O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Aholiga ko‘rsatilayotgan kardiologik va kardiojarrohlik xizmatlari sifatini yaxshilash, hududlarda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, barvaqt aniqlash va samarali davolash ishlarini kengaytirish, bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatini transformatsiya qilish maqsadida:
1. Quyidagilar yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda asosiy yo‘nalishlar etib belgilansin:
birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan davriy tibbiy ko‘riklarni yo‘lga qo‘yish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish;
ehtiyojmand aholi qatlamlarini zarur dori vositalari bilan bepul ta’minlash;
hududlarda ko‘rsatilayotgan yuqori texnologik, kam invaziv kardiologik hamda kardiojarrohlik tibbiy xizmatlar ko‘lamini oshirish;
birlamchi bo‘g‘indagi mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va salohiyatini oshirish, sohada ilm-fanni rivojlantirish;
yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lgan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish.
2. Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida aholi bilan bevosita mahallada ishlaydigan “tibbiyot brigadalari” va oilaviy poliklinikalar rolini tubdan oshirish hamda yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va ularning oldini olish maqsadida 2022 yildan boshlab:
yiliga bir marta 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholining salomatlik profilini (ovqatlanish xarakteri, tamakiga qaramlik, tana vazni indeksi, arterial bosim, qondagi qand va xolesterin darajasi va boshqalar) baholash;
40 yoshdan oshgan aholini oilaviy poliklinika va tibbiyot brigadalari orqali yiliga kamida bir marta manzilli skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish;
yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bemorlarning yagona elektron reyestrini yuritish hamda ushbu turdagi kasalliklari mavjud “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da bo‘lgan 200 mingdan ziyod aholiga enalapril (Enalapril) dori vositasini bepul tarqatish;
ehtiyojga ko‘ra tuman (shahar) shifoxonalari laboratoriyalarini koagulometr uskunasi hamda zarur reaktivlar bilan to‘liq ta’minlash yo‘lga qo‘yilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6099-son farmoniga muvofiq, yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan 2021 yildan boshlab har yili 104 milliard so‘mdan mablag‘lar ajratilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlari:
a) Turizm va sport vazirligi (A.Karimov), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R.Mamatov) bilan birgalikda:
har yil yakunida zamonaviy fitnes uchun sharoitga ega ko‘chalarni barpo etish maqsadida namunali mahallalar ro‘yxatini shakllantirib borsin;
har yili tuman va shaharlarda zamonaviy fitnes uchun sharoitga ega ko‘chalari mavjud bo‘lgan bittadan namunali mahallalarni tashkil qilsin;
b) Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov) bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, shu jumladan, yurak-qon tomir kasalliklari va ularning asoratlari profilaktikasi, o‘z kasalligini doimiy nazorat qilib borish ko‘nikmasini shakllantirishga qaratilgan “Profilaktika maktablari”ni tashkil etsin.
Bunda, “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” хoнaлaриni tashkil etib, bemorlarni 35 turdagi tarqatma materiallar bilan ta’minlasin.
4. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev), Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (X.Fozilov):
a) 2023 yil 1 yanvarga qadar:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida faoliyat yurituvchi oilaviy shifokorlar ishini soddalashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining protokoliga asoslangan yurak-qon tomir kasalliklari xavf-stratifikatsiyasini baholash uchun mobil ilova yaratib, amaliyotga tatbiq etsin;
asoslangan hisob-kitoblar hamda ehtiyojga ko‘ra, tuman (shahar) shifoxonalarini 4 turdagi kardiologiya uskunalari bilan jihozlash hisobiga ko‘rsatiladigan xizmat turlari 15 taga yetkazilishini ta’minlasin;
b) Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining (keyingi o‘rinlarda – Markaz) hududiy filiallarida kardiologiya yo‘nalishida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari turini bosqichma-bosqich 15 turdan 35 turgacha oshirsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir hafta muddatda mazkur qaror talablariga muvofiq tegishli hududlarda 2022-2024 yillarda kardiologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha hududiy dasturlarni ishlab chiqsin hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin.
6. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) 2022 yilda:
“Sog‘lom turmush tarzi” platformasidan foydalanuvchilarni rag‘batlantirish, ularning sonini yanada oshirish hamda bu borada olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida Davlat byudjetidan 100 milliard so‘m ajratilishini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari laboratoriyalarini ehtiyojga qarab koagulometr uskunasi va zarur reaktivlar bilan ta’minlash hamda “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” хoнaлaриni tashkil etish uchun har bir tuman (shahar) byudjetlarida 350 million so‘mgacha mablag‘ ko‘zda tutilishini;
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida 4 turdagi kardiologiya uskunalari mavjudligi yuzasidan xatlov o‘tkazishni hamda zarur bo‘lgan jihozlarning xaridi uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga markazlashgan tartibda ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 60 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorda mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.
7. Sog‘liqni saqlash vazirligi (U.Sobirov), Markaz (X.Fozilov):
a) 2023 yil 1 yanvarga qadar Markaz klinikasini ko‘p tarmoqli klinika sifatida transformatsiya qilish va zarur bo‘lgan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash choralarini ko‘rsin.
Bunda:
2023 yil 1 yanvarga qadar Markazda yurak-qon tomir kasalliklari ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalari tashkil qilinsin;
2022 yil 1 fevralga qadar Moliya vazirligi (J.Abruyev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.Vafayev) bilan birgalikda Markazning yurak qon-tomir kasalliklari ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan 1-ilovaga muvofiq ta’minlash uchun xalqaro moliya tashkilotlari hamda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 5 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘larni yo‘naltirish choralari ko‘rilsin;
preventiv kardiologiya, nur yordamida diagnostika va boshqa yo‘nalishlarda yangi ilmiy tadqiqotlar uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilsin hamda Markazda 15 dan ziyod yuqori texnologik amaliyotlarning yo‘lga qo‘yilishi ta’minlansin;
b) ikki oy muddatda yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari ro‘yxatini ularning samaradorligini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqsin va har yili yangilab borsin;
v) 2022 yil 1 fevralga qadar Markazning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mavjud shtatlar doirasida hududiy filiallar bilan ishlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimini joriy etsin;
g) 2022 yil yakuniga qadar, keyinchalik esa har yili Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlarning nufuzli tibbiyot muassasalarida 30 nafardan kardiolog mutaxassislarning Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi hisobidan malakasini oshirish choralarini ko‘rsin;
d) 2023 yil yakuniga qadar Markazning barcha hududiy filiallarida telemeditsina va telemetriya markazlarini tashkil qilsin.
8. Quyidagilar:
Kardiologiya xizmatini 2022-2024 yillarda yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 2-ilovaga muvofiq;
Kardiologiya xizmatini 2022-2024 yillarda yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish samaradorligini aniqlash ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining kardiologiya bo‘linmalarini 2022 yilda tibbiy uskunalar bilan jihozlashga doir chora-tadbirlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev):
shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lgan holatlarda o‘tkir koronar sindromi bilan og‘rigan bemorlar uchun koronarografiya va birlamchi stentlash amaliyotlarini Markazning hududiy filiallari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining hududiy filiallari, Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari hamda boshqa angiograf uskunasi mavjud davolash-profilaktika muassasalarida Davlat byudjeti hisobidan amalga oshirish;
bir million va undan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatuvchi Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini angiograf uskunasi bilan ta’minlash;
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (S.Kariyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotlari uchun ishlatiladigan bir martalik sarflov vositalari hamda tromb erituvchi dori vositalarini respublikamizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ularni uzluksiz ta’minlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov):
a) ikki oy muddatda oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda faoliyat yurituvchi hamshiralarning vazifalarini qayta ko‘rib chiqib, shifokorgacha o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik turlarini ko‘paytirish orqali ularning funksiyalarini kengaytirish;
b) 2022 yil yakuniga qadar Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi (X.Akilov), Markaz (X.Fozilov) bilan birgalikda:
tibbiyot brigadalarining 14 ming nafar oilaviy shifokorlarini kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash, davolash va birlamchi yordam ko‘rsatishga o‘qitish;
xorijda tajriba orttirgan xususiy sektor vakillari bilan hamkorlikda birlamchi bo‘g‘indagi 500 nafar mutaxassislarni kardiologiya va laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlash;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda barcha oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda shifokor oldi ko‘rik xonalarini tashkil qilish hamda 15 ming nafar hamshirani maxsus kurslarda o‘qitish choralarini ko‘rsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda birlamchi bo‘g‘indagi mutaxassislarni kardiologiya va laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlash uchun xarajatlarning 50 foizi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasidan, qolgan 50 foizi mahalliy byudjetdan qoplab berilishini ta’minlasin.
11. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish bo‘yicha sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va jamoatchilikka yetkazish choralarini ko‘rsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 26 yanvar