O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Keyingi vaqtlarda aholini va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari bilan ta’minlashni yaxshilashga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Shu bilan birga, farmatsevtika tarmog‘idagi ishlarning mavjud holatini o‘rganish tibbiyot muassasalari va aholining dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanishi ustidan tizimli monitoring va nazorat, davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiyot texnikasi holatining lozim darajadagi hisobi va tahlili mavjud emasligini ko‘rsatdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini barqaror rivojlantirishning yagona strategiyasi ishlab chiqilmagan hamda mahalliy farmatsevtika korxonalarining faoliyatini, shu jumladan tegishli mahsulotlarni aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining ularga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatini lozim darajada muvofiqlashtirish ta’minlanmayapti.

Deyarli tayyor mahsulot bo‘lgan import xom ashyosidan foydalangan holda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarishning keng tarqalgan amaliyoti hamda texnologik jarayonlarning past darajada ekanligi yuqori sifatli va raqobatbardosh farmatsevtika mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etishga to‘sqinlik qilmoqda.

Farmatsevtika faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining arzon, sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari bilan ta’minlanganlik darajasini yanada oshirish, ularning ishlab chiqarilishi, olib kirilishi va sotilishini muvofiqlashtirishning yagona tizimini joriy etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) tashkil etilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazini;

O‘zbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot institutini;

Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutini;

“Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutini Agentlikka berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

3. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

farmatsevtika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish strategiyasini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklikni joriy etish orqali ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarish, farmatsevtika korxonalari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, aholi va davlat sog‘liqni saqlash muassasalarini dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda tibbiyot texnikalari bilan ta’minlash dasturlarini amalga oshirish;

farmatsevtika bozori kon’yunkturasini o‘rganishni tashkil qilish, ichki va tashqi bozorlarda yuqori sifatli, raqobatbardosh dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarining yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga hamda ularni jahon bozoriga olib chiqishga ko‘maklashish;

aholi va davlat sog‘liqni saqlash muassasalarining dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari, shu jumladan ularning mahalliy ishlab chiqarilgan turlari bilan ta’minlanganlik holatini tizimli tahlil qilish, shu asosda ichki bozorni yanada to‘ldirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

farmatsevtika tarmog‘i korxonalarining asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlashga ko‘maklashish, chet el investitsiyalarini, shu jumladan xorijiy va xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini keng jalb qilish;

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion texnologiyalarni yanada joriy etish uchun ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilishini tashkil etish;

Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda, shuningdek, ularga qat’iy narxlarni o‘rnatish bo‘yicha takliflar tayyorlash va kiritishda bevosita ishtirok etish;

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yetakchi chet el farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikni tashkil etishga ko‘maklashish;

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulot deb topish uchun mezonlarni ishlab chiqishga ko‘maklashish;

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida foydalanilayotgan tibbiyot texnikalarining hisobi va reyestri yuritilishini ta’minlash hamda ularning holatini tahlil qilish;

davlat sog‘liqni saqlash muassasalari uchun dori vositalari, tibbiyot buyumlari, tibbiyot texnikalari va maxsus tibbiyot avtotransportining markazlashtirilgan xaridini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy dorixonalari (keyingi o‘rinlarda ijtimoiy dorixonalar deb yuritiladi) tarmog‘ini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;

farmatsevtika tarmog‘iga xalqaro standartlarning joriy etilishini muvofiqlashtirish.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

Agentlik mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z balansiga, bank muassasalarida hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega bo‘ladi;

Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor tomonidan boshqariladi;

Agentlik direktorining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan o‘rinbosarlari bo‘ladi;

Agentlik direktori maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Agentlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

5. Agentlikka quyidagi huquqlar berilsin:

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mamlakat farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha ishini muvofiqlashtirish;

Agentlik vakolatiga taalluqli bo‘lgan masalalar bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlardan hujjatlar, statistik ma’lumotlar, hisobotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotlarni so‘rash va olish;

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini, shu jumladan chet eldan import qilinayotganlarini o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va sertifikatlash;

Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-ta’lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, chet el kompaniyalarining yuqori malakali xodimlarini va mutaxassislarni jalb qilish;

farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish masalalari bo‘yicha xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot almashish;

farmatsevtika tarmog‘ining erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish va faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, ularni boshqarish masalalarini kelishish;

belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, axborot materiallari, davriy nashrlar va boshqa bosma mahsulotlarni chiqarish hamda tarqatish;

farmatsevtika korxonalarini GMP qoidalariga muvofiqligi yuzasidan  сертификациядан o‘tkazish;

farmatsevtika tarmog‘i mutaxassislarining malakasini oshirish.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda:

Agentlikning tashkiliy tuzilmasini, Agentlik markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari tashkiliy-shtat tuzilmasini;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizomni;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Agentlik faoliyatini moliyalashtirishga mablag‘larni 2017-yilda asoslantirilgan hisob-kitoblar bo‘yicha ajratsin hamda har yili O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti xarajatlarida nazarda tutsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligi ikki hafta muddatda Agentlikni unga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan bino bilan ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikni belgilangan tartibda zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan ta’minlasin.

10. Quyidagilar:

a) “O‘zfarmsanoat” DAK a’zolarining konsern mulki va boshqa tovar-moddiy boyliklarini Agentlikka o‘tkazish bilan uni tugatish to‘g‘risidagi;

b) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zmedeksport” respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasini Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining “O‘zmedimpeks” davlat unitar korxonasi (keyingi o‘rinlarda “O‘zmedimpeks” DUK deb yuritiladi) etib qayta nomlash;

“O‘zmedlizing” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini “O‘zmedimpeks” DUKga davlat ulushi bo‘yicha aksiyador funksiyasini bergan holda operativ boshqaruvga berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

11. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zmedimpeks” DUK:

moliyalashtirish manbasidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari, davlat sog‘liqni saqlash muassasalari uchun tibbiyot texnikalari hamda maxsus tibbiyot avtotransportining yagona yetkazib beruvchisi, shuningdek, ularni saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish bo‘yicha agent;

xalqaro moliya institutlarining kreditlari, grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida dori vositalari, tibbiyot buyumlari, tibbiyot texnikalari va maxsus tibbiyot avtotransportining xaridi bo‘yicha tender komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.

12. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zmedimpeks” DUK, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2018-yil 1-yanvarga qadar muddatda ijtimoiy dorixonalarni davlat sog‘liqni saqlash muassasalari (tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, qishloq oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari), davlat mulkida bo‘lgan bo‘sh turgan bino va inshootlar negizida 2018-yil 1-dekabrga qadar muddatda zarur hollarda kapital-ta’mirlash ishlarini o‘tkazib, keyinchalik ularning hamma joyda faoliyat ko‘rsatishini ta’minlagan holda joylashuvini tasdiqlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2017-2018-yillarda ijtimoiy dorixonalarni tasdiqlangan normativlarga muvofiq ravishda jihozlash uchun Byudjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasidan zarur mablag‘larni yo‘naltirsin.

13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “O‘zmedimpeks” DUK buyurtmalari bo‘yicha davlat mulki bo‘lgan inshootlardan va boshqa mulklardan beg‘araz foydalanishga, shu jumladan ijtimoiy dorixonalar tashkil etish uchun taqdim qilishni ta’minlab borsin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlari hisobidan ijtimoiy dorixonalrni kapital ta’mirlash, shuningdek, muhandislik infratuzilmalarini joylashtirish, hududlarini obodonlashtirish va ularning loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga mablag‘lar ajratsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi 2018-yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturida ijtimoiy dorixonalarning qurilishi va rekonstruksiya qilinishi uchun tasdiqlangan va ekspertizadan o‘tkazilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq markazlashtirilgan kapital mablag‘lar limitlarini ajratishni nazarda tutsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-oktabrdagi PQ–2647-son qarori bilan tashkil etilgan Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari bilan ta’minlashni nazorat qilish respublika komissiyasi uning funksiyalarini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuklagan holda tugatilsin.

Belgilansinki, Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari uchun qat’iy narxlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “O‘zmedimpeks” DUKning O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan takliflariga ko‘ra belgilanadi.

16. “O‘zmedimpeks” DUK 2023-yil 1-yanvarga qadar barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar to‘lashdan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining buyurtmalari bo‘yicha dori vositalari, tibbiyot buyumlari, tibbiyot texnikalari va maxsus tibbiyot avtotransporti yetkazib berish shartnomalari yuzasidan bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashdan ozod qilinsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi uch oy muddatda:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatga olish, narxini belgilash tartibini takomillashtirishni, qonunchilikka “in bulk” mahsulotning aniq belgilangan tushunchasini kiritishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin;

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat ko‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu Farmon talablarini hisobga olgan holda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining qat’iy narxini, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining tartibga solinadigan narxlarini belgilash tartibini tasdiqlasin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini ularning xalqaro va milliy standartlarga muvofiqligini hisobga olgan holda mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish mezonlarini tasdiqlangan kundan boshlab dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish nuqtai nazaridan ularning ishlab chiqarilishini texnologik auditdan o‘tkazsin;

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini olib kirish bo‘yicha yagona logistika markazini tashkil etish yuzasidan takliflar kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida yaratilgan loyihalarni bajarish guruhlari faoliyatining samaradorligini o‘rgansin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi PF–5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining faoliyati va tuzilmasi tanqidiy qaytadan ko‘rib chiqilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Mazkur ishlar jarayonida Sog‘liqni saqlash vazirligining byudjetni shakllantirish, taqsimlash va byudjet mablag‘larini sarflashdagi mustaqilligini oshirishni inobatga olgan holda sog‘liqni saqlash idoralari va muassasalarining moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qatarilsin.

19. “O‘zmedimpeks” DUKga olib kirilayotgan dori vositalari, tibbiyot buyumlari, tibbiyot texnikalari va maxsus tibbiyot avtotransportlarini “O‘zmedimpeks” DUK rahbariyati tomonidan ularni saqlab turishning zarur shart-sharoitlarini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilgan holda “vaqtincha saqlash” va “bojxona ombori” bojxona rejimi ostida shaxsiy hamda ijaraga olingan omborlarga joylashtirishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bir oy muddatda “O‘zmedimpeks” DUKga Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, E.Maraimov ko‘chasi, 50-uyda joylashgan bojxona omborining bino va inshootini beg‘araz foydalanishga o‘tkazsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda “O‘zmedimpeks” DUKni unga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan bino va xonalar bilan ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritsin.

22. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

23. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 7-noyabr

    * * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga
SHARH

Keyingi vaqtlarda aholini va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari bilan ta’minlash tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganishlar mazkur sohada mahalliy farmatsevtika tarmog‘ining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim tizimli kamchiliklar saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, bugungi kunga qadar farmatsevtika tarmog‘ini barqaror rivojlantirishning yagona strategiyasi ishlab chiqilmagan hamda mahalliy farmatsevtika korxonalarining faoliyatini, shu jumladan tegishli mahsulotlarni aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining ularga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda ishlab chiqarish bo‘yicha lozim darajada muvofiqlashtirish ta’minlanmagan.

Oqibatda bugungi kunda tarmoqdagi mahalliy korxonalar yuqori sifatli va raqobatbardosh farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkoniga ega emas.

Masalan, “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni tarkibiga kiruvchi korxonalar umumiy sonining 19 foizi faoliyat yuritmayapti, 30 foizining ishlab chiqarish faoliyati tayyor mahsulotni qadoqlash, o‘rash va yorliq yopishtirish bilan chegaralangan.

Hozirgi vaqtda dori ishlab chiqarish uchun import qilinayotgan xom ashyo umumiy sonining 23,4 foizitayyor mahsulot hisoblanadi.

Mahalliy farmatsevtika korxonalarining ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazishga bo‘lgan manfaatdorligi mavjud emasligi oqibatida “O‘zfarmsanoat” konserni korxonalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan asl dori vositalarining ulushi bor yo‘g‘i 1,3 foizni tashkil etadi.

Tarmoqdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining arzon, sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari bilan ta’minlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan mazkur mahsulotlar narxini belgilash mexanizmlarini takomillashtirishga, farmatsevtika sanoati korxonalari faoliyatini tartibga solishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutildi.

Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Shu bilan birga, “O‘zfarmsanoat” konserni tugatilmoqda.

Agentlikka farmatsevtika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish strategiyasini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklikni joriy etish yo‘li bilan ishlab chiqish va amalga oshirish, farmatsevtika korxonalari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, aholi va davlat sog‘liqni saqlash muassasalarini dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda tibbiyot texnikalari bilan ta’minlash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

Shu bilan birga, Agentlik dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini, shu jumladan chet eldan import qilinayotganlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va sertifikatlashni, farmatsevtika korxonalarini tegishli ishlab chiqarish amaliyoti xalqaro qoidalarga muvofiqligini sertifikatlashtirishni amalga oshiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazi, O‘zbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti, “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot instituti Agentlikning tasarrufiga o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zmedeksport” davlat korxonasi“O‘zmedimpeks” davlat unitar korxonasi etib qayta nomlanib, Agentlikning tasarrufiga o‘tkazildi. Bunda“O‘zmedimpeks” O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining yagona yetkazib beruvchisi etib belgilandi, shuningdek, ularni saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish bo‘yicha agenti hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-oktabrdagi PQ–2647-son qarori bilan tashkil etilgan Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari bilan ta’minlashni nazorat qilish respublika komissiyasi uning funksiyalarini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuklagan holda tugatildi. 

Endilikda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari uchun qat’iy narxlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

Farmonda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatga olish, narxini belgilash tartibini takomillashtirish, qonunchilikka “in bulk” mahsulotning aniq belgilangan tushunchasini kiritish, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining qat’iy narxini belgilash tartibiga alohida e’tibor qaratildi. 

Shuningdek, dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini ularning xalqaro va milliy standartlarga muvofiqligini hisobga olgan holda mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish mezonlari, shuningdek, davlat sog‘liqni saqlash muassasalari hamda davlat mulkida bo‘lgan bo‘sh turgan boshqa bino va inshootlar negizida ijtimoiy dorixonalarning joylashuvi tasdiqlanadi.

Umuman olganda, mazkur Farmon farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish, shu jumladan mahalliy dori vositalarining xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarilishini izchil yo‘lga qo‘yish, asl farmatsevtika ishlanmalarini ko‘paytirish, shuningdek, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining arzon va sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojining to‘liq qanoatlantirilishini ta’minlaydi.