O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini (keyingi o‘rinlarda – Loyiha) moliyalashtirish uchun Islom taraqqiyot banki (keyingi o‘rinlarda – ITB) tomonidan 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga oluvchi 20 yil muddatga 200 million AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishi to‘g‘risidagi qaror 2020 yil 19 dekabrda Islom taraqqiyot banki Direktorlar Kengashi tomonidan va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – OPEK) tomonidan 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga oluvchi 20 yil muddatga 75 million AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishi to‘g‘risidagi qaror 2020 yil 16 dekabrda OPEK Direktorlar Kengashi tomonidan ma’qullanganligi;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (keyingi o‘rinlarda – BMTTD)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Loyihani amalga oshirish davrida mas’ul ijro etuvchi organning hamkori sifatida faoliyat ko‘rsatishi va u tomonidan Loyiha uchun 3,05 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘i ajratilishi;
Loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining ulushi 59,95 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lardan iborat ekanligi;
Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta MFY (40 ta markaziy, 130 ta yondosh mahalla)larda amalga oshirilishi;
Loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2021-2025 yillar) tashkil etishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB va OPEK kreditlaridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
Loyiha doirasida subloyihalarni loyihalovchi va pudrat ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarni tanlab olish “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida ochiq va shaffof usulda amalga oshiriladi;
Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi barcha tashkilotlar Loyiha bo‘yicha imzolangan qarz (kredit) bitimlarida ko‘rsatilgan mexanizmlar talablariga amal qiladi;
Loyihani amalga oshirish doirasida ITB hamda OPEKning kreditlarini qaytarish, shu jumladan, qo‘shimcha haq (ustama) va foizlar, xizmat ko‘rsatganlik uchun haq va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
3. Quyidagilar:
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1 va 1a-ilovalarga muvofiq;
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida ITB va OPEK kreditlarining asosiy qarzini, unga hisoblangan foizlarni va boshqa to‘lovlarni qaytarish prognoz jadvali 2 va 3-ilovalarga muvofiq;
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga asosan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Loyihani amalga oshirish doirasida:
hosil bo‘ladigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mablag‘lari hisobidan to‘lanadi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
olib kiriladigan tovarlarni bojxona bojidan ozod qilish va qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish O‘zbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri (T.A.Ishmetov)ga O‘zbekiston Respublikasi nomidan ITB va OPEK ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha qarz bitimlarini imzolash vakolati berilsin.
6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.M.Boboyev):
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.Vafayev) bilan birgalikda Loyiha doirasida subloyihalarni loyihalovchi va pudrat ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarni “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida ochiq va shaffof usulda tanlab olish;
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R.T.Mamatov) bilan birgalikda Loyiha doirasida aholi orasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqishda doimiy o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.
7. Belgilansinki, Loyiha doirasida:
tanlangan qishloqlarda zaruriy subloyihalar aniqlangandan so‘ng, har bir viloyat bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan belgilangan tartibda Loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ishlab chiqiladi va ekspertiza organlarida belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari buyurtmachi hisoblanadi;
Loyihani amalga oshirish guruhi bilan “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari imzolanadi.
8. Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilishi va muddati uzaytirilishini tez fursatlarda ta’minlasin.
9. Hisob palatasi (B.T.Turabov) Loyiha doirasidagi mablag‘larning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin hamda har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
10. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E.Burxanov) Loyiha doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
11. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
a) Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov:
bir hafta muddatda mas’ul ijrochilar ishtirokida majlis o‘tkazib, ularning aniq vazifalarini belgilab bersin;
ikki hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda Loyiha doirasida mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha hududlar kesimida “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqsin hamda ularning tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Buxoro, Navoiy va Xorazm xalq deputatlari viloyat va tumanlar Kengashlarida tasdiqlanishini ta’minlasin;
tegishli vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda Loyihani amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar malakasini oshirish uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda o‘quv-treninglar tashkil qilsin;
amalga oshirilayotgan subloyihalar va ularning sifatli bajarilishi ustidan monitoring o‘rnatsin hamda natijasi yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot kiritib borsin, ushbu ma’lumotlarni bir vaqtda jamoatchilikka e’lon qilish orqali loyihalarning amalga oshirilishi ustidan samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini ta’minlasin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokidagi “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” va ITB hamda OPEK ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birlashtirilgan guruhning tuzilmasini tasdiqlasin va uning faoliyatini yo‘lga qo‘ysin;
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati uchun Urganch shahrida, Buxoro hamda Navoiy viloyatlari uchun Buxoro shahrida birlashtirilgan guruhning Loyihani amalga oshirish bo‘yicha hududlararo guruhlarini tashkil etsin;
Loyihani amalga oshirish davrida birlashtirilgan guruh faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha yillik xarajatlar smetasini hamda shtatlar jadvalini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin;
Loyiha bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, o‘zlashtirilgan mablag‘lar va erishilgan natijalar yuzasidan ma’lumotlarni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining rasmiy veb-saytida yoritib borsin.
Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorovga ITB va OPEKning ijtimoiy va ekologik himoyalash hamda ko‘chirish siyosati tamoyillarini hisobga olgan holda, Loyiha komponentlarini amalga oshirish va moliyalashtirish jadvaliga hamda mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan ilovalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R.Sariyev), Buxoro (B.K.Zaripov), Navoiy (Q.B.Tursunov) va Xorazm (F.U.Ermanov) viloyatlari hokimliklari Loyihani to‘la-to‘kis amalga oshirish uchun barcha zarur hujjatlar sifatli ishlab chiqilishini va Loyihani amalga oshirish guruhiga o‘z vaqtida yetkazilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R.Sariyev), Buxoro (B.K.Zaripov), Navoiy (Q.B.Tursunov), Xorazm (F.U.Ermanov) viloyatlari hokimlari:
qishloqlarni kompleks rivojlantirish uchun Loyiha doirasida moliyalashtiriladigan ob’ektlardan tashqari amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni bosh reja, hududlarni arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalari va ular tarkibidagi batafsil rejalashtirish loyihalari asosida mahalliy byudjet va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshirsin;
o‘z hududlaridagi loyihalarni muddatida amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib belgilansin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.J.Ramatov va J.A.Qo‘chqorov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil 15 aprel va 2022 yil 15 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 18 sentyabr.