Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6000-son Farmoniga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Madaniyat vazirligi) faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida:
“Axborot va kompyuter texnologiyalari markazi” davlat muassasasi “Yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash va axborot-multimedia markazi” davlat muassasasi etib qayta nomlansin;
Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasi hamda Yoshlar madaniyat va sanʼat markazi tugatilsin, ularning byudjetdan moliyalashtiriladigan shtat birliklari, balansida boʻlgan binolar hamda boshqa moddiy-texnika vositalari Madaniyat vazirligiga oʻtkazilsin;
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti (keyingi oʻrinlarda – Departament) va uning barcha hududiy boshqarmalari tuzilmasida tegishlicha yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Badiiy ekspertiza boshqarmasi hamda badiiy ekspertiza boʻlimlari tashkil etilsin;
Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi, uning hududiy boʻlimlari tugatilsin, ularning mavjud shtat birliklari hamda mol-mulklari moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda tegishlicha Departament hamda uning hududiy boshqarmalariga, pul mablagʻlari esa – Departamentning byudjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasiga oʻtkazilsin;
Madaniyat vazirligi huzuridagi “Madaniy meros tiklash-taʼmirlash” davlat unitar korxonasi hamda Departament huzuridagi “Meros chashmasi” davlat unitar korxonasi tugatilsin, ularga xoʻjalik yuritish, operativ boshqaruv va doimiy foydalanish huquqi bilan tegishli boʻlgan binolar hamda boshqa moddiy-texnika vositalari belgilangan tartibda Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutiga oʻtkazilsin;
Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi xizmatining nomi Madaniyat vazirligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi etib qayta nomlansin;
“Guliston”, “Teatr” va “Moziydan sado” jurnallari tahririyatlari yagona tahririyatga birlashtirilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”, “Muzeylar toʻgʻrisida”, “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlarida Madaniyat vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifa, funksiya hamda vakolatlar Departament va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi;
Departament va uning hududiy boshqarmalari faoliyati 2021-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
3. Madaniyat vazirligi 2020-yil oxiriga qadar Departament va uning hududiy boshqarmalariga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan moddiy madaniy merosning barcha koʻchmas mulk obyektlarini tegishli hududiy madaniyat boshqarmalari va muzey-qoʻriqxonalarga operativ boshqaruv huquqi bilan oʻtkazilishini taʼminlasin, Departament va uning hududiy boshqarmalari joylashtirilgan binolar bundan mustasno.
Moddiy madaniy meros obyektlariga egalik qiluvchi va ulardan foydalanuvchi davlat organlari va boshqa yuridik shaxslar rahbarlari hamda jismoniy shaxslar zimmasiga moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanishni taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Departament va uning tegishli hududiy boshqarmalari tegishincha tugatilayotgan Badiiy ekspertiza boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlarining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha vorisi hisoblanadi;
Departament va uning hududiy boshqarmalari tarkibidagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi va badiiy ekspertiza boʻlimlari boshliqlari oʻz lavozimiga koʻra tegishincha Departament va uning hududiy boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosari hisoblanadi;
Departament va uning hududiy boshqarmalari tarkibidagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi va badiiy ekspertiza boʻlimlarining shtat birliklari tugatilayotgan Badiiy ekspertiza boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlarining shtat birliklari hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha shtat birliklarini ajratish orqali shakllantiriladi;
madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazganlik uchun maxsus yigʻimlar Departamentning Madaniy meros jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
5. Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutiga (keyingi oʻrinlarda – Institut) qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda, arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini yaratish, geodeziya va kartografiya faoliyati, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir faoliyat turlarini tegishli litsenziyalarni olmasdan amalga oshirish huquqi berilsin.
Belgilansinki:
Institut fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarida nazarda tutilgan mablagʻlar, oʻz faoliyatidan olgan mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Institut tugatilayotgan “Madaniy meros tiklash-taʼmirlash” va “Meros chashmasi” davlat unitar korxonalarining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha vorisi hisoblanadi, xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari boʻyicha majburiyatlar bundan mustasno.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi mavjud shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi bilan toʻliq hajmda, moliyalashtirish, mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Madaniyat vazirligi tizimiga oʻtkazilsin.
Madaniyat vazirligi 2020-yil 1-sentyabrga qadar Madaniyat vazirligi huzuridagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
boshqaruv xodimlari cheklangan soni 81 kishidan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
hududiy madaniyat organlari xodimlarining cheklangan soni 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga xodimlarning umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi doirasida hududiy madaniyat organlari tuzilmalarini tasdiqlash, shuningdek, zarur hollarda, ushbu tuzilmalar hamda vazirlik markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Mazkur bandga muvofiq Madaniyat vazirligi va hududiy madaniyat organlari uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha 51 ta shtat birliklari Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasining tugatilishi hamda Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlarning qayta tashkil etilishi hisobiga boʻshaydigan shtat birliklari hisobidan ajratilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash 4-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6000-son Farmonida belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq hajmda va samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-noyabrdagi PQ–4038-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” hamda mazkur qarorning ijrosini taʼminlashda masʼul vazirlik va idoralarning faoliyatini samarali tashkil etish hamda muvofiqlashtirish, aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrish;
mazkur bandda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining doimiy monitoringi va tahlilini olib borish hamda ularning natijalari yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot va asoslantirilgan takliflar kiritib borish.
9. Madaniyat vazirligi:
a) ikki hafta muddatda:
ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri oʻrinbosarlarining ular masʼul boʻlgan aniq yoʻnalish va vazifalarni nazarda tutuvchi funksional vazifalarini tasdiqlasin;
hududiy madaniyat boshqarmalari tuzilmalarida xodimlarning mazkur qaror bilan belgilangan cheklangan soni doirasida moddiy madaniy meros obyektlaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilish boʻlimlarini tashkil etsin;
b) bir oy muddatda:
ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, Madaniyat vazirligi markaziy apparati va yangi tuzilgan boʻlinmalarni zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini yuqori professional darajada taʼminlashga qodir boʻlgan malakali mutaxassislar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan konsert-tomosha xizmatlarining tariflarini shakllantirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
v) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga:
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi;
Departament faoliyatini takomillashtirish va barqaror ravishda moliyalashtirish, xodimlari mehnatini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish, shu jumladan, ularga xizmat qilgan umumiy ish staji, ilmiy unvon va darajaga ega boʻlgani uchun ustamalar belgilash, moddiy-texnika bazasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi;
Madaniy boyliklarni realizatsiya qilish faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtishning xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi qaror loyihalarini kiritsin;
g) uch oy muddatda Ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejalarini shakllantirish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga madaniyat va sanʼat muassasalarida Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Madaniyat vazirligi:
bir oy muddatda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda Ommaviy tashrif buyuriladigan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va muzeylar roʻyxatini tasdiqlasin;
2021-yil 1-iyulga qadar oʻz tizimidagi teatrlarning kirib-chiqish joylarida teatrlarning oʻz mablagʻlari va Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda tadbirkorlik subyektlarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilinadigan mablagʻlari hisobiga elektron turniketlar yoki tashrif buyuruvchilarni avtomatik hisobga olishga moʻljallangan boshqa moslamalar oʻrnatilishi va ularning Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
xodimlar faoliyatining natijadorligiga koʻra ish beruvchining alohida buyrugʻi bilan oʻrnatiladigan, lavozim maoshidan (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) 100 foizgacha boʻlgan miqdorda har oylik shaxsiy ustama;
har oylik oziq-ovqat uchun xarajatlarni qoplash boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida toʻlovlar;
har oylik yoʻlkira uchun xarajatlarni qoplash boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida toʻlovlar, xizmat avtotransporti biriktirilgan xodimlardan tashqari.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2021-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni koʻzda tutsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
15. Madaniyat vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 26-may