O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish, ayrim shartnomalarni tuzishda o‘rnatilgan sun’iy cheklovlarni olib tashlash, shuningdek, shartnomaviy munosabatlarda axborot tizimlaridan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021 yil 1 dekabrdan quyidagilarni bekor qilish haqidagi taklifiga rozilik berilsin:
tijorat banklariga yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar) uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo‘yilgan taqiqni;
davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko‘rsatish) to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan to‘lovni belgilashga doir talabni;
qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talabni.
Ta’kidlansinki, ushbu bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan oldindan to‘lov va avans shartnoma taraflarining kelishuviga muvofiq belgilanadi.
2. Jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida o‘zaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berilsin.
Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qarz shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun hamda qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summasini undirish bo‘yicha ijro xatlarini yozib berganlik uchun undiriladigan davlat boji miqdorini ikki baravar kamaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan:
a) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn auksionda sotuvga qo‘yilgan mol-mulk uni sotishdan tushgan pul mablag‘lari hisobidan auksion g‘olibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi. Bunda, mol-mulkni sotishdan tushgan pul mablag‘lari yetarli bo‘lmaganda qarzdorlikni to‘lash majburiyati uning sobiq egasi – qarzdor zimmasida qoladi.
Auksion g‘olibi tomonidan mulkni qabul qilib olmaslikning quyidagi hollarida zakalat puli auksion g‘olibi murojaat qilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida qaytarib berilishi shart:
auksionda sotilgan mol-mulk auksion ob’ektining ko‘rsatilgan texnik tavsiflariga mos kelmasa;
mol-mulk auksionda sotilgunga qadar uchinchi shaxslarning egaligiga o‘tib ketgan bo‘lsa va bu holat auksion yakunlanganidan so‘ng aniqlansa;
b) shartnomaning tarafi ikkinchi tarafdan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni to‘la yoki qisman bajarishini qabul qilgan yoxud shartnomaning amal qilishini boshqacha tarzda tasdiqlaganda, ushbu shartnomani keyinchalik haqiqiy emas deb topishni talab qilishga, agar bunday talab halollik prinsipiga zid bo‘lsa, haqli emas;
v) xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan davlat xaridlari bilan bog‘liq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar belgilanadi.
Shartnomaning tarafi va u tomonidan jalb qilingan shaxslar (yordamchi pudratchi tashkilotlar, agentlar va taraflar nazorati ostidagi boshqa shaxslar) tomonidan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlarga rioya etilmaganda, ikkinchi taraf shartnomani bir taraflama to‘xtatib turishga, bekor qilishga hamda zararni qoplab berishni talab qilishga haqli bo‘ladi;
g) yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik to‘lanmaganda, soliq yoki bojxona organlari bankka to‘lovchining hisobvaraqlaridagi qarzdorlik summasiga teng miqdordagi pul mablag‘larini muzlatib qo‘yish va ularni o‘ttiz kalendar kunidan so‘ng undirish to‘g‘risidagi farmoyishni bu haqda to‘lovchini xabardor qilgan holda yuboradi.
Xabarnoma olingan paytdan boshlab o‘ttiz kalendar kun ichida to‘lovchi tomonidan ushbu farmoyish ustidan sudga shikoyat qilingan taqdirda, mijozning hisobvarag‘idan pul mablag‘larini chiqarish yoki chiqarmaslik sudning qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
d) kommunal soha, energiya bilan ta’minlash, aloqa xizmati, yo‘lovchi va yuklarni tashish va boshqa shu kabi katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishilganidan so‘ng iste’molchilar bilan tuziladi.
4. Namunaviy shartnomalarni qonunosti hujjatlar bilan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinsin, qonun bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taraflar uchun majburiy bo‘lgan namunaviy shartnomalar tasdiqlanishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
5. Quyidagilar:
Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarni tuzish va majburiyatlarni bajarishdagi munosabatlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar namunalarini ishlab chiqish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank va Savdo-sanoat palatasining elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari orqali mahsulotlar oldi-sotdisi amalga oshirilayotganda va boshqa sohalarda bitimlar tuzishda eskrou tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
7. Fermer xo‘jaliklari va tayyorlov tashkilotlariga kontraktatsiya shartnomalarini axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish tavsiya etilsin.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda kontraktatsiya shartnomalarini axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin.
8. Oliy sud sudlar tomonidan shartnomaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqishda hamda shartnomalar shartlarini sharhlashda qonunchilik hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotini tizimli ravishda, lekin kamida yarim yilda bir marta, tahlil qilsin va natijasi yuzasidan yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish uchun sudlarga tegishli ko‘rsatmalar berib borsin.
9. Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda kommunal soha va boshqa shu kabi sohalarda aholiga tovarlar yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatishni amalga oshiruvchi davlat korxonalari ikki oy muddatda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan shartnomalar tuzishda axborot tizimlaridan keng foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Moliya vazirligi davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan shartnomalar reyestriga:
tuzilgan shartnomalar hamda ularga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qo‘shimcha kelishuvlar bo‘yicha barcha hujjatlar va axborotlar;
shartnomaning amal qilish muddati tugaganda, shartnoma bajarilganda yoki u bekor bo‘lganda, davlat buyurtmachisi tomonidan shartnomaning bajarilishi yuzasidan hisobot majburiy ravishda joylashtirib borilishini ta’minlasin.
11. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalarni iste’molchilarning huquqlariga rioya etilganligi, taraflarning tengligi tamoyillariga muvofiqligi nuqtai nazaridan tahlil qilsin hamda zaruratga ko‘ra ommaviy shartnomalarni qaytadan ishlab chiqish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan energetika, kon-metallurgiya, aloqa sohasidagi investitsiya shartnomasi loyihalarini ishlab chiqish va kelishish bosqichida yetakchi xalqaro konsalting va yuridik kompaniyalarni jalb qilish hamda ularni moliyalashtirish manbalarini aniqlash bo‘yicha takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish bo‘yicha shartnomalarning axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzilishi amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
14. Adliya vazirligi:
Markaziy bank bilan birgalikda uch oy muddatda elektron tijoratni amalga oshirishda eskrou tizimidan foydalanish qoidalarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda axborot tizimi orqali shartnomalarni imzolash, saqlash va jo‘natish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish sohasiga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari 3-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
16. Adliya vazirligi:
a) Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qo‘llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlarni ishlab chiqsin va e’lon qilsin;
b) uch oy muddatda shartnomalar namunalarini “yurxizmat.uz” maxsus axborot portaliga joylashtirsin va ularni qonunchilikka kiritiladigan o‘zgartirishlardan kelib chiqib nazorat holatida yuritsin;
v) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda namunaviy shartnomalarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonunosti hujjatlarni xatlovdan o‘tkazib, ushbu farmonga nomuvofiq bo‘lgan qonunosti hujjatlarni o‘zgartirish yoki bekor qilish yuzasidan tegishli takliflarni ularni qabul qilgan organga kiritsin;
uch oy muddatda qonunchilikka ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q.Davletov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 14 sentyabr