Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son Farmoni ijrosini taʼminlash, xususan davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyotini bekor qilish, xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish, qishloq xoʻjaligida mehnat unumdorligini oshirish va manfaatdorlikni taʼminlashga qaratilgan qulay agrobiznes muhitini yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” AK va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining fermer xoʻjaliklari va gʻallachilik klasterlari bilan “Oʻzdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalar oʻrtasida 2020-yil hosilidan davlat xaridlari doirasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari miqdorini har bir gʻalla yetishtiruvchi uchun 25 foizga kamaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tomonidan davlat xaridlari doirasida 2 265 ming tonna bugʻdoy (urugʻlik don uchun amaldagi ustama toʻlash tartibini saqlab qolgan holda) ichki bozorda don narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy yil 10-mayga qadar jahon bozori va mintaqaviy birja narxlari hamda respublikada kutilayotgan hosilni inobatga olib, don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun 2020-yilda xarid qilinadigan gʻalla narxlarini belgilasin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

a) 2020-yil hosilidan boshlab:

davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadi;

ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun davlat tomonidan xarid qilinadigan bugʻdoy mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha korxonalarning donni saqlash talablariga mos keladigan omborlar (sigʻimlar)ida shartnoma asosida saqlanadi;

b) 2021-yil hosilidan boshlab:

davlat tomonidan gʻallaga xarid narxini belgilash amaliyotidan toʻliq voz kechiladi;

davlat xaridi toʻliq bekor qilinadi hamda fermerlar va boshqa korxonalar tomonidan yetishtiriladigan gʻalla barcha isteʼmolchilarga,
shu jumladan, donni qayta ishlovchi korxonalar, gʻallachilik klasterlari
va treyderlarga birja savdolari orqali yoki toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar (fyuchers, forvard va boshqalar) asosida erkin narxlarda sotiladi;

ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi don Jamgʻarma tomonidan fyuchers, forvard shartnomalari asosida yoki birja savdolari orqali erkin narxlarda xarid qilinadi;

don yetishtiruvchi xoʻjaliklarni sifatli urugʻlik bilan taʼminlash maqsadida sertifikatlangan urugʻlik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi hamda 2021-2023 yillarda urugʻlik yetkazib berish bosqichma-bosqich Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urugʻchilik klasterlari va elita urugʻchilik xoʻjaliklari, gʻallachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda jahon bozori, mintaqaviy birjalar narxlarini tahlil qilgan holda, har yili 1-avgustga qadar kelgusi yil gʻalla hosili uchun kutilayotgan minimal narxlarni eʼlon qilsin hamda bozorlardagi narxlardan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritib, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borilishini taʼminlasin.

4. Respublika ichki bozorida don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish Jamgʻarma zimmasiga yuklatiladi.

Ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun Jamgʻarma tomonidan xarid qilinadigan don Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda, Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadigan oylik grafik asosida Jamgʻarma tomonidan birja savdolarida sotuvga qoʻyiladi.

5. Don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash uchun zarur miqdordagi bugʻdoyni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar (sotib olish, tashish, saqlash), xarid qilish va sotish narxlari oʻrtasida yuzaga kelgan tafovut (ijobiy, salbiy) Jamgʻarma moliyaviy faoliyati yakunlariga olib boriladi hamda zarur holatlarda yuzaga kelgan salbiy tafovut Jamgʻarmaga respublika byudjetidan qoplab beriladi.

6. 2020-yil 1-iyundan boshlab:

a) fermer xoʻjaliklari, gʻallachilik klasterlari va Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urugʻchilik xoʻjaliklarining gʻalla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 12 oy muddatgacha gʻalla yalpi hosili umumiy qiymatining 40 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10 foiz 50 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 12 foiz stavkadan (shundan bank marjasi 2 foiz) oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.

Bunda:

fermer xoʻjaliklari, gʻallachilik klasterlari va Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urugʻchilik xoʻjaliklari agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish xususiyatlaridan kelib chiqib, kredit mablagʻlaridan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlaydi;

gʻallachilik klasterlari tomonidan fermer xoʻjaliklarining gʻalla yetishtirish bilan bogʻliq xarajatlarini boʻnaklash pul mablagʻlari shaklida amalga oshiriladi;

gʻalla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kredit mablagʻlarining muddatida qaytarilmagan qismi tijorat krediti sifatida qayta rasmiylashtiriladi;

b) mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, faqat donni qayta ishlovchi korxonalar hamda donni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan gʻallachilik klasterlari tomonidan respublikada yetishtirilgan gʻallani xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha 50 milliard soʻmgacha miqdorda tijorat kreditlari ajratiladi.

Bunda:

milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari boʻyicha foiz stavkasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismiga ;

xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha , lekin 3 foiz punktidan koʻp boʻlmagan miqdorda foiz xarajatlarini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya beriladi;

gʻallani xarid qilish uchun ajratilgan kredit mablagʻlarining muddatida qaytarilmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya berilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Markaziy bankning asosiy stavkasi oʻzgargan hollarda Jamgʻarmadan ajratilayotgan kreditlar foiz stavkalariga, bank marjasiga hamda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan beriladigan kompensatsiya miqdoriga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Oʻzdonmahsulot” AK va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda don saqlash sigʻimlariga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini jalb etgan holda, 2020-yil hosilidan boshlab yetishtiriladigan boshoqli donni qabul qilish va saqlash boʻyicha xizmat tariflarini tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, “Oʻzdonmahsulot” AK, Jamgʻarma, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 2020-yilda, 1-aprelga qadar kelgusi yillarda ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun sotib olinadigan gʻallaning hududlar kesimidagi taqsimotini va ushbu gʻallani saqlashga talabgor korxonalarning hududlar kesimidagi roʻyxatini shakllantirsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi don saqlanayotgan korxonalarda uning sifati va miqdori boʻyicha toʻgʻri saqlanishi yuzasidan oylik nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari bilan birgalikda gʻallachilik klasterlari va donni qayta ishlovchi korxonalarga respublikada yetishtirilgan donni xarid qilish uchun mazkur qarorda belgilangan kredit ajratish mexanizmi boʻyicha oʻquv-seminarlarini tashkil etsin va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-mayga qadar:

don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilinadigan gʻalla hajmini hududlar kesimida aniqlash va hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda gʻallani saqlash tartiblarini tasdiqlasin;

“Oʻzdonmahsulot” AK tizimiga kiruvchi don korxonalarini 2020-2021 yillarda belgilangan tartibda bosqichma-bosqich xususiy sektorga sotish chora-tadbirlarini belgilasin.

12. Quyidagilar:

Gʻalla yetishtirishga davlat buyurtmasi bosqichma-bosqich bekor qilinishi hamda sohaga bozor tamoyillari keng joriy etilishini tashkil etish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etishni muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

13. Respublika kengashiga (A.Aripov) quyidagi vazifalar yuklatilsin:

gʻalla yetishtirishga davlat buyurtmasi bosqichma-bosqich bekor qilinishi hamda sohaga bozor tamoyillari keng joriy etilishini tashkil etish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash;

2021-yil hosilidan boshlab don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilinadigan bugʻdoy hajmini belgilash;

hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, gʻalla ekin maydonlarini navlar boʻyicha joylashtirish;

don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilingan gʻallani saqlovchi korxonalar roʻyxatini shakllantirish;

oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;

don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan barcha masalalarni hal etib borish.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oʻ.Barnoyev:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining takliflariga asosan “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda kalendar yilning 1-mayiga qadar talabgor korxonalarning don saqlash sigʻimlari xatlovdan oʻtkazilishini va ularning amaldagi talablarga mosligi toʻgʻrisida xulosa berilishini, ijobiy xulosa berilgan korxonalarning laboratoriyalari va tarozilarini xatlovdan oʻtkazilishini, tegishli ruxsatnomalar berilishini, don saqlashga ruxsat etilgan korxonalar roʻyxati tasdiqlanishini hamda ularning don saqlash quvvatlarini ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borishni taʼminlasin;

qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xodjayev, suv xoʻjaligi vaziri Sh.Hamrayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda belgilangan tartibda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va tuproq unumdorligini oshirish, gʻalla yetishtirishga zamonaviy hamda energiya va resurstejamkor texnologiyalarning joriy etilishini, fermer xoʻjaliklarini suv bilan taʼminlash hamda kompleks agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishida amaliy yordam koʻrsatsin.

15. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                                         Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 6-mart

 

O’zA