O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik va gumanitar inqiroz yuz berayotgan hududdan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish maqsadida:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasi (keyingi o‘rinlarda – maxsus rezolyutsiya) qabul qilingan.
2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining maxsus rezolyutsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish maqsadida quyidagi takliflari ma’qullansin:
a) Orolbo‘yi mintaqasida siyosiy-huquqiy innovatsiyalar orqali tarkibiy va transformasion o‘zgarishlar uchun qulay muhit yaratish hamda institutsional bazani rivojlantirish (mas’ul – Innovatsion rivojlanish vazirligi).
Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abduraxmonov:
Nukus shahrida “Yosh olimlar akademiyasi”ni hamda yosh olimlar, startap loyihalar egalari, tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yoshlar texnoparkini tashkil etsin;
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi huzurida o‘simliklar urug‘lari genbanki bilan ta’minlangan laboratoriya, biznes-akselerator o‘quv markazi ochilishini ta’minlasin;
b) Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni raqamlashtirish va innovatsion yondashuvlarni amalga oshirish (mas’ul – Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi).
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi A.Maksudov:
yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarining elektron xaritalash va ma’lumotlar bazasi yaratilishini;
chiqindilarni qayta ishlash, poligonlarni rekultivatsiya qilish va ekologik toza energiya ishlab chiqarilishini ta’minlasin;
v) Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini qo‘llab-quvvatlashning innovatsion texnologiyalari hamda mexanizmlarini joriy qilish (mas’ul – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi).
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari I.Norqulov:
shaxslarning yuzi bo‘yicha aniqlash texnologiyasini joriy etishni;
qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanib avtonom ichimlik sho‘r suvni tuzsizlantirish texnologiyasini ishlab chiqishni ta’minlasin;
g) Orolbo‘yi mintaqasida iqtisodiy va moliyaviy innovasion mexanizmlardan keng foydalanish, iqtisodiyot tarmoqlarida resurslarni tejovchi, “yashil” va sirkulyar (chiqindisiz, regenerativ va samarali) zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish (mas’ul – Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi).
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2,5 ming gektar maydonda paxta, g‘alla, kunjut, makkajo‘xori va chorva ozuqasi ekinlarini sug‘orishda yomg‘irlatib sug‘orish tizimini joriy etsin;
sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilsin (oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat) hamda namunalarni laboratoriyaga yetkazish bo‘yicha logistika xizmatini yo‘lga qo‘ysin;
d) Orolbo‘yi mintaqasida ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, intellektual mulk ob’ektlarining yaratilishi huquqiy himoyasini ta’minlash hamda ilmiy-innovatsion ishlanmalarni joriy qilishda mahalliy va xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash (mas’ul – Innovatsion rivojlanish vazirligi);
Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abduraxmonov:
Qoraqalpog‘iston ekologik xaritasini yaratish va shu asosida ekoturizmni samarali tashkil etish mexanizmini ishlab chiqsin;
sho‘rlangan tuproqlar ball bonitetini aniqlash maqsadida oliy ta’lim muassasalararo kompleks biokimyoviy tahlil markazini tashkil etsin;
ye) maxsus rezolyutsiya va mazkur qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish (mas’ul – Tashqi ishlar vazirligi).
Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘.Fozilov:
tashqi ko‘mak mablag‘larini ajratuvchi donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, jamg‘armalar va kompaniyalar bilan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga resurslarni mobilizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashsin;
Orolbo‘yi mintaqasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik masalalar to‘g‘risida videoroliklar ishlab chiqsin hamda chet el ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirsin;
j) Orolbo‘yi mintaqasida innovatsion loyihalarni moliyalashtirishning ichki manbalarini shakllantirish va muvofiqlashtirish (mas’ul – Moliya vazirligi).
Moliya vaziri T.Ishmetov:
Davlat byudjetining 2022 yil va undan keyingi yillar uchun tasdiqlanadigan xarajatlar parametrlarida mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan “Yo‘l xaritasi” va innovatsion loyihalar ro‘yxatida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin;
Toshkent shahridagi yirik tadbirkorlik sub’ektlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni tatbiq qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga amaliy yordam ko‘rsatsin.
3. Quyidagilar:
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ustuvor innovatsion loyihalar ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda – innovatsion loyihalar) 2-ilovaga muvofiq;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Idoralararo komissiya tarkibi (keyingi o‘rinlarda – Idoralararo komissiya) 3-ilovaga muvofiq;
“Yo‘l xaritasi” va innovatsion loyihalarda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash, monitoringi hamda nazoratini amalga oshirish uchun idoralararo ishchi guruhlari (keyingi o‘rinlarda – ishchi guruhlari) tarkiblari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar Idoralararo komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
mazkur qaror hamda maxsus rezolyutsiyada belgilangan vazifalar va chora-tadbirlar ijrosining amalga oshirilishini tashkil qilish, mas’ul ijrochilarning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish;
tashqi ko‘mak mablag‘larini ajratuvchi donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, jamg‘armalar va kompaniyalar mablag‘larini mazkur qaror hamda maxsus rezolyutsiyada belgilangan vazifalar va chora-tadbirlarning ijrosini amalga oshirish uchun jalb qilishda ko‘maklashish;
mazkur qaror hamda maxsus rezolyutsiyada belgilangan vazifalarning ijrosi hamda natijalari to‘g‘risida jahon hamjamiyati va jamoatchilik xabardorligini oshirish ishlarini tashkillashtirish;
ishchi guruhlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, ularning amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini har chorakda eshitib borish va ular oldidagi aniq vazifalarni belgilash.
5. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda viloyatlar va Toshkent shahridagi tashabbuskor tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni tatbiq qilishga qaratilgan loyihalarning amalga oshirilishida amaliy ko‘mak bersin.
6. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov), Tashqi ishlar vazirligi (G‘.Fozilov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov, B.Abidov), Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi (N.Mirzamuratov) 2021 yil noyabr oyida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani tashkil qilish va o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov) Tashqi ishlar vazirligi (G‘.Fozilov) va Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) bilan birgalikda:
vazirlik, idora va tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tashqi ko‘mak mablag‘larini ajratuvchi donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, jamg‘armalar va kompaniyalar mablag‘larini jalb qilish hamda innovatsion loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirishda ko‘maklashsin;
ikki oy muddatda “Orolbo‘yi mintaqasi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” konsepsiyasi hamda “Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha ko‘p tomonlama “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oliy Majlis palatalariga mazkur qaror hamda maxsus rezolyutsiya doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi to‘g‘risida ta’sirchan va muntazam parlament nazoratini o‘rnatish tavsiya etilsin.
9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari hamda uning doirasida erishilgan natijalarning doimiy ravishda ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishini ta’minlasin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib innovatsion rivojlanish vaziri I.Abduraxmonov, moliya vaziri T.Ishmetov, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi A.Maksudov, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari I.Norqulov, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘.Fozilov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 29 iyul