Xorazm viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Xorazm viloyatining mavjud sanoat va ishlab chiqarish salohiyatidan yana-da samarali foydalanish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish, hududga investitsiyalarni keng jalb etish va infratuzilmani takomillashtirish hamda bu orqali tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

“Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJning “NBU Invest Group” MCHJ, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning “PSB Capital” MCHJ hamda “Asaka” ATBning “Asaka Capital Invest” MCHJ investitsiya kompaniyalari taʼsischiligida “Khorezm Invest Project” MCHJ investitsiya kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – investitsiya kompaniyasi) tashkil etilganligi;

Xorazm viloyatidagi investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, loyihalarni amalga oshirishga mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish investitsiya kompaniyasining asosiy vazifasi etib belgilanganligi;

investitsiya kompaniyasining ustav fondi dastlab 30 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida shakllantirilganligi, keyinchalik investitsiya kompaniyasining ustav fondi investitsiya kompaniyasi taʼsischilarining qoʻshimcha hissalari va (yoki) jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorigacha koʻpaytirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

Xorazm viloyatida 2020-2022 yillarda amalga oshiriladigan umumiy qiymati 2,2 trillion soʻmlik 84 ta investitsiya loyihasining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan umumiy qiymati 516,8 million dollarlik 26 ta istiqbolli investitsiya loyihasining roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi:

uch oy muddatda qarorning 2-ilovasidagi istiqbolli 26 ta yirik investitsiya loyihasining biznes-rejalarini xalqaro standartlar asosida ishlab chiqsin;

Xorazm viloyatining tuman va shaharlariga belgilangan tartibda biriktirilgan Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda istiqbolli investitsiya loyihalariga xorijiy investitsiyalar jalb qilinishini taʼminlasin;

Xorazm viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, tegishli tarmoq korxonalari bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar istiqbolli 26 ta yirik investitsiya loyihasi bilan bir vaqtda Xorazm viloyatining har bir tumanida qoʻshimcha yangi sanoat ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilishini taʼminlasin.

4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi va Xorazm viloyati hokimligining:

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan boʻsh turgan yer uchastkalari hisobidan kengaytirilayotgan hududlarini 3-ilovaga muvofiq tasdiqlash;

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududlari bosh rejasini ishlab chiqish, shuningdek, yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK” davlat unitar korxonasini buyurtmachi etib belgilash;

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha bosh loyiha tashkilotini tanlov asosida tanlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

5. “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasiga Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari 4-ilovaga muvofiq biriktirilsin.

Mazkur qarorning 4-ilovasiga muvofiq “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining boʻsh yer maydonlariga biriktirilgan Oʻzbekiston Respublikasining Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Polsha va Turkiya davlatlaridagi elchixonalari Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish choralarini koʻrsin.

6. Xorazm viloyati hokimligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmasdan Infratuzilma jamgʻarmasi tashkil etilsin va quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratiladigan grant va kredit mablagʻlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilansinki, Infratuzilma jamgʻarmasi mablagʻlari “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududlarida infratuzilma qurilishini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

7. Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tijorat banklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Xorazm viloyatidagi tadbirkorlik yoʻnalishlari boʻyicha loyihalarni ishlab chiqsin va ushbu loyihalarni amalga oshirishni tadbirkorlarga taklif etsin.

8. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari”AJ 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab eksport qatnovlarda Xorazm viloyati va Toshkent shahri oʻrtasida eksport qiluvchilarga temir yoʻl yuk qatnovi tariflariga 50 foiz chegirma joriy etsin.

9. Xorazm viloyati hokimligi:

a) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududlarida zamonaviy raqobatbardosh, import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan tayyor sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich joylashtirish choralarini koʻrsin;

b) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Xorazm viloyati iqtisodiyotining ehtiyojlari, shuningdek, mavjud mineral-xomashyo, qishloq xoʻjaligi resurslari va infratuzilmani inobatga olgan holda, “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida zamonaviy raqobatbardosh, import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan tayyor sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish boʻyicha manzilli dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida oʻzlashtirish uchun taklif qilinayotgan import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning tadbirkorlik subyektlariga muntazam ravishda yetkazilishini taʼminlasin;

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlari jalb etilishi hamda investitsiya buyurtmanomalarining oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlasin;

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish boʻyicha tegishli choralarni koʻrsin;

v) Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi bilan kelishgan holda viloyat mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi Direksiyasi” DUKga kelgusi yillarda oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazish sharti bilan 2020-2021 yillar davrida saqlash xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

10. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududlarida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini qurish uchun investitsiya kompaniyasiga 10 yil muddatga 2,5 foiz stavkasida 13 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻlar ajratilsin.

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududlarida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish dasturi 5-ilovaga muvofiq ushbu bandga asosan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilsin.

11. Belgilansinki, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlarni soʻndirishda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini qurish xarajatlari tegishli ravishda investitsiya loyihalari tashabbuskorlari tomonidan mutanosib ravishda ajratilgan yer maydoni koʻlamidan kelib chiqib bosqichma-bosqich qoplanadi, soʻndirish uchun mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda investitsiya kompaniyasi tomonidan qaytariladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari N.Q.Xolmuradov va Xorazm viloyati hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.O.Toʻlaganov Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratiladigan mablagʻlardan samarali foydalanish va oʻz muddatida qaytarilishi uchun masʼuldirlar.

12. “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ, “Asaka” ATB, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Markaziy bank bilan birgalikda investitsiya kompaniyasining nizomi va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

13. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari –investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzakov – qaror ijrosini tarmoq va hududlarda samarali tashkil etsin hamda muvofiqlashtirib borsin;

tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari F.N.Arziyev – Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga chet el investorlarining jalb qilinishi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarining faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlasin;

transport vaziri va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisi X.N.Xasilov – Xorazm viloyatidan respublikaning boshqa hududlariga temir yoʻl transporti orqali yuk tashish xizmatlari boʻyicha muammolarning oʻz vaqtida bartaraf etilishini taʼminlasin;

investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.B.Voitov – Xorazm viloyatining har bir tumani kesimida amalga oshirilayotgan sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida bajarilishi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin;

Xorazm viloyati hokimi F.U.Ermanov – hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat korxonalari va yangidan barpo etilayotgan ishlab chiqarish quvvatlaridan toʻliq foydalanish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Ushbu qaror natijadorligi toʻgʻrisida 2020-yil 1-dekabrda va 2021-yilning har choragi yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 17-avgust

 

O’zA