Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Soʻnggi yillarda mamlakat hududlarini barqaror rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish, shuningdek, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, foydali qazilmalardan foydalanish, muhofaza qilish sohasini boshqarish va nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilindi.
Shu bilan birga sohaning amaldagi holati qurilish materiallari sanoatini, elektrotexnika sohasini rivojlantirishga qaratilgan foydali qazilmalarning yangi istiqbolli maydonlari va konlarini aniqlash uchun qidiruv zaxiralarini koʻpaytirishni hisobga olgan holda, mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklashga doir maqsadli dasturlarni shakllantirish va ijro etish samaradorligini oshirish, shuningdek, mineral-xomashyolarni izlash va qazib olishga ruxsat berish tartib-tamoyillarini soddalashtirish, investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha muhim choralar qabul qilinishini talab qiladi.
Iqtisodiyotni mineral-xomashyo resurslari bilan barqaror taʼminlash, geologiya tarmogʻining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni hisobga olgan holda:
1. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat geologiya qoʻmitasi) tomonidan xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda, zamonaviy xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani joriy qilishni hisobga olib Oʻzbekiston Respublikasi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi,“Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ bilan birgalikda ishlab chiqilgan, konlarni topishni davom ettirish uchun qidiruv zaxiralarini koʻpaytirish maqsadida foydali qazilmalarning istiqbolli maydonlarini qidirishni 2020-yilda 35 foizga, 2021-yilda esa 40 foizga yetkazishni nazarda tutuvchi va quyidagilarni oʻz ichiga olgan 2020-2021 yillarda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda – Davlat dasturi) maʼqullansin:
1-ilovaga muvofiq respublikaning geologik-iqtisodiy hududlari kesimida foydali qazilmalar prognoz resurslari va zaxiralari oʻsishining yigʻma parametrlari;
2-ilovaga muvofiq yer osti suvlari zaxiralarining oʻsishparametrlari;
3-ilovaga muvofiq Davlat geologiya qoʻmitasining geologiya tashkilotlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish uchun xarid qilinadigan zamonaviy geologiya asbob-uskunalari va maxsus texnika vositalari, dasturiy mahsulotlar va materiallar roʻyxati.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat dasturini amalga oshirish uchun byudjet ajratmalari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Davlat geologiya qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligidagi maxsus maqsadli hisob raqamlaridan 4-ilovaga muvofiq ajratilishini koʻzda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash boʻyicha yillik davlat dasturlarini kelishish jarayonida Davlat dasturini amalga oshirish uchun Davlat geologiya qoʻmitasiga ajratiladigan mablagʻlar manbalariga aniqlik kiritish huquqi berilsin.
4. Geologiya-qidiruv ishlarini olib borishni yanada takomillashtirish, yer qaʼrini oqilona oʻrganish va oʻzlashtirish, shuningdek, kon-geologiya sohasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
“Navoiy KMK” DK, uning negizida tashkil etiladigan uranni qazib olish va qayta ishlash korxonalari, shuningdek, “Olmaliq KMK” AJ resurs bazasiga kiruvchi muayyan geologiya obyektlari alohida ajratiladi, ushbu resurs bazasiga kiritilmagan boshqa geologik obyektlar va Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan yangidan aniqlanadigan foydali qazilma konlari va istiqbolli maydonlar salohiyatli investorlarga beriladi;
Davlat geologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda, keyinchalik ushbu maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytida joylashtirish va boshqa qulay rasmiy vositalar bilan, shu jumladan, salohiyatli investorlarni jalb qilish uchun biznes tadbirlarda ishtirok etish hamda chet ellarda “road-show”lar oʻtkazish orqali tarqatish maqsadida, tizimli ravishda, biroq bir yilda kamida bir marta istiqbolli maydonlarda foydali qazilmalarni aniqlash va qidirish, shuningdek, konlarda foydali qazilmalar qazib olishni tashkillashtirish boʻyicha investitsiyaviy takliflar portfelini shakllantiradi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin:
a) “Navoiy KMK” DK, uning negizida tashkil etiladigan uranni qazib olish va qayta ishlash korxonalari, shuningdek, “Olmaliq KMK” AJ resurs bazasiga biriktiriladigan geologiya obyektlari roʻyxatini tasdiqlash;
b) quyidagilarni nazarda tutgan holda strategik muhim turdagi foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya berish tartibini takomillashtirish:
strategik muhim turdagi foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya berish tartibini, shu jumladan, tegishli hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish va vakolatli organlar bilan kelishishda bir-birini takrorlovchi bosqichlarni qisqartirish orqali soddalashtirish;
strategik muhim turdagi foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarni oʻttiz ish kundan oshmagan muddatda berish.
7. Davlat geologiya qoʻmitasi:
a) ikki oy muddatda Davlat dasturiga kiritilgan har bir obyekt boʻyicha aniq muddatlar va quyidagilar uchun masʼul boʻlgan tashkilotlarni nazarda tutuvchi “tarmoq grafiklari” ishlab chiqilishini taʼminlasin:
geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uchun geologik topshiriqlarni va loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlash;
foydali qazilmalarning prognoz resurslari va zaxiralari koʻpayishini hisoblab borgan holda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish;
geologiya-qidiruv ishlari natijalari toʻgʻrisida hisobotlarni Davlat geologiya qoʻmitasining Ilmiy-texnikaviy kengashi va Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi yigʻilishlarida koʻrib chiqish uchun taqdim etish;
b) 2020-yildan boshlab yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalari va ekspertlarni jalb qilgan holda geologiya-qidiruv ishlari natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzishning xalqaro standartlarini va foydali qazilmalar zaxiralarini JORC Kodeksiga asosan tasdiqlashni joriy qilish, shuningdek, Davlat geologiya qoʻmitasining malakali mutaxassislarini oʻqitish va sertifikatsiyalashni nazarda tutsin;
v) Davlat dasturi doirasida quyidagilar amalga oshirilishini taʼminlasin:
chet el oʻquv markazlarida geologiya yoʻnalishidagi mutaxassislarning amaliyot oʻtashi va iqtidorli yosh mutaxassis-bakalavrlarni sirtqi magistratura yoʻnalishlarida oʻqitish;
raqamli geologik axborotlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, uning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida davlat geologiya fondidagi arxiv materiallari boʻyicha raqamli axborotlar bankini tashkil qilish;
geologiya-qidiruv ishlab chiqarishiga mavjud geologik va boshqa maʼlumotlarni raqamlashtirishni keng joriy qilish;
g) ikki oy muddatda salohiyatli investorlarga foydalanish imkoniyatini taqdim etgan holda, qattiq foydali qazilmalarning istiqbolli maydonlari va konlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (zaxiralar, joylashgan oʻrni, joylashuv chuqurligi va boshqalar)ni joylashtirish uchun yagona elektron onlayn platforma yaratsin.
8. Davlat geologiya qoʻmitasiga yuklatilgan vazifalarni samarali muvofiqlashtirish va bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy boʻlinmasidan bitta shtat birligini qisqartirish hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyati tuzilmasida qoʻshimcha bitta geologiya va mineral-xomashyo bazasi boʻyicha bosh mutaxassis shtat birligi koʻzda tutilsin.
Davlat geologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyatiga biriktirilsin.
9. Moliya vazirligi Davlat geologiya qoʻmitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga strategik muhim turdagi qattiq foydali qazilmalarni oʻzlashtirish uchun investitsiyalarni jalb qilish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin:
kon-geologiya sohasida investitsiya loyihalarini boshqarish va amalga oshirishning litsenziya bitimi asosida hamkorlik qilishning shakli va shartlari belgilanishini nazar tutuvchi xalqaro amaliyotni joriy qilish;
toʻliq moliyalashtirish taʼminlangan taqdirda chet ellik investorlarga tadbirkorlik tavakkalchiligi shartlari asosida investitsiya loyihasini amalga oshirish huquqini taqdim qilish;
foydali qazilmalarni qidirish va aniqlash huquqi uchun imtiyozli bonus stavkalarini qayta koʻrib chiqish;
kon qazish sohasidagi xalqaro standartlarni qoʻllashni hisobga olgan holda strategik muhim turdagi qattiq foydali qazilmalarning asosiy turlari uchun yer qaʼridan foydalanishga oid soliq stavkalarini maqbullashtirish;
chet el investorlari tomonidan soliqlar va majburiy toʻlovlarning barcha turlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda toʻlanishi;
loyihani amalga oshirishning butun davrida soliq qonunchiligining oʻzgarmasligi kafolatlarini taʼminlash.
10. Davlat geologiya qoʻmitasining 6-ilovaga muvofiq geologiya tashkilotlari uchun joylarda zamonaviy kern saqlash omborxonalarini tashkil etish, laboratoriya quvvatlari va boshqa obyektlarni jihozlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Toshkent, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hokimliklari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi zamonaviy kern saqlash omborxonalarini tashkil qilish uchun geologiya tashkilotlariga belgilangan tartibda yer uchastkalari ajratilishini taʼminlasin.
11. Davlat geologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Geologiya sohasi kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti” davlat korxonasida zamonaviy xalqaro taʼlim standartlarini joriy etishni va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashni hisobga olgan holda uning faoliyatini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi,“Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” AJ, Fanlar akademiyasi, Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-noyabrga qadar texnogen chiqindilarni kompleks qayta ishlash va utilizatsiya qilish imkoniyatlarini tanqidiy oʻrganib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Texnogen chiqindilarni qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari dasturini kiritsin.
14. Ushbu qarorni amalga oshirish boʻyicha batafsil amaliy chora-tadbirlar rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatining ayrim hujjatlariga 8-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
16. Davlat geologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 23-iyul