O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Qozon Federal universitetining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy ta’lim dasturlari asosida chuqur fundamental va ilmiy-amaliy bilimga ega yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, hududiy innovatsion-ta’lim tarmog‘ini yaratish, raqamli ta’lim tizimini shakllantirish hamda ish beruvchilarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida:
1. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi hamda Qozon Federal universitetining (Rossiya Federatsiyasi) (keyingi o‘rinlarda – Universitet) Jizzax shahrida Qozon Federal universitetining filialiни tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Jizzax shahridagi Qozon Federal universitetining filiali (keyingi o‘rinlarda – Filial) faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
oliy ta’lim sifatiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiq geologiya, dasturiy injiniring, iqtisodiyot, mashinasozlik, davolash ishi, stomatologiya, farmatsiya, tibbiy biokimyo kabi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
zamonaviy ta’lim dasturlari va o‘qitish shakllarini ishlab chiqish hamda joriy etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini tatbiq etish, o‘quv-pedagogik salohiyatni rivojlantirish;
fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ilm-fan va ta’limning sifatini oshirish, ularning uzviyligini ta’minlash, jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga maqsadli integratsiyalashuv orqali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes-hamjamiyatlari bilan ta’lim hamda ilm-fan sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash
va rivojlantirish.
3. Belgilansinki, Filial:
Universitetning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi;
kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarni inobatga olgan holda oliy ta’limning sifatiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga mos ta’lim dasturlari asosida barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi;
ta’lim jarayonini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va ta’lim dasturlari asosida olib boradi;
kadrlar tayyorlashni kunduzgi, sirtqi va boshqa ta’lim shakllarida olib boradi;
ta’lim faoliyatini 2022/2023 o‘quv yilidan boshlaydi;
abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazishni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiradi;
bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida oliy ma’lumot sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomini beradi;
faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiradi.
4. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Universitet:
Filial ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etadi;
Filial professor-o‘qituvchilari tarkibining 40 foizdan kam bo‘lmagan miqdorini Universitet va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilarini dars berishga va ilmiy faoliyatga jalb etish orqali shakllantiradi;
Filial professor-o‘qituvchilarini mahalliy hamda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va yetakchi korxonalarda qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tizimli ravishda tashkil etadi;
Filialning kutubxona fondini shakllantirish hamda uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to‘ldirishga ko‘maklashadi;
Filialning zarur o‘quv, laboratoriya va ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishini ta’minlaydi;
Filialning professor-o‘qituvchilari va talabalarini N.I. Lobachevskiy nomidagi kutubxonaning elektron resurslar bazasidan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlaydi.
5. Belgilansinki:
Filialga bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul parametrlari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojini hisobga olib, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi hamda Universitet bilan kelishilgan holda Filial tomonidan tasdiqlanadi;
Filialga talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, davlat granti asosida ta’lim olgan Filial bitiruvchilari uch yildan kam bo‘lmagan muddat majburiy ishlab berish sharti bilan O‘zbekiston Respublikasining davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi;
Filialda o‘qitishning to‘lov-kontrakt miqdori Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Universitet bilan kelishilgan holda Filial tomonidan belgilanadi;
2021/2022 o‘quv yilidan Universitet O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali bilan hamkorlikda “Dasturiy injiniring”, “Farmatsiya” va “Axborot tizimlari va texnologiyalari” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni boshlaydi hamda mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan talabalar kelgusida o‘qishlarini Filialda davom ettiradi;
Filial o‘ttiz sutkadan ortiq muddatga Universitetdan jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarning xizmat safari xarajatlari Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim tashkilotlari uchun belgilangan normalarga muvofiq qoplanadi;
Filial o‘quv jarayonining ehtiyojlaridan kelib chiqib, Universitetdan uzoq muddatga jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarning mehnatiga haq to‘lash tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi;
Filialning dars jarayonida foydalaniladigan maxsus uskunalar va dasturlar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega, yuqori malakali xodimlari uchun Filialning byudjetdan tashqari mablag‘larihisobidan ustamalar belgilanishi mumkin;
Filialga ilmiy faoliyat olib borish uchun taklif etiladigan xorijlik professor-o‘qituvchilarning yashash xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflarda to‘lashga ruxsat beriladi;
2022 yilda Filial faoliyati yo‘lga qo‘yilgan kundan boshlab Filialni saqlash uchun byudjet mablag‘lari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida ajratiladi va keyingi yillardan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
6. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Filialga o‘qishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 30 foizidan oshmagan holda davlat granti asosida talabalarni o‘qitish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ajratiladigan Davlat byudjeti mablag‘lari;
talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan kelib tushadigan mablag‘lar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Jizzax viloyati hokimligi (E.Saliyev):
Filialni Jizzax shahri, Sharof Rashidov ko‘chasida joylashgan sobiq Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti bino va inshootlarining bir qismiga ijara haqining nol stavkasi asosida joylashtirsin;
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda simulyatsion va imitatsion o‘qitish usullari asosida Filialda oilaviy poliklinika tashkil etsin.
8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) Jizzax viloyati hokimligi (E.Saliyev) va Universitet bilan hamkorlikda:
2021 yil yakuniga qadar Filialning ta’sis hujjatlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, Filialni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazsin;
2022/2023 o‘quv yili boshlanguniga qadar Filialni tanlov asosida malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlasin;
2022 yilning yakuniga qadar Filial tarkibida OpenLab ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi faoliyatini tashkil etsin.
OpenLab laboratoriyasi respublika va chet el ilmiy tadqiqotchilari uchun fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan, zamonaviy jihozlangan ilmiy infratuzilmaga ega markaz sifatida faoliyat yuritishi inobatga olinsin.
9. Belgilansinki, Filialga ajratilgan:
bino, inshootlar va hududlarni saqlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar, shu jumladan kommunal to‘lovlar Filial mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
o‘quv xonalari, talabalar turar joyi va xorijiy professor-o‘qituvchilar mehmonxonasini ta’mirlash va jihozlash Filialga 2022 yilda respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Moliya vazirligi mazkur banddagi tegishli chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni 2022 yildagi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Jizzax viloyat hokimligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq Filial uchun bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash ishlarini 2023–2025 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritsin.
10. 2024 yil 1 yanvarga qadar Filialni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, jihozlash va uning faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan o‘quv va ilmiy-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, inventarlar, qurilish materiallari va moddiy-texnik resurslar bojxona bojidan ozod etilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Sh.Inoyatov va Jizzax viloyati hokimi E.A.Saliyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Musayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2021 yil 28 avgust