Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida davlat xizmatlarining shaffofligini va ulardan erkin foydalanish imkoniyatini, mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda, eksport-import operatsiyalarining mutanosibligini ta’minlash tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, aholining turmush sharoiti va sifatini yaxshilashning eng muhim shartlari hisoblanadi.
Shu bilan birga, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvining murakkab tartib-taomillari va uzoq muddatlari, bojxona organlari xodimlari o‘rtasidagi korrupsiyaviy huquqbuzarlik va xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlarining saqlanib qolayotganligi islohotlarning to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Bundan tashqari, tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish sohasida idoralararo va xalqaro hamkorlikning sust tashkil etilganligi kontrabanda va kontrafakt mahsulotlarni olib kirishning oldini olish vazifalarini samarali bajarish, bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalarini aniqlash imkonini bermayapti.
Umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlar asosida bojxona organlari faoliyatini hamda bojxona ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, tadbirkorlik va turizmni faol va jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlik uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganligi va tergov olib borilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarini isloh qilishning muhim yo‘nalishlari hisoblansin:
birinchidan, bojxona organlarining barcha darajadagi tuzilmalari vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, shuningdek, bojxona organlari markaziy va hududiy mahkamalarining samarali faoliyat ko‘rsatishini tashkil qilishda sohaviy tuzilmalarning muvofiqlashtiruvchi roli va uslubiy ko‘magini kuchaytirish;
ikkinchidan, bojxona organlari tizimida korrupsiya ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, xalqning ishonchini mustahkamlash va davlat bojxona xizmati obro‘sini oshirish, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish;
uchinchidan, Oliy harbiy bojxona instituti faoliyatini, yuqori professional ko‘nikmaga, ma’naviy-axloqiy sifatlarga va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usiga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash, tanlash hamda joy-joyiga qo‘yish tizimini tubdan takomillashtirish;
to‘rtinchidan, tovarlarni noqonuniy olib kirishning asosiy shakllari va uslublari hamda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalari haqidagi ma’lumotlarni aniqlash, o‘rganish va umumlashtirish orqali bojxona to‘lovlarining o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini ta’minlash, byudjetning daromad qismini oshirish;
beshinchidan, “yalpi” bojxona nazoratini o‘tkazishdan har tomonlama tahlil asosida bojxona nazorati obyektlarini aniqlash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish imkonini beruvchi xavfni boshqarish tizimiga o‘tish;
oltinchidan, bojxona nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllari, uslublari va texnik vositalarini tatbiq etish hisobiga Davlat chegara o‘tkazish punktlarida bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning davomiyligini qisqartirish;
yettinchidan, bojxona organlari barcha tarkibiy tuzilmalarining faoliyati va idoralararo axborot almashinuvi samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
sakkizinchidan, xorijiy davlatlarning bojxona organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, bojxona ishi sohasida ilg‘or tajribani, xalqaro norma va standartlarni tizimli o‘rganish va joriy qilish.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
bojxona organlarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha institutsional o‘zgarishlar, ularning vazifa va funksiyalarini optimallashtirish;
bojxona organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
bojxona nazorati samaradorligini oshirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
samarali idoralararo hamkorlikni ta’minlash;
kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish.
Vazirlik va idoralar, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi rahbarlari Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilansin.
4. 2018-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq:
tovarlarni bojxona rejimlariga joylashtirishda, shuningdek, xorijiy avtotashuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab harakatlanish marshrutlarini o‘zgartirishga bojxona organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bekor qilinadi;
bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida aynan bir xil tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi (jismoniy xususiyati, sifati, ishlab chiqaruvchisi, tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklatura kodi bo‘yicha) davriy deklaratsiyalarni taqdim etish orqali amalga oshiriladi;
aynan bir xil tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida karantin ruxsatnomalar, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini, ozon yemiruvchi moddalar va ulardan tashkil topgan mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun ruxsatnomalar, muvofiqlik sertifikati, veterinar, gigiyenik va ekologik sertifikatlar bir kalendar yilidan oshmagan muddatga bir marotaba taqdim etiladi;
boj olinmaydigan savdo do‘koni, erkin ombor va bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash markazlashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparati tomonidan amalga oshiriladi;
tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan bojxona yuk deklaratsiyalarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida to‘ldirish va bojxona organlariga taqdim etish huquqiga ega;
import tovarlari amalda O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga yetib kelishidan oldin, jumladan, tovarlarni bevosita chegara o‘tkazish punktlarida erkin muomalaga chiqarish orqali insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini rag‘batlantirish maqsadida ushbu tovarlarni dastlabki deklaratsiyalash amaliyoti joriy etiladi;
bojxona organlari soliq organlari va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti organlari bilan birgalikda ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan davlat korxonalari va tashkilotlari tomonidan import qilinayotgan tovarlarning narxini oshirib ko‘rsatish holatlari bo‘yicha muntazam ravishda monitoring o‘tkazadi;
bojxona omborlarida uch yildan ortiq saqlanib kelinayotgan mol-mulklar bojxona organlari tomonidan ushlab qolinadi va ular uch oy davomida talab qilib olinmagan hollarda sud qarori asosida davlat foydasiga undiriladi, keyinchalik belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan sotiladi yoki yo‘q qilinadi;
bojxona organlari tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va ularning tashqi savdo faoliyati qonuniyligini tekshirish maqsadida tovarlar va transport vositalari erkin muomalaga chiqarilgandan so‘ng ularning bojxona nazoratini amalga oshiradi;
bojxona organlari tomonidan yetakchi xalqaro tashkilotlar uslubiyoti asosida muntazam ravishda tovarlar bojxona rasmiylashtiruvining o‘rtacha vaqti tizimli o‘rganib boriladi, ularning natijalari e’lon qilinadi, shuningdek, ushbu sohadagi ko‘rsatkichlarni izchil yaxshilash bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tuzilmasida shtat birliklarining umumiy soni doirasida quyidagilar tashkil etilsin:
a) Bojxona ma’muriyatchiligining ilg‘or va innovatsion usullarini joriy etish boshqarmasi, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Butunjahon savdo tashkiloti, Butunjahon bojxona tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning standartlari hamda tavsiyalarini tahlil qilgan holda bojxona ishini rivojlantirish va takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
bojxona qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish hamda huquqiy normalarni erkin, subyektiv va tanlov asosida talqin qilish holatlarini istisno etish yuzasidan takliflar tayyorlash;
bojxona sohasida huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va shart-sharoitlarini tizimli tahlil qilishni tashkil etish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan isloh qilish, bojxona organlarining yuridik va jismoniy shaxslar bilan bevosita muloqotsiz munosabatga kirishish shakllarini joriy etish;
bojxona ishi hamda bojxona organlari xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, ularni O‘zbekiston Respublikasida joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlash;
b) Xavflarni monitoring qilish va baholash boshqarmasi, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
bojxona organlarida bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi yuqori bo‘lgan tovar va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini nazorat qilish uchun kuch va vositalarni jamlashni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;
xavfi yuqori bo‘lgan, shu jumladan, dastlabki ma’lumotlarni tahlil qilish va tasodifiy tanlov asosida tovar partiyalarini bojxona nazorati uchun maqsadli tanlab olish metodologiyasini ishlab chiqish;
vijdonli tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini aniqlash, ularga nisbatan soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillarini qo‘llashning tartib va mezonlarini ishlab chiqish;
xavfni boshqarish tizimi samarali qo‘llanilishini doimiy monitoring qilish, uni yanada takomillashtirish va uzluksiz ishlashini ta’minlash.
v) Tashqi savdo operatsiyalari va bojxona statistikasi monitoringi boshqarmasi, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
tashqi savdo operatsiyalarining monitoringini tashkil etish, eksport-import shartnomalari ijrosini tahlil qilish, shuningdek, bojxona organlariga taalluqli tashqi savdo operatsiyalari o‘tkazilishida valyuta qonunchiligiga amal qilish;
O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdosini rivojlantirish tendensiyalari, shuningdek, mamlakatning savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlash;
tovarlarning tashqi savdosi bo‘yicha bojxona statistikasini yuritish, ularni shakllantirishning barcha bosqichlarida haqqoniyligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
tashqi savdo sohasida statistik ma’lumotlarning to‘g‘riligini ta’minlash va huquqbuzarlikning belgilarini aniqlash maqsadida xorijiy davlatlarning bojxona xizmatlari bilan axborot almashish.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:
2018-yil 1-sentabrga qadar muddatda tovarlarning bojxona nazoratini tanlov asosida o‘tkazishni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlasin;
qonun hujjatlari normalari bir xilda qo‘llanilishi, bojxona tartib-taomillari samaradorligi, tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasiga muvofiq tovarlarni to‘g‘ri tasniflash, ularning bojxona qiymatini to‘g‘ri aniqlashni monitoring qilish va baholashni nazarda tutuvchi bojxona postlari faoliyatini nazorat qilishning ta’sirchan tizimini ishlab chiqsin;
“Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti” va “Toshkent-tovar” bojxona postlarida bojxona tartib-taomillarini maksimal darajada soddalashtirish, bojxona to‘lovlarining to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash, tovarlarning noqonuniy importi va kontrabandani aniqlashga qaratilgan bojxona ma’muriyatchiligining zamonaviy uslublarini qo‘llash bo‘yicha dastlabki loyihalarni amalga oshirish ishlarini tezlashtirish hamda ijobiy tajribani boshqa bojxona postlarida qo‘llash;
moddiy rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini muvozanatli qo‘llash imkonini beruvchi bojxona postlari xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish va joriy etish.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi:
yuqori professional mahorat, axloqiy va ma’naviy sifatlarga ega, har tomonlama yetuk va vatanparvar yoshlarni bojxona organlariga jalb etishga yo‘naltirilgan kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishning prinsipial jihatdan yangi tizimini yaratish;
xodimlarning xizmatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish, qonunbuzilishining barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabat muhitini yaratish, jamoada sog‘lom muhitni shakllantirish;
fidokorona xizmat qilayotgan xodimlarni har tomonlama rag‘batlantirish, xizmat intizomini hamda qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzgan xodimlarni intizomiy va boshqa javobgarliklarga tortish bo‘yicha choralar ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) bir oy muddatda quyidagilar bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
hududlarda “yagona darcha” tamoyili asosida bojxona, bank, logistik, tezkor-laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa xizmatlar ko‘rsatadigan zamonaviy logistik markazlarni tashkil etish;
davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi chegara bojxona postlarini zamonaviy inspeksion-ko‘rik majmualari va boshqa bojxona nazoratining texnik vositalari bilan jihozlash;
temir yo‘l chegara bojxona postlarini davlat chegarasida temir yo‘l sostavlari kesishish joylariga ko‘chirish hamda ushbu joylarda bojxona va boshqa turdagi davlat nazoratini amalga oshirish uchun zarur infratuzilmani tashkil etish masalasini o‘rganish;
b) uch oy muddatda davlat chegara o‘tkazish punktlarining bino, inshootlar va avtomobil o‘tish punktlarining holatini o‘rganish hamda aniq davlat organini belgilash va unga quyidagi vazifalarni yuklash:
joriy ta’mirlash, kapital qurilish, texnik jihozlashni amalga oshirish, shuningdek, yondosh hududlarini obodonlashtirish;
yangi o‘tkazish punktlarini qurish;
davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarini bosqichma-bosqich balansga qabul qilish.
9. 26-yanvar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlarining kuni etib belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi belgilangan tartibda ishlab chiqilishi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-noyabrga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan holda ishlab chiqsin:
bojxona qonunchiligini liberallashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini ta’minlash, normalarni qabul qilishda barcha uchun tushunarli va turlicha talqin qilish imkoniyatini istisno etishga;
tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan bojxona qonunchiligiga rioya etilishining rag‘batlantirish mexanizmini yaratishga;
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari normalari, umume’tirof etilgan xalqaro huquq tamoyillarini, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va standartlarini implementatsiya qilishga;
bojxona ma’muriyatchiligi sohasida rivojlangan mamlakatlar tajribasi, shu jumladan tariflarni tartibga solish va bojxona nazoratini tashkil etishga.
11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
bojxona organlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.S.Otajonov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining raisi M.B.Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 12-aprel