Oʻzbekiston xalqining umummilliy boyligi hisoblanadigan madaniy merosimizni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va undan foydalanish borasida mamlakatimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari YUNЕSKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga, “Boysun madaniy muhiti”, “Shashmaqom musiqasi”, “Navroʻz”, “Katta ashula”, “Askiya”, “Palov madaniyati va anʼanalari” nomzodlari Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga, Usmon Qurʼoni, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar toʻplami, Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari Jahon xotirasi roʻyxatiga kiritilgani yurtimiz madaniy merosining dunyo miqyosida eʼtirof etilganiga yorqin misol boʻla oladi.
Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimi yanada takomillashtirildi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.
Shu bilan birga, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish uchun masʼul organning tashkiliy-shtat tuzilmasi sohada davlat nazoratini samarali tashkil etish imkonini bermayapti.
Sohada fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishda fan va innovatsion texnologiyalar yutuqlaridan samarali foydalanmaslik natijasida loyihalash, restavratsiya-tiklash ishlari moddiy madaniy meros obyektlarining noyobligini saqlab qolishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish, ulardan oqilona foydalanish va yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda ularning oʻrni va ahamiyatini oshirish hamda moddiy madaniy meros sohasidagi davlat nazoratini tubdan takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari negizida OʻzbekistonRespublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti (keyingi oʻrinlarda Departament deb yuritiladi) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilsin.
Departamentning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
moddiy madaniy meros, shu jumladan, arxeologiya merosi obyektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini yuritish, tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzgacha madaniy qimmatga ega boʻlgan obyektlarni aniqlash, ularni hujjatlashtirish va davlat hisobiga olish, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari toifalari va qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash, shuningdek, ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlash;
tarixiy-madaniy va loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizasini, moddiy madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy qimmati va noyobligiga asrashga doir ishlarni putur yetkazmagan holda amalga oshirilishi boʻyicha uzluksiz ilmiy-texnik nazoratni olib borish;
alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy va jahon madaniy merosi obyektlari jumlasiga kiritilgan hududlarda shaharsozlik va boshqa xoʻjalik faoliyatlarini ularning tarixiy-madaniy muhiti, tabiiy landshafti va oʻziga xosligini saqlab qolgan holda olib borilishini muvofiqlashtirish;
arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish, arxeologiya tadqiqotlarini amalga oshirish tartibi va shartlariga rioya qilinishi, arxeologiya ashyolarining oʻz vaqtida hisobga olinishi va davlatga topshirilishini nazorat qilish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, shuningdek, arxeologiya tadqiqotlari boʻyicha ilmiy hisobotlarni qabul qilish, ekspertizadan oʻtkazish va arxivini yigʻish, arxeologiya yodgorligini konservatsiyalash hamda muzeylashtirish;
milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish, muzey ashyolari va kolleksiyalarini muzey fondi tasarrufidan chiqarish yoki boshqa muzey fondiga oʻtkazish, madaniy boyliklarni realizatsiya qilish uchun ruxsatnomalar berish, shuningdek, davlat tomonidan muhofaza roʻyxatlari va reyestrlariga kiritilgan madaniy boyliklar, jumladan, muzey ashyolari va kolleksiyalari, qadimiy yozma manbalarning but saqlanishini va hisobi yuritilishini tekshirish, milliy arxiv fondi bundan mustasno;
olimlar, xalq ustalari, restavratorlar, ekspertlar bilan yaqin hamkorlik qilish, taʼmirshunoslikdagi oʻziga xos uslub, anʼana va maktablarini rivojlantirishni, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash;
moddiy madaniy meros obyektlarini keng targʻib etish va ommalashtirish, sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, innovatsion va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini samarali tatbiq etish, elektron xizmatlarni rivojlantirish;
xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, moliyaviy institutlarning grantlari, kreditlari va homiylik xayriyalarini jalb etish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi muzeylar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi idoralararo kengash hamda Madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Hukumat komissiyasi tugatilsin, ularning vazifa va funksiyalari Departamentga yuklansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Departament yuridik shaxs hisoblanadi va davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi;
b) Departament boshligʻi lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining oʻrinbosari hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
v) bosh meʼmor va bosh inspektor Departament boshligʻining oʻrinbosarlari hisoblanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
g) Departament:
moddiy madaniy meros, jumladan, arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida maxsus vakolatli muassasa hisoblanadi;
oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga moddiy madaniy meros obyektlari sohasida aniqlangan qonunbuzilish holatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi, mehnatga oid munosabatlar bundan mustasno;
d) moddiy madaniy meros obyektlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va aholi punktlarining bosh rejalari Departament bilan kelishilishi majburiy hisoblanadi.
4. 2019-2021 yillarda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish, targʻib qilish va ulardan oqilona foydalanishni tubdan takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (B.S.Sayfullayev):
Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tegishli tadbirlarni moliyalashtirish manbalari va miqdorlarini belgilash boʻyicha har yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritib borsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sohaga imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlarni jalb qilish boʻyicha xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy donorlar bilan tizimli ishlar olib borsin.
6. Departament qoshida tarix, meʼmorchilik, moddiy madaniy meros sohasida ilmiy, amaliy tajribaga ega boʻlgan 11 nafar olim va yuqori malakali mutaxassislardan iborat Ilmiy-ekspert kengash tuzilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Ilmiy-ekspert kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi va unga Departament boshligʻi rahbarlik qiladi;
Ilmiy-ekspert kengash aʼzolariga davlat sud ekspertlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlar tatbiq etiladi;
moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xoʻjalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar oʻtkazishga oid loyihalar Departament tomonidan Ilmiy-ekspert kengash bilan kelishiladi va uning xulosasi Departament uchun majburiy hisoblanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligining mablagʻlari quyidagilar hisobiga shakllantiriladigan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Departamentning byudjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
Departament, uning hududiy boshqarmalari va davlat muzey qoʻriqxonalariga tegishli moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berishdan tushgan mablagʻlarning 90 foiz miqdori, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
davlat mulki boʻlgan boshqa tashkilotlarga tegishli moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berishdan tushgan mablagʻlarning 50 foiz miqdori;
Departament va uning hududiy boshqarmalari tomonidan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasini oʻtkazishdan, shuningdek, asrashga doir ishlarning loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi va ilmiy-texnik nazoratini amalga oshirishdan tushgan mablagʻlar;
moddiy madaniy meros obyektida asrashga doir ishlarni amalga oshirish va madaniy boyliklarni realizatsiya qilish uchun ruxsatnomalar berishga toʻlangan yigʻimlar;
moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganligi hamda moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganligi uchun toʻlanadigan jarimalar;
davlat mulki hisoblangan moddiy madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha mablagʻlar;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
8. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari:
moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va asrashga doir ishlarni amalga oshirish;
moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini, arxeologiya ashyolari va milliy muzey fondining davlat kataloglarini yuritish;
moddiy madaniy meros obyektlarini ilmiy va ilmiy-texnik tadqiq qilish, arxeologiya obyektlarida qazishma ishlarini olib borish, ularni keng targʻib etish va ommalashtirish;
Departament va hududiy boshqarmalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, elektron xizmatlarni rivojlantirish;
ekspertlarni, jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, Ilmiy-ekspert kengash aʼzolari, Departament va hududiy boshqarmalarning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish;
qonun hujjatlarida belgilangan Departament faoliyati bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun sarflanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining:
Buxoro davlat badiiy-meʼmoriy muzey-qoʻriqxonasi, Samarqand davlat birlashgan tarixiy-meʼmoriy va badiiy muzey-qoʻriqxonasi, Xiva “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasini tegishlicha “Buxoro”, “Samarqand”, “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonalari etib qayta nomlash;
Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida tegishlicha “Sarmishsoy”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qoʻqon” davlat muzey-qoʻriqxonalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
YUNЕSKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga tarixiy-madaniy qiymatiga koʻra kiritilgan respublikadagi hududlar alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar hisoblanadi hamda ularda rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Departament hamda YUNЕSKOning Umumjahon merosi markazi bilan majburiy tartibda kelishilgan holda amalga oshiriladi;
moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanish tartibini belgilash, tashrif buyuruvchilar uchun sharoit yaratish bilan bogʻliq masalalar majburiy tartibda turizm sohasida vakolatli davlat organi bilan kelishiladi;
davlat koʻchmas mulki hisoblangan moddiy madaniy meros obyektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi;
arxeologiya qazishmalari tabiiy yemirilish, boshqa harakat va holatlar xavfi ostidagi hamda ustuvor ilmiy qimmatga ega arxeologiya yodgorliklarida amalga oshiriladi va ularning roʻyxati Departament tomonidan eʼlon qilib boriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati har yili Departament tomonidan uning hududiy boshqarmalari taklifiga asosan shakllantiriladi;
moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan tashkilotlarning roʻyxati shakllantiriladi hamda ushbu roʻyxatdan tanlov asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan asrashga doir ishlarni amalga oshiruvchi tashkilotlar aniqlanadi;
faol fuqarolar ixtiyoriylik va tanlov asosida mahalla fuqarolar yigʻinlari kengashining qarori bilan moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha jamoatchi inspektor etib tasdiqlanadi, ularning qonun hujjatlari buzilishiga oid murojaatlari Departament yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan majburiy tartibda davlat nazorati shaklida tekshiriladi, bunda maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat aniqlansa, jamoatchi inspektorlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (B.S.Sayfullayev):
2019 yilning 1 fevraliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan tashkilotlarning roʻyxatini shakllantirsin hamda uning doimiy yangilanib borishini taʼminlasin;
2019 yilning 1 apreliga qadar Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi bilan birgalikda moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlariga jamoatchi inspektorlarni biriktirish choralarini koʻrsin;
2019 yilning 1 iyuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini shakllantirsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va Maʻrifat” telekanali Departamentning moddiy madaniy meros obyektlarini ilmiy asoslarda targʻib etish va audiovizual asarlarni tayyorlash boʻyicha bosh axborot hamkori sifatida belgilansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudovga – puxta tanlov asosida Departamentni yuqori malakali, tashabbuskor, madaniy meros masalalari boʻyicha zarur bilim va amaliy tajribaga ega kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S.Sayfullayevga – “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish yuzasidan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatilishi, Departament faoliyatini samarali tashkil qilish, mavjud tashkiliy-texnik, moliyaviy, huquqiy va boshqa masalalarni hal etish;
vazirliklar va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga – “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini toʻgʻri tashkillashtirilishi hamda chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi choralarini koʻrish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga
2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
Departament faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosarlari B.M.Mavlonov, F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 19 dekabr