O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

So‘nggi yillarda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik ma’lumotlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

Hozirgi vaqtda milliy gidrometeorologiya xizmati 330 dan ortiq gidrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringini olib boruvchi punktlarni birlashtirib, ular yordamida 240 turdan ortiq prognostik, sun’iy yo‘ldoshlardan olinadigan, tahliliy, ixtisoslashtirilgan va ma’lumotnoma tusidagi gidrometeorologik mahsulotlar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shu bilan birga, suv va qishloq xo‘jaligi, energetika, shaharsozlik, sanoat, transport va turizm kabi ob-havoga bog‘liq iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishi va faoliyat ko‘rsatishiga ko‘maklashuvchi gidrometeorologik xizmatlar sifati va ma’lumotlarning o‘z vaqtida taqdim etilishiga salbiy ta’sir etuvchi qator muammolar mavjudligi ushbu sohaga alohida e’tibor qaratishni taqozo etmoqda.

Xususan, gidrometeorologiya faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslari tizimlashtirilmaganligi, gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasi mavjud emasligi, ushbu sohadagi ilmiy-tadqiqot faoliyati zamonaviy talablarga javob bermasligi, gidrometeorologik kuzatuv tarmog‘ining rivojlanmaganligi, shuningdek, boshqaruv va prognozlar tayyorlash jarayonlarining ortiqcha markazlashtirilganligi, xodimlar yetarli darajada moddiy rag‘batlantirilmayotganligi yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlamayapti.

Iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik va iqlimiy ma’lumotlar bilan ta’minlash va monitoring yuritish tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, gidrometeorologik axborotni olish, to‘plash va tarqatishda zamonaviy axborot hamda sun’iy yo‘ldosh texnologiyalaridan keng foydalanish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

b) 2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha“yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

v) O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi kuzatuv tarmog‘ini kengaytirish va avtomatlashtirish bo‘yicha dastur (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dastur 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi (keyingi o‘rinlarda – O‘zgidromet) uchun nazarda tutilgan Davlat byudjeti mablag‘lari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

2. O‘zgidromet O‘zbekiston Respublikasida gidrometeorologiya, iqlim o‘zgarishi va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida vakolatli davlat organi etib belgilansin.

O‘zgidromet Markaziy Osiyo davlatlari uchun Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy ixtisoslashtirilgan meteorologiya markazi, shuningdek, Jahon meteorologiya tashkiloti Jahon ob-havo xizmatining gidrometeorologik ma’lumotlarni to‘plash, ishlov berish va tarqatish bo‘yicha Mintaqaviy telekommunikatsiya markazi funksiyalarini bajarishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. O‘zgidromet huzuridagi “Meteoinfosistem” axborot-texnik boshqarmasi negizida “Gidrometeorologiyada axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda – Meteoinfokom) tashkil etilsin.

Belgilansinki:

Meteoinfokom xodimlariga O‘zgidromet xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va mukofotlash tartibi qo‘llaniladi;

Meteoinfokomni joriy saqlash, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlari mehnatini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

4. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zgidrometning Toshkent gidrometeorologiya kolleji negizida Toshkent gidrometeorologiya texnikumini (keyingi o‘rinlarda – Texnikum) tashkil etish va uni O‘zgidromet tizimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Texnikum gidrometeorologiya sohasida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha bazaviy o‘quv muassasasi, meteorologiya, gidrologiya, gidrometeorologiyada aloqa va kommunikatsiyalar sohasida kasb-hunar ta’limi bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish uchun mas’ul etib belgilansin.

Belgilansinki:

Texnikumda kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi va to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi;

Texnikumning bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Texnikum Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy o‘quv markazi funksiyalarini bajarishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

5. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zgidrometda gidrometeorologiya, xavfli gidrometeorologik hodisalardan ogohlantirish va ularning oldini olish, aviatsiyaga meteorologik xizmat ko‘rsatish va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarning Toshkent gidrometeorologiya texnikumida dastur asosida malakasini oshirish tartibi joriy etilsin.

Mazkur band ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi (T.A.Xudaybergenov), Mudofaa vazirligi (B.N.Qurbonov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) bir oy muddatda xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.

6. Vazirlar Mahkamasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zgidrometning “Gidrometpribor” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasini tugatish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

7. O‘zgidromet tuzilmasida:

O‘zgidromet xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida Bosh direktorning axborot texnologiyalarini joriy etish va innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda Bosh direktorning moliya-xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlari joriy etilsin;

Toshkent shahar gidrometeorologiya boshqarmasi tashkil etilsin.

8. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi markaziy apparatining tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar gidrometeorologiya boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zgidromet bosh direktoriga, zarur hollarda, markaziy apparat, uning tarkibiy tuzilmalari va hududiy boshqarmalari tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

9. 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

a) O‘zgidromet va Meteoinfokom xodimlarining lavozim maoshlarini hisoblashda Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlari uchun belgilangan tarif koeffitsiyenti ikki baravar oshirilgan holda qo‘llanilsin;

b) O‘zgidromet va Meteoinfokom xodimlariga sohada uzoq muddat xizmat qilgani uchun quyidagi miqdorda oylik ustama haq to‘lansin (belgilangan ustamalarni hisobga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):

2 yildan 5 yilgacha – 0,2; 5 yildan 10 yilgacha – 0,3; 10 yildan 15 yilgacha – 0,4; 15 yildan 20 yilgacha – 0,5; 20 yildan 25 yilgacha – 0,6; 25 yildan ortiq – 0,7.

Bunda, sohada uzoq muddat xizmat qilganlik uchun ish haqiga ustama haq olish huquqini beradigan mehnat stajini hisoblashda O‘zgidromet va uning tizim tashkilotlaridagi ish staji inobatga olinadi.

Belgilansinki, ushbu bandda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq, shuningdek, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) ushbu bandda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni Davlat byudjeti mablag‘laridan moliyalashtirishni ta’minlasin.

10. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmonov) Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutining iqtisodiyot tarmoqlariga global iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish va uning oqibatlarini yumshatishga yo‘naltirilgan gidrometeorologiya faoliyati bo‘yicha ilmiy loyihalarni shakllantirish orqali ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini moliyalashtirishni ta’minlasin.

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2021-2023 yillarda o‘tkaziladigan ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zgidrometning 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakultetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2021 yildan boshlab belgilangan tartibda O‘zgidrometning salohiyatli xodimlarini yetakchi xorijiy ta’lim, ilmiy va ixtisoslashtirilgan muassasalarda o‘qitish, malakasini oshirish hamda stajirovka o‘tashini tashkil etsin.

13. O‘zgidromet (Sh.H.Habibullayev):

a) gidrometeorologiya sohasida xalqaro hamkorlikni yanada takomillashtirish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli Konvensiyasi va Parij bitimi doirasidagi majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan har yarim yilda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

b) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Sh.M.Qodirov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M.Sadikov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmonov) bilan birgalikda ikki oy muddatda gidrometeorologiya faoliyatida sun’iy yo‘ldosh va yerni masofadan zondlash texnologiyalaridan keng foydalanish, shuningdek, gidrometeorologik ma’lumotlar bilan almashish uchun ma’lumotlar uzatishning yagona telekommunikatsiya tarmog‘ini yaratish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

v) O‘zbekiston Respublikasida aviatsiyani meteorologik ma’lumotlar bilan ta’minlash sohasida xalqaro me’yoriy hujjatlar qoidalari va talablarini milliy miqyosda amalga oshirish bo‘yicha Jahon meteorologiya tashkiloti va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti bilan hamkorlikni ta’minlasin;

g) 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Rossiya davlat gidrometeorologiya universiteti va boshqa xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha gidrometeorologiya yo‘nalishida kadrlar tayyorlashni tashkil etsin;

d) xavfli gidrometeorologik hodisalarni prognoz qilish, kuzatish, ular sodir bo‘lishi xavfi yuqori bo‘lgan mintaqalar va hududlarni aniqlash, tegishli profilaktik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berishni ta’minlasin, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimidagi xizmatlarga tezkor gidrometeorologik ma’lumotlar taqdim etib borsin;

ye) quyidagilarni:

uch oy muddatda atrof tabiiy muhit monitoringi tahlil laboratoriyalarining moddiy-texnik jihozlanishini tubdan yaxshilash, shuningdek, tahlillarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan kimyoviy reaktivlar, sinov gazlari, prekursorlar va boshqa sarflash materiallari bilan ularni ta’minlash bo‘yicha takliflarni;

2022 yildan boshlab har yili 1 dekabrga qadar joriy yil uchun belgilangan vazifalarning bajarilishini chuqur tahlil qilgan holda Konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan kelgusi yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini;

2021 yil 1 fevralga qadar gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatiga ruxsat berish va ma’lumot almashinish tartibini;

2021 yil 1 martga qadar xalqaro moliya institutlari va fondlarning gidrometeoreologiya va atrof tabiiy muhit monitoringini takomillashtirishga yo‘naltirilgan texnik ko‘mak loyihalari dasturini;

“Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi va “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan gidrometeorolog” unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

j) Energetika vazirligi (A.S.Sultanov) bilan birgalikda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirishda investorlarga shartnoma asosida meteorologik va gidrologik ma’lumotlarni taqdim etishni tashkil etsin;

z) Energetika vazirligining buyurtmasiga binoan, shartnomalar asosida, yangi quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan hududlarda tegishli o‘rganish va tadqiqotlarni amalga oshirsin.

14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari 8-8o-ilovalarga muvofiq O‘zgidromet buyurtmalari bo‘yicha Dasturda nazarda tutilgan yangi ochilayotgan gidrometeorologiya stansiyalari va postlari uchun yer uchastkalari (sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlaridan tashqari) ajratilishini
hamda mahalliy byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga bino-inshootlar qurilishini ta’minlasin.

15. O‘zgidromet (Sh.H.Habibullayev) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) va Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Hamrayev) bilan birgalikda 9-ilovaga muvofiq sohalarga jalb etiladigan xalqaro moliya tashkilotlari grantlari hisobiga mavjud va yangi ochilayotgan meteorologiya, gidrologiya va agrometeorologiya stansiyalari va postlarini avtomatik qurilmalar bilan jihozlashni hamda xodimlarning malakasini oshirishni ta’minlasin.

16. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (N.J.Bakirov) O‘zgidromet (Sh.H.Habibullayev) va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda gidrometeorologik ma’lumotlar asosida cho‘llanishning oldini olish, qurg‘oqchilikka qarshi kurashish, o‘rmonlarni qayta tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish ishlarini samarali tashkil etsin.

17. Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Hamrayev) O‘zgidromet (Sh.H.Habibullayev) bilan birgalikda suv zaxiralari va resurslarini nazorat qilish, suv resurslari bo‘yicha prognozlar ishonchliligini oshirish bo‘yicha tezkor gidrometeorologik ma’lumotlar taqdim etib borishni ta’minlasin.

18. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M.Sadikov) O‘zgidrometda ma’lumotlarni uzatish yagona korporativ tizimini tashkil etish orqali gidrometeorologik axborot va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari yagona telekommunikatsiya tarmog‘ini yaratishni ta’minlasin.

19. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (A.I.Maqsudov), Energetika vazirligi (A.S.Sultanov) va Transport vazirligining (I.R.Maxkamov) O‘zgidromet moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, gidrometeorologik infratuzilmani yangilash hamda sohaga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida ushbu qarorning 10-ilovasiga muvofiq mablag‘larni bir oy muddatda ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun oldindan to‘lov sifatida O‘zgidrometga o‘tkazib berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

20. Belgilansinki, O‘zgidromet tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar va ma’lumotlar shartnoma asosida taqdim etiladi.

O‘zgidromet Bosh direktoriga (Sh.H.Habibullayev):

Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zgidromet tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, ob-havo prognozlarining aniqligini oshirish hamda soha infratuzilmasini yangilashga yetarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida ko‘rsatilayotgan barcha xizmat tariflarini tasdiqlash;

gidrometeorologiya sohasidagi xorijiy ilg‘or tajribasini tatbiq etish maqsadida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini
va mahalliy mutaxassislarni belgilangan shtat birliklari doirasida shartnoma asosida ishga jalb etish huquqi berilsin.

Malakali mutaxassislar va O‘zgidromet o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasida belgilangan miqdordagi ish haqini to‘lash bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar O‘zgidrometning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda xalqaro moliya institutlarining grant va texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilansin.

21. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi to‘g‘risidagi nizomni;

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasini;

Toshkent gidrometeorologiya texnikumida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zgidromet xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish tartibini tasdiqlasin;

O‘zgidromet tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun tariflar ishlab chiqilishini ta’minlasin.

22. Quyidagilar:

a) Bosh vazirning maslahatchisi O.M.Umarov:

mazkur qarorning sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi, mas’ul vazirlik hamda idoralarning faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, ular rahbarlarining ko‘rilgan choralar haqidagi hisobotlarini eshitish, aniqlangan muammo va kamchiliklarni tezkor bartaraf etishga;

“Yo‘l xaritasi” va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini muvofiqlashtirishga;

mazkur qarorda nazarda tutilgan ko‘rsatkichlarga to‘liq va o‘z vaqtida erishishni ta’minlash yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarning birinchi navbatdagi vazifalarini belgilab berish hamda faoliyatini muvofiqlashtirib borishga;

amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha mas’ullarning har oylik hisobotlarini eshitib borishga;

yuklatilgan vazifalar to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlamagan mansabdor shaxslarga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risida takliflar kiritib borishga;

b) moliya vaziri T.A.Ishmetov:

zarur mablag‘lar o‘z vaqtida ajratilishi, manzilli sarflanishi va to‘liq o‘zlashtirilishiga;

byudjetdan qo‘shimcha ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilishga;

v) O‘zgidromet bosh direktori Sh.H.Habibullayev:

“Yo‘l xaritasi” va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga;

gidrometeorologiya xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatiga intellektual tizimlar, axborot resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etishga;

gidrometeorologiya xizmatining texnologik infratuzilmasini rivojlantirishga;

g) tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga“Yo‘l xaritasi” va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga;

d) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari O‘zgidrometning hududiy boshqarmalarini rivojlantirish dasturlarini bajarishga shaxsan mas’ul va javobgar ekanligi belgilab qo‘yilsin.

23. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3029-son qarori 4-bandining oltinchi xatboshisi hamda qarorga 10-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

24. O‘zgidromet manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

25. Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot berib borilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                         Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2020 yil 17 noyabr