Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Soʻnggi yillarda kimyo sanoati korxonalarini moliyaviy-iqtisodiy sogʻlomlashtirish va ularnin gfaoliyatini barqarorlashtirish, amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash boʻyicha yangi quvvatlarni barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali tarmoqni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berish, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish borasidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilishga qaratilgan loyihalarni amalda roʻyobga chiqarish, eng avvalo, davlat aktivlarini xususiy mulkka sotish hisobiga korxonalardagi davlat ulushini qisqartirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish hamda korxonalarning boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish orqali tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilishi zarurligini taqozo etmoqda.

Kimyo sanoatini yanada rivojlantirish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va tarmoqni diversifikatsiya qilishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmlarini kengaytirish maqsadida:

1. “Oʻzkimyosanoat” AJning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda optimallashtirilgan va yangi istiqbolli loyihalar bilan toʻldirilgan, hisoblangan qiymati12,1 milliard AQSH dollariga teng, shu jumladan, 1,7 milliard AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga 31 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamda quyidagilarga qaratilgan 2019-2030 yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin:

azotli, fosforli, kaliyli va murakkab mineral oʻgʻitlarni, shu jumladan, ushbu mahsulotlarni “Navoiyazot” AJ, “Samarqandkimyo” AJ, “Fargʻonaazot” AJ, “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” MCHJ negizida, shuningdek, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahri va Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ishlab chiqarish boʻyicha amaldagi quvvatlarni modernizatsiya qilish, kengaytirish hamda energiya jihatidan samarador yangi quvvatlarni barpo etish;

“Oʻzbekneftgaz” AJ bilan birgalikda va yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida hamda ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy innovatsion ishlanmalarni qoʻllagan holda polimer mahsulotlari, shu jumladan, polietilentereftalat (PET), polivinilxlorid (PVX), sintetik kauchuk, polistirol, poliuretan, poliol, akrilonitril-butadiyen-stirol (ABS) plastik, poliakrilonitril (PAN) mahsulotlarini chiqarish boʻyicha yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish;

tarmoq korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish samaradorligini, ularning negizida iqtisodiyot tarmoqlarida talab etilayotgan kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini, shu jumladan, melamin, metilamin, formaldegidli, karbamid-formaldegidli va melamin-formaldegidli saqichlar, etilatsetat, ozuqa tuzi, natriy bikarbonati, xlor-sirka kislotasi, natriy nitrati, butilatsetat, trinatriy fosfat, nitroselluloza, metallurgiya, neftgaz va toʻqimachilik sanoatlari uchun reagentlar, katalizatorlar va kimyoviy qoʻshilmalar, shuningdek, polimer fitinglar, biaksil yoʻnaltirilgan polipropilen plyonkasi (BOPP), oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va ularni ishlab chiqarish uchun amaldagi moddalarni chiqarish boʻyicha ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kimyo tarmogʻida islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

tarmoqning ayrim korxonalari aktivlarini mahalliy va xorijiy investorlarga sotish orqali amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va kengaytirishga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish;

“Oʻzkimyosanoat” AJ tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish va jamiyat boshqaruvi organlarining mustaqilligi va masʼuliyatini oshirishga qaratilgan korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish;

kimyo tarmogʻi korxonalarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy holatini yanada yaxshilash.

3. “Oʻzkimyosanoat” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va “Oʻzkimyosanoat” AJ ulushlarini quyidagi tartibda sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

a) investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish yoʻli bilan:

“Samarqandkimyo” AJ ustav kapitalidagi 60,35 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 39,65 foiz aksiyalarini ekologik jihatdan zararsiz zamonaviy kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish sharti bilan “nol” xarid qiymatida;

“Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ ustav fondidagi “Oʻzkimyosanoat” AJning 51 foiz ulushini korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yiliga 200 ming tonnadan 450 ming tonnagacha oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan bozor qiymatida;

“Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ ustav kapitalidagi 70,54 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 25 foiz aksiyalari – “Indorama” (Singapur) kompaniyasiga superfosfat ishlab chiqarish quvvatini 100 foiz sof holda 63ming tonnaga yetkazish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan 4,3 million AQSH dollari miqdorida sotib olish qiymatida;

b) “Fargʻonaazot” AJ ustav kapitalidagi 48,05 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 2,95 foiz aksiyalarini investor tomonidan ammiak ishlab chiqarish quvvatini yiliga660 ming tonnaga, karbamidni – 600 ming tonnaga, ammiakli selitrani – 700 ming tonnaga va azot kislotasini – 530 ming tonnaga yetkazish boʻyicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan – tanlov savdolarida bozor qiymatida;

v) “Elektrkimyozavod” QK AJ ustav kapitalidagi “Oʻzkimyosanoat” AJning 26,14 foiz aksiyalarini – ochiq savdolarda bozor qiymatida;

g) “Jizzax plastmassa” AJ ustav kapitalidagi 25 foizgachaaksiyalar – dastlabki bosqichda birlamchi ommaviy taklifni (IPO) oʻtkazish asosida;

d) quyidagilar orqali:

“Dehqonobod kaliy zavodi” MCHJni aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirish hamda jamiyatning ustav kapitalidagi 51 foiz va undan ortiq aksiyalarni potensial investorlar mavjud boʻlganda va ular tomonidan granulalangan xlorli kaliy, kaliy sulfati va kaliy tuzlarining boshqa turlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, yuk tashuvchi osma yoʻl va tashqi elektr taʼminoti liniyalari qurilishini yakunlash boʻyicha investitsiya, shuningdek, ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan ularni toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali sotish imkoniyatini nazarda tutgan holda tanlov savdolarda bozor qiymatida;

“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJni aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirish va jamiyatning ustav kapitalining 51 foizigacha boʻlgan miqdorda qoʻshimcha chiqarilgan aksiyalarini potensial investorlar mavjud boʻlganda va tushgan mablagʻlarni jamiyat investitsiya loyihalarini amalga oshirishga hamda jalb etilgan kreditlarni soʻndirishga yoʻnaltirgan holda ularni toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali realizatsiya qilish imkoniyatini nazarda tutgan holda ochiq savdolarda bozor qiymatida sotish.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

“Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ va “Fargʻonaazot” AJ ustav kapitallaridagi davlat ulushini sotishdan tushgan mablagʻlar, istisno tariqasida, “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitalidagi davlat hissasi sifatida, mazkur mablagʻlardan ushbu qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda maqsadli foydalanish uchun Kimyo sanoati tashkilotlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga toʻliq yoʻnaltiriladi;

“Oʻzkimyosanoat” AJ uning tarkibidagi qayta tashkil etilgan tashkilotlarga tegishli yuridik shaxslarning 50 foiz va undan ortiq aksiyalariga egalik qilishga kirishishi yangidan xarid qilingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi;

ushbu qarorga muvofiq tarmoq korxonalarini qayta tashkil etishda tashkilotdan tashkilotga oʻtkaziladigan mulk, mulk huquqlari, shuningdek, aksiyalar, ulushlar va aktivlar hamda davlat aktivlarini sotishdan tushgan, shu jumladan, “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitaliga oʻtkaziladigan daromadlar qiymati yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yagona soliq toʻlovi, toʻlov manbaidan toʻlanadigan dividendlar koʻrinishidagi daromadlarga soliq hisoblashda soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi;

Dehqonobod kaliy zavodi aksiyalarini potensial investorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish yoki qoʻshimcha aksiyalarni chiqarish orqali, shu jumladan, ularga investitsiya majburiyatlarini yuklagan holda sotishdan tushgan mablagʻlar jamiyatning Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi oldidagi kreditlarini soʻndirishga yoʻnaltiriladi;

xoʻjalik boshqaruvi organlarining ustav kapitaliga oʻtkazilgan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitallaridagi ulushlarni tasarruf etish ularning boshqaruv organlari qarorlari bilan amalga oshiriladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda mineral oʻgʻitlar narxlarining keskin oʻzgarishi xavfini hamda paxta xomashyosi va gʻalla qiymatiga taʼsirining oldini olishni hisobga olgan holda mineral oʻgʻitlarga boʻlgan narxlarni shakllantirishning bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, mineral oʻgʻitlarni sotib olish uchun birja savdolarida barcha ishtirokchilar (xaridorlar) uchun teng sharoitlarni taʼminlash boʻyicha hukumat qarorini qabul qilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “Oʻzkimyosanoat” AJning ushbu qarorga 3-ilovada koʻrsatilgan umumiy qiymati85,1 million AQSH dollari miqdoridagi, shu jumladan, moliyalashtirish manbai sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga “Oʻzkimyosanoat” AJ investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlarini optimallashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga TIF TN boʻyicha 4011 va 4012 kodi bilan import qilinadigan avtomobil va qishloq xoʻjaligi shinalariga bojxona bojlarining aralash stavkasi joriy etilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 avgustdagi “2017-2021 yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-3236-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi  Prezidenti                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 3 aprel