O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

bugungi kunda respublikamizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari dunyoning 66 ta mamlakatiga eksport qilinmoqda. Bunda, meva-sabzavotlar va dukkakli mahsulotlarning eksport hajmi 2016 yildan 2021 yilga qadar qariyb 2 barobarga oshgan.

Shu bilan birga, paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavotchilik, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish sohasida eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishni ko‘paytirish, shuningdek, aholining keng qatlamlarini jalb qilish orqali ushbu yerlardan samarali foydalanish tizimini yaratish evaziga tarmoqda qo‘shimcha o‘sishga erishishda ilmiy asoslangan yondashuv va o‘rganishlarni inobatga olish taqozo etilmoqda.

Jumladan, hisob-kitoblarga ko‘ra 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xomashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravargilosdan 6 baravaryong‘oqdan 5 baravar ko‘p daromad olish hamda ushbu yerlarda oilaviy tadbirkorlik doirasida kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha katta imkoniyat mavjud.

Aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholiga agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish va qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida:

1. Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar ekin maydonlarini 2022-2025 yillarda 1–1.13-ilovalarga muvofiq bosqichma-bosqich zaxiraga qaytarish;

zaxiraga qaytarilgan yer maydonlarini dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov orqali 10 yilga ijaraga berish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

qishloq xo‘jaligi maqsadlari, shu jumladan, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish, ularni vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish “E-IJARA” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;

qishloq xo‘jaligi maqsadlari, shu jumladan, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali ijaraga beriladi, bundan Yer kodeksiga muvofiq yer uchastkalarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan ijaraga berish hollari mustasno;

dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda o‘z tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega bo‘lgan fuqarolarga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga alohida ustuvorlik beriladi.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) va Kadastr agentligi (F.K.Umarov) bilan birgalikda:

2021 yil 31 dekabrga qadar tumanlar (shaharlar) hisobidagi bo‘sh turgan va zaxiradagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;

mazkur qarorga 1–1.13-ilovalarda ko‘rsatilgan yer maydonlari tegishli yildagi hosil yig‘ib olingandan keyin tuman (shahar) hokimliklarining zaxirasiga belgilangan tartibda qaytarilishi va davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;

zaxiraga olingan yer uchastkalarini davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari tuman (shahar) hokimliklari buyurtmasiga asosan amalga oshirilishini hamda tuman (shahar) mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini;

davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yer maydonlarining 0,10 gektardan 1,0 gektargacha bo‘lgan hajmlarda lotlarga ajratilib, bir oy ichida ochiq elektron tanlovga qo‘yilishini;

yer to‘g‘risidagi qonunchilik va ijara shartnomasi talablari bajarilmaganda, jumladan, ijaraga berilgan yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda yerga bo‘lgan huquq Yer kodeksi va “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunga asosan bekor qilinishi haqida dehqon xo‘jaliklari orasida tushuntirish ishlari olib borilishini ta’minlasin.

Mazkur topshiriq ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagan tuman (shahar) hokimlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilsin.

4. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:

Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti;

Yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti;

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

5. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.H.Shermatov) bilan birgalikda bir oy muddatda “E-IJARA” axborot tizimini ishga tushirsin.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov) “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlovlarni tashkil etish uchun zarur texnik imkoniyatlarni yaratsin.

6. “E-IJARA” axborot tizimiga integratsiya qilish orqali idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladigan vazirlik va idoralar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov) bilan birgalikda bir hafta muddatda mazkur qarorga 2-ilovada ko‘rsatilgan vazirlik va idoralar o‘rtasida tegishli ma’lumotlarni almashish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari:

yer uchastkalari ajratilgan dehqon xo‘jaliklari tomonidan bog‘ va ekinlarning o‘z muddatida ekilishi va parvarish qilinishiga ko‘maklashish bo‘yicha ishlarni manzilli tashkil etsin;

ajratilgan yer maydonlarining tuproq sharoiti, yer ball boniteti, suv bilan ta’minlanganlik darajasi, hudud aholisining tajribasidan kelib chiqqan holda “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot yetishtirishga asosiy e’tibor qaratsin;

yer maydonlarida zarur agrotexnik tadbirlarni bajarish, o‘g‘it va suv bilan ta’minlash, infratuzilma ob’ektlarini yaratish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin;

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi (I.K.Ergashev) bilan birgalikda yer maydonlarida zararkunandalar hamda kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida tizimli kuzatuvlarni tashkil etib, dehqon xo‘jaliklariga bog‘ va ekinlarni himoya qilish ishlarini o‘z vaqtida bajarishda amaliy yordam ko‘rsatsin;

dehqon xo‘jaliklari bilan agrosanoat klasterlari, tayyorlov, qayta ishlash va eksport qiluvchi korxonalar (keyingi o‘rinlarda – tadbirkorlik sub’ektlari) o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratsin;

dehqon xo‘jaliklari va ular bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida urug‘lik, ko‘chat, mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar yetkazib berish, zaruriy agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etishda shartnomaviy munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashsin;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ish, tashish, saqlash, qayta ishlash va sotishning barcha bosqichlarini qamrab olgan kichik agrologistika markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin.

8. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bilan birgalikda Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan qarzning 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni tijorat banklariga milliy valyutada 3 yil imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 10 foiz stavkada joylashtirsin.

Belgilab qo‘yilsinki, tijorat banklariga joylashtirilgan mablag‘lar mazkur qarorga asosan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha garov ta’minoti sifatida qabul qilinadi.

9. Kredit mablag‘lari “Har bir oila – tadbirkor” dasturi shartlari asosida tijorat banklari tomonidan dehqon va fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa korxonalarga yer maydonida kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilikni rivojlantirish, poliz, dukkakli, moyli ekinlar va kartoshka yetishtirish uchun quyidagi shartlarda taqdim etilishi belgilansin:

har bir loyiha milliy valyutada 100 million so‘mdan oshmagan miqdorda yillik 14 foiz stavkada moliyalashtiriladi;

kreditlar kichik intensiv bog‘dorchilik va uzumchilikka 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilikka 6 oygacha imtiyozli davr bilan 2 yilgacha muddatga ajratiladi;

kredit ta’minoti sifatida kreditning qaytmaslik xataridan sug‘urta qilish polisi taqdim etiladi;

kreditlar dehqon xo‘jaliklariga yangi joriy etilayotgan hokim yordamchilarining yozma tavsiyasiga asosan ajratiladi.

10. Belgilansinki, mazkur qarorga asosan ajratiladigan kredit mablag‘lari uning belgilangan umumiy miqdori (100 million so‘m) doirasida kredit oluvchilar tomonidan o‘z biznes-rejalari asosida, shu jumladan:

ijaraga olingan yoki o‘z egaligida bo‘lgan yer maydonida mazkur qaror bilan belgilangan yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agroservis operator” DUK yoki boshqa salohiyatli ixtisoslashgan tashkilot bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq “tayyor holda” topshirish tamoyili asosida bajarilgan ishlarga haq to‘lash uchun;

kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilikda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, sifatli ko‘chatlar, urug‘liklar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy va biologik preparatlar, qishloq xo‘jaligi texnikalari (ekish seyalkalari, ishlov berish va yig‘ib olish agregatlari) xarid qilish uchun;

olingan kreditning qaytmaslik xataridan sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta mukofoti to‘lovini amalga oshirish uchun foydalanilishi mumkin.

11. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov) tijorat banklariga “E-AUKSION” axborot tizimi orqali ijaraga berilgan yer maydoni, tanlov g‘olibining loyiha bo‘yicha olgan majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirish uchun texnik imkoniyatlar yaratilishini ta’minlasin.

12. Dehqon xo‘jaliklari uchun qisqa muddatli intensiv o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha respublika ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – Respublika ishchi guruhi) tuzilsin va uning tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik yo‘nalishlarida, shuningdek, ochiq elektron tanlovda ishtirok etish bo‘yicha malakali trener-konsultantlarni tayyorlab, ular yordamida dehqon xo‘jaliklari uchun qisqa muddatli intensiv o‘quv kurslarini tashkil etish Respublika ishchi guruhining asosiy vazifasi hisoblansin.

Respublika ishchi guruhi (J.A.Xodjayev) Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

yigirma kun muddatda har bir hudud uchun kamida 10 nafardan malakali trener-konsultantlarni tayyorlash bo‘yicha dastur va ularni tanlab olishga doir talablarni ishlab chiqsin;

bir oy muddatda dehqon xo‘jaliklari uchun qisqa muddatli intensiv o‘quv kurslarini tashkil etish dasturini ishlab chiqsin va har bir tumanda reja-grafik asosida ushbu o‘quv kurslarining tashkil etilishini ta’minlasin;

qishloq xo‘jaligidagi yangi ilmiy yondashuvlar, mavjud xalqaro tajriba va dehqon xo‘jaliklarining faoliyatini o‘rganish natijasida aniqlanayotgan masalalarni inobatga olgan holda, ularga yaqindan, shu jumladan, Internet tarmog‘i orqali doimiy tarzda maslahat berib borish tizimini yo‘lga qo‘ysin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5200-son qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etilgan uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha doimiy loyiha ofislari Intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha doimiy loyiha ofislari (keyingi o‘rinlarda – loyiha ofislari) deb qayta nomlansin.

Belgilansinki:

loyiha ofislarining bog‘dorchilik va sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha faoliyati Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan boshqariladi;

har bir loyiha ofisiga Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bog‘dorchilik va sabzavotchilik rivojlangan davlatlardan malakali mutaxassislar jalb qilinadi.

Loyiha ofislariga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

intensiv usulda, shu jumladan, klaster va kooperatsiya usulida bog‘lar, sabzavotchilik maydonlarini tashkil etish;

ajratilayotgan yer maydonlarida tashabbuskorlar tomonidan intensiv bog‘lar, sabzavotchilik maydonlari barpo etilishini monitoring qilish hamda ko‘chatlarni ekish bo‘yicha tavsiyalar berish;

intensiv bog‘lar barpo etishga yaroqli yer uchastkalarini tanlash, ularning ochiq elektron tanlovga chiqarilishini tashkil etish;

intensiv bog‘lar va sabzavotchilik maydonlariga ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar yetkazib berish, agroxizmatlar ko‘rsatish, mahsulotni sotishni tashkil etishga ko‘maklashish.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda mavjud shtatlar doirasida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligining hududiy bo‘limlarini ochish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin.

14. Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.D.Kudbiyev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B.Xusanov) yangi joriy etilayotgan hokim yordamchilari bilan birga mazkur qaror doirasida ajratilgan yer uchastkalari, kredit resurslari hisobiga doimiy va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgan fuqarolarga qonunchilikda belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishda ko‘maklashsin.

15. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) sug‘urta kompaniyalari va tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro sug‘urta amaliyotidan kelib chiqib, sug‘urta tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha kredit qaytmaslik xatarini keltirib chiqaruvchi barcha iqtisodiy tendensiyalar, boshqaruv va tabiat ta’siri bilan bog‘liq omillar qamrab olinishi, ushbu omillarni to‘liq monitoring qilish hamda mazkur kreditlar bo‘yicha sug‘urta hodisasi ro‘y berganda tijorat banklarining birinchi talabiga muvofiq mavjud qarzdorlik (jumladan, hosil olinmagan davr uchun mavsumiy qarzdorlik) to‘lab berilishini nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibni;

mazkur qaror bilan belgilangan yo‘nalishlarda ajratilgan kreditlar bo‘yicha sug‘urta qoplamalari (tovonlari) to‘lanishi natijasida ularning umumiy miqdori sug‘urta kompaniyasi o‘z kapitalining muayyan miqdoridan oshgan taqdirda, sug‘urta kompaniyasining zararini Moliya vazirligi tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab berish mexanizmini joriy etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini kiritsin.

16. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.X.Qo‘ldoshev) bilan birgalikda hududlarga chiqqan holda dehqon xo‘jaliklariga ajratilayotgan yerlarga tabiiy va texnogen ofatlarning ehtimoliy ta’sirlarini aniqlash hamda ushbu ta’sirlarni yumshatish yuzasidan favqulodda harakatlar rejasini tasdiqlasin hamda favqulodda holatlarda ekinlarni himoya qilish choralarini ko‘rsin.

17. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Sh.Kudratov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev):

ichki va tashqi bozorlarni doimiy ravishda o‘rganib borgan holda barqaror talabga ega bo‘lgan mahsulotlarning ro‘yxati va hajmi yuzasidan ma’lumotlar bazasini shakllantirish, har oyda yangilab borish hamda ushbu ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘idan keng foydalangan holda aholiga muntazam ravishda yetkazib borish;

hududlarda dehqon xo‘jaliklari tomonidan o‘zi yetishtirgan mahsulotini qayta ishlash istagida bo‘lgan oilalarga xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini-texnologiya va boshqa uskunalarning taqdimotlarini o‘tkazish va sotib olishga ko‘maklashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

18. Davlat statistika qo‘mitasi (B.A.Begalov) 2020 yildan boshlab “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga ochiq elektron tanlov asosida ijaraga berilgan yer uchastkalarida yetishtirilgan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarning rasmiy statistika hisobotlarida to‘liq aks ettirilishini ta’minlasin.

19. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) ikki oy muddatda:

ochiq elektron tanlov asosida ajratilgan yerlarda amalga oshiriladigan loyihalarni kompleks monitoring qilish, shu jumladan, ajratilgan yer maydonining holati, zarur agrotexnik tadbirlar, ekinlarni himoya qilish va o‘g‘itlash ishlarining o‘tkazilishi, mahalliy hokimlik tomonidan zarur infratuzilma bilan ta’minlanganligi, yer ball boniteti, ekiladigan mahsulotning unib chiqishi, hosildorlik, tabiat omillari ta’siri va boshqa indikatorlarga asosan ijarachilarni tasniflash (“yaxshi”, “o‘rta”, “yomon”) tartibini nazarda tutgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlari monitoringini yuritish tartibi to‘g‘risidagi qaror loyihasini;

qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev, moliya vaziri T.A.Ishmetov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari I.I.Norqulov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari Sh.M.G‘aniyev va J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                 Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 23 noyabr.