II Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoyishi
Oʻzbek milliy maqom sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirish, uning noyob namunalarini keng targʻib etish, yosh avlod qalbida sanʼatga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini kamol toptirish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-maʼnaviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish, jahon hamjamiyatida maqom sanʼati nufuzini yanada oshirish, shuningdek, navbatdagi Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish va uni yuksak saviyada oʻtkazish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3391-sonli qarori bilan Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta oʻtkazilishi belgilangan Xalqaro maqom sanʼati anjumanini (keyingi oʻrinlarda Anjuman deb yuritiladi) ikkinchi marta 2020 yil sentyabr oyining birinchi yarmida oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligining taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi PQ-3656-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitagaquyidagi vazifalar yuklansin:
Anjumanga tayyorgarlik koʻrish ishlarini 2019 yilning aprel oyidan boshlash boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash;
oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Anjumanning aniq sanalarini
2019 yilning dekabr oyiga qadar belgilash;
2019 yil 1 apreldan boshlab respublika va jahon miqyosida Anjuman targʻibotini tashkil etish, uning doirasida oʻtkaziladigan tanlov shartlari va ilmiy-amaliy konferensiya mavzusini eʼlon qilib borish;
2020 yil 1 iyunga qadar respublikamiz hududlarida maqom ansambllarining konsert dasturlari, “Yosh maqom ijrochilari”, bastakorlar oʻrtasida “Maqom yoʻlida yaratilgan eng yaxshi asar” kabi nominatsiyalar boʻyicha respublika tanlovlari hamda taniqli maqomshunos olimlar, tajribali maqom ijrochilari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslarini tashkil etish va oʻtkazib borish;
2020 yil 1 avgustga qadar Anjuman doirasida “Maqom sanʼatini rivojlantirish istiqbollari”mavzusida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya dasturini ishlab chiqish, shuningdek, Anjumanda ishtirok etadigan xorijiy hamda mahalliy musiqashunos va maqomshunos olimlar, taniqli sanʼatkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar roʻyxatini shakllantirish;
Shahrisabz shahridagi Maqom muzeyini ushbu sanʼatga oid tarixiy, ilmiy-ijodiy manbalar, qadimiy va zamonaviy cholgʻu asboblari va boshqa yangi eksponatlar bilan boyitish choralarini koʻrish;
Anjumanga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi Anjumanga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi 2020 yil 1 aprelga qadar Anjumanga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar smetasini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
4. Qashqadaryo viloyati hokimligi:
ikki oy muddatda Shahrisabz shahrida Anjumanni oʻtkazish uchun zarur madaniy infratuzilma inshootlari va ijtimoiy obyektlar barpo etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishi;
2020 yilning 1 avgustiga qadar Shahrisabz shahrida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishi, Anjuman oʻtkaziladigan sahna va maydonlarning talab darajasida tayyorlanishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Shahrisabz shahrining turizm salohiyatini oshirish, investitsiyalarni faol jalb qilish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020 yilning mart oyiga qadar zamonaviy servis xizmati koʻrsatish imkoniyatlarini oʻzida jamlagan, barcha qulayliklarga ega zamonaviy binolar, xizmat koʻrsatish obyektlari, shuningdek, mehmonxonalar qurilishi va foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2020 yilning avgust oyiga qadar Shahrisabz shahri telekommunikatsiya tarmoqlarini Anjumanga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish talablariga moslashtirish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Shahrisabz shahri turizm infratuzilmalarini rivojlantirish maqsadida kreditlar va investitsiyalarni jalb etish choralarini koʻrsin, shuningdek, xorijiy mamlakatlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻysin;
Qashqadaryo viloyati va maqom sanʼatining turizm sohasidagi reklama-axborot targʻibotini amalga oshirsin;
mehmonxona servis xizmatchilari va gidlarning sifatli faoliyatini tashkil etsin.
7. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi oʻz tizimi uchun byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan 2020 yil 1 aprelga qadar taniqli maqomshunos olimlar, maqom bastakorlari hamda hofiz va sozandalarining ibratli ilmiy, ijodiy faoliyati toʻgʻrisida turkum hujjatli filmlar yaratsin va ularning namoyishini tashkil etsin.
8. Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi Anjumanni badiiy va ijodiy jihatdan yuqori saviyada tashkil etish maqsadida oʻzbek maqomi va boshqa xalqlarning turdosh musiqa janrlarini qamrab olgan xorijiy davlatlardagi xalqaro sanʼat festivallari tashkilotlari hamda markazlari bilan muntazam ijodiy hamkorlik oʻrnatsin.
9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Anjumanga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
10. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
 
Prezidenti                                               Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 26 fevral

 

O’zA