O‘tgan davr mobaynida standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash sohasidagi ishlarni xalqaro standartlar asosida tashkil etish, mazkur yo‘nalishda davlat organlari va boshqa muassasalar faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslari belgilandi.
Shu bilan birga, mamlakat eksport salohiyatini oshirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini hamda ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikni tashkil etishda eng maqbul amaliyotlarni qo‘llash mexanizmlarini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi tizimli kamchiliklar mavjud.
Vakolatli organlarning texnik jihatdan tartibga solish, regulyatorlik va nazorat qilish vazifalari tizimining eskirganligi tufayli milliy akkreditatsiya tizimi xorijiy bozorlardagi ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni hisobga olmayapti, bu esa talab yuqori bo‘lgan tovarlar, ishlar (xizmatlar) ishlab chiqarilishi va ularning raqobatbardoshligini ta’minlashga ta’sir qilmoqda.
Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish, eksportga yo‘naltirilgan va raqobatbardosh tovarlar, ishlar (xizmatlar)ni ishlab chiqarish uchun sharoitlar yaratish, mamlakat iste’mol bozorini sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining:
O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi “O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi” Davlat korxonasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshida Akkreditatsiya markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etish;
O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish va inspeksiya nazorati bo‘yicha vazifalarini, sinov va kalibrlash laboratoriyalarini (keyingi o‘rinlarda muvofiqlikni baholash organlari), shuningdek, ilgari berilgan akkreditatsiya guvohnomalari to‘g‘risidagi markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasi va materiallarni Markazga o‘tkazish haqidagi takliflari ma’qullansin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro standartlarga ko‘ra akkreditatsiya qilish, shuningdek, muvofiqlikni baholash bo‘yicha akkreditatsiya qilingan organlar va metrologiya xizmatlarining belgilangan shartlar va talablarni bajarishi ustidan inspeksiya nazoratini amalga oshirish;
xalqaro va milliy akkreditatsiya organlari bilan faol hamkorlik qilish, ushbu sohada xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etish;
muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish sohasida milliy va xalqaro ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshirilayotgan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi vazifalarini bajarish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Markaz muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilishni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organdir va u davlat unitar korxonasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi;
Markazning faoliyat sohasi tovarlar va xizmatlarni baholash va sertifikatlashni amalga oshiruvchi barcha davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan tatbiq etiladi;
ko‘rsatilayotgan xizmatlardan, Markazning bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlarida joylashtirishdan olingan daromadlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;
Markaz direktori va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
5. Markaz direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:
Markaz tuzilmasiga, zarurat bo‘lganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan shtat birligi va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartishlar kiritish;
eng ilg‘or amaliyotlarga muvofiq milliy standartlarni ishlab chiqish bo‘yicha vazifalarni sifatli bajarish maqsadida shartnoma asosida mustaqil konsultantlar va ekspertlarni, shu jumladan, chet ellik mutaxassislarni jalb etish;
yuqori malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislarni ishga qabul qilish hamda ularga ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorini belgilash.
Belgilab qo‘yilsinki, Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori ishga qabul qilish, ishchi kasblar bo‘yicha malaka razryadlarini belgilashda eng kam ma’lumot darajasi qismida, istisno tariqasida, xorijiy oliy ta’lim muassasalarini bitirgan tegishli yo‘nalishdagi mutaxassislarga nisbatan Markazda qo‘llash uchun tavsiya xususiyatiga ega.
6. Markaz 2021-yilning 1-apreligacha bo‘lgan muddatda belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, komputer va server texnikasi, texnika vositalari, dasturiy mahsulot, ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalari, shuningdek, boshqa moddiy-texnika resurslarini olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) to‘lashdan ozod etilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi:
Markaz Ustavini tasdiqlasin va belgilangan tartibda uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
bir oy muddatda Markazni uning faoliyatini samarali tashkil etishni yuqori professional darajada ta’minlashga qodir bo‘lgan malakali kadrlar bilan to‘ldirsin;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda barcha ilgari berilgan amaldagi akkreditatsiya guvohnomalarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazib, qonun hujjatlariga muvofiq zarur chora-tadbirlarni ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markazning buyurtmalariga asosan unga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun jalb etilayotgan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularni vaqtincha propiska qilish, turar joyi bo‘yicha hisobga olishni hamda vaqtincha propiska qilish va turar joyi bo‘yicha hisobga olish uzaytirilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Markazning buyurtmalariga asosan unga yuklatilgan vazifalarni bajarishi uchun xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishga ruxsatnomalar berilishini (uzaytirilishini), shuningdek, jalb etilayotgan xorijiy mutaxassislarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomalar berilishini (uzaytirilishini) ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markazni belgilangan tartibda zarur aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqa vositalari bilan hamda yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda bir oy muddatda Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.
12. Markaz Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 1-uyda joylashtirilsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sodiqov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 30-mart