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda buyurtmachi xizmatlari xodimlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash bo‘yicha nizomni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Har bir hududda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari, konsolidatsiyalashgan byudjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan, qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan, qurilish va (yoki) rekonstruksiya qilish ishlari 2023 yil 1 yanvardan boshlanadigan kamida 10 ta ob’ektda loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda konsalting xizmatlari, loyiha boshqaruvi xizmatlari hamda texnik nazorat xizmatlarini ko‘rsatish davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tanlab olinadigan tadbirkorlik sub’ektlari, shu jumladan, xorijiy tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi tartibi joriy qilinsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilishda autsorsing asosida tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish bo‘yicha vaqtinchalik nizomni tasdiqlasin.
Qurilish vazirligi:
2023 yil 1 aprelga qadar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida texnik nazorat ishlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlarini baholash platformasini joriy qilsin. Bunda, reyting platformasi uchun loyihalardagi maqbullashtirish, qurilish muddatini qisqartirish, sifatini oshirish, xavfsizligini ta’minlash mezonlari asos qilib olinsin;
tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshirilayotgan texnik nazorat ishlarining samaradorligini nazorat qilsin va ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni doimiy ravishda Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
9. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2023 yil 1 yanvardan boshlab:
buyurtmachi xizmatlari texnik topshiriqlar hamda unga qo‘yiladigan funksional va ekspluatatsiya talablarini idoraviy qurilish normalariga asosan ishlab chiqadi va ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar bilan kelishadi;
buyurtmachi xizmatlariga texnik topshiriq, eskiz loyihasi, unga qo‘yiladigan funksional va ekspluatatsiya talablarini ishlab chiqishni autsorsing shartnomalari asosida tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilgan holda amalga oshirish vakolati beriladi;
buyurtmachi xizmatlari tomonidan loyiha tashkilotini tanlash uchun xarid qilish hujjatlariga qurilish ob’ektining eskiz loyihasi hamda unga qo‘yiladigan minimal funksional va ekspluatatsiya talablari kiritilishi shart;
b) 2023 yil 1 yanvardan boshlab ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim ob’ektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini o‘tkazish bo‘yicha majburiy tartib belgilanadi.
Qurilish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim ob’ektlar uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini o‘tkazish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, arxitektura tanlovining hakamlar hay’atini shakllantirish tartibi, ishtirokchilarni baholash mezonlari, mukofot jamg‘armasi, tanlovni o‘tkazish muddatlari va tanlovni yoritish tartibi nazarda tutilsin;
v) 2023 yil 1 martdan boshlab markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlarning smeta qiymatini aniqlash Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda boshqa vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilgan holda, Qurilish vazirligi tomonidan joriy etiladigan “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasi asosida amalga oshiriladi.
10. Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Sportni rivojlantirish vazirligi:
bino va inshootlarga qo‘yiladigan minimal funksional va ekspluatatsiya talablarini, shu jumladan, zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ushbu ob’ektlardan foydalanish xarajatlarini optimallashtirishga doir talablarni, idoraviy qurilish normalarini Qurilish vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlab borsin;
ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonida ularning idoraviy qurilish normalariga muvofiqligini nazorat qilsin.
Mazkur bandda ko‘rsatilgan vazirliklarga injiniring kompaniyalari, loyihachi va pudratchi tashkilotlarning moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda, tasarrufidagi ob’ektlarda olib borilayotgan loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlari bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, injiniring kompaniyalariga idoraviy qurilish normalariga asoslangan taklif va mulohazalarni bildirish huquqi berilsin.
11. Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilishda texnik me’yorlash markazi va Qurilishda standartlashtirish respublika markazi negizida davlat muassasasi shaklida Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etilsin.
Qurilish vazirligi ikki oy muddatda:
Institut faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Institutga malakali rahbar hamda mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilsin;
tugatilayotgan Qurilishda texnik me’yorlash markazining Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan shtat birliklarini Qurilish vazirligining markaziy apparatiga o‘tkazsin hamda vazirlikning tarkibiy tuzilmasini takomillashtirsin.
12. 2023 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi amaliyotlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali amalga oshiriladi:
investitsiya hamda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritiladigan ob’ektlarning manzilli ro‘yxatini har bir loyihaga identifikatsiya raqami berish orqali elektron tarzda shakllantirish va tasdiqlash (davlat sirini tashkil etuvchi maxfiylik darajasiga ega ob’ektlar bundan mustasno);
qurilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan mualliflik va texnik nazorat bo‘yicha mutaxassislar tomonidan pudrat tashkilotiga ko‘rsatma berish hamda uning ijrosi yuzasidan nazorat o‘rnatish.
13. Moliya vazirligi:
tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlarining 2022 yil uchun xarajatlar smetasini belgilangan tartibda qayta ro‘yxatga olsin. Bunda ishdan bo‘shayotgan xodimlar uchun kompensatsiya to‘lovlari nazarda tutilsin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda injiniring kompaniyalari buyurtmachiligida amalga oshirilayotgan qurilish jarayonini moliyalashtirishni rejalashtirish va pudratchi tashkilotlar oldidagi mavjud kreditor qarzdorlikni so‘ndirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik
va idoralar bilan birgalikda maqbullashtirish natijasida ishdan bo‘shaydigan xodimlarni belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralarini ko‘rsin.
14. Buyurtmachi xizmatlari faoliyatini tugatish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi:
uch oy muddatda vazirlik va idoralar huzurida tashkil etilgan buyurtmachi xizmatlarini bosqichma-bosqich tugatish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
2022 yil 1 dekabrga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlariga tegishli bino va inshootlar, tovar-moddiy boyliklarni belgilangan tartibda xatlovdan o‘tkazsin hamda mazkur mulklardan samarali foydalanish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Qurilish vazirligi:
a) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda:
joriy yil yakuniga qadar Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va boshqa oliy ta’lim muassasalarini jalb qilgan holda qurilish sohasida loyihalarni boshqarish va texnik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha rivojlangan davlatlardagi ta’lim standartlari va dasturlariga asosan loyihalarni boshqaruvchi va texnik nazorat bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirishga oid o‘quv dasturlarining qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin;
texnik nazorat bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-amaliyot jarayonini samarali tashkil etib, buyurtmachi xizmati mutaxassislarining malakasini doimiy tarzda oshirib borish tizimini joriy etsin;
b) 2023 yil 1 iyulga qadar fuqarolar uchun geolokatsiyasi ko‘rsatilgan holda, qurilish ishlarini olib borish uchun berilgan barcha ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar, shu jumladan, qurilish nazoratini olib borishda chiqarilgan xulosalar bilan tanishish imkonini beruvchi ochiq elektron tizim yaratsin;
v) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qurilish vaziri B.I.Zakirov hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari A.M.Boboyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.J.Ramatov va J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 22 sentyabr